Mazkur ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatiga 303 ta maktab kiritilgan. O‘tgan yili ushbu maktablar soni 470 tani tashkil etgan edi. Bu yil ta’lim sifati past bo‘lgan maktablar soni 167 taga qisqargan.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, taʼlim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarga maxsus ustamalar joriy etilgan.

Unga ko‘ra, bazaviy tarif stavkalariga quyidagi miqdorlarda qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi:

— bir maʼmuriy-hududiy birliklar doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan oʻqituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz;

— boshqa maʼmuriy-hududiy birlik, ya'ni boshqa viloyatdan kelib faoliyat yuritayotgan oʻqituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz ustama.

Shuningdek, taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududda kamida bir yil ishlagan oliy va birinchi toifaga ega oʻqituvchi-pedagoglar jalb etilishi belgilangan.

Bundan tashqari, boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar ular borgan maktab taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablar ro‘yxatidan chiqarilgan yildan keyingi yil uchun ham toʻlanishi ko‘zda tutilgan.