Bugungi kunda mamlakatimizda qishloq xoʻjaligini ilm-fan va yangi texnologiyalar asosida rivojlantirish borasida katta maqsadlar qoʻyilgan. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida har gektardan 5 ming dollar daromad olish, eksportni 10 milliard dollarga yetkazish koʻzda tutilgan. Buning uchun nafaqat xorijiy texnologiyalar, balki ota-bobolarimizning ming yillar davomida toʻplagan tajribasi ham kerak.

Shu maʼnoda, Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan Amir Temur tavalludining 690-yilligiga bagʻishlab, Fanlar akademiyasi bi­lan hamkorlikda “Amir Temur va temuriylar davrida qishloq xoʻjaligi” monografiyasi nashrga tayyorlangani diqqatga sazovor. Ki­tob asosida XV-XVI asrlarda yozilgan “Fan­ni kishtu ziroat” (“Dehqonchilik ilmi”) nodir qoʻlyozmasi yotadi. Ushbu monografiya­da temuriylar davridagi dehqonchilik va

 mahsulot yetishtirishning boy tajribasi keltirilib, zarur joylarda oʻsha davr usullari va yondashuvlar izohlar bilan ochib berildi. Kitobda shunday usullar borki, ular qiziq, oddiy, foydali, hayratlanarli va unutilgan boʻlsa-da, hozir ham qoʻllanilishi mumkin. Keling, shu sirlarni birgalikda kashf qilaylik.

Ob-havo qanday bashorat qilingan?

Sinoptik stansiyalar boʻlmagan davr­da dehqonlarimiz ob-havoni qanday bil­gan? Hayron qolasiz — ular buni oyga, qushlarga va hatto qozonga qarab bashorat qilgan. Masalan, agar oy uchinchi yoki toʻr­tinchi kechada yorqin boʻlsa, kunduzi havo ochiq boʻlgan. Oy qizgʻish tortsa — shamol kuchaygan, qoraysa — yomgʻir koʻp yoqqan. Chum­chuq va saʼva daraxt ustida sayrasa, yomgʻir kutilgan. Tovuq oʻzini titkilayversa yoki qozon osilganda oʻchoq tagida uchqunlar koʻp boʻlsa — yomgʻir yogʻishini aytishgan.

Hozirgi zamon fani bunday kuzatuvlarni fenologiya deb ataydi. Yaponiya va Xitoyda hozir ham fermerlar oy taqvimiga asosla­nib ish tutadi. Bu juda qiziq, albatta.

Yer osti suvini qayerdan topish mumkin?

Oʻsha davrda dehqonlar yer osti suvi qayer­daligini bilish uchun mis qozon ishlat­gan. Ha, toʻgʻri angladingiz. Aynan qozon. Buning uchun ular yerni uch gaz (taxminan 2 metr) chuqurlikda kovlab, sariq mis qo­zonni yogʻ bilan moylagan. Toza jundan yon­gʻoq kattaligida sharcha yasab, uni eritilgan mumga botirib, qozon ichiga yopishtirgan. Keyin qozon toʻnkarilib, chuqurga koʻmilib, ertalabgacha shu holda qoldirilgan. Agar qo­zon nam, jun sharcha suvga toʻlgan boʻlsa, yer osti suvi yer yuzasiga yaqin, agar namlik kam boʻlsa, suv chuqurda.

Bugun bu ish geofizik asboblar bilan ba­jariladi. Ammo bobomizning usuli hozir ham kichik fermerlar uchun arzon va tushunar­li boʻlishi mumkin.

Tuproq shoʻrligini... tatib bilishgan!

Hozir tuproq shoʻrligi maxsus labora­toriyalarda aniqlanadi. Ammo temuriylar davrida bu borada oddiyroq yoʻl tutilgan. Qanday deysizmi? Albatta, yerning taʼmiga qarab. Buning uchun ikki-uch gaz chuqurlikdan bir hovuch tuproq olinib, xumchaga solingan. Ustidan yomgʻir suvi quyib, aralashtirib, suv tinganidan keyin uning taʼmini koʻrishgan. Agar suvning mazasi oʻzgarmasa, yer yaxshi. Agar shoʻr yoki achchiq boʻlsa, yer shoʻr. Agar yerdan yomon hid kelsa, umuman, ekin ekishga yaroqsiz.

Qizigʻi shundaki, kitobda keltirilishi­cha, shoʻr yerda faqat xurmo yaxshi oʻsadi. Bugun shoʻrxok hududlarda xurmo plantatsiyalari barpo etilayotgani bobolarimiz haqligini koʻrsatadi.

Besh yuz yil avval mavjud boʻlgan usul

Bunisini hali eshitmagandirsiz?! Ho­zirgi kunda urugʻsiz tarvuz, urugʻsiz uzum kabi navlarga zamonaviy seleksiyaning yutu­gʻi sifatida qaraladi. Lekin asarda bu boʻyi­cha ajablanarli usul bayon etilgan.

Usul quyidagicha: oshqovoq yoki bodring­ning palagi (shoxi) bir gaz (0,7 metr) oʻs­gach, uning ostidan chuqur kovlanib, palak­ning bir qismi shu chuqurga solinib, uchi chiqib turadigan qilib koʻmiladi. Palak bir gaz oʻsgach, bu ish yana takrorlanadi. Uch marta shunday qilingandan keyin palak yer ostida ildiz otib, asosiy oʻsimlikdan aj­ralganda, qolgan qismidagi meva urugʻsiz boʻladi.

Buni qanday tushunish mumkin? Ilm-fan­da bu holat partenokarpiya deyiladi. Yaʼni urchitilmasdan meva tugish hodisasi. Hozir bunga gormonal vositalar bilan erishiladi. Bobolarimiz esa mexanik usul — palakni koʻmib, stress hosil qilish orqali shunga erishgan. Hayratlanarli... Afsuski, bu usul ham unutilgan. Tarvuzchilikda ilgʻor Koʻkda­la fermerlari buni sinab koʻrsa, nafaqat er­taki tarvuz, balki danaksiz hosil va qoʻshil­gan qiymatli yangi brendga ega boʻlarmidi?! Davr ana shunday yangi bilimlarni va izla­nuvchanlikni talab qilyapti.

Shu oʻrinda boshqa mevalarni danaksiz qilishga intilishganmikan degan haqli sa­vol tugʻiladi. Axir hammamiz danaksiz anor va uzum falon bozorda yoki davlatda chiqar­kan deb hayrat bilan gapiramiz-ku. Qoʻlyozma tarjimasini tahrirlar ekanman, bu maʼlu­motlarga yetib kelganda, ochigʻi, hayratimni yashira olmadim.

Anor va uzumni danaksiz yetishtirish

Asarda nafaqat oshqovoq, balki anor va uzumni ham danaksiz (urugʻsiz) qilish usulla­ri keltirilgan. Anorni danaksiz qilish uchun ekilayotgan nihol bir gaz miqdorida yorilib, ichidagi magʻzi olib tashlanadi. Soʻng yorilgan joy bir-biriga yopishtirilib, lux (tol qavzo­gʻi) bilan bogʻlanadi, toza loy va yangi goʻng bi­lan suvalib, yerga ekiladi. Koʻklab chiqqandan keyin yoriq ustidagi qismi kesib tashlanadi. Natijada yetilgan anorda urugʻ boʻlmaydi. Uzumni danaksiz qilish uchun esa tokning yerga tegadigan qismi yorilib, ichidagi magʻzi olib tashlangan, soʻng yoriq yopishtirilib, molning yangi goʻngi bilan boʻyab ekilgan. Bunday tok­ning uzumi urugʻsiz boʻlib yetiladi. Qarang, oddiy, lekin samarali usul.

Hozirgi zamon dehqonchiligida urugʻsiz mevalar seleksiya yoʻli bilan olinadi. Lekin bobolarimiz mexanik usul bilan ham shunga erishgani hayratlanarli. Afsuski, bu usul­lar unutilgan, biroq buni sinab koʻrsak, bogʻ­dorchilikda haqiqiy yangi tajriba boʻladi.

Bir tokdan uch rangli uzum

Asardagi eng qiziqarli boblardan biri payvandlashga bagʻishlangan. Unda aytili­shicha, uch xil tokdan ikki gaz uzunlikda uch novda olinib, har biri magʻziga zarar yetkaz­may yorilib, soʻng bir-biriga yopishtirilgan. Lux bilan bogʻlanib, ekilgan. Bunday tok hosili uch rangda boʻlgan. Tasavvur qilyap­sizmi, bir novdada oq, qizil va qora uzum birga oʻsgan.

Yana ham qizigʻi, agar tokning ichidagi magʻiz oʻrniga mushk solib ekilsa, uzumdan mushk hidi kelgan. Agar surgi dori solinsa, uzumning oʻzi surgi (ichni keltiruvchi) boʻlib qolgan. Qoyil qolmasdan iloji yoʻq.

Buning izohi qanday? Bugun bu usulni inyeksiya yoki molekulyar fermerlik deb ata­shadi — oʻsimlikni dori tashuvchi konteyner sifatida ishlatish gʻoyasi. Hozir gen muhan­dislari vaksina va antitela ishlab chiqa­ruvchi oʻsimliklar yaratmoqda. Temuriylar bundan 500-yil oldin xuddi shu gʻoyani amalda qoʻllagan. Bu faqat gʻurur bagʻishlaydi va il­damroq boʻlishga yetaklaydi.

Daraxtlarni “qoʻrqitib” meva olishni eshitganmisiz?

Bu usulni koʻpchiligimiz eshitganmiz, lekin hazilga yoʻyib qoʻyaverganmiz, aslida esa... Agar daraxt meva qilmasa, temuriylar uni bolta bilan qoʻrqitgan. Ha, toʻgʻri oʻqi­dingiz. Bir kishi bolta olib, gʻazablangan holda daraxtga yugurib kelib: “Seni kesib tashlayman”, deb baqirgan. Boshqasi esa da­raxtni himoya qilib: “Bu yil tegma, kelasi yili meva qiladi”, degan. Natijada kelasi yili daraxt moʻl hosil bergan.

Hozirgi zamon dehqonchiligi bunga nima deydi? Ilm-fan buni shok terapiyasi deb ataydi. Har qanday tirik mavjudot oʻlim xavfini sezsa, zurriyot qoldirishga inti­ladi. Daraxt uchun zurriyot — uning mevasi. Shunday qilib, yengil qoʻrqitish daraxtni hosil berishga majbur qiladi. Bugun biz kimyoviy vositalar bilan hosilni koʻpay­tirishga oʻrganganmiz. Lekin bobolarimiz­ning biz hazil-mutoyibaga yoʻygan, oddiy usuli — ekologik toza va bepul.

Hosilni tezlatishning antiqa yoʻli

Bugun koʻchatni bir joyga ekib, umrbod shunda qoldiramiz. Temuriylar esa boshqacha yoʻl tutgan. Masalan, yongʻoq niholini kovlab olib, boshqa yerga oʻtqazgan. Bir yildan keyin yana boshqa joyga koʻchirishgan. Buni uch marta takrorlashgan. Natijada daraxt tezroq ho­silga kirgan.

Sababi nima? Doimiy koʻchirish marka­ziy ildizni cheklab, koʻplab yon ildizlarni rivojlantirgan. Bu esa daraxt ozuqani tez yigʻishiga va erta hosilga kirishiga sabab boʻlgan. Zamonaviy agronomiya buni stressli koʻchirish deydi, lekin amalda kam qoʻllaydi.

Zararkunandalardan qutulishning oddiy tadbiri

Kimyoviy pestitsidlar boʻlmagan davrda bogʻbonlarimiz qoʻl ostidagi narsalar bilan hasharotlarga qarshi kurashgan. Mana ular­dan ayrimlari.

Anzur piyozi (yovvoyi piyoz) olma daraxti­ning tomiri ostiga ekilsa, qurt tushishidan saqlagan. Kabutar goʻngi suvda ivitilib, shoxlarga surkalsa, meva koʻpaygan.

Hozirgi zamon dehqonchiligi bunga nima deydi? Ilm-fan bu usullarning koʻpini tas­diqlagan. Zamonaviy fanda bu ekologik mu­handislik deyiladi. Masalan, anzur piyozi tarkibidagi alkaloidlar, ammiakli aralash­malar kuchli insektitsiddir. Hozir ekologik dehqonchilikda shunga oʻxshash tabiiy vosita­larga qaytish kuzatilmoqda. Ammo fermerla­rimiz bu usullarni unutgan.

Unutilgan tejamkorlik

Suv tanqisligi bugungi kunning eng katta muammolaridan biri. Temuriylar esa suvni tejashni bilgan. Ular poliz ekinlari uchun moʻljallangan yerni qishda sugʻorib, keyin us­tini xashak bilan yopgan. Shunda yer yozda kam suv talab qilgan. Bu usul hozirgi mulchalash (yerni xashak, somon bilan qoplash) texnolo­giyasining aynan oʻzi. Yevropada bu usul XX asr oxirida qayta “kashf” etilgan. Bizda esa hanuz koʻp fermerlar yerni ochiq qoldirib, suvni isrof qiladi.

Yer ostiga somon toʻshab, bugʻdoyni shun­da saqlashgan, ustini loy bilan suvashgan. Bunday omborda gʻalla 50 yilgacha buzil­maydi. Bu zamonaviy modifikatsiyalangan atmosferali ombor texnologiyasining qadi­miy koʻrinishidir.

Hozir bunday bilimlar bir oz zamonaviy koʻrinishda butun dunyoda foydalanilyapti, masalan, paxtani plyonka ostida ekishning Shinjon usuli ancha samarali, suv tejash im­konini beradi. Joriy yilda 325 ming gek­tar maydonga shu usul qoʻllanilmoqda va bu bejiz emas!

Ustoz-shogird anʼanasi — ajdodlardan meros

Asrlar davomida, xususan, temuriylar davrida ham agrotexnik bilimlar asosan amaliyot orqali, yaʼni ustoz-shogird anʼa­nasi, oilaviy tarbiya va kundalik mehnat jarayonida avloddan avlodga oʻtgan. Keksa va tajribali dehqonlar bilim hamda koʻ­nikmalarini yoshlarga oʻrgatib, yerga ishlov berish, ekin turlarini tanlash, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish usulla­rini amalda namoyish etgan. Bu anʼana tu­fayli har bir avlod otasidan koʻra koʻproq bilimga ega boʻlib, dehqonchilik doimiy rivojlangan.

Bugun qishloq xoʻjaligida ustoz-shogird tizimi qayta tiklanmoqda. Jumladan, 2026-yildan boshlab paxtachilikda 1000 dan ortiq ilgʻor fermer kam hosil olayotgan 5 mingga yaqin fermerga bevosita ustozlik qilish ti­zimi joriy qilindi. Maqsad — bilim va tajribani sohadagi qoloqlikni bartaraf etishning eng samarali vositasiga aylanti­rish.

Bu borada eng yorqin misol: Mirzachoʻl tumanida tashkil etilgan “Azamat makta­bi”dir. Paxtakor Azamat Sultonov ilgʻor usullar bilan choʻl sharoitida gektari­dan 70 sentner paxta olishga erishmoqda. Uning maktabida endi nafaqat Mirzachoʻl, balki boshqa tumanlardan kelgan fermer­lar ham tajriba orttirmoqda. Bu — ajdod­larimizning “ustoz-shogird” anʼanasining zamonaviy koʻrinishi. Agar temuriylar davrida bu usul orqali agrotexnik bilim­lar asrlar davomida takomillashgan boʻlsa, bugun ham shu yoʻl bilan qisqa muddatda katta natijalarga erishish mumkin.

Xulosa oʻrnida

Afsus, kitobda aytilgan juda koʻp usul va koʻrsatmalarni bu yerda keltirishga imkoni­miz yoʻq. Kitobni oʻqib, undagi bilimlardan bahramand boʻlishni har bir yurtdoshimizga tavsiya qilamiz. Sababi “Amir Temur va te­muriylar davrida qishloq xoʻjaligi” mo­nografiyasi nafaqat tarixiy hujjat, balki bobolarimizning tabiat bilan uygʻunlikda yashash, yer va suvdan oqilona foydalanish bo­rasidagi boy tajribasi toʻplangan maʼnaviy merosimizdir.

Hozirgi zamon dehqonchiligi kimyoviy oʻgʻitlar va pestitsidlarga tobora qaram boʻ­lib bormoqda. Bu esa tuproqni shoʻrlantirib, suvni kamaytiradi, mahsulot sifatiga zarar keltiradi. Temuriylar davridagi usullar­ning aksariyati ekologik toza, arzon va har bir fermer uchun tushunarli.

Qishloq xoʻjaligi tizimi islohotla­ri asosi sifatida sohaga olib kiril­gan STEM+ HECI (STEM — Ilm-fan, Texnologiya, Muhandislik, Matematika) (HECI — Insoniylik, Axloq, Ijodkor­lik, Tasavvur) dasturi aynan shu boy me­rosni tiklash, uni zamonaviy bilimlar bilan uygʻunlashtirish va yosh avlodga yet­kazishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Ehtimol, aynan shu “unutilgan” usullar kelajakda ekologik toza va barqaror deh­qonchilikning asosiga aylanar?!

Ibrohim ABDURAHMONOV,

qishloq xoʻjaligi vaziri, akademik