Oʻtgan kunlarda Prezidentlikka nomzodlar tomonidan faol tashviqot tadbirlari oʻtkazilganiga guvoh boʻldik. Saylov kodeksiga koʻra, saylovoldi tashviqoti Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Prezidentlikka nomzodlarni roʻyxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan eʼtiboran boshlanadi va ovoz berishga bir kun qolganida tugaydi. Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida bunday tashviqotga yoʻl qoʻyilmaydi.
Demak, 9-iyul kuni boʻlib oʻtadigan Prezident saylovida 8-iyul soat 00:00 dan “jimlik kuni” boshlanadi.
Shu bilan birga, saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri soʻrovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, oʻtkazilayotgan saylov bilan bogʻliq boshqa tadqiqotlarni eʼlon qilish, jumladan, axborot tarmoqlariga, internet tarmogʻiga joylashtirish taqiqlanadi.
Saylov kuni va undan bir kun oldin “jimlik kuni” sifatida belgilanishiga nima zarurat mavjud? Bunga bir qancha sabablar bor. Birinchidan, saylovchilarga saylovoldi tashviqotisiz oʻz tanlovini amalga oshirish imkonini beradi. Yaʼni, bunda har bir fuqaro mustaqil ravishda oʻzi munosib deb bilgan nomzodni aniqlash imkoniga ega boʻladi. Ikkinchidan, fuqarolarga saylov kuni ularning erkin tanlovini amalga oshirishga xalaqit beradigan salbiy axborot taʼsirining oldi olinadi.
Shu kabi tajriba xorijiy mamlakatlarda ham mavjud boʻlib, bu xalqaro saylov standartlariga toʻla mos keladi. Xususan, saylov kuni va undan bir kun oldin saylovoldi tashviqoti yuritilishiga taqiq Fransiya, Italiya, Ispaniya, Vengriya, Ozarbayjon, Singapur kabi davlatlar qonunchiligida mavjud.
Shunday qilib, qonunchiligimizda saylovoldi tashviqotiga yoʻl qoʻyilmaydigan kun talabi belgilangani saylovchilarning oʻz huquqini erkin amalga oshirish imkoniyatini kuchaytirib, saylovning qonuniy, adolatli oʻtishiga muhim kafolat boʻlib xizmat qiladi.
Xushvaqt HAYITOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat boshqaruvi akademiyasi kafedra mudiri,
yuridik fanlar doktori, professor