Davlat xavfsizlik xizmati maʼlumotiga koʻra, narkokuryerlar tomonidan giyohvandlik moddalari Afgʻonistondan kontrabanda yoʻli bilan Surxondaryo viloyati orqali olib kirilib, keyinchalik Yozyovon tumanidagi dala maydoniga yashirilgan.

Tezkor tadbir davomida Margʻilon shahrida yashovchi ikki nafar shaxs ushbu yashirin joydan qariyb 10 kilogramm “gashish” moddasini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Qoʻlga olish jarayonida ulardan katta miqdorda pul mablagʻlari ham musodara qilingan.

Shuningdek, tergovga qadar tekshiruvlarda jinoyatga aloqador yana bir shaxsning xonadonidan “opiy” moddasi, elektron tarozilar va pul mablagʻlari aniqlangan.

Keyinchalik mazkur noqonuniy faoliyatga yana ikki nafar shaxsning ham aloqadorligi maʼlum boʻlgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Bogʻdod tuman sudi hukmiga muvofiq, jami 5 nafar sudlanuvchi Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 246, 273 va 276-moddalari bilan aybdor deb topilib, ularga nisbatan 12-yildan 15-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.