Jahon hamjamiyati guvoh: mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida bahor faslining ilk oyi — mart olamshumul tarixiy voqealar bilan toʻlib-toshdi. Keling, tadrijiy ketma-ketlik anʼanasidan chekinib, gapni davlatimiz rahbari gʻoyasi asosida bunyod etilib, foydalanishga topshirilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqimiz uchun chinakam ulkan maʼnaviy hodisa boʻlgani borasidagi mulohazalardan boshlasak. Millat tafakkurini boyitishga xizmat qilish missiyasini zimmasiga olgan bu muhtasham maskan yurtimizning boy tarixi, bebaho maʼnaviy merosi, asrlar davomida shakllangan ilm-maʼrifat anʼanalarining yorqin timsoli sifatida barpo etildi.

Bugun Oʻzbekiston tinchlik, bilim va maʼrifatli islom mamlakati sifatida rivojlanmoqda. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, yangi Xorazmiy, Beruniy, Ulugʻbek, Fargʻoniy, Ibn Sino, Buxoriy va Termiziylar voyaga yetmoqda. Zaminimiz asrlar davomida jahon tamaddunining muhim markazlaridan biri sifatida islom madaniyati va ilm-fan rivojida beqiyos oʻrin tutgan. Buyuk mutafakkirlar, alloma va muhaddislar yetishib chiqqan bu zaminda boy maʼnaviy meros shakllangan. Endi ana shu ulkan merosni asrab-avaylash, chuqur oʻrganish va keng jamoatchilikka yetkazish ishlari ilmiy-maʼrifiy maskan vositasida bajariladi.

Davlatimiz rahbari 17-mart kuni Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilish marosimidagi nutqida xalqimizga qarata “Ne-ne ajdodlarimizning orzu-niyatlari, armonlari roʻyobga chiqqan mana shunday unutilmas kun bilan, chinakam ilm-maʼrifat bayrami bilan hammangizni chin qalbimdan tabriklayman. ­Mamlakatimizning uch ming yillik shonli tarixi va boy madaniyatining, yangi Oʻzbekiston imkoniyatlarining yorqin koʻzgusi boʻlgan ushbu betakror va buyuk majmua barchamizga, butun xalqimizga muborak boʻlsin!” deya alohida taʼkidladi.

Bundan toʻqqiz yil oldin mazkur majmuani barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilinib, amaliy ishlar boshlangan edi. BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida eʼlon qilingan bu ezgu tashabbus jahon jamoatchiligi, ayniqsa, islom hamjamiyati tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Markaz binosi Prezidentimizning meʼmoriy gʻoya va takliflari asosida loyihalashtirildi. Davlatimiz rahbari ushbu majmuaga bir necha bor tashrif buyurib, bunyod etish jarayonida uning mazmunan va shaklan yanada mukammal boʻlishi yuzasidan qimmatli tavsiya va maslahatlarini berdi. Xususan, 2025-yilning oʻzida markazga bir necha marta kelib, ekspozitsiyalar, infratuzilma, maʼrifiy va ilmiy yoʻnalishlarni takomillashtirish boʻyicha muhim gʻoyalari bilan oʻrtoqlashdi.

Oʻtgan yili minglab xorijiy mehmon tashrif buyurgani Islom sivilizatsiyasi markazining jahon miqyosida katta qiziqish va eʼtibor uygʻotganini tasdiqlaydi. Mehmonlar orasida Prezidentlar, parlament va hukumat rahbarlari, deputatlar, senator va lordlar, vazir va elchilar, ilm-fan va jamoat arboblari, diniy tashkilotlar rahnamolari borligini taʼkidlash lozim.

“Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etishga kirishar ekanmiz, men, dunyoning qayerida boʻlmasin, tariximizga tegishli bir varaq qoʻlyozma boʻlsa ham, bitta eksponat boʻlsa ham topib, yurtimizga olib kelishni orzu qilgan va shu vazifani oʻrtaga qoʻygan edim. Ming shukrki, bugun ana shu maqsadimizga asta-sekin erishyapmiz. Bu ishlarni, albatta, davom ettiramiz”, dedi Prezidentimiz. Bu gaplarda olam-olam maʼno, maqsad va mazmun mujassam emasmi?!

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mahobati, hududi va qamroviga koʻra, dunyoda islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyalarini oʻrganish hamda targʻib etishga qaratilgan yirik majmualardan biri boʻlib maydonga chiqqani haqida jahon matbuoti allaqachon bong ura boshladi.

* * *

Fakt. Ushbu noyob majmua salkam 10 gektar hududda joylashgan, binoning umumiy foydalanish maydoni 50 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bu yerda “Oʻzbekiston zaminida islomgacha boʻlgan davr”, “Birinchi va Ikkinchi Renessans”, “Yangi Oʻzbekiston — Uchinchi Renessans poydevori” va boshqa zallar mavjud. Oʻtgan yilning oʻzida 1500 dan ortiq eksponat, jumladan, 800 ga yaqin qadimiy qoʻlyozma, arxeologik topilma va tarixiy xaritalar ekspozitsiyaga joylashtirildi. Ayni vaqtda xorijiy auksion uylari, yirik kolleksioner va art dilerlar bilan hamkorlik oʻrnatilib, 743 ta eksponatning asl nusxalari yurtimizga keltirildi.

Ziyo taratuvchi qutlugʻ maskanlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 18-mart kuni hududlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, sohalardagi loyihalar bilan tanishish hamda yangilarini ishga tushirish, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha navbatdagi ustuvor vazifalarni belgilash maqsadida Samarqandga bordi. Tashrifning ikkinchi kuni davlatimiz rahbari yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va farovonlik nafasi, muborak Ramazon hayiti hamda Navroʻz bayrami shukuhiga hamohang ravishda viloyatdagi qator diniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Samarqand yoki Oʻzbekiston, balki butun dunyo musulmonlari uchun tabarruk manzillardan. Chunki buyuk muhaddis yashagan davr vaqt nuqtayi nazaridan ham, zamon nuqtayi nazaridan ham uzoq oʻtmishga ega. Alloma yaratgan maktab, taʼlim, ilm, katta maʼrifiy meros hech qanday vaqtga boʻysunmaydi. Zero, u umrini bagʻishlagan ilm barhayot.

Prezidentimiz Samarqand viloyati Pay­ariq tumanida qaytadan bunyod etilgan ushbu majmuada ham boʻldi. Ziyoratgohning qoq markazidan buyuk hadisshunos bobomizning maqbarasi oʻrin olgan. Davlatimiz rahbari maqbarani ziyorat qildi. Qurʼon oyatlari tilovat etilib, duo oʻqildi.

— Buxoriy bobomiz Qurʼoni karimdan keyingi eng moʻtabar manba boʻlgan hadislar kitobini yaratib, butun islom olamida shuhrat qozongan ulugʻ siymodir. Muqaddas zaminimiz dunyoga mana shunday mashhur allomani bergani bilan har qancha faxrlansak, arziydi. El-yurtimizning fidokorona mehnati bilan bugun orzu-niyatlarimiz roʻyobga chiqdi. Bu betakror ziyoratgohni Imom Buxoriy bobomizning olamshumul mavqeiga, yuksak maqomiga munosib darajada bunyod etishga muyassar boʻldik. Mana shunday tabarruk maskan barchamizga muborak boʻlsin, — dedi davlatimiz rahbari.

Majmua mamlakatimiz yetakchisi tashabbusi bilan buyuk muhaddis bobomizning islom olamidagi yuksak mavqei, ulkan salohiyatiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi. Ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratildi.

 * * *

Fakt. Majmua huzurida turizm markazi ochildi. Yondosh 15 gektar maydonda zamonaviy infratuzilma yaratilib, shinam mehmonxonalar, xizmat koʻrsatish va servis nuqtalari barpo etildi. Jumladan, 1 ta toʻrt yulduzli, 2 ta uch yulduzli mehmonxona, 22 ta 176 oʻrinli oilaviy mehmon uyi hamda avtoturargoh qurilgan. Imom Buxoriy majmuasi ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat koʻrsatgan boʻlsa, hozir kuniga 65 ming ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega. Maydoni 45 gektarni tashkil etadi. 10 ming kishiga moʻljallangan ulkan masjid, maʼmuriyat binosi, 154 ustunli, milliy uslubdagi muhtasham ayvon qurildi. Qadamjodagi 14 ta moviy gumbaz, 75 metrli 4 ta minora ulugʻvor qiyofa bagʻishlab turibdi.

Uygʻonish va ruhiy poklanish ramzi

Navroʻz arafasida mamlakatimizda Ramazon hayiti keng nishonlandi. Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston xalqiga tabrik yoʻllab, yurtdoshlarimizni ezgulik, mehr-oqibat va saxovat ayyomi bilan chin qalbdan samimiy muborakbod etdi. Tabrikda keyingi yillarda shakllangan anʼanaga muvofiq, mamlakatimizda Ramazon oyini munosib oʻtkazish boʻyicha bu yil ham xalqimiz bilan birgalikda koʻplab xayrli ishlar bajarilgani taʼkidlandi.

“Avvalo, maxsus qaror asosida aholining ehtiyojmand qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida keyingi 35 yilda birinchi marta 1 trillion soʻm mablagʻ ajratilib, muhtoj va kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash, bemorlarga zarur tibbiy yordam koʻrsatish kabi ezgu ishlarga sarflanganini taʼkidlash lozim. Xususan, 450 milliard soʻm 600 mingdan ziyod ehtiyojmand oilaga moddiy koʻmak tariqasida yoʻnaltirildi. Bundan tashqari, ijtimoiy ­reestrdagi davolash rejalashtirilgan 6000 nafar bemorga tibbiy yordam koʻrsatilmoqda, jumladan, ogʻir kasallar operatsiya yoʻli bilan davolanmoqda”, dedi davlatimiz rahbari.

Yurtdoshlarimiz 20-mart kuni Ramazon hayiti namozini ado etdi. Ibodat chogʻida yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik, farovonlik va barqaror rivojlanish bardavom boʻlib, jahonning turli hududidagi urush va nizolar tezroq barham topib, barcha xalq tinchlik va barqarorlikda hayot kechirishini tilab duolar qilindi.

Shuningdek, 19-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Navroʻz umumxalq bayrami va muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida xalqimizga xos ezgulik, mehr-oqibat, bagʻrikenglik, kechirimli boʻlish kabi olijanob fazilatlarni namoyon etgani holda hamda davlatimiz yuritayotgan insonparvarlik siyosatining amaliy tasdigʻi sifatida “Jazo muddatini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini oʻtayotgan hamda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan

392 shaxs afv etildi. Afv etilganlarning 223 nafari asosiy jazodan toʻliq ozod qilindi, 82 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozodlikka chiqarildi, 34 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bagʻriga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shugʻullanishi, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyib, jamiyatda munosib oʻrin topishi uchun ularga koʻmak berish boʻyicha masʼul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

21-mart kuni “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida Navroʻz umumxalq bayramiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Unda Prezidentimiz ishtirok etib, butun xalqimizni qutladi. Davlatimiz rahbari millati, tili va dinidan qatʼi nazar, har bir yurtdoshimizni rozi qilish, xalqimiz farovonligini taʼminlash yoʻlidagi ishlar yangi bosqichga koʻtarilayotganini taʼkidladi. Bu yil bayram “Navroʻzni ulugʻlash — insonni ulugʻlashdir!” degan gʻoya asosida oʻtayotgani ham ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi ekanini qayd etdi.

Ming yillar davomida xalqlar oʻrtasida maʼnaviy koʻprik boʻlib kelayotgan Navroʻzning tinchlik, doʻstlik va hamkorlik gʻoyalari bugungi notinch zamonda yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Yurtimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari ushbu bayramni bir boʻlib, shodu xurramlik bilan nishonlamoqda. Ana shunday ahillik va totuvlik yangi Oʻzbekistonni birgalikda barpo etishning eng ishonchli kafolati boʻlib maydonga chiqdi.

Mamlakatimiz yetakchisi shu kuni poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi Milliy madaniy markazlar pavilyoniga tashrif buyurdi hamda yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillari bilan muloqot qildi.

Doʻstlik bogʻi hamda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi binosiga tutash maydonda barpo etilgan, 22 millatning oʻziga xos arxitekturasi aks etgan pavilyon yurtimizda milliy madaniyatlarni rivojlantirish, millatlararo totuvlikni asrab-avaylash va mustahkamlash, shu orqali yosh avlodni bagʻrikenglik va hamjihatlik ruhida tarbiyalashga davlat siyosatining muhim yoʻnalishi sifatida qaralayotganining yorqin tasdigʻidir.

Bu yerda qozoq, qirgʻiz, turkman va boshqird oʻtovlari, koreys, belarus, ukrain, grek, olmon, dungan, polyak, yahudiy, gruzin, arman, tatar va qrim-tatar, uygʻur, turk, tojik, xitoy, rus hamda ozarbayjon xalqlarining ikki qavatdan iborat doʻstlik uylari joylashgan.

Davlatimiz rahbari har bir milliy maskan faoliyati bilan tanishdi. Ishtirokchilar bilan samimiy muloqot qildi. Uchrashuvlar chogʻida milliy-madaniy markazlarning umumxalq bayramlarini yuksak ruhda ­oʻtkazishdagi hissasi alohida eʼtirof etildi. Yuksak vatanparvarligi, fidoyi mehnati bilan respublikamizning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirishga qoʻshayotgan hissasi uchun turli millatga mansub yurtdoshlarimizga minnatdorlik bildirildi.

 * * *

Fakt. Yurtimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari yagona, ahil oila boʻlib yashab kelmoqda, 157 ta milliy madaniy markaz faoliyat yuritmoqda. Bu xilma-xillik koʻp asrlik tarixiy jarayonlar natijasida shakllangan noyob ijtimoiy hodisadir.

Ayollar eʼzozda va himoyada

Mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash, ayniqsa, ayollar va bolalarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish keyingi yillarda izchil va tizimli tus oldi. Erta nikoh, erta yoshdagi tugʻuruq hamda ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlik holatlarining oldini olish, oila institutini mustahkamlash, jamiyatda sogʻlom ijtimoiy muhitni shakllantirish masalalariga doimiy eʼtibor qaratib kelinmoqda.

Prezidentimiz 3-mart kuni ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini yanada kuchaytirish, ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish yuzasidan takliflar hamda yangi tashabbuslar bilan tanishdi. Shu kuni davlatimiz rahbarining “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy-huquqiy choralar toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilindi.

Farmonni shunchaki navbatdagi huquqiy qadam deb aytishning oʻzi kamlik qiladi. Chunki bu hujjat jamiyatda ayol va bola shaʼni, qadr-qimmati va xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan aniq strategik dasturdir. Unda davlat organlari va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, profilaktika mexanizmlarini kuchaytirish, huquqbuzarliklarning oldini olish va jabrlanuvchilarni qoʻllab-quvvatlashning zamonaviy yondashuvlari belgilab berildi.

Bahorning eng nafis va goʻzal bayramlaridan biri 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bir guruh opa-singillarimizning mukofotlanishi esa ayyomga yanada koʻtarinkilik bagʻishladi. Mamlakatimizda moʻtabar ayol zotiga ulkan ehtirom koʻrsatish, davlat va jamiyat hayotidagi oʻrni va nufuzini oshirish, shuningdek, samarali mehnati, boy bilimi va tajribasi bilan yurtimizdagi keng koʻlamli islohotlar jarayonida faol qatnashib, yangi Oʻzbekistonni barpo etish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish yoʻlida alohida tashabbus va ibrat koʻrsatib kelayotgan xotin-qizlarni munosib taqdirlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni imzolandi.

Unga koʻra, davlatimizning “Oʻzbekiston Respublikasi xalq shoiri” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati”, “Doʻstlik”, II darajali “Sogʻlom avlod uchun”, II darajali “Salomatlik” ordeni, “Sogʻlom turmush”, “Sodiq xizmatlari uchun”, “Kelajak bunyodkori”, “Shuhrat” medali kabi yuksak mukofoti oʻz egalariga tantanali topshirildi. Shuningdek, davlatimiz rahbari “Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlash toʻgʻrisida”gi qarori bilan mamlakatimizda xotin-qizlarni eʼzozlash, ularning ezgu orzu-intilishlarini qoʻllab-quvvatlash hamda oʻzining iqtidori, muhim gʻoya va tashabbuslari, ibratli amaliy ishlari va erishgan yutuqlari bilan yoshlarga oʻrnak boʻlib kelayotgan qizlarimizni ham munosib ragʻbatlantirdi.

6-mart kuni Koʻksaroy qarorgohida boʻlib oʻtgan bayram tadbirida esa Prezidentimiz turli sohalardagi mehnati, isteʼdodi va aql-zakovati bilan yangi Oʻzbekistonni barpo etishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan ayollarimizga, xalqaro maydonlarda Vatanimizni dunyoga tarannum etayotgan qizlarimizga, ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylariga samimiy minnatdorchilik bildirdi.

— Yangi Oʻzbekistonni ayollari hayotdan rozi boʻlib, baxtli-saodatli yashaydigan mamlakatga aylantirish — mening eng katta niyatim. Ishonchim komil, sizdek fidoyi, shijoatli, mehnatkash ayollarimiz, butun xalqimiz bilan birga ezgu maqsadlarimizga, albatta, erishamiz! — dedi davlatimiz rahbari. Zero, bu ezgu maqsad bugun mamlakatimizda kechayotgan islohotlar mazmunida oʻz aksini topyapti.

* * *

Fakt. Xotin-qizlar hayotidagi ijobiy oʻzgarishlar xalqaro maydonda ham eʼtirof etilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Parlamentlararo Ittifoqning “Parlamentdagi ayollar” reytingida 92 pogʻona yuqorilab, 36-oʻrinni egalladi. “Gender tenglik va boshqaruv” indeksida mamlakatimiz 103-oʻrindan 52-oʻringa koʻtarildi. Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksida esa 43 pogʻona yuqorilab, 48-oʻrinni egalladi.

Eng yoqimli kalom

3-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev huzurida mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi. Unda yurtimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash, harbiy xavfsizligini taʼminlash masalalari, shuningdek, joriy yil 13-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosining borishi koʻrib chiqildi.

Dunyoda keskinlik va mojarolar oʻchoqlari saqlanib qolayotgani, geosiyosiy raqobat kuchayib, yangi xatar va tahdidlar xavfi ortib borayotgani taʼkidlandi. Ayrim mintaqalardagi harbiy harakatlar jiddiy gumanitar va iqtisodiy oqibatlarga olib kelayotgan notinch xalqaro vaziyat sharoitida mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash hamda xavfsizligini taʼminlash alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Prezidentimiz 4-mart kuni Oʻmon, Birlashgan Arab Amirliklari, Kuvayt, Qatar, Bahrayn, Iordaniya yetakchilari bilan telefon orqali suhbatlashdi. Muloqotlarda Yaqin Sharqdagi hozirgi murakkab vaziyat muhokama qilinib, yuzaga kelgan beqarorlik jiddiy tashvish uygʻotayotgani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari Yaqin Sharq mamlakatlari yetakchilari bilan suhbatda Oʻzbekiston har qanday qarama-qarshilik hamda ziddiyatni siyosiy-diplomatik va tinch yoʻl bilan, muzokaralar orqali hal qilishning qatʼiy tarafdori ekanini bildirarkan, muloqotlar chogʻidagi muhim bir siyosiy aspekt bizni alohida hayajonga soldi, qalbimiz toʻlqinlandi.

Prezidentimiz telefon orqali suhbatlarda bu mamlakatlarda boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolarining taqdiri, xavfsizligi, salomatligi haqida soʻradi. Yurtdoshlarimizni Vatanga qaytarish masalalari muhokama qilinib, shu maqsadda koʻrilayotgan chora-tadbirlar uchun alohida minnatdorlik bildirildi.

Tahlikali hududlarda qolib ketgan yurtdoshlarimizni Vatanga qaytarish boʻyicha Prezidentimizning shaxsan oʻzi tegishli idoralar rahbarlariga koʻrsatmalar bergani, bu masalaga hukumat darajasida eʼtibor qaratilishi kerakligini aytgani va nihoyat shu kunga qadar minglab yurtdoshlarimiz tinch-osoyishta, fayzli, aziz zaminimizga sogʻ-omon olib kelingani har birimizda mehr va birdamlik tuygʻularini joʻsh urdirdi.

Shuningdek, mamlakatimiz yetakchisi Ozarbayjon Prezidenti bilan ham telefon orqali muloqot qildi. Fuqarolarimizni Erondan Ozarbayjon hududi orqali xavfsiz evakuatsiya qilish boʻyicha koʻrilayotgan choralar va yaratilayotgan sharoitlar uchun Ilhom Aliyevga minnatdorlik bildirdi.

* * *

Fakt. Oʻzbekiston Prezidentining maxsus topshirigʻi bilan evakuatsiya ishlari boshlangach, rezident aviakompaniyalar maxsus reyslar amalga oshirib, qisqa vaqtda minglab yurtdoshimiz Vatanga qaytarildi. Jarayonni muvofiqlashtirish uchun “Oʻzaviatsiya” agentligida 24/7 rejimda ishlaydigan shtab tashkil etildi.

Bir rubobning ikki tori

Oʻzbek va tojik xalqlari oʻrtasidagi aloqalar mustahkam tarixiy ildizlarga ega. Bir oʻzandan suv ichgan xalqlarimiz tarixi, taqdiri tutash, urf-odatlari, qadriyatu anʼanalari yaqin, maqsadlari mushtarak, azaldan quda-andalik, qarindoshlik aloqalari mustahkamlanib kelgan. Asriy aloqalar yangi Oʻzbekiston sharoitida zamonaviy bosqichda yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari izchil kengayib, siyosiy muloqot bilan bir qatorda savdo-iqtisodiy, transport va gumanitar sohalarda ham aniq natijalarga erishilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon 26-27-mart kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda boʻldi. Davlatimiz rahbari ushbu tashrif ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashda muhim bosqich ekanini taʼkidlab, “Bugun biz Oliy davlatlararo kengashning birinchi yigʻilishini boshlab bermoqdamiz. Ushbu format, shubhasiz, ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtaradi, Oʻzbekiston — Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini amaliy mazmun va ilgʻor tashabbuslar bilan boyitishga xizmat qiladi”, dedi.

Tashrif doirasida Oliy davlatlararo kengash yigʻilishi oʻtkazildi, ikki davlat oʻrtasida Strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini kengaytirish toʻgʻrisida qoʻshma bayonot imzolandi. Shuningdek, yetakchilar yirik kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ishtirok etib, 10 ta qoʻshma loyihani boshlab berdi.

Bundan tashqari, Toshkent shahrida Tojikiston elchixonasining yangi binosi ochilishiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Prezidentlar ramziy tasmani kesib, elchixona va konsullik boʻlimining maʼmuriy binolari, elchi qarorgohi, diplomatlar va ularning oila aʼzolari uchun turar joylarni qamrab olgan majmuani koʻzdan kechirdi.

Davlatimiz rahbari Tojikistonning yangi qurilgan elchixonasi faoliyatiga baho berar ekan, bu dargoh ikki xalqning orzulariga xizmat qilsin deya samimiy, doʻstona tilaklarini bildirdi. Ushbu tadbir Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga oʻzaro intilish qatʼiy ekanini yana bir bor tasdiqladi.

2024-yil 19-aprelda Prezidentimizning Tojikistonga davlat tashrifi doirasida mamlakatimizning Dushanbe shahridagi elchixonasi yangi binosining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtgandi. Har ikki davlatda elchixonalar binosining yangilanishi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani bilan bogʻliq.

Tashrifning ikkinchi kuni Tojikiston Prezidenti Buxoro shahrida boʻldi. Martabali mehmon davlatimiz rahbari hamrohligida dastlab Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi. Soʻng mamlakatlar yetakchilari somoniylar maqbarasiga tashrif buyurdi. Maqbaralarga ziyorat chogʻida Qurʼon oyatlari tilovat qilinib, oʻtganlarga rahmat, yurtimizga tinchlik va farovonlik tilab, duo qilindi.

* * *

Fakt. Oʻtgan yili ikki mamlakat oʻrtasida tovar ayirboshlash hajmi, eng avvalo, tayyor mahsulotlarni oʻzaro yetkazib berish hisobiga qariyb 1 milliard dollarga yetdi. 2028-yilga kelib, oʻzaro savdoni 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari koʻrib chiqilmoqda. Bugungi kunda ikki mamlakat poytaxtlari oʻrtasida aviareyslar, avtobus va poyezd qatnovlari yoʻlga qoʻyilgan. Yuk tashish hajmi jadal oʻsib bormoqda.

Kun tartibida sohalar va tarmoqlar rivoji

Mart oyida Prezidentimiz ishtirokida Xorazm, Sirdaryo, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va kelgusi ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilishlar boʻlib oʻtdi. Shuningdek, davlatimiz rahbari Toshkent shahri va viloyatida amalga oshirilayotgan ­bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirish, muhim loyihalarni ishga tushirish marosimlarida ishtirok etdi. Xususan, 16-mart kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati faoliyati,

24-mart kuni Yangi Toshkentda qad rostlayotgan qator yirik obyektlar bilan tanishdi.

Bundan tashqari, mamlakatimiz yetakchisiga transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga qaratilgan yirik loyihalar, qishloq va suv xoʻjaligi uchun muhandis kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, kimyo sanoatidagi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, kiberjinoyatlar va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan huquqbuzarliklarning oldini olish samaradorligini oshirish masalalariga bagʻishlangan takliflar taqdimot qilindi.

Prezidentimizga neft va gaz sohasida belgilangan vazifalar ijrosining holati, neft-gaz tarmogʻida qazib chiqarish hajmini barqarorlashtirish va yangi zaxiralarni oʻzlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan hisobotlar berildi. Davlatimiz rahbari raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish, farmatsevtika tarmogʻida ishlab chiqarishni kengaytirish hamda sohaga ilgʻor texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishlari ham boʻlib oʻtdi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari mart oyining soʻnggi kunida mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Qozogʻiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherbayevni qabul qildi.

* * *

Fakt. Davlatimiz rahbari Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. Fabrika yiliga 60 million tonna maʼdanni qayta ishlab, 900 ming tonnaga yaqin mis konsentrati ishlab chiqarish quvvati bilan nafaqat Markaziy Osiyodagi eng yirik mis ishlab chiqaruvchi majmualardan biri, balki ­dunyodagi yirik boyitish fabrikalari sirasiga kiradi.

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri