Maʼlum qilinishicha, Andijon va Asaka shaharlari hamda Asaka tumanida uch nafar shaxs oldindan til biriktirib, oʻz xonadonlarida yashirin laboratoriya va sexlar tashkil etgan.

Tekshiruvlar chogʻida xonadonlardan qalbaki dori vositalari, ularni ishlab chiqarish uchun uskunalar, boʻsh flakon va idishlar, etiketka va yoʻriqnomalar, muhrlar hamda qadoqlash uchun moʻljallangan turli anjomlar topilib, musodara qilindi.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, qiymati 1 mlrd 250 mln soʻmlik toʻrtta uskuna, olti dona muhr, 214 ming dona boʻsh flakon va idishlar hamda qadoqlash vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shuningdek, 163 turdagi 286 ming 676 dona sifati kafolatlanmagan dori vositalari musodara qilindi.

Ularning orasida “Tivortin”, “Layboten”, “Revarton”, “Diprospan”, “Riyabolel”, “Sefazolin”, “Streptomitsin”, “Ampitsillin” kabi dori vositalari mavjud boʻlib, asl mahsulotlarining bozor qiymati taxminan 10 mlrd soʻmni tashkil etadi.

Mutaxassislar qayd etishicha, bunday sharoitda ishlab chiqarilgan dorilar tarkibi va sifati nazorat qilinmaydi. Bu esa doridagi moddalar miqdorining ortiqcha yoki kam boʻlishi natijasida zaharlanish, allergik reaksiyalar va kasalliklarning ogʻirlashishiga olib kelishi mumkin.

Bojxona organlari maʼlumotiga koʻra, joriy yil boshidan buyon 484 ta holat aniqlanib, qiymati 18 mlrd soʻmlik dori vositalari va tibbiy buyumlarning noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.