Yaqinda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda uning huzuridagi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati tashabbusi bilan “Renessans” kino uyida Madaniyat, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirliklari, Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Kinematografiya agentligi, tegishli tashkilot va idoralar bilan hamkorlikda ijtimoiy-maʼnaviy, maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.
Taniqli madaniyat va sanʼat xodimlari,
mamlakat ziyolilari vakillari ishtirok etgan ushbu tadbirni oʻtkazishdan maqsad
Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35
yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish
toʻgʻrisida”gi qarorini amalga oshirish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib
chiqish va vazifalarni belgilab olish edi.
Bu yilgi istiqlol bayrami “Yagona
Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh gʻoya
ostida oʻtkaziladi. Ushbu gʻoya jamiyatni yanada jipslashtirish, milliy
birlikni mustahkamlash, mamlakatda barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yaratish
yoʻlidagi navbatdagi zalvorli, dadil qadamlardan biridir. Shu maqsadda joriy
yilning aprel-sentyabr oylarida ilm-fan, taʼlim, madaniyat, adabiyot va sanʼat
namoyandalari, sportchilar, jamoatchilik vakillaridan iborat badiiy guruhlar
tuzish hamda ular bilan birgalikda respublika boʻylab keng koʻlamli
maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish koʻzda
tutilgan.
“Renessans” kino uyida toʻplangan
taniqli olimlar, ziyolilar “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va
kelajak yaratamiz!” degan bosh gʻoyani keng xalq ommasi orasida targʻib
etishning samarali yoʻllari, bu borada oldinda turgan ishlar toʻgʻrisida
kelishib oldi. Tadbir ishtirokchilarining “Millatni birlashtirish, yagona
Vatan, yagona xalq boʻlishimiz uchun, eng avvalo, oʻzimiz birlashib olaylik!”
degan fikrlari tadbirning bosh mavzularidan biriga aylandi.
Haqiqatan,
xalqimizda “Birlashgan oʻzar, birlashmagan toʻzar” degan maqol bor. Biz
mustaqillik yillarida nimaga erishgan boʻlsak, bularning bari birlashganimiz,
oldimizga buyuk maqsadlar qoʻyib, ularni bajarish yoʻlida oʻzimizni safarbar
eta olganimiz tufaylidir. Shu maʼnoda, tadbir ishtirokchilarining “Millat va
Vatan manfaatlari yoʻlida qoʻlni qoʻlga berib birlashaylik!” degan chaqiriqlari
butun jamiyat aʼzolari qalbiga yetib boradigan daʼvat boʻldi.
Ha,
bugun dunyodagi vaziyat barchadan tinchlik, xotirjamlik, ezgulik yoʻlida
birlashishni, oʻz milliy taraqqiyotini, kelajagini oʻylagan har bir millat va
mamlakat tezroq, aniqroq harakat qilishini, bu yoʻlda milliy birlikka koʻproq
eʼtibor berishni talab qilmoqda. “Boʻlinganni boʻri yer” maqoli ham bejiz
aytilmagan. Bugun dunyoda sodir boʻlayotgan geosiyosiy vaziyat, ayrim yirik
davlatlarning oʻz “ishtahalarini qondirish” yoʻlida hech narsadan
qaytmasliklari dunyo hamjamiyatiga saboq boʻlishi kerak.
Anjumanda
ana shu fikrlar yanada balandroq yangradi. Ziyolilarimiz, maʼnaviy-maʼrifiy
soha targʻibotchilari milliy mustaqilligimizning iqtisodiy, siyosiy,
maʼnaviy-maʼrifiy, gʻoyaviy-mafkuraviy poydevorini yanada mustahkamlash uchun
umummilliy birlashuv zarurligiga eʼtibor qaratdi.
Buning
uchun esa keyingi yillarda mustaqillikni mustahkamlash, aholi farovonligini
yanada oshirish yoʻlidagi tub islohotlar mazmun-mohiyatini jamiyat aʼzolari
ongiga kengroq singdirish, kishilarda shukronalik kayfiyatini shakllantirish
juda muhim ahamiyatga egadir. Shu bois, tadbir ishtirokchilari — barcha
ziyolilar, olimlar, madaniyat va sanʼat xodimlari bir ovozdan xalq orasiga
kirish zarurligini qayd etdi va “Biz yoʻlga chiqdik!” deya safarga otlandi.
Toʻyga toʻyona bilan
Xalqimiz
ming yillar davomidagi taraqqiyoti bosqichida qanchadan qancha qadriyatlar
yaratmadi deysiz. Jahonning turli millat va elatlari bu qadriyatlarimiz,
urf-odatlarimiz, anʼanalarimizni koʻrib hayratga tushgani ham rost.
Ana
shu qadriyatlar orasida toʻylarimiz alohida ahamiyat kasb etadi. Biz odatda
toʻyga diqqat va sinchkovlik bilan munosabatda boʻlamiz. Uy-joylarimizni
saranjom-sarishta qilamiz, hamma joyni tozalab, tartibga keltiramiz, keladigan
mehmonlarga chin dildan, yurakdan xizmat qilamiz.
Yuqorida
tilga olingan qarorda mamlakatimizning barcha tuman-shaharlariyu
qishloq-ovullarida ilm-fan, taʼlim, madaniyat, adabiyot va sanʼat
namoyandalari, sportchilar, jamoatchilik vakillaridan iborat badiiy-ijodiy
guruhlar tuzish va ular ishtirokida keng koʻlamdagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar
va ijtimoiy loyihalarni oʻz ichiga olgan “Mustaqillik toʻyi” tadbirlarini
oʻtkazish vazifasi belgilandi.
Darhaqiqat,
bunday tadbirlar va ijtimoiy loyihalarning mustaqillik toʻyi sifatida nishonlanishiga
ahd qilinishi xalqimizning dilidagi ish boʻldi. Gap shundaki, xalqimiz bunday
toʻyni nishonlashga haqli. Chunki keyingi yillardagi keng koʻlamli islohotlar,
erishilayotgan yutuqlar, shuningdek, vatandoshlarimizning bugungi kundan
roziligi toʻy qilishga arziydigan voqelikdir.
Keling,
fikrimizning dalili tarzida baʼzi misollarga murojaat qilaylik. Yaqinda
Prezidentimiz joriy yil birinchi choragida hudud va tarmoqlarda iqtisodiy
oʻsish tahlili hamda yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazgan
yigʻilishda mazkur davr mobaynida yalpi ichki mahsulot 8,7 foiz, sanoat sohasi
8 foiz, xizmat koʻrsatish 16,1 foiz, qishloq xoʻjaligi 5,1 foiz oʻsgani qayd
etildi. Eksport hajmi 5,8 milliard dollar, xorijiy investitsiyalar hajmi 13,7
milliard dollarni tashkil qilgani taʼkidlandi. Ayniqsa, yillik hisobda
inflyatsiya ilk bor 7,1 foizga tushganiga alohida eʼtibor qaratildi.
Axir
bugun butun dunyoda iqtisodiy oʻsish surʼatlari pasayib borayotgan, millionlab
odamlar oddiy turmush sharoitini yaxshilash, sifatli oziq-ovqat taʼminotini
tashkil etishda jiddiy muammolarga duch kelayotgan bir paytda mamlakatimizning
bunchalar darajada barqaror oʻsishi, rivojlanishi mustaqillik, ayniqsa,
soʻnggi toʻqqiz-oʻn yillar mobaynidagi islohotlar natijasi emasmi?! Nega bu
yutuqlarni bayram, toʻy qilmasligimiz kerak!
Shu
oʻrinda yurtimizning barcha viloyatlari uchun xos boʻlgan yana bir misolni
keltiraylik. Avvallari Fargʻona viloyati daromadining 70 foizi neft, kimyo va
qurilish materiallari sohasidagi 6-7 ta yirik korxona hisobiga shakllangan.
Keyingi yillarda viloyatda 8 milliard
200 million dollar investitsiya evaziga 8 mingta zamonaviy quvvat ishga
tushdi. Tadbirkorlik uchun 100 trillion soʻm resurs berildi, 13 ming kichik va
oʻrta korxona tashkil etilib, ularning soni 2 karra oʻsdi. Asosiysi, soʻnggi 4
yilda ishsizlik 9,2 foizdan 4,6 foizga, kambagʻallik darajasi 11,6 foizdan 5,2
foizga tushdi. Nima, bular toʻyga toʻyona emasmi?!
Yoki
Toshkentda Islom sivilizatsiya markazi, Samarqandda “Buyuk ipak yoʻli” va Imom Buxoriy
majmualari, Xorazmda “Arda Xiva” xalqaro turizm markazi ishga tushirilganiga
nima deysiz? Oʻtgan oy Margʻilonda ochilgan “Burhoniddin Margʻinoniy”
ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasi katta toʻyga katta toʻyona emasmi?
Xoʻsh,
yurtimizga, xonadonlarimizga toʻy qachon yarashadi? Qachonki daromadimiz
koʻpayib, dasturxonlarimiz toʻkin-sochin boʻlsa, kelgan mehmonlarimizni munosib
kutib olsakkina koʻnglimiz toʻq, dilimiz ravshan, kayfiyatimiz chogʻ boʻladi.
Bularning bari xalqimizda ertangi kunga ishonchni yanada mustahkamlaydi,
jamiyatda barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantiradi.
Anglamaganga anglatish
kerak(mi)?
Bugun
yangi Oʻzbekiston jamiyatida milliy birlik tobora mustahkamlanmoqda. Har bir
fuqaro millat va mamlakat oldidagi masʼuliyatini sezmoqda. Bundan atigi
toʻqqiz-oʻn yillar oldin jamiyat va mamlakat hayotidagi baʼzi nohaqliklar —
moddiy taʼminotdagi qiyinchiliklar, ish bilan taʼminlash, taʼlim, uy-joy bilan
bogʻliq masalalardagi eʼtiborsizliklardan norozi boʻlganlar jim turishga,
yurishga majbur edi. Hozir esa bunday muammolarni ochiq aytishdan
“iymanadigan”lar soni tobora kamayib bormoqda.
Yaxshini
yaxshi deyish, illatning fazilatdan farqini bilish va uni tan olish ham katta
mardlik. Afsuski, oramizda hali ham sobiq sovet davrini qoʻmsayotgan, oqni oq,
qorani qora deyishni istamayotganlar uchrab turibdi.
Tadbirda
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov koʻpchilikning
koʻnglidagi fikrni aytdi: “Tan olishimiz kerak, bugun ziyolilarimiz tomonidan
olib borilayotgan ishlar, ijod jabhasidagi faoliyatimiz ishlab chiqarish
sohasidagi yutuqlar darajasida boʻlmayapti. Oramizda oʻnlab, yuzlab davr
qahramonlari boʻlsa-da, biz ularni topa olmayapmiz, ular haqida bor gapni ayta
olmayapmiz. Mayda maishiy mavzularda ijod qilishdan qutula olmayapmiz”, dedi u.
Haq gap.
Oʻzbekiston
kino arboblari ijodiy uyushmasi raisi, taniqli sanʼatkor Matyoqub Matchonov
bugungi kunda oʻzbek sanʼatkorlari tomonidan milliy istiqlolimiz, xalqimizning
qanday qiyinchiliklarni yenggan holda ozodlikka erishganini tarannum etadigan
25 dan ortiq film yaratilgani, bular kino sanʼati xodimlarining mustaqillik
toʻyiga munosib toʻyonasi ekanini taʼkidlagan holda, hali bu borada
bajaradigan ishlar koʻpligini qayd etdi. “Oʻzbek kinosi aynan keyingi yillarda
taraqqiyotning mutlaqo yangi yoʻliga chiqib oldi, — dedi u. — Kinomiz moddiy
taʼminoti tobora mustahkamlanib boryapti, kino sanʼati davlatimiz rahbarining
doimiy eʼtiborida. Biroq biz hali mamlakatimiz yetakchisi, xalqimiz tomonidan
qoʻyilayotgan yuksak talablar darajasida ishlayotganimiz yoʻq. Ayniqsa, soʻnggi
yillardagi islohotlar mazmun-mohiyatini jozibador kino sanʼati orqali kengroq
targʻib qilsakkina biz toʻyga munosib toʻyona bilan borgan boʻlamiz”.
Ming
afsuski, oramizdagi ayrim odamlar koʻrib koʻrmaganlikka, eshitib
eshitmaganlikka, sezib sezmaganlikka oladi. Shu oʻrinda davlatimiz rahbarining
baʼzi konservativ tarzda fikrlovchilar haqida aytgan quyidagi fikrlariga quloq
tutishni maslahat bergan boʻlardik.
“...Bunday
kimsalar islohot va yangilanishlarga ochiqdan ochiq qarshi chiqmaydi. Balki uni
ichidan yoki tashqaridan buzish, obroʻsizlantirishga urinadi.
Arzimagan
narsalardan, yaʼni “pashshadan fil”, kichik bir hodisa yoki juzʼiy
kamchiliklardan fojia yasashga, baʼzi bir uquvsiz rahbarlarning bilib-bilmay
yoʻl qoʻygan xatosidan butun Oʻzbekistonni, rahbariyatni obroʻsizlantirish,
islohotlar jarayonini qoralashga, uni ortga qaytarishga harakat qiladi”.
Nazarimizda,
ana shunday bir paytda ziyolilarimiz oʻzining aql kuchi, quvvai hofizasi,
koʻngil quvvati bilan keng maydonga chiqishi kerak.
Tadbirda
soʻz olgan taniqli olima, el sevgan shoira Sayyora Toʻychiyeva milliy
taraqqiyotimiz natijasi, islohotlarimiz darajasi milliy ziyolilarimiz
salohiyati, ularning millat va mamlakat taqdirida oʻynaydigan roliga
bogʻliqligini taʼkidladi. U oʻzining “Yagona Vatanmiz, bitta xalqdirmiz”
sheʼrida quyidagilarni yozadi.
Ey
ilm-maʼrifat, nurlar birlashing,
Yuragida
olovi borlar birlashing,
Ey
Vatan tarixini bitayotganlar —
Allomai
zamon, pirlar birlashing,
Birlashsak,
el degan yorugʻ baxtdirmiz,
Yagona
Vatanmiz, bitta xalqdirmiz!
Milliy
mustaqilligimiz arafasida “Biz yoʻlga chiqdik!” deya katta toʻyga otlangan
ziyolilarimizning erishgan va erishayotgan yutuqlarimizga shubha bilan
qarayotganlarga aytadigan oʻz soʻzlari bor. Yurtimizning tobora taraqqiy etib
borayotgani, jahon hamjamiyatida munosib oʻrin egallayotgani, bu nafaqat
xalqimiz, balki talabchan xalqaro ekspertlar xulosalari ila tan olinayotgani
isbot qilinmaydigan haqiqatdir. Bunday yutuqlarimiz sababini anglash har bir
kishining vijdon amriga havola.
Targʻibotchi kim?
Bugungi
global oʻzgarishlar, dunyoning shiddat bilan rivojlanib borishi, maʼnaviy
tanazzul kuchayishi, jaholat, umumiy maʼnaviy-maʼrifiy, mafkuraviy saviya
pasayishi tufayli oramizda turli tahdidlar oldida dovdirab qoluvchilar,
buzgʻunchi gʻoyalarga aldanib, ularga ishonuvchilar ham borligini aslo unutib
boʻlmaydi. Mamlakatimiz yetakchisi shunday yozadi: “...Biz hozirgi keskin
sharoitda gʻoyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? Yosh avlodimiz
tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob beradimi?”.
Ushbu
savolga javobni ham davlatimiz rahbarining oʻzi beradi: “Hayot yangicha
fikrlash va ishlash, milliy “aql markazlari”mizni shakllantirishni talab
etmoqda. Lekin, afsuski, dunyoda, yon-atrofimizda kechayotgan siyosiy-ijtimoiy
jarayonlarni chuqur tushunib, taʼsirchan va ommabop shaklda yetkazib berayotgan
tahlilchi va ekspertlarimiz juda kam. Targʻibotning ilmiy asoslangan zamonaviy
texnologiyalari va yangi shakllarini, tahdidlarga qarshi samarali kurash
usullarini ishlab chiqadigan vaqt keldi, deb hisoblayman”, deydi.
Ana
shu vazifalarni ado etish maqsadida mamlakatimiz yetakchisi tashabbusi bilan
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzurida “Maʼrifat” targʻibotchilar
jamiyati taʼsis etilishini bu boradagi eng samarali ishlar sifatida qabul
qilish mumkin.
Ushbu
jamiyat rahbari Baxtiyor Husanovning taʼkidlashicha, bugungi kunda barcha
hududlarda jamoatchilik asosida targʻibotchilar guruhlari tashkil etildi,
ularga mazkur hududdagi eng bilimli, vijdoni pok, odamlar orasida muayyan
insoniy va ijtimoiy nufuzga ega boʻlgan 1500 dan ortiq olim, ziyoli qabul
qilindi. Ularning mehnati munosib tarzda taqdirlanib bormoqda. Hech shubhasiz,
bu ishlar samarasini bermoqda.
Biroq
yuqorida taʼkidlanganidek, bugun dunyodagi jiddiy oʻzgarishlar, ayrim
mamlakatlar, mintaqalar oʻrtasidagi oʻzaro manfaatlar uchun kurashlar,
gʻoyaviy-mafkuraviy tahdidlar jamiyat aʼzolaridan yuksak maʼnaviyat, kuchli
eʼtiqod, siyosiy savodxonlikni talab qilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, hozirgi
targʻibotchining ijtimoiy-maʼnaviy qiyofasidagi muhim jihatlar quyidagilardan
iborat boʻlishi kerak deb oʻylaymiz.
Birinchidan,
biz yangi Oʻzbekiston, Uchinchi Renessans asoslarini qurishni oʻz oldimizga
muhim vazifa sifatida tanlab olganmiz. Targʻibotchi esa ana shu strategik
vazifaning tub mohiyatini anglamas ekan, ishlarimiz samarasiz boʻlib
qolaveradi. Buning uchun esa targʻibotchi barpo etayotgan davlatimiz suveren,
huquqiy, demokratik, ijtimoiy va dunyoviylik tamoyillari asosida
qurilayotganini, mazkur masala konstitutsiyaviy mohiyatga egaligini bilishi
lozim.
Inson
manfaatlari har narsadan ustuvorligi, uning himoyasi davlat tomonidan
kafolatlangani — bularning bari barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning
muhim sharti ekanini oddiy misollar, tadbir oʻtayotgan hududdagi islohotlar,
oʻzgarishlar misolida tushuntirish oʻzining samarasini beradi, albatta.
Shu
oʻrinda bugungi yangi Oʻzbekistonda “inson — jamiyat — davlat” tamoyili hayotga
jadal joriy etilayotgani, inson huquqlari kafolatlariga oid normalar soni 3,5
barobar oshib, 40 dan ortiq yangi konstitutsiyaviy huquq muhrlab qoʻyilganini
targʻib qilish jamiyat sogʻlomligini taʼminlash, ijtimoiy-maʼnaviy muhit
barqarorligiga erishishda alohida oʻrin tutadi.
Ikkinchidan,
targʻibotchi faoliyatining samarasi koʻp jihatdan tadbir ishtirokchilarining
bilim saviyasi, salohiyatiga bogʻliq. Targʻibotchi sifatida oʻzimiz ham koʻp
joylarda, uzoq qishloqlaru ovullarda, turli sharoitlarda boʻlishga toʻgʻri
keladi. Baʼzan auditoriyaning xususiyatlarini eʼtiborga olmaslik,
bildirilayotgan fikrning oʻta “akademik” tarzda bayon etilishi, hududiy oʻziga
xosliklarning nazar-pisand qilinmasligi odamlarda haqli ravishda noroziliklar
keltirib chiqargani guvohi boʻlganmiz.
Shu
maʼnoda, har qanday tadbirda hududning, anjuman ishtirokchilari ijtimoiy
kayfiyatini aniqlamasdan turib, “vaʼzxonlik” qilish aslo yaramaydi. Maktab
oʻquvchisi, oliy taʼlim talabalari oldida soʻzlanadigan soʻz, bildiriladigan
fikr qishloq va ovullardagi otaxon va onaxonlarga har doim ham tushunarli
boʻlavermaydi. Bu, nazarimda, targʻibotchining “oltin qoida”siga aylanishi
kerak.
Targʻibotchi
har bir tadbir juda katta masʼuliyatni talab etishi, oʻzi esa jiddiy imtihondan
oʻtayotganini aslo yoddan chiqarishi mumkin emas. Eng muhimi, targʻibotchi
oʻzining gapiga oʻzi ishonishi, uni tafakkur ila idrok etishi lozim.
Maʼruzachining
oʻzi gapirayotgan gapga ishonmasligi uning eʼtiqodsizligi belgisidir. Oʻzi
ishonmagan gap bilan birovning qalbiga kirish, unda voqea-hodisalarga ishonch
uygʻotish mumkin emas. Targʻibotchining vazifasi insonni tafakkur qilishga
undash, unda narsa yoki hodisaning mohiyatini tushunishga ragʻbat berishdan
iborat boʻlishi lozim.
Uchinchidan,
har qanday targʻibotchining muvaffaqiyati, avvalo, uning soʻz aytish sanʼati,
nutq madaniyati, odamlarni ishontira olish qobiliyatiga bogʻliq. Pala-partish
soʻzlash, mantiqsiz gapirish odamlarda bu tadbirdan bezish hissini uygʻotadi.
Masala mohiyatini tushuntirishda haddan tashqari uzoq soʻzlash, mazkur masalaga
aloqasi boʻlmagan holatlarni “qalashtirib tashlash” aslo odamlar tomonidan
xursandchilik bilan qabul qilinmaydi.
“Maʼnili
soʻz — qisqa soʻz”ligini unutish mumkin emas. Buning uchun targʻibotchining
soʻz boyligi koʻp boʻlishi lozim. Zero, kishida soʻz boyligi qanchalik koʻp
boʻlsa, odam tilni qanchalik chuqur bilsa, uning ichki dunyosi shunchalik boy
boʻladi. Fikr bildiruvchi oʻzining “bilagʻonligi”ni bildirish uchun qandaydir
yangi soʻzlarni topishga harakat qilishi, xorijiy atamalardan foydalanishga
urinishi uning salohiyatini anglatmaydi. Aksincha, biz qanchalar darajada oddiy
xalq tilida gaplashsak, fikrimizni aniq tarzda bayon etsak, targʻibotimiz
shunchalar tushunarli boʻladi.
Targʻibotchi
soʻzining qudrati shu darajada balandki, u tinglovchi koʻngliga orom berish,
qalbini rom qilish, ruhiyatini oʻzgartirish, eʼtiqodini mustahkamlash kuchiga
ega. “Sen, — deydi buyuk mutafakkirlardan biri Xoja Samandar Termiziy, — sinov
toshi bilan tekshirilgan xayolingdagi har qanday qimmatbaho tanga — soʻzning
chuqur, yuksak maʼnoga ega ekaniga qatʼiy ishonch hosil qilishing uchun, yana
bir marta tajribadan — mahak toshi imtihonidan oʻtkazganingdan keyingina bayon
bozoriga olib chiq”.
Toʻrtinchidan,
targʻibotchi aniq manbalar, ishonchli, tinglovchida shubha uygʻotmaydigan
dalillar asosida suhbat qurishi zarur. Buning uchun esa u astoydil tayyorgarlik
koʻrishi, dalil, maʼlumotlarni qayta-qayta tekshirishi, uning ishonarlilik
darajasini belgilab olishi lozim boʻladi. Xato, yolgʻon misollar kishida
nafaqat targʻibotchiga, ayni paytda davlat, uning tashkilotlari, rahbariyatga
nisbatan ham norozilik kayfiyati shakllanishiga sabab boʻlishi mumkin.
Bugun
turli ijtimoiy tarmoqlarda, internetda rang-barang maʼlumotlar, odamlarni
hayratga soladigan dalil, raqamlar uchrayapti. Afsuski, ularning muayyan qismi
feyk — asoslanmagan, yolgʻon maʼlumotlardan iborat. Shu oʻrinda
targʻibotchining vazifasi “maʼlumotlar dunyosi”da adashib yurgan, u yoki bu
masalada ishonarli, qatʼiy maʼlumotga ega boʻlmaganlarni toʻgʻri yoʻlga
solishdir. Bu juda murakkab va qiyin ish, albatta.
Targʻibotchi
oʻz faoliyatida, nazarimizda, koʻproq dalillar, maʼlumotlar, raqamlarni solishtirish
usulidan kengroq foydalanishi zarur. Masalan, sobiq sovet tuzumining eng manfur
jihatlaridan biri odamlarda kambagʻalparvarlik sifatlarini shakllantirish edi.
Bugun esa yurtimizdagi eng dolzarb vazifalardan biri xalqimizni kambagʻallikdan
chiqarish boʻlmoqda.
Prezidentimiz
“Xalqimizda “Kasalini yashirsang, istimasi oshkor qiladi”, degan dono maqol
bor. Biz ancha yillar ana shu hikmatni unutib, “Oʻzbekistonda hamma birday
toʻkis va farovon yashayapti”, degan gapga ishonib yashadik. Boshqalarni ham
shunga ishontirishga urindik. Ammo oyni etak bilan yopib boʻlmaydi. Butun dunyo
yurtimizdagi ahvolni koʻrib-bilib turibdi. Afsuski, vaqtida tegishli choralar
koʻrilmagani oqibatida bu muammo ancha chuqurlashib ketdi.
Ortiq
bunday yashab boʻlmas edi. Biz aholining muayyan qatlami oʻrtasida kambagʻallik
mavjudligini birinchi marta ochiq tan oldik va yordamga muhtoj kishilarni
ijtimoiy adolat tamoyili asosida qoʻllab-quvvatlash va kambagʻallikni bartaraf
etishni davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi etib belgiladik”, deydi.
Targʻibotchi
ana shunday ishonarli dalillarga suyangandagina yutuqqa erishishi mumkin.
Beshinchidan,
agar targʻibotchi tadbirlarda oʻzini haddan tashqari rasmiy tutadigan boʻlsa,
bilingki, bu ham umumiy holatga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Dalil, raqam,
maʼlumotlarni qalashtirib tashlash, ularning izohiga beeʼtiborlik tinglovchini
charchatadi, zeriktiradi. Shuning uchun tadbirlarda oʻzbek xalq ijodiyotidan
namunalar, oʻrni kelganda, maqollar, turli rivoyatlardan misollar keltirish ham
tinglovchi eʼtibori kuchayishiga olib keladi.
Yuqorida
bildirilgan fikrlarni oʻqib turib, ayrimlar “Biz demokratik jamiyatda
yashayotgan boʻlsak, oʻz yoʻlimizni oʻzimiz topa olish imkoniyatlari yaratilgan
boʻlsa, targʻibotchilik kerakmi?” kabi iddaolar qilishi tabiiy hol. Biroq
unutish aslo mumkin emaski, biz katta yoʻlning boshida turibmiz. Bu yoʻlda hali
adashishimiz, chalgʻishimiz, turli ichki va tashqi “doʻstlarimiz” esa ataylab
bizni “oʻz yoʻllariga” solishga urinishlari mumkin. Bu narsa bugun ham har
qadamda uchramoqda.
Baʼzi
fuqarolarimizdagi maʼnaviy mudroqlik, ular tafakkuridagi ojizlik,
ijtimoiy-siyosiy, mafkuraviy masalalarni tahlil qilishdagi noʻnoqlik kabi
holatlarning oldini olish biz uchun bugun dolzarb masalaga aylangan.
Bugun
mustaqillik bayrami, toʻyi arafasida turibmiz. Toʻyga toʻyona bilan borish
milliy qadriyatimizga aylangan. Bu toʻyning qanchalar sermazmun oʻtishida,
kishilar kayfiyatini yanada oshirishda, barchada shukronalik ruhiyatini
shakllantirishda milliy ziyolilarimiz, targʻibotchilarimizning oʻrni beqiyos.
Shuning uchun ham ziyolilarimiz — shoiru yozuvchilarimiz, olimlarimiz,
madaniyat va sanʼat xodimlari yangidan yangi asarlar, ixtirolar bilan yoʻlga
chiqdi. Xullas, biz yoʻlga chiqdik!.
Abduxalil MAVRULOV,
tarix fanlari doktori, professor