Biroq hozirgi davrda korxonaning muvaffaqiyati faqat qancha mahsulot ishlab chiqarishi yoki qanday uskunalardan foydalanishi bilan belgilanmayapti. Ma’lumot ham tobora muhim strategik resursga aylanmoqda.
Korxona o‘zida mavjud ma’lumotlarni qanchalik to‘g‘ri yig‘sa, tahlil qilsa va ulardan qaror qabul qilishda foydalansa, shunchalik vaqt va mablag‘ni tejashi mumkin. Shu nuqtai nazardan, Big Data — katta hajmdagi ma’lumotlarni yig‘ish, saqlash va tahlil qilish texnologiyalari — sanoatning raqobatbardoshligini oshirishda muhim vositalardan biriga aylanmoqda.
Ma’lumot — yangi sanoat resursi
Big Data tushunchasi ortida juda katta va turli manbalardan keladigan, doimiy ravishda yangilanib turadigan ma’lumotlar oqimi turadi. Zamonaviy korxonada bunday ma’lumotlar manbai juda ko‘p.
Masalan, ishlab chiqarish uskunalaridagi harorat va bosimni o‘lchaydigan sensorlar, energiya sarfi, ombordagi xomashyo zaxiralari, mahsulot sifati, xaridorlar talabi, logistika va sotuv ko‘rsatkichlari — bularning barchasi korxona uchun muhim axborot manbalaridir. Muhimi, bu ma’lumotlarni alohida-alohida ko‘rib chiqish emas, balki o‘zaro bog‘lab tahlil qilishdir.
Buni ishlab chiqarish uskunasi misolida ko‘rish mumkin. Aytaylik, uskuna tebranishi odatdagidan biroz oshdi. Oddiy tizim buni shunchaki navbatdagi texnik ko‘rsatkich sifatida qayd etishi mumkin. Big Data texnologiyalari esa ushbu o‘zgarishni uskunaning avvalgi ishlash tarixi, texnik xizmat ko‘rsatish ma’lumotlari va boshqa sensorlardan kelayotgan ko‘rsatkichlar bilan birgalikda tahlil qiladi.
Shunda uskunada jiddiy nosozlik yuz berishidan oldin muammoni aniqlash imkoniyati paydo bo‘ladi.
Buning amaliy ahamiyati katta: ishlab chiqarishning kutilmagan to‘xtab qolishi kamayadi, ta’mirlashga ketadigan xarajatlar qisqaradi va korxona ishining uzluksizligi ta’minlanadi. Ya’ni yondashuv “avval buzilsin, keyin ta’mirlaymiz” tamoyilidan “muammoni oldindan ko‘rib, chora ko‘ramiz” tamoyiliga o‘tadi.
O‘zbekiston sanoati uchun imkoniyatlar
O‘zbekistonda sanoat ishlab chiqarishi yildan-yilga kengayib bormoqda. Milliy statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda mamlakatimizda 1,1 kvadrillion so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 6,8 foizga yuqori. 2026-yil 1-yanvar holatida esa mamlakatda 59,8 mingta sanoat korxonasi faoliyat yuritgan.
Sanoat ko‘lami kengaygani sari ma’lumotlar hajmi ham ortib boradi. Oziq-ovqat, to‘qimachilik, kimyo, metallurgiya, energetika, avtomobilsozlik va farmatsevtika kabi sohalarning har birida katta hajmdagi axborot shakllanadi.
2026-yil boshidagi ma’lumotlarga ko‘ra, sanoat korxonalarining 11,9 mingdan ortig‘i oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga, 8,3 mingdan ziyodi boshqa nometall mineral mahsulotlar ishlab chiqarishga, 6 mingga yaqini esa kiyim-kechak ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Shunday ekan, bugungi vazifa ma’lumotni shunchaki yig‘ib borish yoki serverlarda saqlashdan iborat emas. Asosiy masala — mavjud ma’lumotlardan iqtisodiy samara olish.
“Aqlli zavod” qanday ishlaydi?
Big Data sanoatdagi boshqa raqamli texnologiyalardan alohida holda rivojlanmaydi. Sun’iy intellekt, robototexnika, Internet of Things, bulutli hisoblash va raqamli egizaklar kabi texnologiyalarning samarali ishlashi, avvalo, sifatli ma’lumotga bog‘liq.
Bu jarayonni shartli ravishda quyidagicha ifodalash mumkin: ma’lumot → tahlil → sun’iy intellekt → qaror → natija. Masalan, energetika korxonasi elektr energiyasi sarfi bo‘yicha ma’lumotlarni tahlil qilib, qaysi uskunalar ortiqcha energiya iste’mol qilayotganini aniqlashi mumkin. To‘qimachilik korxonasi esa xaridorlarning talabi va bozordagi o‘zgarishlarni o‘rganish orqali qaysi mahsulotdan qancha ishlab chiqarish maqsadga muvofiqligini belgilaydi.
Logistika sohasida esa transport vositalarining harakati, yo‘l sharoiti va boshqa omillar tahlil qilinib, vaqt va yoqilg‘i sarfini kamaytiradigan yo‘nalishlarni tanlash mumkin.
Demak, ma’lumot to‘g‘ri ishlatilgan taqdirda u oddiy raqamlar yig‘indisi bo‘lib qolmaydi. U korxona uchun vaqtni tejash, xarajatlarni kamaytirish va resurslardan oqilona foydalanish vositasiga aylanadi.
O‘zbekistonda yangi bosqich
Big Data’ning rivojlanishi mamlakatimizda raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan ham bevosita bog‘liq. O‘zbekistonning Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasida sun’iy intellekt asosidagi dasturiy mahsulot va xizmatlar hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish, yuqori quvvatli hisoblash serverlarini ishga tushirish hamda mamlakatni hukumatning sun’iy intellektga tayyorlik indeksida eng yuqori 50 davlat qatoriga kiritish kabi maqsadlar belgilangan.
Bu maqsadlarga erishishda ma’lumotning o‘rni alohida. Chunki sun’iy intellektning qanchalik samarali ishlashi unga taqdim etilayotgan ma’lumotlarning hajmi bilangina emas, balki ularning sifati va ishonchliligi bilan ham belgilanadi.
Shu sababli sanoat korxonalarida ma’lumotlarni yagona standartlar asosida yuritish, ularni xavfsiz saqlash va zarur hollarda turli tizimlar o‘rtasida almashish mexanizmlarini takomillashtirish kelgusidagi muhim vazifalardan biridir.
Jahon tajribasi nimani ko‘rsatmoqda?
Rivojlangan mamlakatlar Big Data’ga faqat IT sohasi uchun zarur bo‘lgan texnologiya sifatida emas, balki sanoatning yangi ekotizimini shakllantiruvchi muhim omil sifatida qaramoqda.
Bunga Yevropa Ittifoqining Common European Data Spaces tashabbusini misol qilish mumkin. Ushbu yondashuv ishlab chiqarish, energetika, sog‘liqni saqlash, transport va boshqa sohalarda ma’lumotlarni xavfsiz hamda ishonchli almashish imkoniyatlarini rivojlantirishga qaratilgan. Ishlab chiqarish sohasi ham mazkur ma’lumotlar makonining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
2026-yilgi Data Space for Manufacturing tashabbusida esa sanoat uchun zarur bo‘lgan katta hajmdagi ma’lumotlarni birlashtirish va ulardan generativ sun’iy intellekt modellarini rivojlantirishda foydalanish imkoniyatlariga e’tibor qaratilmoqda.
Bu tajriba bir narsani ko‘rsatadi: kelajakdagi raqobat faqat kimda ko‘proq ma’lumot borligi bilan belgilanmaydi. Asosiy ustunlik — mavjud ma’lumotdan kim samarali, xavfsiz va ishonchli foydalana olishidadir.
Oldimizdagi vazifalar
O‘zbekistonda Big Data’ni sanoat rivojining real omiliga aylantirish uchun bir nechta masalaga jiddiy e’tibor qaratish kerak. Birinchidan, ma’lumotlar sifati. Turli korxonalarda ma’lumotlar turlicha shaklda yuritilsa, ularni yagona tizimda birlashtirish va tahlil qilish qiyinlashadi. Shuning uchun ma’lumotlar standartlarini uyg‘unlashtirish va ular o‘rtasidagi almashinuv mexanizmlarini rivojlantirish muhim.
Ikkinchidan, kiberxavfsizlik. Katta ma’lumotlar korxonaga katta imkoniyatlar berishi bilan birga, katta mas’uliyatni ham yuklaydi. Ishlab chiqarish jarayonlari, tijorat sirlari va muhim infratuzilmaga oid ma’lumotlarning himoyasi ishonchli bo‘lishi kerak.
Uchinchidan, kadrlar masalasi. Big Data bilan ishlash faqat dasturchilarning vazifasi emas. Bu yo‘nalishda ma’lumotlarni sanoatdagi real muammolar bilan bog‘lay oladigan tahlilchilar, muhandislar va boshqaruv mutaxassislariga ham ehtiyoj katta.
Yana bir muhim jihat — katta ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati faqat yirik korxonalar bilan cheklanib qolmasligi kerak. Bulutli xizmatlar va tayyor analitik platformalarning rivojlanishi kichik va o‘rta biznes uchun ham bunday texnologiyalardan foydalanish imkoniyatini kengaytirmoqda.
Raqamdan natijaga
Bugun sanoatning kelajagini faqat yangi zavodlar, zamonaviy uskunalar yoki ishlab chiqarish hajmi bilan baholash yetarli emas. Zamonaviy, “aqlli” ishlab chiqarish — bu mavjud ma’lumotlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, o‘sha xulosani amaliy qarorga aylantira oladigan ishlab chiqarishdir.
Big Data korxonalarga bozor talabini oldindan baholash, ishlab chiqarishni rejalashtirish, resurslardan oqilona foydalanish, uskunalardagi nosozliklarning oldini olish va mahsulot sifatini yaxshilash imkonini beradi.
Shu sababli Big Data’ni navbatdagi texnologik trend sifatida baholash bilan cheklanib qolmaslik kerak. U sanoat samaradorligi, raqobatbardoshligi va barqarorligini ta’minlaydigan strategik resursga aylanmoqda.
O‘zbekiston sanoati yangi bosqichga qadam qo‘yayotgan bir paytda katta ma’lumotlardan oqilona foydalanish korxonalar oldida yangi imkoniyatlarni ochadi. Chunki zamonaviy iqtisodiyotda ustunlik ma’lumotning o‘zida emas. Eng katta ustunlik — undan to‘g‘ri xulosa chiqarish va bu xulosani aniq natijaga aylantira olish qobiliyatidadir.
Tojiboyev Sarvar,
Toshkent davlat yuridik unioversiteti
Fuqarolik huquqi sho‘basi dotsenti vazifasini bajaruvchi, PhD