Bugun raqamli texnologiyalar hayotimizning barcha jabhalariga chuqur kirib borar ekan, axborot tizimlari, muhim infratuzilma va shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Kiberxavfsizlik endilikda faqat mutaxassislar faoliyatiga daxldor soha emas, balki davlatlar, biznes vakillari va butun jamiyat oldida turgan muhim vazifalardan biriga aylanib ulgurdi. Bunday sharoitda xalqaro tajriba almashish, zamonaviy tahdidlarga qarshi samarali yechimlarni muhokama qilish va malakali mutaxassislar salohiyatini oshirish alohida ahamiyatga ega.

Jloiy yil 5–7-oktyabr kunlari Toshkent shahrida oʻtkazilgan “Kiberxavfsizlik sammiti – Markaziy Yevrosiyo, CSS 2026” xalqaro tadbiri ham aynan shu maqsadlarga xizmat qildi. Kiberxavfsizlik markazi va Buyuk Britaniyaning “Dialogue Events” kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbir mintaqaviy va xalqaro kiberhamjamiyat vakillarini bir maydonda jamladi. Unda 30 davlatdan 600 dan ortiq delegat ishtirok etdi va soha doirasida qator taqdimotlar tinglandi.

Muhokamalarda global kiberxavflarning oʻzgaruvchan tabiati, muhim infratuzilmani himoya qilish, biznes aktivlari xavfsizligini taʼminlash hamda raqamlashtirish imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Zamonaviy kiberhujumlar davlat chegaralari bilan cheklanmaydi. Bir hududda yuzaga kelgan zaiflik yoki sodir etilgan hujum boshqa mamlakat va tashkilotlar faoliyatiga ham taʼsir koʻrsatishi mumkin. Shu bois kiberxavfsizlikni taʼminlashda xalqaro hamkorlik, tajriba almashish va oʻzaro muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni rivojlantirish muhimdir.

Sammitda ishtirok etgan Fransiyaning “Expertise France” tashkiloti Tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik departamenti direktorining oʻrinbosari Benedikt Borel ham mintaqaviy hamkorlik va oʻzaro tajriba almashishning ahamiyatini alohida taʼkidladi.

– Biz tadbirda Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida kiberxavfsizlik boʻyicha amalga oshirayotgan loyihalarimiz tajribasini taqdim etdik. Bu sammitda ikkinchi bor ishtirok etishimiz. Oʻzbekistonning bunday keng koʻlamli tadbirni tashkil eta olgani, kiberxavfsizlik va zamonaviy yechimlar muhokama qilinayotganini koʻrish juda quvonarli, – deydi Benedikt Borel.

Uning qayd etishicha, Yevropa va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi hamkorlik turli mamlakatlarning tajribasi va bilimlarini birlashtirish imkonini beradi. Bir mamlakatda samarali natija bergan yechimni boshqasining sharoitiga moslashtirish mumkin. Chunki kiberxavfsizlik muammolari global xususiyatga ega va ularga qarshi samarali kurashish uchun hamkorlikka asoslangan umumiy yondashuv zarur.

Ozarbayjon Respublikasi Raqamli rivojlanish va transport vazirligi huzuridagi Milliy kiberxavfsizlik agentligi vakili Elman Muradov ham sammitda ishtirok etish imkoniyati uchun tashkilotchilarga minnatdorlik bildirdi.

– Agentligimizga koʻrsatilgan eʼtibor va samimiy taklif uchun Oʻzbekiston Kiberxavfsizlik markaziga minnatdorlik bildiramiz. Bunday tadbirda qatnashish Markaziy Osiyo va undan tashqaridagi hamkasblar bilan fikr va tajriba almashish uchun ajoyib imkoniyatdir, – dedi Elman Muradov.

Sammit doirasida “Cyberkent 4.0” musobaqalari ham boʻlib oʻtdi. Unda ishtirokchilar nazariy bilimlarini amaliy vazifalarda sinovdan oʻtkazib, oʻzaro raqobat va tajriba almashish orqali kasbiy mahoratlarini namoyon etdilar. Xalqaro sammitning muhim tarkibiy qismlaridan biri boʻlgan musobaqa kiberxavfsizlik sohasidagi bilim va koʻnikmalarni amaliy sharoitda sinash, iqtidorli mutaxassislarni aniqlash hamda yoshlarning sohaga boʻlgan qiziqishini oshirishga qaratildi.

“Cyberkent 4.0”ning Red team (hujumchi jamoa), Blue team (himoyachi jamoa), ochiq topshiriqlar, “CyberQuiz” viktorinasi, Bug Bounty, Cybermergan, “Cybermuloqot” seminar-treningi kabi yetti yoʻnalishi ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Jamoalar kiberhujumlarni aniqlash, tizimlarni himoya qilish va mavjud zaifliklarni topish kabi vazifalarni bajardilar. Musobaqaning xalqaro miqyosda oʻtkazilishi uning ahamiyatini yanada oshirdi.

– Kiberxavfsizlik tahdidlari transchegaraviy xususiyatga ega, – deydi Belarus vakili Alyaksey Tsembalov. – Shu sababli Toshkent kabi maydonlarda tajriba almashish, oʻz bilim va koʻnikmalarimizni namoyish etish hamda boshqa mamlakatlardan kelgan hamkasblar bilan muloqot qilish juda muhim. Biz bu yilgi musobaqalarda ikkita jamoa bilan qatnashdik. Bu jamoalarimiz uchun oʻz salohiyatini namoyon etish, yangi tajriba orttirish va boshqa mutaxassislar bilan professional aloqalarni rivojlantirish imkoniyatidir.

“Enersok” kompaniyasining axborot xavfsizligi boʻyicha rahbari (CISO) Quyoshbek Mirzakamolov sammitda ikkinchi bor qatnashayotganini aytib, bunday tadbirlarning soha rivoji uchun ahamiyatiga toʻxtaldi.

– Bugungi kunda kiberxavfsizlik sohasida yangi bosqichga chiqish, mutaxassislarni bir maydonda jamlash va ayniqsa, sunʼiy intellekt rivojlanayotgan davrda yuzaga kelayotgan tahdidlarga munosib javob qaytarish juda muhim. Bunday tadbirlar soha vakillariga oʻzaro fikr almashish va birgalikda yechim izlash imkonini beradi.

Quyoshbek Mirzakamolov “Cyberkent 4.0” musobaqalarining amaliy jihatlarini ham alohida taʼkidladi. Uning fikricha, “Red team” va “Blue team” jamoalarining real vaziyatlarga yaqin ssenariylarda bellashishi mutaxassislar uchun foydali tajriba maktabidir. Chunki bu jarayonda himoya mexanizmlarini sinash, zaifliklarni aniqlash va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tahdidlarga tayyor turish koʻnikmalari rivojlanadi.

Ochiq topshiriqlarning “CTF Master” yoʻnalishi ishtirokchilarning texnik bilim va muammolarni hal qilish koʻnikmalarini sinovdan oʻtkazgan boʻlsa, “The AI Underworld” sunʼiy intellekt bilan bogʻliq tahdidlar va hujum ssenariylarini tahlil qilishga yoʻnaltirildi. “Attack Surface AI” doirasida esa sunʼiy intellekt tizimlaridagi ehtimoliy zaifliklarni aniqlash va ularning xavfsizligini baholash vazifalari bajarildi.

Musobaqa dasturidan oʻrin olgan “Cybermuloqot” seminar-treningi esa yoshlar va soha mutaxassislari oʻrtasida tajriba almashish uchun imkoniyat yaratishga qaratildi.

Dostonbek TOʻRAYEV,

Kiberxafsizlik markazi matbuot kotibi