Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Quvasoy shahri bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan nazorat tadbirida "P.F." MCHJ mas’ul shaxslari MCHJga qarashli umumiy ovqatlanish shoxobchasida umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulanib, 903,6 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Shuningdek, Departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “A.Y.” MCHJ rahbari M.J. Qo‘shtepa tumani, “Qumtepa” MFY hududidagi umumiy ovqatlanish shoxobchasida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib, 264,5 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Sergeli tuman bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro D.R. “Ziyolilar” MFY hududidagi xonadonda ishlab chiqarish sexida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib, 248,6 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Departamentning Yangibozor tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro G‘.A. “Obod” MFY hududidagi xonadonda umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 147,3 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) va 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.