Jizzax viloyati rivojlanishining yaqin istiqbollari va ustuvorlari

    Shu yil yanvar aprel oylarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligining bir guruh xodimlari Agentlik direktori boshchiligida Jizzax viloyatining iqtisodiy-ijtimoiy potensiali va oʻsish nuqtalari imkoniyatlarini oʻrganib chiqdi.

    Oʻrganish natijasida 105 ta tashabbus tariqasida takliflar ishlab chiqilib, ular qishloq xoʻjaligi, biznesni qoʻllab-quvvatlash, infratuzilmani rivojlantirish va aholi bilan muloqotni rivojlantirish yoʻnalishlarini oʻzida jamladi. Oʻrganish davomida viloyat mutasaddi tashkilotlari rahbarlari, tuman hokimlari va ularning oʻrinbosarlari hamda tegishli masʼullarning joylardagi ahvoldan kelib chiqib bergan takliflariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Maʼlumki har bir viloyatda oʻrganilgan va koʻtarilgan masala nafaqat bir viloyat, balki butun iqtisodimizning koʻp qirralarini qamrab oladi.

    Bojxona kodeksining 297-moddasining 11-xatboshisida Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga umumiy summasi 50 million dollar ekvivalentidan ortiq boʻlgan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyani amalga oshirgan chet ellik yuridik shaxslar tomonidan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlarga bojxona bojidan ozod etish tarzidagi tarif imtiyozlari qoʻllanilishi belgilangan. Muammo shundaki, Toshkent shahri yoki Toshkent viloyati uchun bunday katta investitsiyalar miqdori nisbatan tabiiy. Lekin boshqa viloyatlar va hududlar uchun bu koʻrsatkich juda baland. Shu jihatdan tegishli gradatsiya qilib, bojxona imtiyozlarini boshqa hududlar (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va boshqa viloyatlar) uchun ikki barobar kam, yaʼni tegishli bojxona toʻlovlari yuzasidan imtiyoz olish uchun investitsiya miqdorini 25 million dollar deb belgilash maqsadga muvofiq.

    Jizzax viloyati Yangiobod tumani Tojikiston Respublikasi Soʻgʻd viloyati bilan chegaradosh hisoblanadi. Ana shu hududda joylashgan bojxona postiga Xalqaro bojxona posti maqomini berish va xalqaro “Erkin savdo hududi”ni tashkil etish viloyatning eksport salohiyatini 30-40 foizgacha oshirishga sharoit yaratadi.

    Yangiobod, Baxmal, Zomin, Zarbdor tumanlaridagi hali ishlab chiqarishga jalb etilmagan aholi tomorqalarida yetishtiriladigan minglab tonna sabzavotlar va poliz ekinlari Tojikiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi orqali tranzit yoʻnalishida Eron, Afgʻoniston va boshqa davlatlarga eksportga yetkazib berish imkoniyati yanada oshadi.

    Injinerlik va transport infratuzilma obyektlarini rivojlantirish istiqbollari

    Juda keskin turgan masalalardan biri Qozogʻiston Respublikasi Hukumati bilan kelishilgan holda Jizzax -Toshkent temir yoʻlining Qozogʻiston Respublikasi Turkiston viloyatidan oʻtuvchi qatnov qismini qayta tiklash, temir yoʻlning taʼmir talab boʻlgan qismini taʼmirlashni tashkil etish. Aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun qulayliklar yaratish, shuningdek avtomobil yoʻllaridagi tirbandlikni kamaytirishdir.

    Respublikamiz va Qozogʻiston Respublikasi chegara oldi hududlaridagi temir yoʻlning bir qismi demontaj qilinganligi sababli temir yoʻl qatnovi toʻxtagan. 2005-yilgacha Xovos -Jizzax -Toshkent -Xovos yoʻnalishida temir yoʻli qatnovi boʻlgan. Ushbu temir yoʻli orqali Jizzax shahridan Paxtakor, Doʻstlik, Mirzachoʻl tumanlaridan oʻtib, Qozogʻiston Respublikasi orqali Toshkent shahriga yuk va yoʻlovchi qatnovi amalga oshirilgan. Mirzachoʻl, Doʻstlik va Paxtakor tumanlaridan oʻtuvchi temir yoʻli orqali Toshkent shahrigacha boʻlgan masofa 184 kilometrga uzoqlashganligi tufayli sanoat korxonalari uchun yuk tashish muammolarini hal qilish muhim. Ana shu Qozogʻiston yerlaridan oʻtgan temir yoʻl liniyasini qayta taʼmirlash avtomobil yoʻllarida yuk mashinalari qatnovi intensivligi va tirbandliklar boʻyicha muammolarini yechishga sharoit yaratadi.

    Aholiga qulaylik yaratish uchun xususiy sektorni jalb etgan holda Jizzax shahrida aylanma avtomobil yoʻlini qurish orqali transport vositalarining tirbandligini oldini olish zarur. Bunda:

    a) qurilishi rejalashtirilgan yoʻl oʻtadigan 110,0 gektar yer maydonining toifasini oʻzgartirish;

    b) uzunligi 17 kilometr 4 tasmali sement-beton qoplamali yoʻl qurilishini davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorga berish hamda sarf etilgan (taxminan 92 milliard soʻm) mablagʻ evaziga yoʻl boʻyida servis va infratuzilma yaratish sharti bilan doimiy foydalanish uchun yer ajratib berish.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktyabrdagi PQ-330-son qaroriga asosan yirik shaharlarni aylanib oʻtuvchi avtomobil yoʻllarini davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida qurish boʻyicha aniq takliflarni ishlab chiqish belgilangan.

    Jizzax shahridagi I. Karimov va A. Navoiy koʻchalari 1-toifali umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻli boʻlib, oʻtkazuvchanligi SHNQ 02.05.02-07 ning 1.2-бандига koʻra 14 000 dona/sutka harakatlanishiga moʻljallangan. Hozirgi kunda yuqoridagi avtomobil yoʻlida 1 kunda (24 soat) 35 450 dona avtomobil harakati kuzatilib, tirbandliklar yuzaga kelyapti.

    Hududda istiqomat qiluvchi 185 mingdan ziyod aholi uchun muqobil yoʻldan harakatlanishga qulaylik yaratiladi.

    M-39 “Toshkent -Termiz” avtomobil yoʻlidan “Uchtepa -Forish -Nurota -Navoiy” yoʻnalishida xususiy sektorni jalb etgan holda yuqori tezlikda harakatlanuvchi “pullik” avtomobil yoʻlini qurish imkoniyati bor.

    Taklif qilinayotgan yoʻnalish orqali harakat tashkil etilsa, M-39 avtomobil yoʻlining kunlik oʻrtacha qatnovini (harakat jadalligi) 38 470 tadan 26 900 taga (11 570 taga kamayadi) kamaytirishga erishiladi.

    “Uchtepa -Forish -Nurota -Navoiy” yoʻnalishi orqali Navoiy viloyatiga borilsa, 278 kilometr yoʻlning 10 foizi aholi punkti, 90 foiz qismi aholi yashamaydigan hududdan oʻtishini inobatga olgan holda, 28 kilometr qismida 70 kilometr/soatiga tezlikda va 250 kilometr qismida 100 kilometr/soatiga tezlikda yurish mumkin boʻladi, yaʼni, 1 soat vaqt tejaladi.

    Shuningdek, viloyatning chekka hududi hisoblangan Forish tumanida yoʻl boʻyi infratuzilmasini rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlash imkoniyati yaratiladi.

    OʻzbekistonRespublikasiPrezidentining 2023-yil 10-oktyabrdagiPQ-330-sonqaroribilanumumiyfoydalanishdagiavtomobilyoʻllariniyuqoritezlikdaharakatlanishgaoidxalqarotalablargamuvofiqloyihalashtirish, qurishvarekonstruksiyaqilishishlariniamalgaoshirishhamdakelgusidaushbuyoʻllargamuqobilyoʻllarmavjudboʻlganda, “pullikyoʻllar” toifasigaoʻtkazishbelgilangan.

    Viloyat hududidan oʻtgan umumiy foydalanishdagi M-39 avtomobil yoʻli, shuningdek Samarqand shahridan M-37 avtomobil yoʻli orqali transport vositalari Navoiy, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasiga harakatlanishi natijasida tirbandliklar yuzaga kelyapti.

    Qishloq va suv xoʻjaligini rivojlantirish

    Qishloq xoʻjaligi sohasida eksport ulushini koʻpaytirish, xufiyona iqtisodiyotni kamaytirish hamda tadbirkorlar eksportini qoʻllab-quvvatlash maqsadida mahalliy tadbirkorlar bilan suhbat oʻtkazilganda ular tomonidan tez buziluvchan mahsulotlar eksport qilinganda tovarlarni transportda tashish va saqlash jarayonida tomonlarga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra yaroqsiz boʻlgan qismiga chegirma qilish tizimi yoʻqligi aytib oʻtildi.

    Misol uchun: “Agro green house” MCHJ rahbari tez buziladigan mahsulotlarni (salat barglari, koʻkat, ukrop, selderey, sparja, rukkola, aysberg, mongold, shpinad va boshqalar) yetishtirish va eksporti qilish bilan shugʻullanib keladi. Biroq, mahsulotning yaroqsiz holga kelib qolgan qismiga chegirma yoʻqligi sababli mahsulotlarni boshqa yoʻllar bilan olib chiqib ketishga majbur boʻlayotganini aytib oʻtdi.

    Jizzax viloyatida eksport korxonalarining debitorlik qarzdorliklari oshib ketyapti. Viloyatda 156 ta eksport amalga oshiruvchi korxonalar ish faoliyat olib boradi, shundan 48 tasi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining eksporti bilan shugʻullanadi.

    2023-yil davomida Jizzax viloyati boʻyicha 201,3 million dollarlik eksport amalga oshirilgan boʻlib, shundan 31,3 million dollar qishloq xoʻjaligi sohasiga toʻgʻri keldi va eksportyor korxonalarining tashqi savdo shartnomalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorligi 5,3 million dollarni tashkil etyapti.

    Mazkur muammoni yechish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PQ-146-son qarori qabul qilindi va unda 2024-yil 1-apreldan boshlab meva-sabzavot mahsulotlari boʻyicha bir eksport shartnomasi doirasida kelib tushmagan valyuta summasi eksportga yuklangan jami mahsulot narxining 10 foizidan oshmagan taqdirda muddati oʻtgan debitor qarzdorlik hisoblanmaydi va tadbirkorlik subyektiga nisbatan jarima qoʻllanmaslik boʻyicha tizim yaratildi.

    Sogʻliqni saqlash tizimi yuzasidan qilinadigan ishlar

    Davlat tomonidan gepatit A kasalligiga qarshi emlashni yoʻlga qoʻyish zaruriyati soha mutaxassislari tomonidan allaqachon tan olingan va yechilishi lozim boʻlgan ustuvor masallardan biri.

    Maʼlumot uchun 1 ta bolani emlash uchun 120-170 ming soʻm mablagʻ talab etiladi va har oy viloyat boʻyicha 3 500 bolalarni emlash ehtiyoji mavjud. Har bir bola 2 marotaba emlanadi (birinchi doza, ikkinchi doza – buster). Xususiy emlash klinikalarida bitta vaksinaning narxi 270-430 ming soʻmgacha.

    Aholining virusli gepatit A kasalligiga qarshi emlash uchun vaksinalar davlat tomonidan ajratilmaganligi sababli aholi oʻrtasida mazkur kasallikka chalinish holatlari ortib boryapti.

    Viloyatda yiliga 700-800 nafar 14 yoshgacha boʻlgan bolalar virusli gepatit A kasalligi bilan kasallanyapti va oxirgi 5-yilda 4 100 nafar bolalar kasallangan.

    Kasallik 2023-yilda 1,8 barobarga oshgan. Jizzax shahrida (4,0), Gʻallaorolda (2,8), Zominda (2,3) va Yangiobodda (2,0) barobarga oshgan.

    Davlat byudjetidan 1 nafar bemorni davolash uchun 3,3 million soʻm, jumladan, dori-darmonga 158,7 million soʻm mablagʻ sarflanyapti.

    Virusli gepatit A kasalligiga qarshi emlash uchun vaksinalar davlat tomonidan ajratilishi koʻzda tutilmagan.

    Respublika boʻyicha virusli gepatit A kasalligiga qarshi emlash pullik (xususiy klinikalarda) asosida amalga oshirilyapti. Natijada kam taʼminlangan oilalarning farzandlari emlanmasdan qolyapti.

    Viloyatda har yili mazkur kasallikka chalingan bolalarni davolash uchun davlat byudjetidan oʻrtacha 2 milliard 485 million soʻm mablagʻ sarflanib kelinyapti. Vaholanki, davlat dasturi doirasida majburiy emlatish koʻpgina kasalliklarni oldini olib, aholi salomatligi darajasini koʻtarishi, davlat xarajatlarini keskin kamaytirishi mumkin.

    Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi boshqa hududlarning iqtisodiy koʻrsatkichlari va oʻsish nuqtalarini tahlil etish yuzasidan ishlarni davom ettiradi va natijalar yuzasidan qoʻshimcha maʼlumotlar berib boriladi.

    Rustam Xolmirzayev,

    Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi

    Strategik islohotlar agentligi

    Bosh inspektori.