Viloyat IIB maʼlumotiga koʻra, voqea 9-avgust kuni sodir boʻlgan. 1987-yilda tugʻilgan T.U. “Damas” avtomashinasida harakatlanib ketayotganida xizmat olib borayotgan YPX xodimlarini koʻrib, yoʻnalishini oʻzgartirgan va qochishga uringan.
YPX xodimlari avtomobilni kuzatib borgan. Haydovchi “Ilgʻor” mahallasidagi uyi yaqinida mashinadan tushib qochmoqchi boʻlganida xodimlar tomonidan toʻxtatilgan. Undan spirtli ichimlik hidi kelgani sababli tibbiy koʻrikdan oʻtkazish uchun olib ketishga harakat qilingan.
Shu payt voqea joyiga haydovchining ikki ukasi, turmush oʻrtogʻi va qoʻshnisi yetib kelgan. Ular xizmat vazifasini bajarayotgan ichki ishlar organlari xodimlariga faol qarshilik koʻrsatib, ikki nafar YPX xodimiga tan jarohati yetkazgan.
Holat yuzasidan Angor tumani prokuraturasi va IIB tezkor-tergov guruhi tomonidan oʻrganish oʻtkazilib, shu kuni fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Shuningdek, YPX xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan ham xizmat tekshiruvi oʻtkazilmoqda. Uning natijalari boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot berilishi aytilgan.