Xalq bilan muloqot qilish, murojaatlar bilan ishlash oʻzbek davlatchiligi tarixida shunchaki maʼmuriy jarayon emas, balki davlat boshqaruvining adolat va ishonchga asoslanganini koʻrsatuvchi asosiy mezonlardan biri hisoblanadi. Aholini tinglash, muammolarini hal qilish davlatning ham, har bir boʻgʻindagi rahbarning ham el-yurt oldidagi doimiy vazifasi va burchidir.
Shu maʼnoda, Prezidentimiz tomonidan asos solingan Xalq
qabulxonalari tizimi oʻzbek davlatchilik maktabiga xos “Kuch — adolatda”
konsepsiyasining mantiqiy davomi sifatida ishlayotgan xalqchil va hayotiy
institut. Bu esa davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan va bugun xalqimiz
hayotida chuqur oʻrin olgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari
xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyilining ijtimoiy adolatni taʼminlash
borasidagi oʻzbek davlatchilik maktabining yangi taraqqiyot bosqichi boʻldi,
deyishga yetarlicha asos bor.
“Prezident portali”ning ibtidosi
“Sizda hal etilmagan masalalar, muammolar, ariza,
shikoyat yoki takliflar bormi? U holda murojaatingizni toʻgʻridan toʻgʻri
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga yuborishingiz mumkin”.
Bu yangilik 2016-yil 24-sentyabr kuni butun
mamlakatimizni qamrab oldi. Oddiy muammolarini hal qila olmay davlat idoralari
eshigida haftalab-oylab sargʻaygan odamlar oʻshanda Oʻzbekiston hukumati
portalida ochilgan Bosh vazirning virtual qabulxonasini katta najot qoʻrgʻoni
sifatida qabul qildi.
Buni mazkur virtual qabulxonaga dastlabki kuniyoq
yurtimizning turli joylaridan mingga yaqin ariza, shikoyat va taklif
tushganidan ham bilsa boʻladi.
Oʻsha davrda “Virtual qabulxona saylovdan keyin ham
ishlaydimi?” degan savol nafaqat islohotlarga shubha bilan qaragan xorijiy
OAVlar maqolalari sarlavhasiga, balki oddiy insonlar xayolidagi doimiy fikrga
aylangandi.
Virtual qabulxonaning 2016-yildagi ilk uch oylik
faoliyati:
— mamlakatimizda murojaatlar bilan ishlash sohasi tub
islohotga muhtojligini;
— murojaatlar bilan ishlash masalasiga ikkinchi
darajali ish sifatida qaralganini;
— oddiy insonlar murojaatlariga hatto javob ololmagani,
aksariyat holda rasmiyatchilik, byurokratizm va sansalorlik holatlariga duchor
boʻlganini;
— rahbarlarda xohish va iroda boʻlsa, aksariyat
muammolarni qisqa vaqtda samarali hal qilish mumkinligini keragicha isbotlab
berdi.
Shu bois, Prezidentimiz Konstitusiyamiz qabul
qilinganining 24 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda 2017-yilni “Xalq
bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb eʼlon qilarkan, quyidagi
tashabbuslarni ilgari surdi:
— davlat organlarining fuqarolar bilan oʻzaro
munosabatlari yuzasidan yondashuvni tubdan qayta koʻrib chiqish;
— aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan
muammolarni hal etishning yangi mexanizmlari va samarali usullarini joriy
etish;
— aholi eng koʻp murojaat qiladigan davlat idoralari
faoliyatida odamlar bilan ishlash boʻyicha sifat jihatidan mutlaqo yangi
tizimga oʻtish;
— barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki
ishlar organlari rahbarlarining aholi oldida hisobot berish tizimini joriy
etish;
— har bir tuman va shaharda Xalq qabulxonalarini
tashkil etish va ularning toʻlaqonli faoliyat koʻrsatishini taʼminlash;
— Xalq qabulxonalarining huquqiy maqomini, ularning
vakolat va majburiyatlarini aniq belgilab qoʻyish.
“Bizning asosiy maqsadimiz Xalq qabulxonalariga
qilingan hech bir murojaat eʼtiborsiz qolmaydigan tizim yaratishdan iborat.
Muxtasar aytganda, odamlarning dardini eshitish, ular bilan ochiq muloqotda
boʻlish, ogʻirini yengil qilish aholining davlat va jamiyatga ishonchini
mustahkamlashga xizmat qiladi” deb taʼkidlagandi oʻshanda davlatimiz rahbari.
Oradan bir hafta oʻtib — 2016-yil 14-dekabrda
Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali
marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalarining qoʻshma majlisidagi nutqida
buyuk mutafakkir Alisher Navoiy merosidan kelib chiqib, “Insonlarning dardu
tashvishlarini oʻylab yashash — odamiylikning eng oliy mezonidir” gʻoyasini
ilgari surdiki, bu fikrgʻoya va daʼvat bugunga qadar Prezident xalq
qabulxonalarining asosiy shiori, bosh vazifasi, faoliyat mezoni boʻlib
kelmoqda.
10-00 qisqa raqami va pm.gov.uz platformasi esa
“Prezident portali” degan xalqona nom olib, bugun xalqimiz hayotining muhim bir
qismiga aylandi.
“Adolat ovozi
jaranglab turishi kerak”
Davlatimiz rahbarining 2016-yil 28-dekabrda qabul
qilingan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini
tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga
muvofiq, Bosh vazirning virtual qabulxonasi Prezident virtual qabulxonasi,
Prezident devoni ishlar boshqarmasining Fuqarolar qabulxonasi — Oʻzbekiston
Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi sifatida qayta tashkil etildi,
Qoraqalpogʻiston, viloyatlar, Toshkent shahri va barcha tuman-shaharda bir xil
maqomdagi Prezident xalq qabulxonalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Prezidentimiz 2017-yili Toshkent shahri, Surxondaryo,
Qashqadaryo, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpogʻistondagi Xalq
qabulxonalari faoliyati bilan bevosita tanishib, faoliyatni samarali tashkil
etish boʻyicha topshiriq va koʻrsatmalar berdi.
Har bir murojaat —
ijtimoiy signal, indikator
Xalq qabulxonalari instituti Prezidentimiz siyosiy
irodasi bilan davlat idoralarini xalqqa yaqinlashtirish borasida oʻz
vaqtida amalga oshirilgan muhim islohot va oqilona tashabbuslardan
biri ekanini oʻtgan 10 yil davomida hayotning oʻzi isbotlab berdi.
Aholi muammolari bilan ishlashning mazkur yangi tizimi
yoʻlga qoʻyilishi natijasida har bir fuqaroning Prezidentga bevosita
murojaat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqi roʻyobga chiqarilishi
uchun sharoit, murojaatlarni qonunchilikda belgilangan uch shaklda — ogʻzaki (0-800-210-00-00
yoki 10-00 qisqa raqamlari), yozma (Xalq qabulxonalari) va elektron
(pm.gov.uz) tarzda yuborish uchun imkoniyat yaratildi. Davlat idoralari
bilan aholi oʻrtasida muloqot tizimi mustahkamlandi. Barcha darajadagi
rahbarlar odamlarni tinglay boshladi. Eng muhimi, xalq har qanday muammosi
bilan hadiksiz-qoʻrquvsiz, emin-erkin murojaat qilishi mumkin boʻlgan yagona
manzil paydo boʻldi.
2017-yil 11-sentyabrda “Jismoniy va yuridik
shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilinishi
bilan ilk bor “videokonferensaloqa”,
“ommaviy qabul”, “Prezident xalq qabulxonasi”, “Virtual qabulxona” kabi
yangi huquqiy istilohlar yuridik amaliyotga kiritildi.
Muammosi yechilgan inson koʻksini toʻldirib nafas
oladi, uning hayotida halovat, xotirjamlik paydo boʻladi. Oʻzini yelkasidan
togʻ agʻdarilgandek his qiladi. Shu maʼnoda, oʻtgan 10 yil davomida davlatimiz
rahbari nomiga kelib tushgan 11,6 milliondan ziyod murojaat koʻrib
chiqilib, uning 7,9 milliondan ortigʻi (68,2 foizi)
qanoatlantirilgani zamirida million-million insonlar hayotidagi ijobiy
oʻzgarishlar mujassam.
Xalq bilan muloqotning yangi tizimi oddiy odamlar va
rahbarlar oʻrtasidagi mavjud baland devorlarni qulatdi. Amaldorlarni hamma
tomoni qalin panjaralar bilan oʻralgan binolarning salqin kabinetlaridan xalq
orasiga olib chiqdi. Sayyor va ommaviy qabullar qizgʻin, jonli muloqot
maydoniga aylandi, mansabdorlar murojaatchi kelishini kutib oʻtirmay,
fuqarolarning oldiga borib, ularni oʻylantirayotgan masalalar haqida yuzma-yuz
gaplashib olishi oddiy hol boʻlib qoldi.
Eng muhimi, murojaatlarda aks etgan eng dolzarb
muammolar yechimiga oid takliflar asosida tegishli normativ-huquqiy hujjatlar
qabul qilinishi uzoq yillar davomida toʻplanib qolgan oʻtkir ijtimoiy-huquqiy
masalalar hal etilishiga xizmat qildi.
Aytaylik, valyuta ayirboshlash (konversiya,
konvertatsiya) masalasida 2016-yilning IV choragida 4826 ta, 2017-yilda 22
098 ta murojaat kelib tushgan edi. 2017-yil sentyabr-dekabr oylarida
Prezidentimizning siyosiy irodasi bilan mamlakatimizda valyuta islohotlari
amalga oshirilgach, bu tizimli muammo toʻliq hal etildi.
Yoki yaqin tariximizda Oʻzbekistonda fuqarolik olish
eng qiyin masalalardan biri boʻlgan. 1991-2007-yillarda qariyb 500 kishi
Oʻzbekiston fuqaroligini olgan boʻlsa, 2007-2016-yillarda hech kimga fuqarolik
berilmagan. Bu degani minglab insonlar amalda mamlakatimizda yashab, uning
taraqqiyotiga hissa qoʻshib kelayotgan boʻlsa-da, yuridik jihatdan Oʻzbekiston
fuqarosi maqomidan mahrum boʻlib kelgandi.
Virtual qabulxonaga 2016-yil
IV choragining oʻzida ushbu masalada 4 mingdan ziyod murojaat kelib
tushgach, u chuqur tahlil qilindi. Prezidentimizning siyosiy irodasi bilan
oʻtgan davrda fuqarolik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi
hamda tartib-taomillar soddalashtirilishi natijasida 2016-yil dekabrdan
buyon fuqaroligi boʻlmagan
25 339 shaxs Oʻzbekiston fuqaroligiga qabul qilindi, 2020-yildan
2026-yilning oʻtgan davrigacha yana 66
mingdan ziyod shaxsning
Oʻzbekiston fuqaroligi tan olindi.
Yoki 1991-2016-yillarda mamlakatimizda 7 kishiga
sudlar tomonidan oqlov hukmi chiqarilgan boʻlsa, Prezident xalq
qabulxonalari va Oliy sudga murojaatlari asosida 2017-2026-yillarda 7454 ta
shaxs sudlar tomonidan oqlanib, reabilitatsiya qilindi.
Bankomatdan naqd pul olish, oylik ish haqlari va pensiyalarni
naqd pulda olish, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy roʻyxatdan
oʻtish, pasport rasmiylashtirish, notarial tizimdan norozilik, xorijiy
diplom nostrifikatsiyasi, afv etish va amnistiya, haj va umra
ziyorati, internet, mobil aloqa sifati kabi oʻnlab tizimli muammolarning
hal etilishida ham aynan murojaatlar tahlili asosida qilingan xulosalarning
oʻrni katta boʻldi.
Davlatimiz rahbarining 2018-yil 20-apreldagi
“Fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha choratadbirlar
hamda oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini
eʼtirof etish boʻyicha bir martalik umumdavlat aksiyasini oʻtkazish
toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilinishiga ham Prezident virtual qabulxonasiga
kelib tushgan 5 mingdan ortiq, sayyor qabullarda qilingan 3 mingdan ziyod
murojaat tahlili asos boʻlgan edi. Buning natijasida uy qurib, uzoq yillar
davomida oʻz uyiga egalik huquqini ololmagan 621 mingdan ortiq fuqaroning
muammosiga davlat rahbarining 2018-2019-yillarda eʼlon qilingan bir
martalik umumdavlat aksiyasi doirasida yechim topildi.
Prezidentimiz 2022-yil
18-noyabrdagi videoselektor yigʻilishida mamlakatimizda 2,6 million aholi
xonadonining kadastr hujjatlari yoʻqligi, ushbu aholi tomorqa uchun kredit,
subsidiya hamda uy-joyini kengaytirishga ipotekadan foydalana olmayotgani
haqida Xalq qabulxonalariga murojaatlar tushayotganini aytib, mutasaddilarga
respublikaning barcha hududlarida kadastri yoʻq xonadonlar masalasini
uzil-kesil hal qilish uchun alohida qonun loyihasini ishlab chiqish
boʻyicha topshiriq berdi va “Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer
uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan
huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinib, 2024-yil
8-noyabrdan kuchga kirdi.
Bu bilan kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va
maʼlumotlar bazasi faoliyati bilan bogʻliq masalalarni hal etishning huquqiy
asosi yaratildi. Ayni shu yoʻnalishda 2020-2026-yillarda 81 153 ta, jumladan,
2020-yili 5883 ta, 2021-yili 9158 ta, 2022-yili 12 126 ta, 2023-yili 13 327 ta,
2024-yili 15 665 ta, 2025-yili 13 699 ta, 2026-yilning oʻtgan davrida
11 617 ta murojaat kelib tushgan. Yillar dinamikasidagi bu koʻrsatkichlar ham
mazkur masala nima uchun aynan 2022-yili koʻtarilgani hamda davlat rahbarining
siyosiy irodasi bilan qabul qilingan bu qonun xalqimiz uchun qanday dolzarb,
tizimli muammo yechimiga xizmat qilishini oydinlashtiradi. Xatlov jarayonida
aholi va soha xodimlari oʻrtasida turli bahslar boʻlishi bois, bu yoʻnalishda
murojaatlar soni oshishi tabiiy.
Murojaatlar tahlili koʻplab hayotiy loyihalarga, loyihalar dasturlarga hamda
amaliy ishlarga aylanganiga koʻp bor guvoh boʻldik. “Obod qishloq”, “Obod
mahalla” dasturlari, “Obod markaz” loyihasi bilan minglab qishloq-mahallalarga
yangi Oʻzbekiston qiyofasi kirib bordi. Nogironligi boʻlgan, ogʻir ijtimoiy
ahvolda qolgan 11 mingdan ortiq oila uy-joylar bilan taʼminlandi.
Bularning barchasi davlat har bir murojaatni ijtimoiy
signal, xalq hayotini koʻrsatuvchi indikator sifatida qabul qilayotganiga
yorqin hayotiy misol boʻla oladi.
Murojaatlar koʻrib
chiqilishi ustidan nazorat kuchaytirildi
Xalq bilan muloqot tizimini takomillashtirish —
bugunning muhim va oʻtkir talabi.
Joriy yil 13-mart kuni Prezidentimiz raisligida aholi
murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, Xalq qabulxonalari
faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil
qilish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ilgari
surilgan yangi tashabbuslar, berilgan topshiriqlar bilan Xalq qabulxonalari
faoliyatining yangi bosqichi boshlandi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 1-apreldagi “Aholi
bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish boʻyicha qoʻshimcha
chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti xalq qabulxonasi tashkil etilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi
Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar)
hokimlarining tegishli hududdagi Xalq qabulxonasiga jamoatchilik asosida
rahbarlik qilishi belgilandi.
Yangi tizim asosida 2026-yil 1-maydan Prezident virtual
qabulxonasi axborot tizimiga kelib tushgan murojaatlar boʻyicha nazorat vaqti
rejimi oʻrnatildi. Bunga koʻra, belgilangan muddatdan oʻtgan murojaatlar ijro
uchun avtomatik ravishda yuqori turuvchi davlat organiga oʻtkazilmoqda.
Murojaatlarni qabul qilishda ularni “shoshilinch”,
“odatiy”, “maslahat talab qiluvchi” toifalarga ajratish amaliyoti yoʻlga
qoʻyildi. Muddati kechikkan va takroriy murojaatlarni avtomatik aniqlash uchun nazorat
indikatorlari va “qizil signal” tizimi ishga tushirildi.
Davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida:
— Prezident xalq qabulxonasida alohida nazorat guruhi
faoliyati yoʻlga qoʻyilib, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan
murojaatlar koʻrib chiqilishi ustidan qatʼiy raqamli nazorat oʻrnatildi.
— Prezident xalq qabulxonasida Raqamli
texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda fuqarolarga oʻz murojaatini nazorat
qilish imkoniyatini beruvchi SMS xabarnoma yuborish xizmati ishga tushirildi.
Mamlakatimizdagi 8992 ta mahallada Prezident
virtual qabulxonasi tizimida ishlash uchun alohida kabinetlar ochilib, “mahalla
yettiligi” aʼzolari murojaatlar bilan ishlash jarayoniga jalb qilinishi
taʼminlandi. Xususan, joriy yilning 1-mayidan boshlab 4289 ta jamoaviy
murojaat aholi vakillari va “mahalla yettiligi” ishtirokida oʻrganildi.
Misol uchun, urgutlik F.Aliyev murojaati asosida
Joʻraptepa mahallasida
3 kilometr, qiziltepalik J.Navroʻzov arizasiga koʻra, Hafqoriyon
mahallasining 2 kilometr, boysunlik S.Safarova murojaati boʻyicha
“Temirdarvoza” MFYdagi 1,4 kilometr, peshkulik M.Sunnatov murojaati
asosida Guliston mahallasidagi 1 kilometr ichki yoʻl asfaltlandi. Asakalik
M.Madaminova murojaatiga koʻra, tegishli suv yuborish inshootidagi elektr
qurilmalar taʼmirlanib, chekka adirli hududda yashovchi 500 dan ortiq aholi
xonadoniga sifatli ichimlik suv yetkazib berish yoʻlga qoʻyildi. Qoraoʻzaklik
P.Seytmurotov murojaati asosida Berdaq mahallasidagi kanalning 1,5 kilometr
qismi qazilib, hududdagi 5 ta fermer xoʻjaligi uchun yerni sugʻorish imkoniyati
yaratildi. Quvalik F.Tillaboyeva murojaati boʻyicha “Toshkent” MFYda 1
ta yangi transformator oʻrnatilib, 1,5 kilometr tarmoq tortildi.
Aslida, murojaatga yoʻllangan javob fuqaro ishtirokida
oʻrganilganda, ariza-shikoyatga samarali yechim topish mumkin. Shuning uchun
ham Xalq qabulxonalari tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida 6296 ta murojaat
joyiga chiqib oʻrganildi, davlat idoralarida murojaatlar bilan ishlash holati
yuzasidan 896 ta oʻrganish, 3919 ta tahlil oʻtkazildi.
Davlat organlari va tashkilotlariga murojaatlar bilan
ishlashda yoʻl qoʻygan kamchiliklari yuzasidan taʼsir choralari koʻrish
boʻyicha joriy yilning oʻzida jami 5486 ta hujjat, jumladan,
1386 ta taqdimnoma, 642 ta talabnoma, 2963 ta
koʻrsatma, Xalq deputatlari mahalliy kengashlari majlislariga 495 ta
axborot kiritildi.
Bularning natijasida aholi murojaatlari bilan talab
darajasida ishlamagani uchun davlat
idoralari masʼul xodimlarining 151 nafari egallab turgan lavozimidan
ozod etildi, 150 nafari maʼmuriy, 89 nafari oylik ish haqidan
jarimaga tortildi, 833 nafariga hayfsan eʼlon qilindi, 8 nafarining
lavozimi pasaytirildi, 3 nafarining maʼnaviy ziyon
uchun kompensatsiya toʻlashi, 1 nafari tomonidan yetkazilgan
moddiy zarar qoplanishi taʼminlandi. Bundan tashqari, yana 1335
masʼul xodim rasman ogohlantirildi.
Xalq qabulxonalari
diagnostika markazlariga aylanmoqda
Davlatimiz rahbarining shu yil 13-martdagi
videoselektor yigʻilishidagi topshirigʻi asosida Xalq qabulxonalari faqatgina
ariza qabul qiluvchi organ emas, balki Qarshi shahri namunasi asosida hududdagi
muammolarni diagnostika qiladigan markazga aylantirilmoqda. Bu murojaatlar
bilan ishlash jarayonida “oqibatlarga qarshi kurashish”dan “sabablar
bilan ishlash” bosqichiga oʻtilayotganining hayotiy isbotidir.
Mazkur topshiriq ijrosi boʻyicha
joriy yilning 16-martidan Prezident xalq qabulxonalariga kelib
tushgan 104 680 ta masala hal etildi.
Jumladan, aliment undirish bilan bogʻliq 11 993 ta, gaz
ballonni toʻldirishga doir 10 785 ta, nafaqa tayinlash, moddiy
yordam ajratish va pensiyaga oid 9363 ta, davlat idoralari
xodimlari xatti-harakatlaridan norozilikka doir 4123 ta,
mehnatga haq toʻlash va hisoblash bilan bogʻliq 2908 ta, boshqaruv
servis kompaniyalari (shirkatlar) faoliyati bilan bogʻliq 1811
ta, huquqbuzarliklar, surishtiruv va tergovga oid 1624
ta, davolanish uchun moddiy yordamga doir 1572 ta, ijro
hujjatlari boʻyicha qarz undirishga oid 1434 ta masala hal
etilishi taʼminlandi.
Hududlardagi Xalq qabulxonalarida
Qarshi shahri namunasi asosida aholi murojaatlari bilan ishlash boʻyicha doimiy
ishchi guruhlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Har bir hududdagi jami
murojaatning kamida 90-95 foizi tegishli boʻlgan asosiy idoralar (korxona,
tashkilot, muassasalar)dan boshliq oʻrinbosari darajasida sohaviy
koordinatorlar tayinlanib, doimiy ishchi guruhlarga biriktirildi.
Ular Xalq qabulxonasiga faqat zaruratga koʻra
chaqirilib, oʻz sohasi boʻyicha fuqarolar qabulini oʻtkazish, murojaatlarni
koʻrib chiqib, hal qilish hamda tizimli muammolar diagnostikasini belgilash
boʻyicha ishlamoqda. Birgina iyul-avgust oylarida Prezident xalq qabulxonasiga
kelib tushgan 158 850 ta murojaat boʻyicha qilingan tahlil asosida 494 ta
tizimli muammo aniqlanib, yechimi tuman-shahar, viloyat yo respublika
darajasiga tegishli boʻlgan 386 ta taklif ishlab chiqildi.
Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi Kengesi, Vazirlar Kengashi
raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlari hamda
oʻrinbosarlarining Xalq qabulxonalarida shaxsiy qabullar oʻtkazish sifati va
samaradorligi oshirildi.
Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra, davlat organlari va
tashkilotlari, mahalliy hokimliklar tomonidan oʻtkaziladigan shaxsiy va sayyor
qabullar tizimini toʻliq raqamlashtirish orqali qabullar jarayoni ustidan
nazorat oʻrnatish maqsadida “Virtual qabulxona” tizimida “Raqamli qabul” moduli
ishlab chiqilib, test rejimida ishga tushirildi.
Xulosa qilib aytganda, aholi
muammolarini tezkor va manzilli hal etish Oʻzbekiston Prezidenti rahbarligi
yuritilayotgan xalqchil siyosatning eng ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan.
Endi oldimizda turgan muhim vazifalardan biri tizimni
toʻliq raqamlashtirishdan iborat. Shu maqsadda fuqarolarning barcha turdagi
murojaatlarini toʻliq nazoratga olish, vazirlik va idoralarning, mahalliy
hokimiyat organlarining murojaatlar bilan ishlash faoliyatini
takomillashtirish, oʻzining xususiyatiga koʻra noyob boʻlgan “mahalla
yettiligi” instituti va mahalliy kengashlar soʻrovlari asosida hududlarda
rahbarlar qabulini tashkil etib borish tizimlarini toʻliq raqamlashtirish kabi
qator loyihalar ustida ishlanmoqda.
Asosiy maqsad
davlatimiz rahbarining Prezident xalq qabulxonasi oldiga qoʻygan bosh vazifani
sifatli bajarish, yaʼni xalqimizning har qanday masala boʻyicha tezkor va sodda
murojaat qilishi uchun yanada qulay shart-sharoit yaratish, fuqaro koʻtargan
masala haqiqatda hal etilganini raqamli tizim orqali obyektiv nazorat qilishni
taʼminlashdir.
Farrux OMONOV,
Prezident xalq qabulxonasi boshligʻi