Bu yaratuvchanlikni insoniyat va Vatanimiz tarixi sahifalariga hech mubolagʻasiz, faxr bilan ASR VOQEASI sifatida qayd etish mumkin.
Qariyb
toʻqqiz yil davom etgan mashaqqatli, ammo sharafli mehnat, izlanish va
fidoyilik samarasi oʻlaroq, mamlakatimiz yetakchisining tashabbusi va alohida
eʼtibori bilan yurtimiz osmoni ostida yana bir buyuk maʼrifat maskani — Islom
sivilizatsiyasi markazi qad rostladi. Islom sivilizatsiyasi markazi... Ha, bir
marta, faqat bir marta bu maskanni ziyorat qilgan insonning yuragida Vatan
uygʻonadi, millat uygʻonadi, hayrat va iftixor tuygʻulari joʻsh uradi.
Toshkentning tabarruk goʻshasida, Hazrati Imom majmuasi
bagʻrida joylashgan bu maskan nafaqat mahobati, balki mohiyati bilan ham
ulkandir. Uning bir nigohda koʻzga sigʻmaydigan hududi, koʻkka yondosh va
qarindosh gumbazi hamda nihoyatda mukammal ishlangan shakli, buyuk bobolarimiz
aytib ketganlaridek, millatimiz qudratidan soʻzlab turadi. Nazarimizda, bu
yerga qadam qoʻygan kishi oʻzidan, oʻzining kundalik oddiy hayotidan
uzoqlashadi. Goʻyo vujudiga nomini dafʼatan anglay
olmagan qandaydir qudrat quyilib kelayotgandek boʻladi. Quyi qavatda kishi
oʻzini umidlar ostonasida turgandek his qiladi. Yuqoriga koʻtarilgani sari
qalbidagi qudrat yanada kuchli sezila boshlaydi. Muzey zallariga fayz
bagʻishlab turgan nodir meroslar goʻyo har nafasda: “Biz sening ildizingmiz”,
deb shivirlayotgandek tuyuladi. Har bir ashyo, har bir bitikka inson faqat
koʻzi bilan emas, balki yuragi bilan ham bogʻlanib qoladi. Muhtasham kutubxonaning
oʻzi esa bu moʻjizaviy olamdagi yana bir muazzam dunyodir. Kutubxonaning asosiy
boyligi boʻlgan minglab kitoblar va elektron manbalar ajdodlarimizning tafakkur
qudrati naqadar salmoqli ekanini namoyon etadi. “Bizning millat sifatidagi
qudratimiz faqat mehnatkashligimizdagina emas, balki maʼnaviyatimiz va
maʼrifatimizdadir...”. Azaldan tafakkurimizda yashab kelgan bu fikr kutubxonada
ming chandon mustahkamlanadi. Markaz devorlariga naqshlangan muqaddas oyatlar
va hadislardan qalblarga nur inadi. Ular oʻqiganlarni ezgulikka,
bagʻrikenglikka, halollikka va yuksak insoniy tuygʻular bilan yashashga
chorlovchi donishmand muallimlardir. Har bir naqsh, har bir yozuvning oʻzi
benazir ustoz.
Ulugʻbek
portali sayohatchilar uchun goʻyo ilm olamining muazzam darvozasiday tuyuladi.
Samarqanddagi Registon maydoni va Ulugʻbek madrasasi anʼanalari bilan
uygʻunlashgan bu darvoza sayyohlarni uzun tasavvur yoʻllari orqali bir paytlar
dunyo tamaddunini yuksaltirgan maʼrifat olamiga yetaklaydi. Peshtoqda bitilgan
“Oʻqi” degan muborak oyat esa barcha zamon va toʻfonlardan omon oʻtib
kelayotgan eʼtiqodimizning oʻlmas timsolidek namoyon boʻladi.
Bu
mahobatli zalga qadam qoʻygan inson oʻzini asrlar qaʼriga olib boruvchi sirli
dargohda turganday his etadi. Naqshinkor eshiklarda yillar davomida sayqallanib
borgan va vaqt sinoviga bardosh bergan oʻzbek hunarmandchiligining nozik didi
hamda yuksak mahorati aks etadi. Zal atrofini qurshab turgan ravoqlar shunchaki
meʼmoriy elementlar emas, balki har biri bir tarix, bir taqdir va bir davrning
shakllarga muhrlangan nafasidir. Ularni kuzatar ekansiz, rangtasvirlar orqali
oʻtmishimizga buyuklik maqomini baxsh etgan allomalarimiz va boshqa tarixiy
shaxslar tasavvurimiz koʻzgusida gavdalanadi. Ularning unutilmas siymosi,
kitob, ilm va boshqa shakllarda qoldirgan merosi goʻyo bizga yana bir bor
topshirilayotganday oʻzimizni burchli his qilamiz.
Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari goʻyo
bir-biriga qoʻl uzatganday. Bu yerda tafakkur osmonimizning yulduzlari — Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Imom Buxoriy va Imom
Termiziy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy kabi allomalarning siymosi nur
sochib turadi. Ularning nigohidagi donishmandlik, insoniyatga haroratli mehr va
yuksak ruh bizni bu buyuk ajdodlarimiz bilan faqat jonimiz va qonimizgagina
ayon boʻlgan koʻrinmas rishtalar orqali yanada mahkam bogʻlaydi. Muhammad
Xorazmiy goʻyo raqamlar tilida yashash qoidalari va rivojlanish omillaridan
saboq berayotgandek tuyuladi. Uning algebraga asos solgan tafakkuri bugun ham
taraqqiyotni boshqarib turibdi. Ahmad Fargʻoniy bobomizning tafakkur kuchi
nafaqat ona zaminimiz, balki butun Sharq uchun xizmat qilgan. Dehqonchilik ham
uning ilmga asoslangan tavsiyalari bilan rivoj topgan. Imom Buxoriy va Imom
Termiziy kabi allomalarimizning ilmiy zahmati hosilasi boʻlgan bu bebaho meros
islom olami uchun dono mudarris vazifasini oʻtaydi. Abu Ali ibn Sino nafaqat
tabib, balki ulugʻ mutafakkir hamdir. Uning asarlari inson vujudi va ruhining
bir butunligini uqtiruvchi va bunga ishontiruvchi muhim manba sifatida namoyon
boʻladi. Shon-sharaf zalida inson faqat tomoshabin boʻlib qolmaydi. U bu yerda
buyuklik, sabr, ilm va inson aqlining cheksiz imkoniyatlariga guvoh boʻladi.
Alloma
Abu Rayhon Beruniy siymosi goʻyo koinot sirlari haqida pichirlab turganday. U
oddiy asboblar bilan Yerning oʻlchamini aniqlab, cheksizlikni anglashga
intilgan inson tafakkurining ramzi sifatida namoyon boʻladi. Uning qarashlarida
zahmatga bardosh bergan iroda, qiyinchiliklardan gʻolib kelgan matonat
mujassam. Yonida esa Jaloliddin Manguberdi — jasorat va or-nomus timsoli.
Uning qiyofasida beqiyos shiddat, qorachiqlarida esa ozodlik uchun yongan olov
bor. U tarixda faqat jangchi sifatida emas, balki Vatanga sadoqat va millat
hurligi uchun kurashning tirik namunasi sifatida abadiy qolgan. Muzeyga
muhtashamlik baxsh etib turgan yana bir betimsol siymo bor: bu Sohibqiron Amir
Temurdir. Uning qiyofasida kuchli sarkardalarga xos salobat va jasorat,
nigohida esa buyuk davlat barpo etish maqsadi bilan bogʻliq dovyuraklik aks
etadi. U barpo etgan imperiya faqat keng hududlar bilan emas, balki adolat,
qatʼiy tartib va ilm bilan ham mustahkamlangan edi.
Zal
ravoqlaridagi yana bir nozik, ammo teran maʼnaviy olam — tasavvuf ruhi inson
qalbini osoyishtalik olamiga olib kiradi. U ziyoratchi qalbini abadiyat va
oʻtkinchilik, fano va baqo haqidagi teran fikrlarga tutashtiradi. Bahouddin
Naqshband, Ahmad Yassaviy va Najmiddin Kubro kabi mutasavviflarning ilmga
tayanib chizgan ruhiy yoʻllari orqali inson qalbini poklash va ruhini
yuksaltirish kabi pokiza tasavvur olamlariga kirib boriladi. Ular soʻz bilan
emas, qalb bilan taʼlim bergan buyuklar edi.
Yuqorida
esa yulduzlar tilini anglagan ulugʻ zot — Mirzo Ulugʻbek siymosi namoyon
boʻladi. U barpo etgan rasadxona va tuzgan jadvallar goʻyo osmon bilan yer
oʻrtasidagi sirli bogʻliqlik kalitidek tuyuladi. Uning ilmi millat va xalq
tafakkuri yuksalishi yoʻlida hech qachon tanaffus qilmay, toliqmay va
jonnisorlik bilan xizmat qiluvchi sadoqatli ilmdir. Qalam va qilichni
birlashtira olgan zot — Zahiriddin Muhammad Bobur qiyofasini men ziyoratgohdagi
yana bir ziyoratgoh deb taʼriflagim keladi. Uning siymosida sogʻinchga tobe
boʻlmagan kuchli iroda aks etgan. “Boburnoma” sahifalari goʻyo uning hech
kimnikiga oʻxshamagan iztirobli kechinmalari,
barcha yonishi, tavallo va intizorliklarini bagʻrida avaylab, bugungacha
olib kelganday. Markazga ziyo bagʻishlab, zaldan zalga oʻtayotgan maʼrifat
karvonini gʻazal mulki sultoni Alisher Navoiy siymosisiz tasavvur qilib
boʻlmaydi. U soʻzga jon bergan, tilga qanot baxsh etgan buyuk bobomizdir. Uning
ijodida nafaqat sheʼriyat, balki butun turkiy millatning ruhi mujassam.
Zalda
ogʻir, ammo sharafli bir sukut bor — bu jadidlar sukuti. Ular ilm, maʼrifat va
ozodlik uchun kurashgan, ammo zamon va tuzum shafqatsizligi, istibdod zulmi
qurboniga aylangan buyuk ziyolilardir. Ularning nigohida hurlik orzusi, yuzida
— qatʼiyat, taqdirida esa fidoyilik mujassam. Bu suratlar shunchaki
chizilmagan, ular his qilingan. Oʻzbekiston xalq rassomi Alisher Aliqulov
boshchiligidagi ijodkorlar bu chizgilarga jon bagʻishlagan. Har bir chiziqda
mehnat, har bir rangda fikr mujassam.
Sayohat davom etadi. Markazning qoq yuragida shunday
maskan bor, unga qadam qoʻygan insonning odimi beixtiyor sekinlashadi, iloji boricha sokin boʻlgisi keladi. Bu — Qurʼoni karim
zali. Zal markazida esa butun islom olamining bebaho maʼnaviy durdonasi — VII
asrda qoʻlda koʻchirilgan mashhur Usmon Musʼhafi turibdi. Uning sukutida asrlar
ovozi mujassam. Hazrati Usmon ibn Affon davrida muqaddas Qurʼonni asrab qolish
va yagona shaklga keltirish maqsadida olti nusxada koʻchirilgan. Bu nusxalar
islom dunyosining turli hududiga tarqatildi. Ammo ulardan biri, eng azizi
xalifaning oʻzida qoldi. U bu musʼhafni nafaqat saqladi, balki uning ruhi bilan
yashadi. Uni doim mutolaa qildi, undan nur oldi. Lekin vaqt oʻtib, taqdirning
ogʻir sinovlariga duchor boʻldi. 656-yili Madinada isyon koʻtarildi va
isyonchilar Xalifa Usmonning uyiga bostirib kirdi. Aynan shu paytda u Qurʼon
tilovat qilayotgan edi. Shu vaqtda isyonchilar xalifani qilich bilan yaralab,
halok qildi. Hazrati Usmonning muborak qoni aynan oʻsha kitobga sachradi. Bu
voqea tarixda oʻchmas iz qoldirdi. Xalifaning qoni aynan oʻzi mutolaa
qilayotgan musʼhaf sahifalariga tomdi. Bu islom tarixidagi oddiy voqea emas,
balki ilohiy kalomga sadoqat va iymon yoʻlidagi qurbonlikning abadiy ramzi edi.
Bugun siz koʻrib turgan musʼhafda ham ana shu qon dogʻlari saqlanib qolgan.
Ular — tarix guvohi, sukut ichidagi buyuk haqiqatdir. Bu haqiqatlarni eshitib,
asrlar davomida qanchadan qancha insonning qorachigʻida yosh halqalangan
boʻlsa, ayni damda ham ziyoratchilar bu tarixni koʻzida yosh bilan tinglamoqda.
Markazdagi
devorlarni shunchaki devor deb ataging kelmaydi. Chunki ular — vaqtning
oʻzginasi. U — oʻtmishdan kelajakka choʻzilgan 250 metrli xotira yoʻli. Bu
devor oldidan oʻtgan inson shunchaki yurmaydi, balki vaqt boʻylab sayohat
qiladi. Chunki bu yerda 3000-yillik davlatchilik tarixi jonlanadi.
Miniatyuralar va mahobatli rangtasvirlar orqali oʻtmish goʻyo qadam tashlab,
bugunga kelib qolgandek boʻladi. Devor boʻylab joylashgan eksponatlar, qadimiy
tangalar, xaritalar va interaktiv namoyishlar esa bu sayohatga jon bagʻishlab,
taʼsirchanligini oshiradi. Bu yoʻl eng qadimgi manbadan boshlanadi. Islomdan
avvalgi davr — yillar osha gurkirab ketgan insoniyat daraxtining ildizlari,
madaniyatning ilk nafasi. Bu yerda Baqtriya, Xorazm, Soʻgʻd, Choch va Fargʻona
kabi qadimiy oʻlkalar oʻtmishdagi hayotini koʻz oʻngimizda yana bir bor yashab
oʻtayotganday tuyuladi. Qadimgi savdo yoʻllari esa taqdirlarni quyosh tarafga
yetaklab ketayotgan koʻrinmas iplardek tasvirlanadi.
Navoiy
viloyati zaminidagi Sarmishsoy qoyatosh suratlari inson xotirasining eng
qadimgi sahifalaridir. 8-10 ming yillik tarixga ega bu petrogliflar goʻyo toshga muhrlangan
hayotdir. Bu yerda minglab tasvirlar — ov, yashash uchun kurash va iroda
kuchining turfa koʻrinishlari aks etgan. Ular garchi sadosiz boʻlsa-da, bu
sassizlik ichida “biz ham bor edik” degan kuchli hayqiriq yashirindek.
Koʻzlarimiz kutilmagan yana bir hayrat bilan toʻqnashadi. Qadimiy bugʻu
haykalchasi. Uch ming yillik tarixga ega bu bronza asar nafaqat betakror
hunarmandchilik namunasi, balki inson qalbida bugun emas, balki azaldan mavjud
boʻlgan goʻzallik tuygʻusining nishonidir. Undagi nafislik goʻyo zamonlarga
boʻy bermasdan tirik qolgan. Bugʻu timsoli esa turkiy xalqlar uchun azaldan
hayot davomiyligi va avlodlar uzviyligining ramzi boʻlib kelgan. Bu obraz hatto
adabiyotda ham yashaydi — Chingiz Aytmatovning “Oq kema” asaridagi Ona bugʻu
singari.
Ajdodlarimizning turmush tarzi, mehnat manzaralari, orzulari
va kurashlari turli videolavhalar orqali jonlanadi. Qadimgi shaharlar,
hunarmandchilik, yozuv va sanʼat — barchasi yaxlitlik kasb etadi. Har bir
chizgi katta bir xalq tarixining ajralmas parchasi boʻlib koʻrinadi. Bu devorda
ozodlik uchun kurash ham bor. Qadim manbalarda tilga olingan Toʻmaris, Shiroq
va Spitamen kabi qahramonlarning jasorati zamonlar osha oʻchmagan olov kabi
qalblarga harorat beradi. Vaqt devori oldida inson bir ulugʻ haqiqatni anglab
yetadi: biz faqat bugundan iborat emasmiz, balki ming yillar davomida
shakllangan xotira, iroda va buyuk ruh merosimiz.
Sayohat
yana davom etadi va biz yana bir buyuk zaminga qadam qoʻyamiz. Bu — Qadimgi
Xorazm. U — sivilizatsiya gulxanining ilk uchqunlari sachragan makon. Dunyodagi
eng qadimiy madaniy markazlardan biri sifatida tarix va bugun oʻzining munosib
oʻrniga ega. Bu yerda ilk shaharlar qad rostlagan, ilk yozuvlar paydo boʻlgan.
Inson oʻz tarixini yoza boshlagan. Qadimiy qalʼalar esa tarixning turfa
koʻrinishlarda yashab kelayotgan sodiq qoʻriqchilaridek
qad rostlab turibdi.
Xorazm — yer bilan suhbat qurgan zamin. Bu yerda inson suvni
boshqarishni oʻrgangan, Amudaryodan suv chiqarib, qaqragan yerga hayot baxsh
etgan. Dehqonchilik faqat kasb emas, balki tiriklik manbai boʻlgan. Bu zalda yana bir muqaddas manba — “Avesto” sahifalari ham aks ettirilgan. Zardushtiylik ruhi,
qadimgi shaharlar maketi, ossuariylar — bularning barchasi insonning hayot va
oʻlim haqidagi tushunchalarini yanada boyitib, teranlashtirib boradi. Rivoyatlarga
koʻra, Zardusht ham aynan shu zaminda tugʻilgan…
Ekspozitsiyada
temuriy malikalar — Saroymulkxonim, Gavharshodbegim singari tarixiy
shaxslarning er kishilar qatorida maskanga fayz baxsh etib turishi “Ayol —
zaifa” qabilidagi biryoqlama qarashlar ustidan chiziq tortadi. Bu manzara
yurtimizda ayol va ona maqomi hamisha baland boʻlganini yaqqol dalillaydi.
Ekspozitsiyaning muhim jihati — u Ikkinchi Renessansdan
keyingi davrni uzilish emas, balki davomiylik sifatida talqin qiladi.
Samarqand, Buxoro, Xiva va Qoʻqon shaharlaridagi meʼmoriy obidalar, oʻziga xos
adabiy muhit va ilm-fan anʼanalari bu tarixiy jarayonning uzluksizligini
taʼminlab kelgan. Xususan, Qoʻqonda shakllangan adabiy muhit, Amir Umarxon
davrida ijod qilgan Nodira, Uvaysiy, Dilshodi Barno kabi shoiralar, Xivada
Muhammad Rahimxon va Islomxoʻja kabi islohotchi arboblar faoliyati bu davrni
faqat siyosiy emas, balki madaniy-maʼrifiy jarayon sifatida baholashga asos
beradi. Shuningdek, ekspozitsiyada Markaziy Osiyoning boshqa xalqlari vakillari
— Maxtumquli, Fuzuliy, Abay, Toqtogʻul, Sadriddin Ayniy, Ajiniyoz kabi
mutafakkirlar merosining ham qamrab olinishi xalqimizga xos bagʻrikenglik
fazilatini yaqqol namoyon etadi. Bu esa zaminimizda “doʻst” va “qardosh”
tushunchalari hamisha alohida qadrga ega boʻlgani, shuningdek, bu tushuncha
davrlar oʻtishi bilan birga ulgʻayib borganini tasdiqlaydi.
“Yangi Oʻzbekiston —
Yangi Renessans” ekspozitsiyasi ushbu tarixiy davomiylikning mantiqiy yakuni
sifatida namoyon boʻladi. Bu yerda mamlakatimizda soʻnggi yillardagi islohotlar
— iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, taʼlim va madaniyat sohalaridagi oʻzgarishlar
yaxlit tizim sifatida koʻrsatiladi. Barcha jarayonni birlashtiruvchi asosiy
gʻoya esa inson qadrini yuksaltirishdir. Oʻtmishi buyuk millatni porloq kelajak
sari boshlashdek ulugʻ maqsad yoʻlida erishilayotgan hayratomuz muvaffaqiyatlar
oʻtmishdan va shonli tarixdan kuch olib chiqqan sayyohning koʻz oʻngida yangi
orzu ufqlarini ochadi. Ayniqsa, bu sayyoh mana shu markazda mujassam boʻlgan
shonli tarix va bugunning farzandi, uning ajralmas bir parchasi boʻlsa,
koʻksida oʻzidan-da kuchli, oʻzidan-da maqsadi ulkan va oʻzidan-da orzulari
yorqin butunlay boshqa bir yurak uygʻonadi.
Millatning buyuk farzandlari faqat oʻzlari
yashagan davrdagina emas, balki oʻzlaridan keyin ham butun insoniyatni
yaxshiliklar atrofida birlashtiradi degan fikrni koʻp eshitganmiz. Tarixda va
bugunimizda millatimizga kuch-qudrat, faxr va iftixor baxsh etib kelgan
ulugʻlar jam boʻlgan bu buyuklik maskani ham nafaqat Vatanimiz — Oʻzbekistonning,
balki ezgulikka intiluvchi butun insoniyat uchun yaxshilik mehvari boʻlib
xizmat qilishi shubhasiz.
Munavvara USMONOVA,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat
xodimi