Bugungi kunda mamlakatimizda qishloq xoʻjaligini ilm-fan va yangi texnologiyalar asosida rivojlantirish borasida katta maqsadlar qoʻyilgan. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida har gektardan 5 ming dollar daromad olish, eksportni 10 milliard dollarga yetkazish koʻzda tutilgan. Buning uchun nafaqat xorijiy texnologiyalar, balki ota-bobolarimizning ming yillar davomida toʻplagan tajribasi ham kerak.
Shu maʼnoda, Qishloq xoʻjaligi
vazirligi tomonidan Amir Temur tavalludining 690-yilligiga bagʻishlab, Fanlar
akademiyasi bilan hamkorlikda “Amir Temur va temuriylar davrida qishloq
xoʻjaligi” monografiyasi nashrga tayyorlangani diqqatga sazovor. Kitob asosida
XV-XVI asrlarda yozilgan “Fanni kishtu ziroat” (“Dehqonchilik ilmi”) nodir
qoʻlyozmasi yotadi. Ushbu monografiyada temuriylar davridagi dehqonchilik va
mahsulot
yetishtirishning boy tajribasi keltirilib, zarur joylarda oʻsha davr usullari
va yondashuvlar izohlar bilan ochib berildi. Kitobda shunday usullar borki,
ular qiziq, oddiy, foydali, hayratlanarli va unutilgan boʻlsa-da, hozir ham
qoʻllanilishi mumkin. Keling, shu sirlarni birgalikda kashf qilaylik.
Ob-havo qanday bashorat qilingan?
Sinoptik stansiyalar boʻlmagan davrda dehqonlarimiz
ob-havoni qanday bilgan? Hayron qolasiz — ular buni oyga, qushlarga va hatto
qozonga qarab bashorat qilgan. Masalan, agar oy uchinchi yoki toʻrtinchi
kechada yorqin boʻlsa, kunduzi havo ochiq boʻlgan. Oy qizgʻish tortsa — shamol
kuchaygan, qoraysa — yomgʻir koʻp yoqqan. Chumchuq va saʼva daraxt ustida
sayrasa, yomgʻir kutilgan. Tovuq oʻzini titkilayversa yoki qozon osilganda
oʻchoq tagida uchqunlar koʻp boʻlsa — yomgʻir yogʻishini aytishgan.
Hozirgi zamon fani bunday kuzatuvlarni fenologiya deb
ataydi. Yaponiya va Xitoyda hozir ham fermerlar oy taqvimiga asoslanib ish
tutadi. Bu juda qiziq, albatta.
Yer osti suvini qayerdan topish
mumkin?
Oʻsha davrda dehqonlar yer osti suvi qayerdaligini
bilish uchun mis qozon ishlatgan. Ha, toʻgʻri angladingiz. Aynan qozon. Buning
uchun ular yerni uch gaz (taxminan 2 metr) chuqurlikda kovlab, sariq mis qozonni
yogʻ bilan moylagan. Toza jundan yongʻoq kattaligida sharcha yasab, uni
eritilgan mumga botirib, qozon ichiga yopishtirgan. Keyin qozon toʻnkarilib,
chuqurga koʻmilib, ertalabgacha shu holda qoldirilgan. Agar qozon nam, jun
sharcha suvga toʻlgan boʻlsa, yer osti suvi yer yuzasiga yaqin, agar namlik kam
boʻlsa, suv chuqurda.
Bugun bu ish geofizik asboblar bilan bajariladi. Ammo
bobomizning usuli hozir ham kichik fermerlar uchun arzon va tushunarli
boʻlishi mumkin.
Tuproq shoʻrligini... tatib
bilishgan!
Hozir tuproq shoʻrligi maxsus laboratoriyalarda
aniqlanadi. Ammo temuriylar davrida bu borada oddiyroq yoʻl tutilgan. Qanday
deysizmi? Albatta, yerning taʼmiga qarab. Buning uchun ikki-uch gaz
chuqurlikdan bir hovuch tuproq olinib, xumchaga solingan. Ustidan yomgʻir suvi
quyib, aralashtirib, suv tinganidan keyin uning taʼmini koʻrishgan. Agar suvning
mazasi oʻzgarmasa, yer yaxshi. Agar shoʻr yoki achchiq boʻlsa, yer shoʻr. Agar
yerdan yomon hid kelsa, umuman, ekin ekishga yaroqsiz.
Qizigʻi shundaki, kitobda keltirilishicha, shoʻr yerda
faqat xurmo yaxshi oʻsadi. Bugun shoʻrxok hududlarda xurmo plantatsiyalari
barpo etilayotgani bobolarimiz haqligini koʻrsatadi.
Besh yuz yil avval mavjud boʻlgan
usul
Bunisini hali eshitmagandirsiz?! Hozirgi kunda
urugʻsiz tarvuz, urugʻsiz uzum kabi navlarga zamonaviy seleksiyaning yutugʻi
sifatida qaraladi. Lekin asarda bu boʻyicha ajablanarli usul bayon etilgan.
Usul quyidagicha: oshqovoq yoki bodringning palagi
(shoxi) bir gaz (0,7 metr) oʻsgach, uning ostidan chuqur kovlanib, palakning
bir qismi shu chuqurga solinib, uchi chiqib turadigan qilib koʻmiladi. Palak bir
gaz oʻsgach, bu ish yana takrorlanadi. Uch marta shunday qilingandan keyin
palak yer ostida ildiz otib, asosiy oʻsimlikdan ajralganda, qolgan qismidagi
meva urugʻsiz boʻladi.
Buni qanday tushunish mumkin? Ilm-fanda bu holat
partenokarpiya deyiladi. Yaʼni urchitilmasdan meva tugish hodisasi. Hozir bunga
gormonal vositalar bilan erishiladi. Bobolarimiz esa mexanik usul — palakni
koʻmib, stress hosil qilish orqali shunga erishgan. Hayratlanarli... Afsuski,
bu usul ham unutilgan. Tarvuzchilikda ilgʻor Koʻkdala fermerlari buni sinab
koʻrsa, nafaqat ertaki tarvuz, balki danaksiz hosil va qoʻshilgan qiymatli
yangi brendga ega boʻlarmidi?! Davr ana shunday yangi bilimlarni va izlanuvchanlikni
talab qilyapti.
Shu oʻrinda boshqa mevalarni danaksiz qilishga intilishganmikan
degan haqli savol tugʻiladi. Axir hammamiz danaksiz anor va uzum falon bozorda
yoki davlatda chiqarkan deb hayrat bilan gapiramiz-ku. Qoʻlyozma tarjimasini
tahrirlar ekanman, bu maʼlumotlarga yetib kelganda, ochigʻi, hayratimni
yashira olmadim.
Anor va uzumni danaksiz yetishtirish
Asarda nafaqat oshqovoq, balki anor va uzumni ham
danaksiz (urugʻsiz) qilish usullari keltirilgan. Anorni danaksiz qilish uchun
ekilayotgan nihol bir gaz miqdorida yorilib, ichidagi magʻzi olib tashlanadi. Soʻng
yorilgan joy bir-biriga yopishtirilib, lux (tol qavzogʻi) bilan bogʻlanadi,
toza loy va yangi goʻng bilan suvalib, yerga ekiladi. Koʻklab chiqqandan keyin
yoriq ustidagi qismi kesib tashlanadi. Natijada yetilgan anorda urugʻ
boʻlmaydi. Uzumni danaksiz qilish uchun esa tokning yerga tegadigan qismi
yorilib, ichidagi magʻzi olib tashlangan, soʻng yoriq yopishtirilib, molning
yangi goʻngi bilan boʻyab ekilgan. Bunday tokning uzumi urugʻsiz boʻlib
yetiladi. Qarang, oddiy, lekin samarali usul.
Hozirgi zamon dehqonchiligida urugʻsiz mevalar
seleksiya yoʻli bilan olinadi. Lekin bobolarimiz mexanik usul bilan ham shunga
erishgani hayratlanarli. Afsuski, bu usullar unutilgan, biroq buni sinab
koʻrsak, bogʻdorchilikda haqiqiy yangi tajriba boʻladi.
Bir tokdan uch rangli uzum
Asardagi eng qiziqarli boblardan biri payvandlashga
bagʻishlangan. Unda aytilishicha, uch xil tokdan ikki gaz uzunlikda uch novda
olinib, har biri magʻziga zarar yetkazmay yorilib, soʻng bir-biriga
yopishtirilgan. Lux bilan bogʻlanib, ekilgan. Bunday tok hosili uch rangda
boʻlgan. Tasavvur qilyapsizmi, bir novdada oq, qizil va qora uzum birga
oʻsgan.
Yana ham qizigʻi, agar tokning ichidagi magʻiz oʻrniga
mushk solib ekilsa, uzumdan mushk hidi kelgan. Agar surgi dori solinsa, uzumning
oʻzi surgi (ichni keltiruvchi) boʻlib qolgan. Qoyil qolmasdan iloji yoʻq.
Buning izohi qanday? Bugun bu usulni inyeksiya yoki
molekulyar fermerlik deb atashadi — oʻsimlikni dori tashuvchi konteyner
sifatida ishlatish gʻoyasi. Hozir gen muhandislari vaksina va antitela ishlab
chiqaruvchi oʻsimliklar yaratmoqda. Temuriylar bundan 500-yil oldin xuddi shu
gʻoyani amalda qoʻllagan. Bu faqat gʻurur bagʻishlaydi va ildamroq boʻlishga
yetaklaydi.
Daraxtlarni “qoʻrqitib” meva olishni
eshitganmisiz?
Bu usulni koʻpchiligimiz eshitganmiz, lekin hazilga
yoʻyib qoʻyaverganmiz, aslida esa... Agar daraxt meva qilmasa, temuriylar uni
bolta bilan qoʻrqitgan. Ha, toʻgʻri oʻqidingiz. Bir kishi bolta olib,
gʻazablangan holda daraxtga yugurib kelib: “Seni kesib tashlayman”, deb
baqirgan. Boshqasi esa daraxtni himoya qilib: “Bu yil tegma, kelasi yili meva
qiladi”, degan. Natijada kelasi yili daraxt moʻl hosil bergan.
Hozirgi zamon dehqonchiligi bunga nima deydi? Ilm-fan
buni shok terapiyasi deb ataydi. Har qanday tirik mavjudot oʻlim xavfini sezsa,
zurriyot qoldirishga intiladi. Daraxt uchun zurriyot — uning mevasi. Shunday
qilib, yengil qoʻrqitish daraxtni hosil berishga majbur qiladi. Bugun biz
kimyoviy vositalar bilan hosilni koʻpaytirishga oʻrganganmiz. Lekin bobolarimizning
biz hazil-mutoyibaga yoʻygan, oddiy usuli — ekologik toza va bepul.
Hosilni tezlatishning antiqa yoʻli
Bugun koʻchatni bir joyga ekib, umrbod shunda
qoldiramiz. Temuriylar esa boshqacha yoʻl tutgan. Masalan, yongʻoq niholini
kovlab olib, boshqa yerga oʻtqazgan. Bir yildan keyin yana boshqa joyga
koʻchirishgan. Buni uch marta takrorlashgan. Natijada daraxt tezroq hosilga
kirgan.
Sababi nima? Doimiy koʻchirish markaziy ildizni
cheklab, koʻplab yon ildizlarni rivojlantirgan. Bu esa daraxt ozuqani tez
yigʻishiga va erta hosilga kirishiga sabab boʻlgan. Zamonaviy agronomiya buni
stressli koʻchirish deydi, lekin amalda kam qoʻllaydi.
Zararkunandalardan qutulishning oddiy
tadbiri
Kimyoviy pestitsidlar boʻlmagan davrda bogʻbonlarimiz
qoʻl ostidagi narsalar bilan hasharotlarga qarshi kurashgan. Mana ulardan
ayrimlari.
Anzur piyozi (yovvoyi piyoz) olma daraxtining tomiri
ostiga ekilsa, qurt tushishidan saqlagan. Kabutar goʻngi suvda ivitilib,
shoxlarga surkalsa, meva koʻpaygan.
Hozirgi zamon dehqonchiligi bunga nima deydi? Ilm-fan
bu usullarning koʻpini tasdiqlagan. Zamonaviy fanda bu ekologik muhandislik
deyiladi. Masalan, anzur piyozi tarkibidagi alkaloidlar, ammiakli aralashmalar
kuchli insektitsiddir. Hozir ekologik dehqonchilikda shunga oʻxshash tabiiy
vositalarga qaytish kuzatilmoqda. Ammo fermerlarimiz bu usullarni unutgan.
Unutilgan tejamkorlik
Suv tanqisligi bugungi kunning eng katta muammolaridan
biri. Temuriylar esa suvni tejashni bilgan. Ular poliz ekinlari uchun
moʻljallangan yerni qishda sugʻorib, keyin ustini xashak bilan yopgan. Shunda
yer yozda kam suv talab qilgan. Bu usul hozirgi mulchalash (yerni xashak, somon
bilan qoplash) texnologiyasining aynan oʻzi. Yevropada bu usul XX asr oxirida
qayta “kashf” etilgan. Bizda esa hanuz koʻp fermerlar yerni ochiq qoldirib,
suvni isrof qiladi.
Yer ostiga somon toʻshab, bugʻdoyni shunda saqlashgan,
ustini loy bilan suvashgan. Bunday omborda gʻalla 50 yilgacha buzilmaydi. Bu
zamonaviy modifikatsiyalangan atmosferali ombor texnologiyasining qadimiy
koʻrinishidir.
Hozir bunday bilimlar bir oz zamonaviy koʻrinishda
butun dunyoda foydalanilyapti, masalan, paxtani plyonka ostida ekishning
Shinjon usuli ancha samarali, suv tejash imkonini beradi. Joriy yilda 325 ming
gektar maydonga shu usul qoʻllanilmoqda va bu bejiz emas!
Ustoz-shogird anʼanasi — ajdodlardan
meros
Asrlar davomida, xususan, temuriylar davrida ham
agrotexnik bilimlar asosan amaliyot orqali, yaʼni ustoz-shogird anʼanasi,
oilaviy tarbiya va kundalik mehnat jarayonida avloddan avlodga oʻtgan. Keksa va
tajribali dehqonlar bilim hamda koʻnikmalarini yoshlarga oʻrgatib, yerga
ishlov berish, ekin turlarini tanlash, kasallik va zararkunandalarga qarshi
kurashish usullarini amalda namoyish etgan. Bu anʼana tufayli har bir avlod
otasidan koʻra koʻproq bilimga ega boʻlib, dehqonchilik doimiy rivojlangan.
Bugun qishloq xoʻjaligida ustoz-shogird tizimi qayta
tiklanmoqda. Jumladan, 2026-yildan boshlab paxtachilikda 1000 dan ortiq ilgʻor
fermer kam hosil olayotgan 5 mingga yaqin fermerga bevosita ustozlik qilish tizimi
joriy qilindi. Maqsad — bilim va tajribani sohadagi qoloqlikni bartaraf
etishning eng samarali vositasiga aylantirish.
Bu borada eng yorqin misol: Mirzachoʻl tumanida tashkil
etilgan “Azamat maktabi”dir. Paxtakor Azamat Sultonov ilgʻor usullar bilan
choʻl sharoitida gektaridan 70 sentner paxta olishga erishmoqda. Uning
maktabida endi nafaqat Mirzachoʻl, balki boshqa tumanlardan kelgan fermerlar
ham tajriba orttirmoqda. Bu — ajdodlarimizning “ustoz-shogird” anʼanasining
zamonaviy koʻrinishi. Agar temuriylar davrida bu usul orqali agrotexnik bilimlar
asrlar davomida takomillashgan boʻlsa, bugun ham shu yoʻl bilan qisqa muddatda
katta natijalarga erishish mumkin.
Xulosa oʻrnida
Afsus, kitobda aytilgan juda koʻp usul va
koʻrsatmalarni bu yerda keltirishga imkonimiz yoʻq. Kitobni oʻqib, undagi
bilimlardan bahramand boʻlishni har bir yurtdoshimizga tavsiya qilamiz. Sababi
“Amir Temur va temuriylar davrida qishloq xoʻjaligi” monografiyasi nafaqat
tarixiy hujjat, balki bobolarimizning tabiat bilan uygʻunlikda yashash, yer va
suvdan oqilona foydalanish borasidagi boy tajribasi toʻplangan maʼnaviy
merosimizdir.
Hozirgi zamon dehqonchiligi kimyoviy oʻgʻitlar va
pestitsidlarga tobora qaram boʻlib bormoqda. Bu esa tuproqni shoʻrlantirib,
suvni kamaytiradi, mahsulot sifatiga zarar keltiradi. Temuriylar davridagi
usullarning aksariyati ekologik toza, arzon va har bir fermer uchun
tushunarli.
Qishloq xoʻjaligi tizimi islohotlari
asosi sifatida sohaga olib kirilgan STEM+ HECI (STEM — Ilm-fan, Texnologiya,
Muhandislik, Matematika) (HECI — Insoniylik, Axloq, Ijodkorlik, Tasavvur)
dasturi aynan shu boy merosni tiklash, uni zamonaviy bilimlar bilan
uygʻunlashtirish va yosh avlodga yetkazishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Ehtimol, aynan shu “unutilgan” usullar kelajakda ekologik toza va barqaror dehqonchilikning
asosiga aylanar?!
Ibrohim ABDURAHMONOV,
qishloq xoʻjaligi vaziri, akademik