Mazkur nufuzli madaniy tadbir milliy meros va boy folklor anʼanalarini keng targʻib etishga qaratilgan boʻlib, unda mahalliy va xorijiy sanʼatkorlar, folklor jamoalari hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirok etmoqda.
Viloyat hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, tantanali ochilish doirasida viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimov xorijiy mehmonlar bilan birgalikda shahar va tumanlar pavilionlarida tashkil etilgan koʻrgazmalarni koʻzdan kechirdi. U yerda milliy hunarmandchilik namunalari, xalq amaliy sanʼati asarlari va anʼanaviy turmush tarziga oid ekspozitsiyalar namoyish etilmoqda.
Festival doirasida turli xalqlarning folklor sanʼati, milliy qadriyatlari va urf-odatlari keng jamoatchilikka taqdim etilayotganи alohida eʼtiborga molik. Bu esa millatlar oʻrtasida madaniy muloqotni kuchaytirish, oʻzaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Taʼkidlanishicha, «Boysun bahori» nafaqat madaniy almashinuv maydoni, balki xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini mustahkamlovchi xalqaro platforma sifatida ham muhim ahamiyatga ega.