Agar oʻziga xos loyiha shahar manfaatiga xizmat qilsa, lot maydoni yoki obyekt turini oʻzgartirish haqidagi taklif qoʻllab-quvvatlanishi lozim.

Bunga huquqiy imkoniyat bor. Ammo takliflarni koʻrib chiqish tartibi murakkab va yetarlicha shaffof emas, ayrim qarorlar oylab choʻzilmoqda. Shu sababli investor takliflarini tez va aniq mezonlar asosida koʻrib chiqish talab etildi.

“Sankt-Peterburg” mavzesiga tadbirkorlar qiziqishi bejiz emas: uning konsepsiyasi, loyiha hujjatlari va qurilish ruxsati oldindan tayyor. Direksiyaga shunday tayyor loyihalar sonini koʻpaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Yangi Toshkentning “tashrif qogʻozi”ga aylanadigan yirik tijorat obyektlari ham kerak. Hozirgacha sotilgan 54 ta lotdan atigi 3 tasidagi loyiha qiymati 100 million dollardan oshadi.

Shu maqsadda ochiq tashabbus va “Swiss challenge” tamoyili asosida yer ajratish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi. Tashabbus ochiq eʼlon qilinadi. Agar boshqalar yaxshiroq shart taklif etmasa, yer birinchi tashabbuskorga ajratiladi.