Uy bekasi bir etak nabiralari bilan nonushta qilayotgan ekan. Dasturxonda bir kosa qaymoq, non.

— Tomorqa ishlaridan ortib, nonushtaga endi vaqt topgandik, — deya bizni dasturxonga taklif qildi oila bekasi samimiy.

Bu yerda ortiqcha hashamat yo‘q, hamma narsa oddiy. Saranjom-sarishta hovli, peshayvon atrofida o‘sib turgan gul-chechaklar dilingizga huzur bag‘ishlaydi. Oilaniing asosiy daromad manbai — issiqxonada erta tongda ishlash ham qulay, ham barakali bo‘ladi. Kun isib ketgach, bu ishlarni bajarish birmuncha qiyinlashadi. Kimdir o‘choq boshida, yana biri uy yumushlari bilan andarmon.

Maqolamiz qahramoni, jismoniy imkoniyati cheklangan Ro‘zixon Haydarova bilan tanishuvimiz shunday kechdi. Opaning ruhi tetik, so‘zamol, samimiy. Ikki qo‘li nogiron bo‘lsa-da, dardlarga engilmaslik, tushkunlikka tushmaslikni mehnat orqali o‘rgandi. “Nogironman, menga yordam bering”, deyish tugul, bu haqda o‘ylashni ham istamaydi. Bajarayotgan yumushlaridan zavqlanib yashashga odatlangan. Farzandlarini ham hayotning shu haqiqatlariga monand tarbiyalab, kamolga yetkazdi. Turmush o‘rtog‘i, ikkinchi guruh nogironi G‘ulomjon bilan bir yostiqqa bosh qo‘yganiga 38 yil bo‘libdi. Umr yo‘lini belgilab turuvchi yillar silsilasi bu oilaga ko‘p sinov berdi. Ba’zan quvonch, ba’zan mahzun kunlar oila qo‘rg‘onini yanada mustahkamladi, bir-biriga ishonchni oshirdi.

— Mana bu bizning “inkubatorimiz”, — deya ayol hovli sathidagi choqroq, qo‘lbola usulda qurilgan issiqxonani ko‘rsatadi. — Hozirga qadar besh marta sarxil sabzavot ko‘chatlarini yetishtirdik. Daromadimiz 30 million so‘mdan oshdi. Ehtiyojimizdan ortgan nihollarni qo‘ni-qo‘shnilarga beramiz, bozorga olib chiqamiz... Asli Oltiariqning Eski arab qishlog‘idan kelin bo‘lib tushganman. O‘sha kezlari bu tomorqalarda faqat chorva uchun ozuqabop ekin yetishtirib, bir marta hosil olingan. Otam usta tomorqachi bo‘lgan. Hayhotdek yer­ni bo‘sh qoldirishdan xijolat bo‘lib issiqxonada bodring, sabzavot yetishtira boshlaganimda uydagilar “Qiynalib qolasan”, deb avvaliga ro‘yxo‘shlik bermagan. Keyinchalik mehnatim, intilishimni ko‘rib, qo‘llab-quvvatlashdi, duo qilishdi. U paytlari hozirgidek sharoit, imkoniyat yo‘q edi. Yerga turli ko‘chat ekib, yarim metrcha balandlikda plyonka bilan qoplab parvarishlardik. Bugun hammasi o‘zgarib ketdi. Imtiyozli kredit hisobiga 4 sotix issiqxona qurib berildi. Ayni kunda yetilgan bodringni bozorga chiqaryapmiz. Ming tupdan ortiq karam, sarimsoqpiyoz o‘sib, baravj rivojlan­yapti. Hosilni terib olgach, qalampir ekamiz. Bularning barchasi tinchlik-totuvlik, hamjihatlik mahsuli. Oilamizda bekor yurgan odam, bo‘sh qolgan joy yo‘q hisob.

“Shuncha kuch-g‘ayratni qayerdan olasiz, toliqib qolmaysizmi?” deb so‘raymiz opadan.

— Jismoniy imkoniyatim cheklangan bo‘lsa ham boshqalardan ortda qolmaslikka harakat qilganman, intilganman, izlanganman. Shu tariqa og‘riq, qiyinchilik, kamsitishlarni unutishga harakat qilganman. Bo‘sh qoldim deguncha, tomorqa yumushlari bilan andarmon bo‘laman. Turmush o‘rtog‘im gapira olmaydi, ammo farzandlarim doim bizga tayanch. Bir ish boshlasak, hammamiz bir yoqadan bosh chiqaramiz. O‘tgan yili ikki o‘g‘limga imkoniyati cheklangan shaxs sifatida imtiyozli tarzda 20 sotix ekin maydoni ajratib berildi. Bu yerga sabzavot ekib, daromad olyapmiz. Mehnatdan topgan daromadimiz ro‘zg‘orimizga juda asqatadi. Birovdan kam joyimiz yo‘q. Bir o‘g‘lim Nuriddin harbiy xizmatchi, ikkinchisi maktabda informatika fanidan dars beradi. Qizimiz ham uyli-joyli bo‘lib ketgan. O‘n nafar nabiramiz bor. Bitta oila uchun bundan ortiq yana nima kerak?! Ularning quvonchini ko‘rsak, charchoqni, nogironligimizni ham unutamiz. O‘tgan mavsumda ro‘zg‘or kam-ko‘stidаn orttirib, motoroller ham sotib oldik. Nasib bo‘lsa, bu yil avtomashina xarid qilishni ko‘zlab turibmiz. Keyin Toshkent, Samarqand, Buxoroga sayohat qilsak, deyman-da. Aytishadi-ku, “Mehnatdan kelsa boylik, turmush bo‘lar chiroylik”. Hozirgi sharoitlar menga kuch-g‘ayrat beradi. Yoshlikimda ko‘rgan kunlarimni bugungi shirin hayotga qiyoslab bo‘lmaydi axir. Bu yurtda yashashning o‘zi katta baxt. Hali rejalari­m ko‘p.

Oddiy, kamtar, kamsuqum oilaning hayot tarzi ko‘plar uchun ibratli. Xonadon a’zolari o‘zi istagandek yashayotganidan, oilasi ravnaqiga hissa qo‘shayotganidan mamnun. Ayrimlar tan-joni sog‘, to‘rt muchasi but bo‘lishiga qaramay, yirtiqni yamashga ham erinadi. Ahvolini pesh qilib, mutasaddi idoralar eshigidan beri kelmaydi. Ro‘zixon opa bunday ishlarga odatlanmagan. Hayotga hamisha umid bilan boqadi, faqat olg‘a intiladi. Bu sa’y-harakatlar uning hayot maktabida o‘z o‘rnini topishi, bir oilaning munosib bekasi bo‘lishiga yordam berdi.

— Hammasi uchun xalqimizdan minnatdorman, — deydi Ro‘zixon opa. — Mahallamizga hokim yordamchisi kelgach, hayotimizda o‘ziga xos o‘zgarish, rivojlanishlar sodir bo‘ldi. O‘tgan yili imtiyozli kredit hisobidan g‘unajin sotib olgandik. Yaqinda buzoqlaydi. 50 dan ortiq parranda­miz bor. Har kuni 25-30 ta tuxum terib olaman. Mahallamizda asfaltlanmagan ko‘cha, suv yetib bormagan xonadon qolmadi. Elektr tarmoqlari yangilandi, suyultirilgan gaz, ko‘mir ta’minotida uzilish yo‘q. Buning uchun shukr qilishimiz kerak.

Bunday insonlarning mehnatsevarligi, hamma narsaga nekbinlik bilan qarashi xonadonga o‘zgacha fayz, ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlab turganini yaqqol his etasiz.

Rasuljon KAMOLOV,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri