Hujjatda samarali va xalqchil islohotlarni amalga oshirishda keng jamoatchilik, xususan, malakali mutaxassislar, yoshlar, tadbirkorlar, faol fuqarolar va yurtdoshlarimizning ishtirokini qoʻllab-quvvatlash choralari belgilangan.
Maqsad – mamlakat raqobatbardoshligini oshirish, yangi texnologiyalar va ilm-fan yutuqlarini joriy etish.
Buning uchun istiqbolli tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida aholining keng qatlamlari bilan ochiq muloqot platformasi yaratiladi hamda zamonaviy, ilgʻor gʻoyalar va istiqbolli tashabbuslarni saralab olishning samarali mexanizmlari joriy etiladi.
2025-yildan boshlab har yili «Kelajak uchun« istiqbolli tashabbuslar forumi oʻtkazib boriladi. Forumni oʻtkazishning ustuvor yoʻnalishlari har yili Tashkiliy qoʻmita tomonidan belgilanadi. U Forumga umumiy tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan shugʻullanadi, istiqbolli tashabbuslarni esa Mentorlar kengashi baholaydi.
Strategik islohotlar agentligi Forumga kelib tushgan istiqbolli tashabbuslarning yagona roʻyxatini shakllantirib, maxsus kraud-platformaga joylashtiradi.
2025-yilda Forumni oʻtkazish xarajatlari Strategik islohotlar agentligining Qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi, 2026-yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
Forumda maʼqullangan istiqbolli tashabbuslarni tijoratlashtirish va moliyalashtirish uchun «Biznesni rivojlantirish banki« ATB va boshqa tijorat banklari, shuningdek, Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi masʼul hisoblanadi.
Eng dolzarb istiqbolli tashabbuslar Oʻzbekiston Prezidenti ishtirokida oʻtkaziladigan Forumning yalpi sessiyasida muhokama qilinadi.
Istiqbolli tashabbuslarni amalga oshirish uchun kredit va grantlar ajratiladi, soliq va bojxona imtiyozlari beriladi, boshqa ragʻbatlantiruvchi choralar qoʻllaniladi.
Ikki oy muddatda Forumda ishtirok etish istagida boʻlgan shaxslarni ochiq elektron roʻyxatdan oʻtkazish, soʻrovnomalarni toʻldirish, istiqbolli tashabbusning profili, kun tartibi, ishtirok etish shartlari toʻgʻrisida maʼlumot olish uchun kraud-platforma yaratiladi.robneye:









