Dam olish kunlari respublikaning katta qismida yogʻingarchilik kuzatilmaydi — Oʻzgidromet

    19−20-aprel kunlari Oʻzbekiston hududining katta qismida yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi kutilmoqda.

    Faqat Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

    Yakshanba kuni — 21-aprelda Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo viloyatlarida qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida yogʻingarchilik kutilmaydi.

    Odatda bahorning oʻrtalarida kuzatilgani kabi 19−21-aprel kunlari yogʻadigan yomgʻir mahalliy xususiyatga ega boʻladi va asosan kunning ikkinchi yarmida kuzatiladi. Bunda harorat foni oʻzgarmaydi va havo harorati +22…+27 daraja atrofida, baʼzi joylarda +29 darajagacha boʻladi.

    Janubda va choʻl hududlarda baʼzi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayadi. Togʻlarda baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻladi. Harorat fonining koʻtarilishi hisobiga baland togʻlarda qor koʻchishi xavfi saqlanib turadi.

    Poytaxtda juma, shanba kunlari yogʻingarchilik kutilmaydi, yakshanba kuni kunning ikkinchi yarmida biroz qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

    Harorat 19−21-aprelda kechalari +12…+15, kunduz kunlari +25…+27 daraja boʻladi.