Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Davlat xavfsizlik xizmati hamkorligida olib borilgan tadbirda Fargʻona viloyatining Dangʻara tumanidagi dalalardan birida yashirilgan 7 kilogrammga yaqin «gashish» giyohvandlik vositasi olingan vaqtida ikki nafar shaxs qoʻlga olindi. Aniqlanishicha, ular muqaddam sudlangan boʻlib, 1995 va 1982 yillarda tugʻilgan.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, ushlanganlardan biri 2024 yildan buyon qoʻshni davlatlar orqali harakat qiluvchi transmilliy jinoyiy guruh bilan aloqada boʻlib, katta miqdorda giyohvandlik vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan.
Toshkent shahrida esa internet tarmoqlari orqali faoliyat yuritgan narkosavdo guruhi aʼzolari fosh etildi. Xususan, Mirobod va Mirzo Ulugʻbek tumanlarida 1,6 kilogramm giyohvandlik vositalarining tarqalishi oldi olindi.
Mirobod tumanida oʻtkazilgan tadbirda talaba yigit «zakladka» usulida joylashtirish maqsadida 7 dona izolentaga oʻralgan «marixuana»ni qoʻyayotgan vaqtida ushlangani qayd etildi.
Mazkur holatlar yuzasidan tegishli tartibda jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.