Talabani mustaqil fikrlaydigan, tadqiqot qiladigan, yangi gʻoya yaratadigan, uni amaliyotga tatbiq etadigan va mehnat bozorida oʻz oʻrnini topa oladigan mutaxassis sifatida shakllantirish uchun yaxlit muhit yaratish zarur.

Shu yil 11-sentyabrda Prezidentimizning Olmazor tumaniga tashrifi ana shu yondashuvning amaliy koʻrinishini namoyon etdi. Binobarin, “Yoshlik” talabalar shaharchasida raqamli boshqaruv va xavfsizlik tizimi, yangi muhandislik universiteti, “Startup Navigator” ofisi, oliy taʼlim tarixi muzeyi, talabalar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari hamda kelgusidagi innovatsion klaster uchun yaratilayotgan muhit bir-biridan alohida loyihalar emas. Ularni yagona maqsad, yaʼni talabaning taʼlim olishi, izlanishi, oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi va jamiyatga kerakli mutaxassis boʻlib shakllanishiga xizmat qiladigan ekotizim sifatida koʻrish zarur. Bu jihatdan Olmazor tumanidagi tajriba oliy taʼlim tizimini rivojlantirishning yangi bosqichi uchun muhim ahamiyatga ega.

Talabaga munosabat oʻzgarmoqda

Bir paytlar oliy taʼlim deganda, avvalo, auditoriya, dars va diplomni tasavvur qilardik. Talabaning universitetda qanday yashashi, oʻzini qanchalik xavfsiz his qilishi, iqtidori qanday rivojlanishi, muammosi qachon va qanday aniqlanishi, bitirgandan keyin qayerda ishlashi kabi masalalarga bir-biridan uzoq jarayonlar sifatida qaralardi. Bugun talabaga munosabatning oʻzi oʻzgarmoqda. Endi biz uchun talaba faqat taʼlim oluvchi emas, uning taʼlimi, xavfsizligi, tashabbusi, ilmiy izlanishi, bandligi va kelajakdagi oʻrni bir butun tizimning eʼtibor markazida turishi kerak.

Zamonaviy boshqaruv, avvalo, talabaning muammosini oldindan koʻra bilishdan boshlanadi. Bugun “Yoshlik” talabalar shaharchasida joriy etilgan “Vaziyatlar markazi” aynan shu vazifani bajarishga xizmat qilmoqda. Markaz Toshkent shahrining ­Mirzo Ulugʻbek va Sergeli tumanlarida joriy etilgan raqamli boshqaruv tajribasi asosida shakllantirildi. Bu yerda 4 ta oliy taʼlim muassasasi, 41 ta talabalar turar joyi, 110 dan ortiq kuzatuv kamerasi, SOS tugmalari, patrul xizmat avtomobillari va boshqa obyektlar yagona interaktiv raqamli xaritaga integratsiya qilingan. Natijada shaharchadagi vaziyatni onlayn kuzatish, tezkor maʼlumot olish va zarur choralarni oʻz vaqtida koʻrish imkoniyati yaratildi.

Ilgari talaba haqidagi maʼlumotlar turli tizimlarda tarqoq holda edi. Endi esa 68 mingdan ortiq talaba boʻyicha maʼlumotlar yagona reyestrga birlashtirilib, har biri uchun elektron karta shakllantirilmoqda. Davomat, yotoqxona, ijtimoiy holat, murojaatlar va boshqa maʼlumotlarni bir muhitda koʻrish imkoniyati paydo boʻlmoqda. Ayniqsa, “Xavf” moduli ishga tushirilishi muhim. U orqali talabaning ijtimoiy holatidagi xavflar oldindan aniqlanib, alohida eʼtibor va nazorat talab qiladigan guruhlar shakllantiriladi. Buning uchun taʼlim, ichki ishlar, adliya, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy himoya sohalaridagi axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan maʼlumotlardan foydalanilmoqda.

“Vaziyatlar markazi” faqat xavfsizlik bilan cheklanmaydi. “Bitiruvchilar bandligi” moduli orqali bitiruvchining ish bilan taʼminlanganlik holatini onlayn kuzatish, ishga joylashtirish boʻyicha manzilli choralar koʻrish imkoniyati yaratilgan. “TTJ” moduli esa talabalar turar joylaridagi oʻrinlar, boʻsh va band joylar haqidagi maʼlumotlarni bir joyda koʻrish imkonini beradi.

Talabaning oʻzi ham bu tizimning faol ishtirokchisiga aylanadi. “Xavfsiz taʼlim” mobil ilovasi va Call markaz orqali oʻqish jarayoni, kontrakt toʻlovi, dars jadvali, yotoqxona, infratuzilma yoki boshqa muammolar boʻyicha murojaat qilish mumkin. Mobil ilovaga SOS tugmasi qoʻshilishi esa har bir talabaning telefonini qoʻshimcha xavfsizlik vositasiga aylantiradi. Bu yerda yana bir muhim jihat bor: raqamli tizim nafaqat talabaning xavfsizligini taʼminlash, ­balki ota-onaning ham farzandi taʼlimi va kundalik holatidan xabardor boʻlib turishi uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratadi. “Xavfsiz taʼlim” mobil ilovasining ota-onalar uchun moʻljallangan imkoniyatlari orqali farzandining taʼlim jarayoni, zarur holatlarda uning xavfsizligi va universitet bilan bogʻliq masalalar boʻyicha maʼlumot olish imkoniyati koʻzda tutilgan.

Shaharchada bir kunda 80 mingdan ortiq talaba harakatlanishi mumkin. Shu nuqtayi nazardan, “Vaziyatlar markazi” — ­katta ijtimoiy muhitni inson manfaati va xavfsizligi maqsadida boshqaruvning yangi tajribasi, talabani yaxshiroq tushunish, muam­moni oldinroq koʻrish, xavfni oldindan aniqlash va qarorni tezroq qabul qilishga xizmat etadigan boshqaruv modeli.

Qamrovdan sifatga, sifatdan samaraga

Bugungi oʻzgarishlarni toʻgʻri baholash uchun, avvalo, oliy taʼlim tizimida islohotlar boshlangan davrdagi holatni eslash kerak. Oliy taʼlim tizimida uzoq yillar davomida shakllangan yondashuvlar zamon talablariga javob berishda qiyinchilik tugʻdirardi. Qamrov past, taʼlim imkoniyatlari cheklangan, universitetlar mustaqilligi deyarli yoʻq, taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi bogʻliqlik esa bugun biz koʻzlayotgan darajada emas edi.

Shu sababli islohotlar oldida turgan vazifa oddiy emasdi. Gap mavjud tizimni bir oz yaxshilash emas, balki yillar davomida toʻplangan muammolarni hal qilish, oliy taʼlimni kengaytirish va uni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish haqida edi. Bugun biz erishayotgan natijalarning ahamiyatini ham aynan shu nuqtayi nazardan baholash kerak.

Bu vazifalar qanday koʻlamda bajarilganini raqamlar koʻrsatib turibdi. Oliy taʼlim sohasiga qaratilgan ulkan eʼtibor, yoshlar kelajagi, taqdiriga gʻamxoʻrlik va izchil saʼy-harakatlar natijasida 2017-2026-yillarda talabalar soni 279 mingdan 1,6 millionga yetdi. Oliy taʼlim tashkilotlari soni 77 tadan 205 taga, yoshlarning oliy taʼlim bilan qamrovi 9 foizdan 44 foizga, ilmiy salohiyat esa 32 foizdan 52 foizga oshdi. Bu natijalar tizimning koʻlami oʻzgarganini koʻrsatadi. Endi oldimizdagi asosiy masala ushbu katta salohiyatni sifat va natijaga aylantirishdan iborat.

2026-yilda qabul qilingan yangi yondashuvlar shu maqsadga qaratilgan. Oliy taʼlimda taʼlim, tarbiya, tadqiqot, tijoratlashtirish va tizimli takomillashtirishni bir-biri bilan bogʻlaydigan “5T” modeli shakllantirilmoqda. Bu modelda universitetga bilim, tadqiqot, innovatsiya va iqtisodiy qiymat yaratadigan markaz sifatida qaraladi.

Shuning uchun taʼlim sifati endi faqat auditoriyadagi darslar yoki imtihon natijalari emas, balki talabaning qanday bilim va koʻnikma bilan bitirayotgani, qanchalik mustaqil fikrlay olishi, ilmiy izlanishga tayyorligi, innovatsion gʻoyasini amaliyotga olib chiqa olishi va mehnat bozorida oʻz oʻrnini topishi bilan baholanishi kerak.

“ToshTech”: muhandislik taʼlimida yangi yondashuv

Bu yondashuvning eng muhim misollaridan biri “ToshTech” texnika universitetidir. Universitet Prezidentimizning 2025-yil
8-sentyabrdagi qarori asosida tashkil etildi. Loyiha qiymati 69,5 milliard soʻm boʻlib, Toshkent davlat texnika universitetining 7 qavatli oʻquv binosi toʻliq rekonstruksiya qilinib, zamonaviy laboratoriya va oʻquv jihozlari bilan taʼminlandi. Universitet akademik, moliyaviy va tashkiliy jihatdan mustaqil davlat oliy taʼlim muassasasi sifatida faoliyat yuritmoqda. 2030-yilgacha Toshkent davlat texnika universitetining tegishli fakultet va kafedralarini bosqichma-­bosqich yangi innovatsion ekotizimga transformatsiya qilish koʻzda tutilgan.

“ToshTech”da taʼlim toʻliq ingliz tilida tashkil etilgan. Shanxay Szyao Tong universiteti, Milan politexnika universiteti, Germaniyaning “Constructor” universiteti va “Boston Consulting Group” bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Milan politexnika universiteti bilan uchta taʼlim dasturi boʻyicha ishlanmoqda, Shanxay Szyao Tong universiteti bilan 2+2 va 3+1 dasturlari rejalashtirilgan, taʼlim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish boʻyicha “ASIIN” bilan kelishuv bor.

Yana bir muhim jihat, talaba birinchi kursdanoq real sanoat muammolari bilan ishlaydi. “ACWA”, “UzAuto Motors”, “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Hududiy elektr tarmoqlari” kabi korxonalar bilan hamkorlikning mazmuni ham shundan iborat. Bu aslida oliy taʼlim va mehnat bozori oʻrtasidagi masofani qisqartirishdir.

2026/2027 oʻquv yili uchun universitetga 1654 abituriyent hujjat topshirgani va ular orasidan eng bilimli va iqtidorli 400 yosh saralab olingani mazkur modelga qiziqish yuqori ekanidan darak. Ilk talabalarning barchasi davlat granti asosida taʼlim olmoqda. Bu yoshlar uchun berilgan imkoniyat bilan birga katta masʼuliyat hamdir. Davlat taʼlim olish uchun sharoit yaratsa, talaba bu imkoniyatni bilim, tadqiqot, mehnat va natija bilan oqlashi kerak.

Tarixni bilgan avlod kelajakni yaxshiroq quradi

“Yoshlik” talabalar shaharchasida Oliy taʼlim tarixi muzeyi ochilishi shu nuqtayi nazardan muhim. Muzeyda Oʻzbekis­tondagi taʼlim anʼanalarining ildizlari, Birinchi va Ikkinchi Uygʻonish davrlari, jadid maʼrifatparvarlari, XX asrda ­universitetlarning shakllanishi, mus­taqillik yillaridagi oʻzgarishlar va yangi Oʻzbekistondagi oliy taʼlim transformatsiyasi oʻzaro bogʻliq holda koʻrsatiladi.

Ekspozitsiyada Turkiston xalq dorulfununidan tortib, Oʻrta Osiyo davlat universiteti, Toshkent davlat universiteti va Oʻzbekiston Milliy universitetigacha boʻlgan tarixiy jarayonlar arxiv hujjatlari, fotomateriallar, infografika va multimedia vositalari orqali yoritiladi. Ayniqsa, muzeyda oliy taʼlimning soʻnggi oʻn yillikdagi oʻzgarishlari koʻrsatilishi talabalarimiz uchun muhim bir xulosani anglatadi: bugungi imkoniyatlar oʻz-oʻzidan paydo boʻlgan emas. Ular uzoq tarixiy taraqqiyot, ilmiy maktablar, ­maʼrifatparvarlar ­merosi va keyingi islohotlarning mantiqiy davomidir.

Shu maʼnoda, tarix muzeyi ham tarbiyaning bir shakli, xotira orqali kelajakni tarbiyalash maktabidir. Biz talabaga faqat qaysi kasbni egallashni emas, oʻzi tanlagan kasb va ilm zamini qanday shakllanganini ham anglatishimiz kerak. Chunki bugungi universitet bir kunda paydo boʻlgani yoʻq. Uning ortida asrlar davomida shakllangan ilmiy tafakkur, “ustoz-shogird” anʼanasi, maʼrifatga intilish va bilimni qadrlash madaniyati bor. Ana shu uzviylikni his qilgan yosh bugungi imkoniyatini ham, ertangi masʼuliyatini ham chuqurroq anglaydi.

Gʻoyadan natijagacha boʻlgan yoʻl

Zamonaviy universitetning yana bir muhim vazifasi talabaning ilmiy va innovatsion gʻoyasini koʻrish, uni qoʻllab-quvvatlash va amaliyotga olib chiqish uchun zarur muhitni yuzaga keltirishdir. Bugun mamlakatimizda 47 mingdan ortiq startap hamda innovatsion ishlanma amalga oshirilmoqda. Bu raqam yoshlarning yangilik yaratish salohiyati tobora ortib borayotganini koʻrsatadi. Endi muhim vazifa ana shu salohiyatni toʻgʻri yoʻnaltirish va har bir istiqbolli gʻoyaning oʻz manziliga yetib borishi uchun imkoniyat yaratishdir. Shu maqsadda shaharchada “Startup Navigator” ofisi tashkil etilmoqda. U yoshlarning gʻoyalarini saralash, ularni mavjud davlat tanlovlari, akseleratorlar va qoʻllab-quvvatlash mexanizmlariga yoʻnaltirishda koʻmak beradi. Yaʼni talaba oʻz gʻoyasi bilan qayerga borishni izlab vaqt yoʻqotmaydi, uning tashabbusi keyingi bosqichga olib chiqiladigan aniq yoʻnalishga ega boʻladi.

Aslida, innovatsion muhitning qiymati faqat unda qancha gʻoya paydo boʻlayotgani emas, shu gʻoyalarning qanchasi loyihaga, loyihalarning qanchasi real mahsulot, texnologiya yoki xizmatga aylanayotgani bilan belgilanadi. Shuning uchun universitetda yaratilgan tashab­bus qogʻozdagi taklif yoki tanlov uchun tayyorlangan loyiha boʻlib qolmasligi kerak. Uning ortida ilmiy izlanish, tajriba, sinov, hamkorlik va bozorga chiqish imkoniyati turgan yaxlit jarayon boʻlishi zarur. Bu yondashuv oliy taʼlimda shakllanayotgan yangi falsafaning muhim qismi. Universitet endi faqat bilim berib, ilmiy maqola tayyorlaydigan maskan emas. U yangi bilimni gʻoyaga, gʻoyani innova­siyaga, innovatsiyani esa iqtisodiy va ijtimoiy qiymatga aylantiradigan muhit boʻlishi kerak. Shunda talaba yangi gʻoya va yangi qiymat yaratuvchi shaxs sifatida shakllana boshlaydi.

Innovatsion klaster tashkil etiladi

“Yoshlik” talabalar ­shaharchasining 42 gektar hududida AT park, yuqori ­texnologiyali sanoat va taʼlim obyektlarini birlashtirgan innovatsion klaster tashkil etilishi rejalashtirilgan. Menimcha, bu yerda muhim jihat faqat yangi obyekt­larning barpo etilishida emas. Asosiy masala ularning bir-biri bilan qanday ishlashida. Chunki zamonaviy oliy taʼlim uchun alohida auditoriya, laboratoriya yoki texnoparkning oʻzi yetarli emas. Ular oʻrtasida uzluksiz harakat boʻlishi kerak. Talaba auditoriyada olgan bilimini laboratoriyada sinab koʻradi, laboratoriyada paydo boʻlgan savol uni tadqiqotga yetaklaydi, tadqiqot natijasi yangi gʻoyaga, gʻoya startapga, startap esa korxona uchun zarur mahsulot yoki texnologiyaga aylanadi.

Shu maʼnoda, innovatsion klasterni faqat bir necha obyekt joylashgan hudud emas, bilim va gʻoyalar harakatlanadigan muhit sifatida tushunish zarur. Bu yerda universitet, ilmiy markaz, texnologik kompaniya, ishlab chiqarish korxonasi va talaba bir-biridan uzilgan holda emas, yagona jarayon ishtirokchisi sifatida harakat qiladi. Bu yondashuv “ToshTech”da yoʻlga qoʻyilayotgan muhandislik taʼlimi, “Startup Navigator” orqali yoshlarning gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash, ilmiy laboratoriyalar va sanoat korxonalari bilan hamkorlik kabi tashab­buslarni ham yagona mantiqqa birlashtiradi. Yaʼni talaba uchun taʼlim, tadqiqot, innovatsiya va amaliyot alohida bosqichlar emas, bir-­birini davom ettiradigan jarayonga aylanadi. Aslida, universitetning hududi qanchalik katta ekani emas, shu hududda qancha bilim yaratilayotgani, qancha gʻoya sinovdan oʻtayotgani va ularning qanchasi real qiymatga aylanayotgani muhim. Shu nuqtayi nazardan, “Yoshlik” talabalar shaharchasida shakllanayotgan muhit oliy taʼlim, ilm-fan, texnologiya va iqtisodiyot oʻrtasidagi yangi bogʻliqlikning amaliy koʻrinishi boʻla oladi. Ana shunda talabalar shaharchasi oddiy oʻquv va yashash hududidan yoshlar bilim oladigan, bilim yaratadigan, sinaydigan va uni hayotga tatbiq etadigan ekotizimga aylanadi.

Olmazor tajribasi nimani koʻrsatmoqda?

11-sentyabr kuni Olmazorda koʻrilgan ishlarga alohida loyihalar yigʻindisi emas, balki oliy taʼlimning yangi modeli qanday shakllanayotganini koʻrsatadigan yagona tizim sifatida qarash muhim. Raqamli boshqaruv talabaning xavfsizligi va kundalik muhitini yaxshilashga xizmat qilsa, “ToshTech” taʼlimni sanoat va mehnat bozori bilan yaqinlashtiradi. “Startup Navigator” gʻoyani amaliy natijaga olib chiqish uchun imkoniyat yaratadi, muzey esa taʼlim va tarbiya uzviyligini taʼminlaydi. Innovatsion klaster bu jarayonlarni yanada keng muhitda birlashtirishi koʻzda tutilmoqda.

Buning zamirida bitta muhim oʻzgarish bor: biz oliy taʼlimda miqdoriy oʻsish bosqichidan sifat va natija bosqichiga oʻtyapmiz. Endi universitet faoliyatini shu muhitda qanday mutaxassis shakllanayotgani bilan baholashimiz kerak. Buning uchun universitetning akademik va boshqaruv mustaqilligi, taʼlim dasturlari xalqaro talablarga mosligi, ilmiy salohiyat, raqamlashtirish va sunʼiy intellektdan samarali foydalanish, sanoat bilan hamkorlik, bitiruvchilarning bandligi kabi yoʻnalishlar bir-biridan ajratilmasligi zarur. Taʼlim sifati aynan shu omillarning bir nuqtada tutashishi orqali namoyon boʻladi.

Xalqaro reytinglar va akkreditatsiyalar shu jarayonning muhim vositalaridan. Ammo ularni maqsadning oʻziga aylantirmasligimiz kerak. Reyting universitetning qaysi darajada turganini koʻrsatadi, akkreditatsiya esa taʼlim jarayonining belgilangan standartlarga mosligini baholaydi. Biz uchun eng muhim mezon esa talaba universitetga kirgan kuni bilan uni bitirayotgan kuni oʻrtasida qanday oʻzgarish yuz berganidir.

Agar u mustaqil fikrlaydigan, kasbiy bilim va koʻnikmalarga ega, tadqiqot qiladigan, yangi gʻoya taklifini amaliyotga tat­biq eta oladigan mutaxassis boʻlib shakllansa, demak, universitet oʻz vazifasini bajargan boʻladi. Shu maʼnoda, “Yoshlik” talabalar shaharchasida boshlanayotgan ishlar oliy taʼlimni yangi mazmun, yangi muhit va yangi natija mezonlari asosida tashkil etish ­yoʻlidagi amaliy qadamdir.

Qoʻngʻirotboy SHARIPOV,

oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri