Bu boradagi muhokamalar hamon davom etayotgan bir vaqtda esa yanada qatʼiyroq tartib amalga kiritildi — endilikda joriy yilning 1 aprelidan kameralar ham qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblashni boshladi.

Keyingi kunlarda bu yurtdoshlari­mizning asosiy suhbat mavzularidan biriga aylangani boisi shunda. Na­faqat haydovchilar, balki avtomobil boshqarmaydigan insonlar ham buni qizg‘in muhokama qilayapti. Shu vaqtga­cha jarima ballari yo‘l-patrul xiz­mati xodimlari tomonidan yozilgan maʼmuriy bayonnomalar asosida hisoblangan bo‘lsa, endi maxsus avtomat­lashtirilgan foto va video qayd etish tizimlari orqali aniqlangan tegish­li yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun ham jarima ballari hisobla­ni­shi ko‘pchilikni xavotirga solmoqda. Fikr bildiruvchilarning bir qismi yangi tizim haydovchilar uchun qo‘shim­cha bosim ekanini aytayotgan bo‘lsa, baʼzilar yo‘llarda harakatlanayotgan avtomobil egalari­ni tartibliroq, hushyorroq bo‘lishga undashini taʼkid­lamoqda.

Aslida, ushbu tizimning amaliyotga ki­ritilishi haqida avvaldan xabardor edik. O‘tgan yilning 1 iyun sanasidan jarima ballari yozilishi boshlangancha, keyinchalik kameralar ham ballarni qayd etishi haqida xabar berilgandi. Hukumatning tegishli qa­rori bilan kiritilgan yangi tizim yo‘llar­dagi qo‘pol qoidabuzarliklarni aniqlash va ularning oldini olish uchun zarurat ekani aytilgan. Bu haydovchilarning intizomi­ni kuchaytirish, yo‘llarda xavfsizlikni taʼminlash, qoidabuzarlik ortidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisalar­ning oldini olish hamda yo‘l harakati mada­niyatini oshirishga qaratilgan muhim chora ekani taʼkidlanmoqda.

Maʼlumotlarga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbe­kistonda 9364 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan. Bularning katta foizi hay­dovchilarning yo‘l harakati qoidalariga eʼtibor bermasligi oqibatida kelib chiqqan. Kimningdir qoidalarga bepisandli­gi boshqa birovning hayotiga xavf solishi achinarli, albatta. Ballar tizimi esa har bir haydovchining shaxsiy masʼuliyati va javobgarligini oshirishi kerak. Tahlil­larga ko‘ra, yurtimizda jarima ballari­ni hisoblash boshlanganidan so‘ng 2025 yilning o‘zida haydovchining aybi bilan sodir etilgan avtohalokatlar 34 foiz ka­maygan.

Telefondan foydalanganlik uchun ballar hisoblanmaydi, ammo...

Shunday qilib, 1 apreldan mamlakatimiz ko‘chalaridagi kameralar tegishli qoidabu­zarliklar uchun jarima ballari hisoblashni boshladi. Haydovchilarning aksari bundan norozibo‘lishni ham unutib, darhol hushyor tortib qoldi, imkon qadar qoida buzmaslik va jarima ballarini olmaslikka harakat qilayotganini, bu haqida bir-birini ogohlan­tirayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Gap shundaki, jarima ballari shunchaki haydovchiga berila­digan baho emas. Ular uchun jarima undirilmasa-da, har bir to‘plangan ball jiddiy oqi­batlarga olib keladi. Haydovchilar ballar sabab hatto haydovchilik huquqidan vaqtincha mahrum etilishi ham mumkin.

Ammo buning uchun yil davomida 12 ball to‘planishi kerak. Albatta, bu ijobiy ha­arakatlar uchun beriladigan ballar emas, balki har bir yo‘l harakati qoidabuzarligi sabab haydovchi hisobiga yozib boriladigan raqamlardir. Ballarni qo‘llash va hisob­lash tartibi Vazirlar Mahkamasining te­gishli qarori bilan belgilangan. Jarima ballari haydovchilar qoidabuzarliklarni birinchi marta sodir etgan kundan boshlab keyingi yil shu kungacha amal qiladi va “E-jarimaball” tizimi orqali inson omilisiz avtomatlashtirilgan tartibda qayd etib bo­riladi. Haydovchilar o‘z ballarini shu tizim orqali yoki rasmiy mobil ilova yordamida mustaqil kuzatib borishi mumkin. Maʼlu­motda to‘plangan jarima ballari bilan bir­ga qabul qilingan qaror raqami va sanasi kabilar ham ko‘rinadi.

Ballar qoidabuzarlik darajasiga qarab 0,2 balldan 2 ballgacha tartibida hisobla­nadi. Masalan, tezlikni oshirish 0,5 balldan 2 ballgacha (oshish darajasiga qarab), qizil chiroqda o‘tish 1 ball, yo‘l-transport hodisasi joyini tark etish 2 ball yozili­shiga sabab bo‘ladi va hokazo. Ana shu ra­qamlar to‘planib bir yil ichida 12 ballga yetganida esa haydovchiga “Maʼmuriy ja­vobgarlik to‘g‘risida”gi kodeks moddalariasosida tegishli tartibda jazo chorala­ri qo‘llanilib, 6 oydan 3 yil muddatga­cha haydovchilik guvohnomasidan mahrum etiladi.

Odamlarni tashvishga solayotgan masala ham shunda. Bir yil uchun 12 ball juda oz­dek, kutilmaganda sodir etiladigan istal­gan yo‘l harakati qoidasi ham bu ballarni to‘plab olishga sabab bo‘lishi mumkinligi­dan ko‘pchilik xavotirda. Hatto ijtimoiy tarmoqlar orqali “endi kuzatuv kamera­lari piyodaga yo‘l bermaslik, xavfsizlik kamarini taqmaslik, telefondan foydala­nish kabi qoidabuzarliklar uchun ham ja­rima bali yozadi” mazmunidagi maʼlumot­lar tarqalib, tushunmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda.

— Jarima ballari bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ayrim maʼlu­motlar noto‘g‘ri bo‘lib, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, — deydi O‘zbekiston IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘HH axborot xizmati boshlig‘i Zoyir Yo‘ldoshev. — Hu­kumatning tegishli qarori bilan “Maʼmu­riy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 12 ta moddasiga ko‘ra qo‘pol turdagi qoi­dabuzarliklar uchun jarima ballari bel­gilangan. Aytaylik, svetoforning qizil chirog‘ida harakatlanish, ruxsat etilmagan joyda to‘xtab turish, tezlikni belgilangan meʼyordan oshirish kabilar bevosita inson omili bilan bog‘liq va afsuski, bunday qoidabuzarliklarni muntazam sodir etib kelayotganlar bor. Ammo ijtimoiy tar­moqlarda keltirilayotganidek, piyodaga yo‘l bermaslik, xavfsizlik kamarini taqmas­lik, telefondan foydalanish kabi qoida­buzarliklar uchun jarima ballari mavjud emas. Biroq bu ushbu turdagi qoidabuzar­liklar yengil ekanini va ularni istalgancha amalga oshirish mumkinligini anglatmay­di.

Avtomobil ichida mulk egasi emas, boshqa odam bo‘lsa-chi?

Kameralar belgilangan qoidabuzarlik­lar uchun jarima ballarini yozishi tushunar­li. Ammo qoidabuzarlik qayd etilgan avto­mobil ichida mulk egasi emas, balki boshqa odam bo‘lsa-chi? Tabiiyki, kamera haydovchi shaxsini aniqlab, uning o‘ziga jarima ba­lini hisoblay olmaydi. Har holda hozircha bunday tizim yo‘lga qo‘yilmagan. Shunday ekan, boshqa birov sodir etgan qoidabuzar­lik uchun avtomobil egasi nomiga jarima bali qayd etilishi qanchalik o‘rinli?

Keyingi kunlarda yangi tizim bilan bog‘liq berilayotgan eng ko‘p savollardan biri ham shu bo‘lmoqda. Yaʼni mashina egasi boshqa, rullда esa boshqa odam bo‘lgan holatda jarima bali haqiqiy huquqbuzar­ga yozilishi qay tartibda amalga oshiri­lishi, umuman, bu vaziyat tizimda nazarda tutilganmi yoki yo‘q ko‘pchilikni qiziq­tirmoqda. Mutasaddilar bunday holatda masʼuliyatni avtomobilni boshqargan fu­qaroga topshirish tartibi ishlab chiqilga­ni va talabgorlar tegishli qoida asosida uni amalga oshirishi mumkinligi bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlar orqali tushuntirish­lar bermoqda.

Keltirilishicha, yangi tartibga asosan, jarima ballarini taqsimlash mechaniz­mi ham joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, agar transport vositasini uning mulkdori emas, boshqa shaxs ishonchnoma, sug‘urta po­lиси yoki yo‘l varaqasi asosida boshqargan bo‘lsa, jarima ballari aynan qoidabuzar­likni sodir etgan haydovchiga yuklanishi mumkin.

— Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan jarima ballarini transport vositasini boshqargan haydovchiga nisba­tan qo‘llash uchun avtomashina egasi tomo­nidan elektron ariza topshirish tartibi belgilangan, — deydi Zoyir Yo‘ldoshev. — Qoidabuzarlik uchun javobgarlikni boshqa shaxsga o‘tkazish xizmati yagona inte­raktiv davlat xizmatlari portali (my.gov. uz) yoki Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining mo­bil ilovasi orqali ariza yuborish tarzida amalga oshiriladi. Keling, buni my.gov.uz misolida tushuntiraman. Dastlab trans­port vositasi egasi, yaʼni mulkdori tomo­nidan shaxsiy kabineti orqali ariza kiri­tilib, boshqarish huquqini olgan shaxs o‘z majburiyatlarini elektron raqamli imzo yoki “Face ID” orqali tasdiqlashi kerak. Ushbu xizmat uchun BHMning 10 foizi, ariza my.gov.uz orqali topshirilganda esa 9 foizi miqdorida yig‘im undiriladi. Shundan so‘ng kiritilgan ariza Yo‘HHning maʼmuriy amaliyot moduliga kelib tushadi va belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqi­lib, tasdiqlangani yoki rad etilgani to‘g‘risidagi xabar fuqaroга elektron tizim va SMS xabarnoma orqali yuboriladi. Ja­vobgarlikni qabul qilib oluvchi ham buni tasdiqlashi kerak. Shundan so‘ng qurilma­lar tomonidan aniqlangan tegishli qoidabuzarliklarning jarima ballari boshqa­ruvni qabul qilgan haydovchiga nisbatan qo‘llanila boshlaydi.

Mazkur xizmatdan foydalanishda ij­timoiy reyestrdagilar hamda I va II guruh nogironligi bor shaxslar uchun to‘lovlarda 50 foiz chegirma mavjud. Davlat organlari va yo‘lovchi tashuvchilar uchun esa o‘z xodim­lariga javobgarlikni rasmiylashtirish tekin.

Haydovchilik guvohnomasini qaytarib olish uchun qaytadan imtihon topshiriladi

Qoidabuzarliklar uchun javobgarlikni kim zimmasiga olishini avtomobil egasi­ning o‘zi hal qiladi. Ammo javobgar kim bo­lishidan qatʼi nazar, qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanishda davom etadi. Agar bir yil ichida ballar soni 8 tadan oshsa, haydovchiga SMS orqali ogohlantiruv yubo­riladi. 12 ball to‘planganda maʼlumot maʼmuriy chora ko‘rish masalasini ko‘rib chiqish uchun sudga yuboriladi. Haydovchi sudda bayonnomaga qarshi shikoyat bildirishim mumkin, asosli bo‘lsa, qaror va ballar bekor qilinadi. Aksincha holatda esa haydovchi 6 oydan 3 yil muddatgacha haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinadi.

Odamlarni haydovchilik huquqidan mahrum etilgan fuqaro qay tartibda yana guvoh­nomani qaytarib olishi, uning shartlari qanday bo‘lishi haqidagi savollar ham qiziq­tirmoqda. Mutasaddilarning aytishicha, fu­qaro guvohnomani qaytarib olish uchun qay­tadan imtihon topshirishiga to‘g‘ri keladi.

— Vazirlar Mahkamasining 2018 yil­dagi tegishli qarorida avtomototransport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilingan shaxslar milliy haydovchilik guvohnomasini qaytarib olish uchun mahrum qilish muddatidan qatʼi nazar, maʼmuriy jazo muddati nihoyasiga yetgach, majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, nazariy hamda ama­liy imtihonlarni qayta topshirishi shart ekani ko‘rsatilgan, — deydi Zoyir Yo‘ldo­shev. — Demak, fuqaroning haydovchilik hu­quqi nazariy va amaliy imtihonlardan o‘tish asonisida qaytarib olinadi. Yana bir tomoni, amaldagi tartibga ko‘ra, haydovchilik huqu­qidan mahrum etilgan shaxs ushbu huquqni qaytarib olish uchun nazariy imtihonlarda 20 tadan 18 ta emas, balki 50 ta savoldan 46 tasiga to‘g‘ri javob berishi talab etila­di. Shu bois, haydovchilar, avvalo, o‘zi va boshqalar xavfsizligi, qolaversa, haydov­chilik huquqidan mahrum bo‘lib qolmasligi uchun ham yo‘l harakati qoidalariga qatʼiy rioya etishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Yaʼni endi haydovchilar ballar tizimiga moslashibgina qolmay, yo‘llarda harakatlanayotganda intizom va hushyorlikni oshirishi kerak. Chunki tizim amaliyotga joriy etildi va kameralar jarima ballarini qayd etishni boshladi. Ehtiyotsizlik sabab 12 ball to‘planib qolsa, jarima puli bilan qutulib bo‘l­maydi, kamida olti oy haydovchilik guvohno­masidan mahrum bo‘lishga to‘g‘ri keladi.

Tartibli haydovchilar uchun esa imtiyoz va rag‘batlar mavjud. Masalan, agar haydovchi bir yil ichida umuman qoidabuzarlik sodir etmasa va ball yig‘masa, rag‘batlantirish tariqasida navbatdagi yilda yozilgan birinchi jarima bali hisoblanmaydi. Bordi-yu, yil davomida birinchi ballni yig‘ib, undan keyin takroran umuman qoidabuzarlik sodir etmagan taqdirda ham navbatdagi yilda olgan bi­rinchi bali chegirib tashlanadi. Shuningdek, haydovchi oxirgi huquqbuzarligi uchun jari­ma hisoblangan vaqtdan boshlab 6 oy davomida umuman qoidabuzarlik sodir etmasa, umumiy to‘plagan ballaridan 2 ball chegiriladi.

Bir yil ichida jarima ballari 12 ball­ga yetmasa, haydovchiga qonuniy jazo chorasi qo‘llanilmaydi va bungacha to‘plangan balla­ri kelasi yil davri uchun hisoblanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Navbatdagi yildan jarima bal­larini hisoblash yangidan boshlanadi. Bular ham haydovchiga qo‘shimcha yengilliklar beri­lib, ballar tizimi jazo chorasi emas, balki yo‘llardagi xavfsizlikni taʼminlashga qara­tilganini ko‘rsatadi.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri