Ma’lum qilinishicha, mazkur reys uchun dastlab belgilangan Airbus A330 samolyotiga chaqmoq urilishi oqibatida havo kemasi texnik xizmat ko‘rsatishga yuborilgan. Bu esa aviakompaniyaning keyingi qator reyslari kechikishiga sabab bo‘lgan.

Reysni jadval asosida amalga oshirish maqsadida bort sig‘imi kichikroq bo‘lgan Airbus A320 samolyotiga almashtirilgan. Natijada 40 nafar yo‘lovchi ushbu reys bilan ucha olmagan.

Aviakompaniya ma’lumotiga ko‘ra, yo‘lovchilarga chipta pulini to‘liq qaytarish yoki eng yaqin bo‘sh reyslarga, jumladan boshqa aviakompaniyalar reyslariga qayta band qilish taklif etilgan. Kutish vaqti uzoq davom etgan yo‘lovchilar mehmonxonaga joylashtirilgan.

Shuningdek, yuzaga kelgan noqulayliklar uchun yo‘lovchilarga ichki yo‘nalishlardagi keyingi parvoz uchun 50 foizli chegirma promokodi, bitta bepul bagaj joyi va qo‘shimcha qulaylikka ega o‘rindiq taqdim etilishi bildirildi.

Centrum Air yo‘lovchilardan yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan.