Har kim o‘z bahosi, talqini, tanqidi va tahlilini bildirdi.

To‘g‘ri, har kim o‘z fikrini erkin aytish huquqiga ega. Ammo ko‘nglimni ranjitgani malomat so‘zlari edi. Mazammatu ta’naga to‘la postlar edi…

Shu o‘rinda masalaga boshqa jihatdan qarashni taklif etgan bo‘lardim: mazkur o‘yinda hisob eng muhim emas. Zotan, biz uchun ayni damda o‘g‘lonlarimizning Yevropa va Amerika futbooli bilan tengma-teng maydonga tushayotgani — eng katta yutuq. Qolaversa, bu bahs hal qiluvchi vaziyat ham emas. Yana xalqimizda “o‘yin boshi” degan gaplar ham bor.

Nazdimda, bugun malomat fursati emas, balki qo‘llash, dalda berish payti. Biz esa buni davlatimiz rahbaridan o‘rganishimiz kerak. Ayni shunga bir misol keltirsam…

2025 yil 10 iyun kuni Oliy Majlis Senati vakili sifatida Moskvada Pushkin kitobxonligi an’anaviy tadbirida ishtirok etdim. Kechqurun MDH davlatlari parlament a’zolari uchun Rossiya Davlat Dumasi qabul uyushtirdi. Bordik. Xorijlik hamkasblar bilan suhbatimiz avj oldi. Ammo xayolim Toshkentda edi. Chunki ayni vaqtda poytaxtimizda O‘zbekiston futbooli tarixiga oltin harflar bilan yozilgan o‘yin ham bo‘lib o‘tishi kerak edi.

Internet orqali o‘yinni kuzata boshladim. Match boshlangach, maydonga shaxsan Prezidentimiz qator davlat va hukumatlar rahbarlari bilan kirib keldi. (Shu kuni Toshkentda xalqaro investitsiya forumi ham bo‘lib o‘tayotgandi.)

Yonimda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistondan borgan qardoshlar va Turkmaniston elchixonasi mas’ul xodimi bo‘lib, ular ham, garchi bu o‘yinga qadar jamoamiz mundialga chiqish masalasini hal qilib qo‘ygan bo‘lsa-da, davlatimiz rahbarining shaxsan o‘zi bosh bo‘lib mehmonlarni stadionga olib kelganidan hayratda edi. Bilasizmi, o‘sha kuni bu davraning eng baxtli odamiga, qahramoniga aylandim desam ham bo‘ladi. O‘yin 3:0 hisobida jamoamiz g‘alabasi bilan yakunlandi.

Behad shod edim. “O‘rtoqlar, O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatida qatnashadigan bo‘ldi, meni tabriklang”, dedim g‘urur bilan. Qarsaklar va olqishlar yangradi. Yonimdagi qardosh hamkasblarimizning ham yuzi quvonchdan porlardi. Ular uchun O‘zbekistonning bu yutug‘i o‘zlarinikidek yoqimli, quvonchli, qalblarga g‘urur solgan xushxabar bo‘ldi.

Aytmoqchimanki, futbol bo‘yicha terma jamoamizning har bir yutug‘i shaxsan davlatimiz rahbarining ishtiroki, qo‘llovi, xayrixohligi bilan bog‘lanib ketganini hech kim inkor etmasa kerak.

Yaqinda futbolchilarimizni AQShga kuzatish uchun Prezidentimiz qabulı tashkil etildi va unda davlatimiz rahbari xalqimizning dilidagi so‘zni otalarcha mehr bilan aytdi: “Endi futbolchilarga qarata aytmoqchiman: jahon chempionatida oson o‘yinning o‘zi bo‘lmaydi. Sizlar Portugaliya, Kolumbiya, Kongo kabi kuchli terma jamoalarga qarshi o‘ynaysiz. Xalqimiz har bir o‘yinda sizlardan g‘alaba kutishi tabiiy, albatta. Lekin, bir haqiqatni doimo yodda tuting, sizlar tarixni allaqachon yaratib bo‘ldingiz!”.

Keling, hissiyotu hayajonga berilmay, o‘zimizga savol beraylik: bugun malomat toshini otganimizdan ne naf? Aksincha, futbolchilarga dalda berganimiz yaxshi emasmi?!

Holbuki, ijtimoiy tarmoqlarda qo‘shni davlatlarning minglab fuqarolari, dunyoning boshqa mintaqalaridagi qardosh millatlar vakillarining “Biz O‘zbekiston terma jamoasiga muhlislik qilamiz”, degan xayrixoh fikrlarini ko‘ryapmiz. Bundan g‘ururga to‘lyapmiz.

Biz aynan o‘zbek futbolchilari bahonasida qardoshlarimiz bilan yanada yaqinlashmoqdamiz, birlashmoqdamiz.

Mana o‘g‘lonlarimizning futboldan, undagi erishilajak g‘alabadan-da ahamiyati baland bo‘lgan yutug‘i! Shunday emasmi?

Yana bir gap. 23 iyun kuni bo‘ladigan o‘yinda afsonaviy Krishtianu Ronaldu maydonga tushadi. Uning jamoasiga qarshi bizning mard va jasur o‘g‘lonlarimiz to‘p suradi. O‘sha maydonda esa yuz millionlab odam ko‘z o‘ngida O‘zbekiston bayrog‘i hilpirab turadi. Yana o‘sha kuni Abduqodir Husановni taniydigan millionlab muhlislar bu irodali va jasur o‘g‘lonning asli qaysi millat farzandi ekanini ko‘radi, uni yanada yaqinroq taniydi. Eldor Shomurodov, Abbosbek Fayzullaevning yana yuz minglab ishqibozi ham aynan bizning terma jamoamizga muhlis bo‘lishi tayin.

Aminmanki, Husанов, Shomurodovlar sabab jahon chempionatida terma jamoamiz o‘yinini ko‘plab seleksiyachi murabbiylar ham jiddiy kuzatadi, yosh yigitlarimiz orasida kashf etiladiganlari ham topiladi. Mana, yurtimiz futbooli uchun, Vatanimizning dunyo sahnidagi nufuzi uchun qanday muhim bu jarayon!

So‘zim avvalida aytganimdek, bugungi futbolda biz uchun, millat uchun nima muhimligini yana bir bor tushunib olaylik. Shunday paytda biz uchun muhimi jamoamizni ruhan qo‘llab-quvvatlashdir. Ular ham g‘alaba uchun borgan. Ular maydonga or uchun, millat va xalq sha’ni uchun tushmoqda. Ular ham Vatanimizni sizu bizdek yaxshi ko‘radi. Ammo maydon tekis, to‘p yumaloq. Qarshilarida esa dunyoning manaman degan futbolchilari.

Shunday paytda nufusi qarib 40 millionlik jonajon O‘zбекistoni — Vatanidan keladigan har bir dalda ularga quvvat bo‘ladi.

Husan ERMATOV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan

jurnalist, senator