Qolaversa, yurtimizda keyingi yillarda jamoat transporti tizimi ancha rivojlanib, odamlarning undan foydalanish koʻrsatkichi bir necha barobar oshdi. Hatto ayrim haydovchilar qisqa masofaga tezroq yetib olish uchun yengil avtomobilini biror nuqtada qoldirib, avtobus yoki metroga chiqayotganiga guvoh boʻlyapmiz.
Maʼlumotlarga
koʻra, Toshkent shahrida bitta yengil avtotransport vositasida bir kunda
oʻrtacha 4,8 yoʻlovchi tashilsa, bitta avtobusda bu koʻrsatkich oʻrtacha
800-900 yoʻlovchini tashkil etmoqda. Bu avtobusning yengil avtotransportga
nisbatan 145 barobar samarador ekanini koʻrsatadi. Qolaversa, shaharda
tirbandliklarning oldini olish, aholining kunlik harakatlanishga boʻlgan
ehtiyojini qondirib, yoʻlga sarflanadigan vaqt va moddiy resurslar
samaradorligini oshirish uchun ham sifatli, qulay, xavfsiz va jozibador jamoat
transporti tizimini joriy etish lozim.
Yurtimizda
ayni shu mexanizmga oʻtilyapti. Yoʻllarda jamoat transportiga ustunlik berish
orqali odamlarning manzilga tez, xavfsiz va ishonchli harakatlanishi choralari
koʻrilmoqda. Koʻchalarda alohida avtobus yoʻlaklarini tashkil etish bilan
tezkor avtobus yoʻnalishlari (BRT) tizimi joriy etilayotgani ushbu
vazifalarning bir qismi. Toshkent shahrida ilk bor alohida avtobus yoʻlagi
2023-yilning boshida Yunusobod tumani Amir Temur shohkoʻchasida paydo boʻlib,
“A” harfli belgi bilan ajratilgani koʻpchilikning yodida. Oʻshanda bu yangilik
yurtdoshlarimiz tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinib, qisqa vaqtda
tajriba amaliyotda oʻzini oqladi. Ayni yoʻnalishlarda avtobuslarning harakat
tezligi ham, aholi tashish koʻrsatkichlari ham sezilarli oshdi.
Mutaxassislar
maʼlumotiga koʻra, poytaxtimizda arterial hisoblangan 36 ta yoʻlak mavjud
boʻlib, Prezidentimizning tegishli qarori bilan 2030-yilgacha ularning
barchasida avtobuslar uchun umumiy uzunligi 472 kilometrdan iborat alohida
yoʻlaklar tashkil etish belgilangan. Bu shaharda jami 36 ta avtobus yoʻlagi
boʻladi degani. Ahamiyatlisi, ularning hammasi ham yoʻlning oʻng tomonida
boʻlmaydi. “Yashil” yoʻlaklar koʻchalarning xususiyatidan kelib chiqib,
yoʻlning markaziy qismida ham joylashtiriladi.
Xorij
tajribasida ommalashgan bu amaliyotni yurtimizda qoʻllash boshlangan. Oʻtgan
yilning 7-oktyabr sanasida Toshkent
shahri Shota Rustaveli koʻchasining markaziy, yaʼni oʻrta qismida alohida
avtobus yoʻlagi foydalanishga topshirildi. Bu voqea Oʻzbekistonda ilk bor
avtobuslar yoʻlning oʻrta qismidan harakatlana boshlagani bilan koʻpchilikning
yodida qoldi. Hozirgi kunda 7 kilometr uzunlikdagi mazkur koʻcha boʻylab 22 ta
avtobus yoʻnalishi oʻtib, odamlarni manzilga tez va xavfsiz yetkazib qoʻyishga
xizmat qilyapti.
Yangi Sergelidan “Uch
qahramon” postigacha
Mazkur
amaliyot tajribada muvaffaqiyatli sinovdan oʻtib, avtobuslar uchun alohida
“yashil” yoʻlaklarning markazda joylashishi ancha qulay ekani koʻzga tashlandi.
Shu bois, mutasaddilar avtobus yoʻlaklarini aynan yoʻlning oʻrta qismida
joylashtirish boʻyicha katta loyihani ishlab chiqdi. Toshkent shahri
hokimligida boʻlib oʻtgan taqdimotda aytilishicha, alohida avtobus yoʻlaklarini
tashkil etishning keyingi bosqichi bir butun yoʻlak hisoblangan Yangi Sergeli,
Shahrisabz va Amir Temur koʻchalarida davom etadi.
Bu
Shota Rustaveli koʻchasi boʻylab oʻtgan “yashil” yoʻlakning davomi boʻlib,
loyihaga koʻra, ular ham yoʻlning oʻrta qismida tashkil etiladi. Yoʻnalishlar
xaritasi boʻyicha avtobus yoʻlaklari Yangi Sergelidan boshlanib, Shota
Rustaveli va Shahrisabz koʻchalari orqali oʻtadi. Oddiy qilib aytganda, alohida
yoʻlak “Uch qahramon” postigacha boradi. Yoʻlak shaharning asosiy qismlarini
markaz bilan tezkor bogʻlaydi.
—
Shota Rustaveli koʻchasidagi loyiha oʻzini oqlab, amaliyotda yaxshi natija
berdi. Alohida avtobus yoʻlagining koʻcha markazida joylashgani shahar
transport tizimida qulaylik yaratib, tirbandliklarni kamaytirish, jamoat
transportiga ustunlik berishda samaraliroq ekani, qolaversa, odamlarning
mamnuniyati davlatimiz rahbari tomonidan yuqori baholanib, qoʻllab-quvvatlandi,
— deydi Toshkent shahri hokimligi Yoʻl
harakatini tashkil etish markazi boʻlim boshligʻi Olloyor Norboʻtayev. —
Endilikda loyihaning keyingi bosqichini amalga oshirish arafasida turibmiz.
Unda ikkita muhim jihat koʻzda tutilgan — belgilangan hududlarda tezyurar
avtobuslar tarmogʻi (BRT)ni ishga tushirish va poytaxtning eng muammoli
chorrahalaridan birida zamonaviy yoʻl oʻtkazgich qurilishi.
Avtobuslar
uchun oʻrta qismdan oʻtadigan alohida “yashil” yoʻlakning umumiy uzunligi 24,3
kilometrni tashkil etadi. Shundan 16,2 kilometr qismi Yangi Sergeli, Shahrisabz
va Amir Temur koʻchalari boʻylab oʻtadi. Ayni paytda ushbu yoʻllarda 49 ta
avtobus yoʻnalishi, 53 ta bekat mavjud boʻlib, umumiy hisobda kuniga 260 ming
yoʻlovchi tashilmoqda. Rekonstruksiyadan keyin bu 19 foiz oshib, 310 ming
nafarga yetishi kutilyapti. Yoʻlovchilarning A nuqtadan B nuqtaga yetib olish
vaqti esa 15 daqiqa qisqarishi hisob-kitob qilingan. Ushbu yoʻlakka qoʻshimcha
sifatida Mirzo Ulugʻbek koʻchasi ham tanlab olingan boʻlib, uning 8,1 kilometr
qismida markaziy avtobus yoʻlaklari tashkil etiladi.
Avtobus
yoʻlaklari qurilishi ortidan yoʻllar
chetida piyodalarga keng va ravon turargohlar, sogʻlom turmush tarafdorlari
uchun maxsus velosiped yoʻlaklari barpo etiladi. Daraxtlar, oʻsimliklar ekilib,
oʻrindiqlar oʻrnatiladi. Shota Rustaveli koʻchasi bu borada ijobiy namuna boʻla
oldi. Taqdim etilgan yangi loyihada ham ayni jihatlar nazarda tutilgan.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, qurilishlar davomida koʻchiriladigan daraxtlar oʻrniga
qoʻshimcha 8 ming gektar “yashil” maydonlar tashkil etiladi.
Loyihaning
yana bir oʻziga xosligi alohida avtobus yoʻlaklari metro bekatlari bilan
integratsiya qilinishidir. Mutasaddilarning aytishicha, metro bekatlari
atrofida maxsus transport oʻtish bogʻlamalari ochiladi. Bunda yoʻlovchilar
metrodan chiqib, uzoq yurmasdan, maxsus bogʻlamalar orqali toʻgʻri tezkor
avtobus yoʻlaklariga oʻtishi mumkin yoki aksincha. Yoʻlovchilar markaziy
avtobus yoʻlaklariga oʻtishda ham yangi yer osti yoʻllari qurilmasdan, metro
bekatlaridagi yer osti yoʻllaridan foydalanadi. Shu bilan birga, har bir
avtobus bekatiga oʻtish uchun yoʻl ustida piyodalar oʻtish yoʻllari,
svetoforlar tashkil etiladi. Avtobuslarga esa yoʻl oʻrtasida joylashgan maxsus
platformalar orqali chiqib tushiladi. Yaʼni piyodalar xavfsizligi va qulayligi
uchun alohida tartiblar amal qiladi.
Buyuk ipak yoʻli metro bekati
yonida ikki qavatli yoʻl oʻtkazgich quriladi
Maʼlumotlarga
koʻra, Toshkent shahrida avtotransport vositalari doimiy harakatlanadigan
asosiy yoʻl tarmoqlari uzunligi 470 kilometr boʻlgani holda 380-400 ming
avtotransport harakatiga moʻljallangan. Ammo odatda bu raqam 1 milliondan
oshib, bir vaqtning oʻzida harakatlanish sigʻimidan 2 barobar ortib ketadi. Bu
asosiy koʻchalarga 2 barobar koʻp yuklama tushyapti degani. Yoʻllarda
turnaqator tirbandliklar yuzaga kelishi ham shu bilan bogʻliq. Bu mutasaddilar
oldiga yangi loyihalar, zamonaviy yechimlarni qoʻllash vazifasini qoʻymoqda.
Toshkentdagi
“BRT” loyihasining yana bir muhim yangiligi Mustaqillik, Mirzo Ulugʻbek va
Buyuk ipak yoʻli koʻchalari kesishmasida quriladigan noyob konstruksiyaga ega,
zamonaviy, aylanma harakatli ikki qavatli yoʻl oʻtkazgichdir. Loyiha Xitoy
kompaniyalari mutaxassislari hamda mahalliy ixtisoslashtirilgan tashkilotlar
bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgan boʻlib, qurilish ishlari buyurtmachi
tashkilot — “Tashkent Invest” AJ kompaniyasi tomonidan bajarilishi maʼlum
qilindi. Jarayonda transport oqimlarini oʻrganish va avtomobillar harakatini
modellashtirishda sunʼiy intellektdan foydalanilgan.
Yangi
yoʻl oʻtkazgich tushadigan koʻchalar ayni paytda shahar markazidagi eng tirband
manzillardan biri sanaladi. Baʼzan mazkur nuqtada YHXX xodimlari kuniga bir
necha bor harakatni qoʻlda boshqarishga majbur boʻladi. Loyiha ishlab
chiqaruvchilari taklif etayotgan aylanma harakatli ikki qavatli yoʻl oʻtkazgich
mavjud vaziyatni ijobiy tomonga oʻzgartirishi reja qilingan. Hisob-kitoblarga
koʻra, yoʻl oʻtkazgich S-1 massividan Kichik halqa yoʻligacha boʻlgan 8
kilometr masofani bosib oʻtishning oʻrtacha vaqtini tigʻiz paytlarda 25
foizgacha qisqartiradi. Yaʼni loyiha avtomobillarning katta oqimi
harakatlanadigan yoʻllarda tirbandlik muammosini hal qilishi rejalashtirilgan.
“Tashkent Invest” kompaniyasi rahbari Bahrom Shokirovning soʻzlariga koʻra,
barcha oʻzgarishlar aholi va mehmonlarga qulaylik yaratish maqsadida amalga
oshirilyapti.
Yoʻl
oʻtkazgich Buyuk ipak yoʻli metrosi atrofidagi katta chorraha boʻylab tushadi.
Hozir bu chorrahadan kuniga 100 mingga yaqin avtomobil oʻtadi. Loyiha amalga
oshirilgach, bu koʻrsatkich 120 mingdan oshadi, soatiga 19 mingdan koʻproq
avtomobil harakatlanadi. Asosiysi, avtomobil oqimi ortishi barobarida
tirbandlik ham bartaraf etiladi. Boisi, zamonaviy yoʻl oʻtkazgich hisobiga
mashinalarning oʻrtacha harakat tezligi soatiga 21 kilometrdan 26 kilometrga
koʻtariladi. Jamoat transporti harakati ham tezlashadi. Natijada chorrahaning
oʻtkazuvchanligi 130 foiz oshadi. Shu bilan birga, ikki qavatli yoʻl oʻtkazgich
hisobiga transport oqimi samarali taqsimlanib, asosiy magistral yoʻllardagi
yuklama kamayadi, barcha harakat ishtirokchilari uchun xavfsizlik oshiriladi.
—
Yangi loyihalar Toshkentning faqat mashinalarga moslashgan shahardan jamoat
transporti ustuvor boʻlgan shaharga tizimli ravishda oʻtayotganini koʻrsatadi,
— deydi Toshkent shahri hokimligi Yoʻl harakatini tashkil etish markazi boʻlim
boshligʻi Olloyor Norboʻtayev. — Xalqaro tajribalardan ham koʻrinadiki,
tirbandliklar ortib borayotgan zamonaviy shaharlarda yoʻllarni shunchaki
kengaytirish endi foyda bermaydi. Aksincha, mavjud yoʻllarda jamoat
transportiga ustuvorlik berish, odamlarning ulardan foydalanish darajasini
oshirish eng samarali yechimga aylangan. Chunki yoʻllardagi tirbandliklar
odamlarning kunlik kayfiyatiga taʼsir qilishi barobarida shaharga ham ekologik,
ham iqtisodiy zarar yetkazadi. Tadqiqotlarga koʻra, tirbandliklar koʻp boʻlgan
vaqtda avtomobillardan atmosferaga koʻproq zararli moddalar chiqariladi. Loyiha
maqsadi esa shahar koʻchalarida jamoat transportiga ustuvorlik berish orqali
tirbandliklarni kamaytirish, yoʻlovchilar uchun qulay va xavfsiz sharoit
yaratishga qaratilgan.
Yagona dizayn-kod
Markaziy
avtobus yoʻlaklari hamda zamonaviy yoʻl oʻtkazgichni qurish ishlari may
oylarida boshlanishi rejalashtirilgan. Qurilish jarayonlarining bari ekologik
talablar asosida, inspektorlar nazorati ostida bajarilishi aytilyapti. Qurilish
hududlaridagi daraxt va butalar belgilangan boʻsh maydonlarga, masalan, yaqinda
Toshkent tumanida ochilgan Milliy dendrologiya bogʻiga koʻchirib oʻtqazilib, uch
yil davomida parvarishlanadi. Yangi avtobus yoʻlaklari atroflarida esa
qoʻshimcha “yashil” hududlar tashkil etiladi.
Qurilish
ishlari Toshkent shahri hokimligi tomonidan ishlab chiqilgan va amaliyotga
joriy etilayotgan yangi tizim — yagona dizayn-kod asosida bajariladi.
Maʼlumotlarga koʻra, dizayn-kod Toshkent shahrining meʼmoriy va vizual
qiyofasini yanada tartibga solish, poytaxtda zamonaviy va estetik jihatdan
yaxlit shahar muhitini yaratishga qaratilgan standartlar jamlanmasini oʻzida
aks ettiradi. Unda tashqi bezak, reklama elementlaridan tortib, yoʻl
infratuzilmalarigacha yagona standartlar ishlab chiqilgan. Endi ularni
oʻrnatishda belgilangan talablar, aniq meʼyorlarga amal qilinadi. Bundan koʻzlangan maqsad poytaxtda vizual
jihatdan tartibli, estetik va uygʻun shahar muhitini shakllantirishga
qaratilgani aytilmoqda.
Yagona
dizayn-kod piyodalar uchun ham qulay va xavfsiz muhit yaratishga xizmat qiladi.
Gap shundaki, shahar boʻylab piyodalar yoʻlaklari, yoritish tizimlari, koʻcha
jihozlari, “yashil” hududlar va navigatsiya elementlarining bari aniq
standartlar bilan tartibga solinadi. Bu poytaxtning tashqi qiyofasini yanada
yaxshilash barobarida funksionallikni taʼminlaydi. Yaʼni imkoniyati cheklangan
shaxslar, keksalar, bolali ota-onalar va barcha piyodalarning shahar boʻylab
harakatlanish qulayligi ortadi.
2026-yilda
amalga oshiriladigan “BRT” loyihasi va ishga tushadigan yangi markaziy avtobus
yoʻlaklari, ikki qavatli yoʻl oʻtkazgich shahar transport qiyofasini
oʻzgartirib, jamoat transporti jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Loyiha poytaxt yoʻllarida tirbandliklarni kamaytirish, tezkor va xavfsiz
harakatni taʼminlash, yoʻl harakatining har bir ishtirokchisiga qulay sharoit
yaratishga qaratilgani bilan shahar transport tizimida yangi davrni boshlab
berishi kutilyapti.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri