Xalqaro anjuman ikki davlat o‘rtasida oliy ta’lim, ilm-fan, innovatsiya va akademik hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim muloqot maydoniga aylandi.

Forum Buxoro davlat texnika universitetida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston va Turkiyaning 60 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, rektorlar, prorektorlar, professor-o‘qituvchilar hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Tadbirning ochilish marosimida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Turkiya Respublikasi Oliy ta’lim kengashi raisi Erol Ozvar hamda Buxoro davlat texnika universiteti rektori Sadoqat Siddiqlova ishtirok etib, forumning ahamiyati haqida fikr bildirdi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, bu jarayon ta’lim sohasida ham o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda. Ayniqsa, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma dasturlar, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, ilmiy tadqiqotlar hamda innovatsion loyihalar soni tobora ortib bormoqda.

Forumning asosiy qismi plenar yig‘ilishlar va tematik muhokamalardan iborat bo‘ldi. Ularda universitetlar rahbarlari o‘z taqdimotlari bilan qatnashib, oliy ta’lim tizimidagi zamonaviy tendensiyalar, global raqobat sharoitida universitetlar o‘rni, ta’lim sifatini oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Anjuman doirasida O‘zbekiston–Turkiya ta’lim hamkorligida amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli loyihalar ham taqdim etildi. Xususan, qo‘shma ta’lim dasturlari, akademik mobillik, ilmiy hamkorlik va innovatsion ishlanmalar bo‘yicha yangi tashabbuslar ko‘rib chiqildi.

Forumning muhim natijalaridan biri sifatida ikki davlat universitetlari o‘rtasida 50 dan ortiq hamkorlik memorandum va shartnomalar imzolandi. Bu kelishuvlar kelgusida qo‘shma fakultetlar tashkil etish, ikki diplomli ta’lim dasturlarini kengaytirish, laboratoriyalar va ilmiy markazlar faoliyatini rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Forum uchta asosiy sektsiya bo‘yicha davom etdi. Jumladan, “Kelajak muhandislari: universitet – sanoat integratsiyasi va qo‘shma texnologik yechimlar”, “Oliy ta’limda boshqaruv, sifat va ijtimoiy transformatsiya”, “Tibbiy ta’lim, sport va pedagogikada innovatsiyalar hamda raqamli texnologiyalar” mavzularida muhokamalar tashkil etildi.

Mazkur sektsiyalarda ikki mamlakatning yetakchi olimlari va mutaxassislari oliy ta’limda uchrayotgan dolzarb masalalar, ularning yechimlari hamda kelgusi rivojlanish yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdi. Ayniqsa, universitet va sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, ta’lim sifatini xalqaro standartlar asosida oshirish, boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirish va raqamli texnologiyalarni ta’lim jarayoniga keng joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Forum qatnashchilari uchun Buxoro shahrining boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishish maqsadida maxsus madaniy dastur ham tashkil etildi. Mehmonlar Bahouddin Naqshband ziyoratgohiga tashrif buyurib, Buxoroning tarixiy obidalari bo‘ylab ekskursiya qildi.

Mutaxassislar fikricha, mazkur forum O‘zbekiston va Turkiya oliy ta’lim tizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi. U ikki davlat universitetlari o‘rtasidagi akademik aloqalarni mustahkamlash, ilmiy salohiyatni oshirish va xalqaro ta’lim makonida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash uchun yangi imkoniyatlar ochib berdi.

Shuningdek, forum yoshlar uchun xalqaro ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalar ko‘lamini oshirish hamda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.