Qonun loyihasi harbiy xizmatchilarning huquqlari, imtiyozlari, kafolatlari hamda majburiyatlari bilan bogʻliq munosabatlarni kompleks tartibga solishni nazarda tutadi.
Hujjatga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar harbiy xizmatchilarining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari, javobgarligi, shuningdek ular va oila aʼzolarini ijtimoiy hamda huquqiy himoya qilish mexanizmlari aniq belgilab berilmoqda.
Loyihada harbiy xizmatchilar uchun davlat tomonidan kafolatlangan huquq va erkinliklar, qonunchilikda belgilangan imtiyozlar, cheklovlar, majburiyatlar va javobgarlik choralari harbiy xizmatchi maqomining asosiy tarkibi sifatida belgilanmoqda. Shuningdek, harbiy xizmatchi maqomiga ega boʻlish va uni bekor qilish tartibi, xizmat intizomi hamda xizmat majburiyatlariga oid talablar ham aniqlashtirilmoqda.
Qonun loyihasida harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlari ham nazarda tutilgan. Jumladan, ularni moddiy taʼminlash, sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish, uy-joy bilan taʼminlash, majburiy davlat sugʻurtasi, pensiya taʼminoti hamda xizmat vazifasini bajarish chogʻida jarohat olish yoki halok boʻlish holatlarida kompensatsiya toʻlovlarini amalga oshirish kafolatlari qonun darajasida mustahkamlanmoqda.
Shu bilan birga, xizmatdan boʻshatilgan va xizmat yillari 20-yildan kam boʻlmagan harbiy xizmatchilar uchun sanatoriy-kurort muassasalariga 75 foizlik imtiyoz asosida yoʻllanma berish tartibi joriy etilishi rejalashtirilgan. Bunda yoʻllanma qiymatining 25 foizi harbiy xizmatchi tomonidan, 75 foizi esa tegishli vazirlik va idoralar byudjet mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Qonun loyihasida harbiy xizmatchilarga yilda bir marta bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha moddiy yordam toʻlash imkoniyati ham nazarda tutilgan.
Shuningdek, majlisda “Safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlik toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi. Unda safarbarlik tayyorgarligining asosiy maqsad va prinsiplari, davlat organlari hamda tashkilotlarning vakolatlari, iqtisodiyot tarmoqlarini urush davri sharoitiga oʻtkazish mexanizmlari belgilab berilmoqda.
Loyihada safarbarlik davrida chaqirilgan fuqarolar uchun ish joyini saqlab qolish, kredit toʻlovlarini kechiktirish va yetkazilgan zararlarni kompensatsiya qilish kabi ijtimoiy kafolatlar ham mustahkamlanmoqda.
Majlis yakunida mazkur qonun loyihalari deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.