Aniqlanishicha, 1970 yilda Xorazm viloyatida tugʻilgan, qurilish materiallari savdosi bilan shugʻullanuvchi bir nechta korxona egasi boʻlgan shaxs yordam soʻrab murojaat qilgan fuqaroga Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida joylashgan 9 gektarlik noturar obyektning 4 gektar maydonida uy-joy binolari qurilishini hujjatlashtirib berishni va’da qilgan.

U Respublika Bosh kadastr agentligida ishlovchi vakolatli mansabdor tanishlariga pora berish orqali qurilishni hujjatlashtirish va mazkur yer maydonida kelgusida uy-joy qurishga ruxsat olib berishga ishontirgan.

Tergovga qadar tekshiruvda u firibgarlik va mansabdor shaxslarga pora berish bilan bogʻliq jinoyiy harakatlarni sodir etish maqsadida murojaatchidan avval 100 ming, keyinchalik esa 740 ming AQSh dollari, jami 840 ming dollar talab qilib kelgani aniqlangan.

Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti xodimlari tomonidan Toshkent shahrining Yunusobod tumanida oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ushbu shaxs tumandagi restoranlardan birida murojaatchidan oldindan talab qilingan 100 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

Mazkur holat yuzasidan shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi toʻrtinchi qismi va 28-moddasi orqali 211-moddasining uchinchi qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Qayd etilishicha, mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, jinoyatchilikning har qanday koʻrinishiga nisbatan murosasiz kurashish hamda jamiyatda sogʻlom muhitni mustahkamlashga qaratilgan tezkor-qidiruv va profilaktik tadbirlar davom ettirilmoqda.