Maʼlum qilinishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazildi. Unda qoʻshni Afgʻoniston hududidan mamlakatimizga narkotik moddalar olib kirishga boʻlgan urinish bartaraf etildi.

Xususan, Afgʻonistonning Qunduz viloyatida yashovchi 1974-yilda tugʻilgan shaxs davlat chegarasini noqonuniy kesib oʻtib, Amudaryo orqali qayiqda suzib oʻtayotgan vaqtida ushlandi.

Tekshiruv davomida uning yonidagi ikki qop ichida jami 10 dona oʻramda, sof ogʻirligi 10 kg 354 gramm boʻlgan “gashish” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi va protsessual tartibda rasmiylashtirildi.

Hozirda DXXning Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi Tergov boʻlimi tomonidan mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Tergov harakatlari doirasida ushbu jinoyatga aloqador boʻlgan boshqa shaxslarni aniqlash choralari koʻrilmoqda.