Oʻtayotgan har bir kun bizni mamlakatimiz hayotidagi qutlugʻ va muhim voqea — Mustaqillik bayrami sari yaqinlashtiryapti. Davlatimiz rahbari aprelning dastlabki kunida imzolagan “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorda nazarda tutilgan maqsad va vazifalar qutlugʻ kun mohiyatini yanada teran his etishimizga xizmat qiladi. “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh gʻoya esa yurtimizdagi tub islohotlar, maʼnaviy yuksalish va milliy tiklanish jarayonlarini qalban anglashimizga yordam beradi.

Qarordagi maqsad va vazifalar aholi farovonligini yanada oshirish, iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarni chuqurlashtirish, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni rivojlantirish kabi yoʻnalishlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan. Milliy istiqlolimizning davlatchiligimiz tarixi, hozirgi va kelajak hayotimiz uchun beqiyos ahamiyatini hisobga olib, xalqimiz katta tantana bilan nishonlaydigan bayramni yangi Oʻzbekistonning bugungi ulkan salohiyati va jahon maydonidagi nufuziga muvofiq yuksak darajada, munosib nishonlashga doir topshiriqlar belgilangan.

2

Buyuk Amir Temurning shonli va shukuhli faoliyati, u asos solgan qudratli saltanatning olamshumul yutuqlari, davlat boshqaruvidagi tadbirli va qatʼiyatli siyosati, asrlarga boʻylagan bunyodkorlik ishlari oʻzbek millati qadr-qimmatini jahon tamadduni sahnida yuksak mavqega olib chiqqan.

Prezidentimiz 9-aprel kuni Toshkent shahridagi Amir Temur xiyoboniga tashrif buyurib, ulugʻ vatandoshimiz, mashhur davlat arbobi, yengilmas sarkarda, ilm-fan, madaniyat va sanʼat homiysi haykali poyiga gulchambar qoʻydi.

Xalqimiz tabarruk zaminimizdan shunday ulugʻ zot yetishib chiqqani bilan doimo faxrlanib, gʻururlanib yashaydi. Ayniqsa, bugungi yangi Oʻzbekiston sharoitida Amir Temur va temuriylar tarixi hamda merosini chuqur oʻrganish har qachongidan ham katta ahamiyat kasb etmoqda. Bu shonli sulola davrida yaratilgan temuriylar Renessansi mamlakatimizda yangi Uygʻonish davri poydevorini yaratishda xalqimiz uchun ishonch, ilhom va kuch-qudrat manbai boʻlib xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari shu kuni yangidan rekonstruksiya qilingan Temuriylar tarixi davlat muzeyiga ham tashrif buyurdi. Ulugʻ zot tavalludining 690-yilligini keng nishonlash maqsadida joriy yil 5-fevral kuni Prezidentimizning tegishli qarori qabul qilingan edi. Unga koʻra, har yili aprel oyi “Amir Temur oyligi” deb eʼlon qilinib, taʼlim muassasalari, ilmiy markazlar va mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchi va sanʼatkorlar ishtirokida uchrashuvlar, davra suhbatlari va maʼrifiy tadbirlar oʻtkaziladi.

Prezidentimiz muzeyning yangilangan ekspozitsiyasi va tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, ajdodlar merosini oʻrganish, asrab-avaylash va targʻib etish naqadar muhim ekaniga urgʻu berdi.

— Dunyo havas qilgulik tariximiz, merosimiz bor. Sohibqiron tarixini jamlagan muzey zamonga munosib yangi qiyofaga kelgani yaxshi boʻldi. Endi buni aholimizga, yoshlarga, xorijlik mehmonlarga yetkazish eng katta vazifamiz. Yangi Oʻzbekistonni yuksaltirish uchun kerakli bilimlarni qayerdan olish mumkin desangiz, bularning barchasi — ajdodlarimiz qoldirgan merosda, ilmda. Shu bois, yoshlarimizni, nuroniylarni, umuman, aholimizni mahallabay tarzda muzeylarga olib kelib, buyuk tariximiz haqidagi bilimlarini oshirishimiz lozim, — dedi davlatimiz rahbari.

Sana munosabati bilan poytaxtimizda “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi oʻrni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya boʻlib oʻtdi. Prezidentimiz nufuzli anjuman ishtirokchilariga tabrik yoʻlladi.

3

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat ­Mirziyoyev Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Jomart ­Toqayev taklifiga binoan 21-22-aprel kunlari amaliy tashrif bilan Ostona shahrida boʻlib, Mintaqaviy ekologik sammit va Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashining yigʻilishida ishtirok etdi.

Dastlab davlatimiz rahbari Mintaqaviy ekologik sammitning ochilish marosimida nutq soʻzladi. Markaziy Osiyodagi iqlim va ekologiya muammolarini hal qilish boʻyicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Atmosfera havosi sifati yomonlashayotgan sharoitda “Markaziy Osiyoning toza havosi” davlatlararo konsorsiumini taʼsis etish taklifi bildirildi.

Prezidentimiz Toshkentdagi Yashil universitet huzurida faoliyat yuritayotgan Choʻllanishga qarshi kurashish, qurgʻoqchilikning oldini olish hamda qum va chang boʻronlari haqida barvaqt ogohlantirish markaziga mintaqaviy maqom berish muhimligini taʼkidladi. Texnologik oʻtish jarayonlarini tezlashtirish uchun imtiyozli bojxona tartiblari va ekomahsulotlar uchun sertifikatlarni oʻzaro tan olishni nazarda tutuvchi “Markaziy Osiyo yashil savdo yoʻlagi”ni shakllantirish tashabbusi ilgari surildi.

Yoshlar orasida iqlim kun tartibi va ekologik madaniyatni ilgari surish uchun 2027-yilda Oʻzbekistonda Butunjahon yoshlar iqlim forumini oʻtkazishga tayyorlik bildirildi.

Soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi (OQXJ) taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yigʻilishida ishtirok etdi va nutq soʻzladi. Mamlakatimiz yetakchisi Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi noyob mintaqaviy tuzilma sifatida faoliyat yuritib kelayotgani, Markaziy Osiyoda suv taqchilligining kuchayishiga sabab ­boʻlayotgan iqlim oʻzgarishlari va suv isteʼmoli koʻpayib borayotgan sharoitda uning roli va ahamiyati yanada ortayotganini taʼkidladi.

Tadbir yakunida yetakchilar Ostona bayonotini, Qozogʻiston raisligining borishi toʻgʻrisida, 26-martni Xalqaro Orol dengizi, Amudaryo hamda Sirdaryo kuni deb eʼlon qilish toʻgʻrisida hamda Oʻzbekiston yetakchisini 2027-2029-yillarda jamgʻarma prezidenti etib saylash toʻgʻrisidagi qarorlarni imzoladilar.

4

Ekologiya, madaniyat, turizm va sport. Bu aprel oyida kun tartibiga eng koʻp chiqqan mavzular deyish mumkin. Bir-birini toʻldiruvchi bu toʻrt yoʻnalish har doimgidek yilning toʻrtinchi oyida ham davlatimiz rahbarining eʼtibori markazida boʻldi.

Prezidentimiz 1-aprel kuni “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻchat ekish tadbirida ishtirok etib, 108 gektar maydonda Milliy dendrologiya bogʻini barpo etishga start berdi. Ishtirokchilar bilan birga bogʻning ilk 5 gektarida manzarali koʻchatlar ekdi.

Keng jamoatchilik vakillari bilan muloqot chogʻida mahalla raislari, otaxon va onaxonlarimiz, xotin-qizlar vakillari hamda barcha faollarni joylarda milliy urf-odatlar, anʼana va qadriyatlarni yanada keng targʻib qilish, klublar va jamoalar tashkil etib, har bir koʻcha, xonadon, yoʻl boʻylariga nihol va gullar, qir-adirlarga daraxt va butalar ekishda bosh boʻlishga chaqirdi.

Shu kuni Prezidentimiz mamlakatimizda tashrif bilan boʻlib turgan BMT Turizm bosh kotibi Shayxa Nosir an-Novaysni qabul qildi. Oʻzbekiston va BMTning ushbu ixtisoslashgan muassasasi oʻrtasidagi koʻp qirrali va uzoq muddatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Prezidentimiz raisligida 7-aprel kuni jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish, seleksiya va tayyorgarlik tizimini takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Davlatimiz rahbari 15-aprel — Madaniyat va sanʼat xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga tabrik yoʻlladi. Shu kuni Koʻksaroy qarorgohida mamlakatimiz yetakchisi ishtirokida milliy estrada sanʼati yorqin namoyandasi, Oʻzbekiston xalq artisti Farrux Zokirov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Mamlakatimiz yetakchisi Farrux Zokirovni ushbu qutlugʻ sana bilan samimiy qutladi.

Tantanada Farrux Zokirovning koʻp yillik samarali mehnati, milliy madaniyatimiz va sanʼatimizni rivojlantirish yoʻlidagi fidokorona xizmatlarini munosib taqdirlash maqsadida davlatimiz rahbarining sanʼatkorni “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlash haqidagi farmoni va “Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targʻib qilish hamda yosh avlodga munosib yetkazish toʻgʻrisida”gi qarori imzolangani eʼlon qilindi.

16-aprel kuni davlatimiz rahbari madaniyat va turizm sohasidagi ishlar va yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Samarqand shahrida 9 gektar maydonda yangi Ipak yoʻli muzeyini barpo etish rejasi koʻrib chiqildi. Taqdimotda aholini madaniyat muassasalariga keng jalb qilish, ularning mazmun-mohiyati va ish uslubini zamon talablari asosida yangilash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Prezidentimiz Xalqaro shaxmat federatsiyasining Nomzodlar turniri gʻolibi Javohir Sindorov bilan telefon orqali muloqot qildi. Yosh grossmeysterimizni Oʻzbekiston shaxmati tarixida birinchi marta mazkur nufuzli musobaqada zafar qozonib, tom maʼnodagi tarixiy gʻalabaga erishgani bilan samimiy tabrikladi. Endi shaxmatchimiz ­oldida jahon toji uchun hal qiluvchi va sharafli bellashuv turganini qayd etib, boʻlajak oʻyinlarda yanada ulkan omad, kuch-gʻayrat va yangi zafarlar tiladi.

17-aprel kuni Toshkentga yetib kelgan Javohir Sindorov sharafiga tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Davlatimiz rahbari marosimda soʻzga chiqib, yosh shaxmatchini mazkur tarixiy zafar bilan yana bir bor samimiy qutladi. Bu butun xalqimiz, yangi ­Oʻzbekistonning gʻalabasi ekanini taʼkidladi. Mamlakatimizda shaxmatni keng ommalashtirish, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida ushbu sport turini targʻib etish, navqiron avlod qalbida milliy gʻurur, Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻularini kamol toptirish borasidagi katta xizmatlari, shuningdek, Kiprda oʻtkazilgan FIDE Nomzodlar turnirida rekord natijalar koʻrsatib, muddatidan oldin gʻoliblikni qoʻlga kiritgani uchun Javohir Sindorovni Prezidentimizning “Mehnat shuhrati” ­ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi farmoni oʻqib eshittirildi.

Davlatimiz rahbari yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionati doirasida mamlakatimizda boʻlib turgan Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti Cho Chung Vonni qabul qildi. Muloqot chogʻida hamkorlikning yangi istiqbollari muhokama qilindi.

27-aprelda koʻhna Xiva shahrida musiqa va sanʼat bayrami — “Lazgi” III xalqaro raqs festivalining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Prezidentimiz sanʼat anjumani ishtirokchilariga tabrik yoʻllab, ularni chin qalbdan muborakbod etdi.

Oyning soʻnggi sanalari — 29-aprelda gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari, 30-aprel kuni esa tabiatni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni taʼminlash, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish boʻyicha takliflar taqdimoti boʻlib oʻtdi.

5

Prezidentimiz 2-aprel kuni Buxoro, 8-aprelda esa Toshkent viloyatidagi islohotlar natijadorligi, hududlarning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi. Shuningdek, 9-aprel kuni boʻlib oʻtgan yigʻilish kun tartibidan Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari masalasi oʻrin oldi. 16-aprel kuni Toshkent shahri iqtisodiyotida yuqori oʻsish surʼatini taʼminlash, mavjud zaxiralarni toʻliq ishga solish hamda tadbirkorlik faoliyati uchun yanada qulay sharoitlar yaratish masalalari koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari 10-aprel kuni Buxoro shahriga tashrif buyurib, dastlab viloyatning yangi maʼmuriy markazidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Soʻng Buxoroning tarixiy qismiga tashrif buyurdi, shahar aholisi va mehmonlari bilan muloqot qildi. Davlatimiz rahbariga viloyatning iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan boshqa qurilish loyihalari haqida ham axborot berildi.

Mamlakatimiz yetakchisi taklifiga binoan Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev amaliy tashrif bilan Oʻzbekistonga keldi. Oliy martabali mehmonni Buxoro xalqaro aeroportida davlatimiz rahbari kutib oldi. Prezidentlar birgalikda Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi.

Buxoro shahrida boʻlib oʻtgan yetakchilar uchrashuvida mamlakatlarimiz oʻrtasida doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Prezidentimiz 23-aprel kuni Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumani hokimligiga tashrif buyurdi. Dastlab hokimlik binosi yonidagi Salar kanali ustida qurilgan koʻprikni, hududdagi koʻkalamzorlashtirish ishlarini koʻzdan kechirdi va shu yerda koʻchat ekdi.

Hokimlikda vaziyatlar markazi tashkil etilib, sunʼiy intellekt asosida tahlil qilish, muammolarni tezkor aniqlash va hal etish boʻyicha “Aqlli tuman” platformasi ishlab chiqilgan. Prezidentimiz vaziyatlar markazi faoliyati bilan tanishib, ushbu yangi tizimni poytaxtning qolgan tumanlarida ham joriy etishga topshiriq berdi.

Davlatimiz rahbari tumandagi Oʻzbekiston ovozi koʻchasida tashkil etilgan gastronomik turizm koʻchasi faoliyati bilan ham tanishdi. Zamonaviy uslubda taʼmirlangan xonadonlar, obod koʻchalar va aholi uchun yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Shuningdek, Mirzo Ulugʻbek tumanida yangi bunyod etilgan “Pavilion” savdo majmuasi faoliyati va imkoniyatlari bilan tanishib, majmua qurilish materiallari bozorida yangi madaniyat, yangi sifat va yangi xizmat standartlarini shakllantiradigan maskan boʻlishi kerakligini taʼkidladi.

Prezidentimizning aprel oyida navbatdagi tashrif manzili goʻzal Fargʻona boʻldi. Bu yerda barpo etilayotgan yangi turar joylar, tadbirkorlik, chorvachilik, qishloq xoʻjaligi, sanoat tarmoqlariga investorlarni jalb etish yoʻlida amalga oshirilayotgan loyihalar koʻlamini yurtimizda kechayotgan islohotlarning hududdagi koʻzgusi deyish mumkin.

Mamlakatimiz yetakchisi fargʻonaliklarning barcha islohotlarning oldingi safida boʻlishiga ishonch bildirdi. Buni vodiy ahli koʻtarinki kayfiyatda qabul qildi. Ikki kunlik tashrif Qoʻqon shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” massivida bajarilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishuvdan boshlandi. Qadimiy maskanda qad rostlayotgan yangi massiv nafaqat uy-joy majmuasi, balki hududning iqtisodiy va ijtimoiy qiyofasini oʻzgartiruvchi zamonaviy markaz sifatida shakllanmoqda.

Fargʻona vodiysida Qoʻqon, Namangan, Andijon va Margʻilon shaharlarini bogʻlovchi yangi elektropoyezd qatnovi yoʻlga qoʻyildi. Prezidentimiz jamoatchilik vakillari bilan birga ushbu yoʻnalishdagi ilk poyezdda Qoʻqondan Margʻilon shahriga keldi. Margʻilon shahrida “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

— Biz ushbu majmuani aynan Margʻilon shahrida barpo etganimiz zamirida juda chuqur tarixiy va hayotiy haqiqat mujassam. Bu tabarruk shahar koʻplab ilm va maʼrifat egalarini voyaga yetkazgan. Tarixiy manbalarda aytilishicha, mazkur qutlugʻ maskan “Maʼrifat ahlining vatani” degan yuksak sharafga sazovor boʻlgan. Biz ana shunday qudratli maʼnaviy merosimizga tayanib, Margʻilon, butun Fargʻona tarixining shon-sharaf kitobiga yangi sahifalar bitmoqdamiz. Bu bilan har qancha faxrlansak, gʻururlansak arziydi, — dedi davlatimiz rahbari.

28-aprel — tashrifning ikkinchi kuni Prezidentimiz ishtirokida Fargʻona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi.

6

Umuman, Prezidentimiz aprel oyida yigirmadan ortiq taqdimot va hisobotlar bilan tanishdi. Xususan, oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini yanada takomillashtirish, toʻlovga qobiliyatsizlik institutini takomillashtirish va moliyaviy ahvoli ogʻir tadbirkorlik subyektlarini sogʻlomlashtirish boʻyicha yangi yondashuvlar, soliq maʼmurchiligini takomillashtirish va soliq organlari faoliyatini isloh qilishga doir taqdimotlar oʻtkazildi.

Bundan tashqari, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish, elektron tijoratni rivojlantirish va bond omborlar faoliyatini yoʻlga qoʻyishga qaratilgan takliflar taqdimot qilindi.

“Yangi Oʻzbekiston yoshlari — 2030” strategiyasi loyihasi, tashqi mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etish, fuqarolarni xorijdagi yuqori daromadli ish oʻrinlariga tayyorlash va ularni har tomonlama himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar, yer resurslaridan yanada samarali foydalanishga qaratilgan takliflar ham taqdimotlar mavzusini qamrab oldi.

Videoselektor yigʻilishlarida esa uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasida bajarilayotgan ishlar, mavjud muammolar va kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olingan boʻlsa, mutasaddilar neft-gaz tarmogʻida barqaror ishlab chiqarish koʻrsatkichlarini taʼminlash va moliyaviy-iqtisodiy samaradorlikni oshirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, rezerv va zaxiradagi ofitserlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, 9-may — Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish yuzasidan davlatimiz rahbariga axborot berdi.

Prezidentimizning 7-aprel kuni Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi. 15-aprel kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining birinchi oʻrinbosari Sergey Kiriyenko boshchiligidagi delegatsiyani, 20-aprel kuni ­“INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat koʻrgazmasida mamlakat delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining birinchi oʻrinbosari Denis Manturovni qabul qildi.

Bundan tashqari, aprel oyida mamlakatimiz uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi hamda geologiya sohasi xodimlari kasb bayramini nishonladi. Davlatimiz rahbari ularga tabrik yoʻlladi. Shuningdek, Samarqandda boʻlib oʻtgan “Jamoat salomatligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi xalqaro forum ishtirokchilarini qutladi.

7

Davlatimiz rahbari raisligida 24-aprel kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi mamlakat iqtisodiyotidagi hozirgi holat va ustuvor yoʻnalishlarni aniq belgilab bergani bilan yanada ahamiyatli boʻldi. Unda joriy yil birinchi chorak yakunlari tahlil qilindi, hududlar va tarmoqlar kesimidagi koʻrsatkichlar oʻzaro bogʻliq holda koʻrib chiqildi, yil yakunigacha amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab olindi.

Jumladan, kelasi oy 2 milliard 400 million dollarlik davlat aktivlarining 30 foizi ilk bor xalqaro fond bozorlariga chiqarilishi qayd etildi. Bu Milliy investitsiya jamgʻarmasi tashkil etilib, 13 ta strategik korxona boshqaruvi nufuzli “Franklin Templeton” kompaniyasiga berilgani bilan bogʻliq.

Mamlakatimiz yetakchisi barcha darajadagi rahbarlar bugungi murakkab vaziyatda natija uchun shaxsan masʼul ekanini taʼkidladi. Iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, ­inflyatsiyani jilovlash, ish oʻrinlari yaratish, eksportni koʻpaytirish, investitsiya sifati va tadbirkorlar muammolarini hal qilish har bir rahbar faoliyatining asosiy mezoni boʻlishi belgilandi.

8

Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish 29-30-aprel kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda boʻldi. Koʻksaroy qarorgohida tantanali kutib olish marosimidan soʻng Oʻzbekiston Prezidenti va Chexiya Respublikasi Bosh vazirining tor doirada va ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida muzokaralari oʻtkazildi.

Oʻzbekiston bilan Chexiya oʻrtasidagi amaliy hamkorlikning joriy holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Uchrashuv avvalida mamlakatimiz yetakchisi ushbu tashrif Oʻzbekiston — Chexiya munosabatlari tarixida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berishini alohida taʼkidladi. Barcha sohada hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Oʻzaro savdo hajmini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Tovar ayirboshlashni, shu jumladan, mahsulot turlarini kengaytirish orqali 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va ­Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish Kengaytirilgan hamkorlikni ilgari surish toʻgʻrisida qoʻshma deklaratsiyani imzoladilar.

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri