Men ham har kuni ertalab minglab insonlar qatori yo‘lga chiqaman. Avval avtobusga o‘tiraman, keyin metroga chiqaman. Ana shu kunlik safarlar davomida turli odamlarni, turfa fe’l-atvorlarni, xilma-xil munosabatlarni ko‘raman, kuzataman. Ba’zan oddiygina bir xushmuomalalik kayfiyatimni ko‘taradi. Ayrim hollarda esa ertalab boshlangan bepisandlik yoki odobsizlik kun bo‘yi ko‘ngilni xira qiladi.
Jamoat transportini ko‘pchilik oddiy harakat vositasi deb biladi. Aslida esa u jamiyatning haqiqiy yuzi namoyon bo‘ladigan maydon. Avtobus, metro yoki bekatdagi manzaralarga nazar tashlasangiz, odamlarning madaniyat haqidagi balandparvoz nutqlaridan ko‘ra ko‘proq xulosa chiqarish mumkin. Chunki insonning kimligi yig‘inlarda aytgan gaplarida emas, balki boshqalar bilan muomalasida ko‘proq bilinadi.
Har kuni avtobus bekatlarida bir xil holat takrorlanadi. Odamlar transport kutadi, ammo avtobus ko‘rinishi bilan tartib ham, sabr ham qayergadir g‘oyib bo‘ladi. Bir necha daqiqa oldin xotirjam turganlar bir zumda oldinga otiladi. Navbat haqida gapirishning o‘zi kulgili tuyuladi. Har kim o‘zini boshqalardan ustun qo‘yishga, birinchi bo‘lib avtobusga chiqishga intiladi. Go‘yoki birinchi chiqqan odamning hayoti keskin o‘zgarib ketadigandek.
Eng achinarlisi, ko‘pchilik bu holatni odatiy deb qabul qilib bo‘lgan. Turtish, suqilib kirish, boshqalarning huquqini poymol qilish ayrimlar uchun kundalik odatga aylangan. Holbuki, bir necha soniya kutish hech kimni halokatga olib bormaydi. Ammo madaniyatsizlik butun muhitni zaharlaydi. Bir kishining befarqligi o‘nlab odamlar kayfiyatini buzadi.
Avtobus ichiga kirgach ham ahvol o‘zgarmaydi. Yoshi ulug‘ insonlar tik turgan bo‘lsa-da, ba’zi yoshlar o‘zini hech narsa ko‘rmayotgandek tutadi. Quloqchin taqib, telefonga yopishib olgan bu insonlar atrofida kim turganini ko‘rishni ham istamaydi. Ular uchun shaxsiy qulaylik boshqalar ehtiyojidan muhimroqdek. Vaholanki, har kuni baland minbarlarda turib yoshlar tarbiyasi haqida gapiramiz. Tarbiya haqidagi gaplar bilan amaldagi munosabat o‘rtasidagi farq ana shunday vaziyatlarda yaqqol ko‘rinadi.
Metroda ham shunga o‘xshash manzara kuzatiladi. Eshik ochilishi bilan ba’zilar tushayotganlarga yo‘l berish o‘rniga ichkariga yopiriladi. Natijada odamlar bir-biriga uriladi, asabiylashadi, vaqt ham yo‘qotiladi. Eng qizig‘i, bu harakatning mantiqiy asosi yo‘q. Avval odamlar tushib olsa, kirish osonroq bo‘lishini hamma biladi. Ammo bu paytda sabrsizlik aqldan ustun keladi.
Yana bir og‘riqli masala — jamoat joyida o‘zini tutish madaniyati. Avtobus yoki metro salonida shunday odamlar uchraydiki, ularning telefondagi suhbatini butun vagon eshitib turadi. Go‘yoki atrofida hech kim yo‘qdek. Boshqalarning osoyishtaligi, tinchligi yoki shaxsiy hududi haqida o‘ylash ularning xayoliga ham kelmaydi. Bu nafaqat odobsizlik, balki jamoatga nisbatan hurmatsizlik, aslida.
Tozalik masalasida holat ko‘pincha ko‘ngilni xira qiladigan darajada. Jamoat transportidagi eng oddiy qoidalardan biri — atrofni iflos qilmaslik ayrim yo‘lovchilar uchun go‘yoki umuman mavjud emas. Chiqindini qo‘lda ushlab turish, uni tegishli joyga tashlash yoki keyinroq tashlab qo‘yish o‘rniga ba’zilar uni bemalol o‘rindiq ostiga, yerga yoki yashirish mumkin bo‘lgan har qanday burchakka tashlab ketadi. Eng achinarlisi, bu xatti-harakatdan keyin yuzaga kelgan iflos muhitda boshqalar o‘tirishga, nafas olishga majbur bo‘ladi.
Bu yerda muammo faqat bitta qog‘oz yoki bitta chiqindida emas. Muammo shu odatni oddiy holat sifatida qabul qilishda. Chunki bir marta tashlangan chiqindi voqeasi keyinchalik e’tiborsizlikni odatga, odatni esa umumiy befarqlikka aylantiradi. Transport ichidagi tozalik buzilsa, bu faqat estetik muammo emas, balki umumiy madaniyat ham siyqalashayotganini ko‘rsatadi. Achinarli jihati shundaki, odobsiz harakatlarni qiluvchilar ko‘pincha o‘z shaxsiy hayotida bunday beparvolikka yo‘l qo‘ymaydi. Ular o‘z uyida, o‘z xonasida tartib va tozalikni saqlaydi, chiqindini qayerga tashlashni yaxshi biladi. Lekin jamoat joyiga kelganda bu mas’uliyat hissi yo‘qolib qoladi.
Demak, muammo bilimda ham, imkoniyatda ham emas, munosabatda. Ya’ni “meniki emas, menga aloqasi yo‘q” degan qarash ustun bo‘lgan joyda umumiy muhit tezda e’tibordan chiqadi va sekin-asta ifloslikka ko‘nikish boshlanadi.
Ba’zan jamiyatning yana bir muammosi — befarqlik ko‘zga tashlanadi. Bu holat ko‘z oldingizda yordamga muhtoj inson turganida ham ko‘pchilikning go‘yo hech narsa bo‘lmayotgandek chetga chiqib ketishi, o‘zini ko‘rmaganga olishi bilan namoyon bo‘ladi.
Qo‘lida og‘ir yuk ko‘targan ayol, yoshi ulug‘ inson yoki imkoniyati cheklangan fuqaro yordam kutib turgan paytda atrofdagilarning befarqligi ko‘nglingizni ranjitadi. Bunday vaziyatlarda oddiy insoniy munosabat o‘rnini beparvolik egallaydi. Hech kim to‘xtamaydi, hech kim aralashmaydi, go‘yo bu vaziyatda har bir kishi faqat kuzatuvchi. Vaqt yetishmasligi, shoshilinch ishlar yoki “boshqalar yordam berar” degan o‘ylar ortiga yashiringan bu munosabat asta-sekin odatga aylanadi.
Bugun ko‘pchilik har qanday qo‘pollikni “vaqt yo‘q” degan bahona bilan oqlashga urinadi. Go‘yo shoshilish insonni odob qoidalaridan ozod qilib qo‘yadigandek. Ammo haqiqat shuki, vaqt tanqisligi hech qachon madaniyatsizlik uchun asos bo‘la olmaydi. Ishga kechikayotgan odam ham boshqalarni turtib o‘tmasdan harakat qilishi, avtobus yoki metroda o‘zini bosib turishi mumkin. Bandlik hech kimni atrofdagilarni e’tiborsiz qoldirishga majbur qilmaydi.
Muammo vaqtda emas, uni boshqarish va munosabatda. Ko‘p hollarda odamlar shoshilishni o‘zini oqlash uchun qulay qalqonga aylantirib oladi. Lekin shoshilgan holatda ham inson o‘zini tuta bilishi kerak, agar u haqiqatan ham boshqalarni hurmat qilishni xohlasa. Aks holda, “vaqt yo‘q” degan gap faqat odatiy beparvolikni yashirish uchun ishlatiladigan oddiy iboraga aylanadi.
Zamonaviy hayot qancha tezlashmasin, u odob va insoniy munosabatlarni bekor qilmaydi. Aksincha, odamlar bir-biriga yaqin yashashga majbur bo‘lgani uchun hurmat va sabrga ehtiyoj yanada ortadi. Texnologiyalar rivojlanishi yoki ish yuki ko‘payishi shaxsni oddiy insoniy qoidalardan ozod etmaydi. Shuning uchun odob “vaqt bor paytda qilinadigan ish” emas, balki har qanday sharoitda saqlanishi kerak bo‘lgan mezondir.
Jamoat transportida kuzatiladigan har bir salbiy holat aslida kattaroq muammoning belgisi hisoblandi. Navbatni buzadigan odam ertaga boshqa qoidalarni ham buzishi mumkin. Boshqalarni hurmat qilmaydigan insonning jamiyat oldidagi mas’uliyati haqida ham jiddiy savollar tug‘iladi. Shuning uchun transportdagi muomala mayda masala emas. U umumiy madaniyat darajasining ko‘rsatkichi.
Biz haqiqatan ham madaniyatli jamiyat qurmoqchi bo‘lsak, avvalo, avtobus bekatlarida, metro eshiklari oldida va gavjum salonlarda o‘zimizni qanday tutayotganimizga qarashimiz kerak. Chunki jamiyatning ma’naviy darajasi bayramlarda, tadbirlarda, to‘y va bazmlarda aytilgan chiroyli so‘zlar bilan emas, balki kundalik hayotdagi oddiy xatti-harakatlar bilan o‘lchanadi. Afsuski, bu imtihondan hamma ham munosib o‘tayotgani yo‘q.
Shunday ekan, jamoat transportidagi odobni faqat gapda emas, amalda namoyon qilish vaqti keldi. Chunki madaniyat haqida balandparvoz fikrlar bildirish oson, ammo navbatga rioya etish, boshqalarning huquqini hurmat qilish va oddiy qoidalarni bajarishga kelganda ko‘pchilikning haqiqiy qiyofasi namoyon bo‘ladi.
Biz ko‘pincha yuksak ma’naviyat haqida gapiramiz, lekin uning eng oddiy ko‘rinishlari aynan avtobus va metro kabi joylarda yetishmaydi. Jamiyatdagi katta muammolar ham ko‘p hollarda ana shunday kichik befarqliklardan boshlanadi. Agar har kim faqat o‘z manfaatini o‘ylashda davom etsa, hech qanday taraqqiyot yoki yuksalish haqida gapirish befoyda. Hurmat, tartib va mas‘uliyat esa chaqiriqlar bilan emas, kundalik odatlarga aylangandagina qadriyat hisoblanadi.
Baxtiyor SAMIYEV,
O‘zbekiston teatr arboblari
uyushmasi xodimi