Bu gal biz nazarda tutayotgan “yo‘l” so‘zi shunchaki metafora emas. Gap mamlakatning qishloq yo‘llaridan tortib xalqaro avtomagistraligacha, temir yo‘llaridan metrogacha, havo qo‘nalg‘asidan tranzit yo‘lagigacha bo‘lgan harakat tizimi haqida boradi. Aniqrog‘i, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston transport tafakkuriga olib kirgan eng muhim yangilik — yo‘lni alohida qurilish obyekti emas, inson, iqtisodiyot va davlatni harakatga keltiradigan yaxlit tizim sifatida ko‘ra boshlagani haqida.

“Dada, yo‘ldan yuraylik…”

Tug‘ilib o‘sgan qishlog‘im — Bolg‘alidan o‘tadigan Forish—Chelak tosh yo‘li, yanglishmasam, 1983 yoki 1985-yillarda asfaltlangan edi.

El yo‘l qurganni yaxshi ko‘radi. O‘sha yo‘lni bunyod etgan yo‘lsozlar rosa yayragan: kimnikidadir tushlik tayyor, kimnikida kechki ovqat. Nonushtalari ham bolsiz, qaymoqsiz bo‘lmagan bo‘lsa kerak ularning...

O‘sha yo‘ldan 1995-yillargacha maza qilib yurdik. Keyin 2024 yilgacha — qariyb o‘ttiz yil — o‘sha “maza”ning tovonini to‘ladik.

“Yo‘l azobi — go‘r azobi”, degan gapni har bir bolg‘alilik, har bir garashalik, har bir narvonlik, qo‘yingki, bu qishloqlarni bir hududga birlashtirgan Qoraabdolda yashagan har bir sho‘rlik o‘z tanasida his qildi.

* * *

Dorulfununni bitirib, avval “Ma’rifat”, so‘ngra “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetalarida ishladim. Xullas, poytaxtlik bo‘ldim. O‘sha paytda 1976-yili ishlab chiqarilgan “Jiguli”m bo‘lardi. Goh-goh qishloqqa boraman, qaytgach esa, albatta, ustaxonaga yo‘l olaman.

“Xodovoy”ni tuzatish kerak. Yirtilgan shinani yamatish kerak... Negaki qishloqning ichki yo‘li u yoqda tursin, davlat ahamiyatiga molik Toshkent — Nukus avtomobil yo‘lining ahvoli ham yig‘lamoqdan beri edi.

Forishdan Bolg‘aligacha masofa 35 kilometr atrofida. Garasha va Narvon bundan ham uzoqroq. Ana shu 35 kilometrni poytaxtda mashinasini “puf-puf”lab, kuniga ikki mahal artib-surtib yuradigan bizday oliftalar qariyb ikki soatda bosib o‘tardik. Yo‘l o‘ydim-chuqur. Soatiga 10-15 kilometrdan ortiq yurib bo‘lmaydi. Ozgina zarda qilsangiz, bas: mashinaning tagini qarsillatib toshga urasiz. Sal chalg‘isangiz, g‘ildirak rasvo...

* * *

Marhum ustoz Sa’dulla Hakimning Garashasiga otlangan mehmonlar ulovini tuman markazida qoldirib, bu yo‘llarda “uchib” yuradigan “Niva” yollaganini ustozning o‘zi aytib bergan edi.

Tumanimizda bir vaqtlar hokim bo‘lgan rahmatli Bastam Saidqulovdan esa bunday alamli gap eshitganman:

— Urush vaqtidayam bunaqa yo‘llar bo‘lmagan bo‘lsa kerak. Bizning narvonliklargayam balli, shu yo‘llarda to‘zib ketmaydi…

Xullas, shu yo‘llardan qatnab-qatnab bolalarimizning esi kirdi.

Bir safar qishloqqa oilaviy yo‘l oldik. Hozir ikki farzandning onasi bo‘lgan katta qizim o‘shanda beshinchi sinfda o‘qirdi. Orqa o‘rindiqda yo‘l charchog‘idan toliqib, o‘tirgan alfozda uxlab qoldi. Men bo‘lsam yo‘ldan yo‘l qidiraman: rulni goh o‘ngga, goh chapga buraman, ba’zan ohista yurayotganimga qaramay ilkis tormoz berishga to‘g‘ri keladi.

O‘rtada uxlayotgan bolaning ahvolini tasavvur qiling. Hali chapga, hali o‘ngga, hali oldinga qalqib ketadi. Oxiri yorildi:

— Dada-a, yo‘ldan yuraylik, iltimo-os…

Bola bilmaydiki, ruldagi ota ham shuni istaydi.

Faqat qani o‘sha yo‘l?..

Mutasaddilarni uyg‘otgan turtki

2023-yili Bolg‘ali qishlog‘ining asosiy yo‘lini tiklash tashabbusi “Ochiq budjet” axborot portalidagi “Tashabbusli budjet” jarayoniga kiritildi. 2024-yilda yo‘l to‘liq qayta bunyod etildi. Yaqinda Bolg‘alini Payariq tumani markazi bilan bog‘laydigan, adirlar orasidan o‘tgan mutlaqo yangi yo‘l ham foydalanishga topshirildi.

— Biz bu kunlarni 28 yil 2 oy-u 19 kun kutdik, — deyishmoqda endi hamqishloqlar Robinzon Kruzoga ishora qiluvchi mutoyiba bilan.

Bu hazil tagida shukrona ham, alam ham bor. Chunki odam yo‘l qurilganidan quvonar ekan, faqat asfaltni o‘ylamaydi. Yo‘qotgan vaqtini, pachoqlangan mashinasini, chang yutgan bolasini, kechikkan tez yordamni, bozorga yetmay buzilgan mahsulotini eslaydi.

“Tashabbusli budjet” yillar davomida eshitilmagan ehtiyojlarni davlat budjeti parametrlarida ko‘rsatib berdi. Ilgari qishloq ahli yo‘l sorab idora eshigida navbat kutgan bo‘lsa, endi uning taklifi butun mamlakat ko‘radigan elektron maydonga chiqdi. Davlatimiz rahbarining “Taklif va tashabbuslar ilgarigidek faqat “tepa”dan emas, balki ko‘proq “quyi”dan bo‘lmoqda” degan fikri shu jarayonning siyosiy mazmunini ifodalaydi.

Prezidentimizning 2025-yil 29-avgustdagi “Tashabbusli budjet jarayonlarini takomillashtirish doirasida xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ovozlar marrasiga yeta olmagan bo‘lsa-da, odamlarning kundalik hayoti uchun kechiktirib bo‘lmaydigan ayrim loyihalarni deputatlar orqali tanlab, respublika budjeti mablag‘lari hisobidan qo‘llab-quvvatlashga imkon yaratdi.

Mahalla yo‘lidan milliy magistralga

2026-yil 22-iyul kuni Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida Toshkent — Samarqand yo‘nalishidagi yangi muqobil avtomagistral qurilishiga tamal toshini qo‘yar ekan, Prezidentimiz “Bugun bu sohada tom ma’noda yangi davr boshlanmoqda, desak to‘g‘ri bo‘ladi”, dedi.

Bu jumla tantanali marosim ruhiga mos so‘z aytishdan ko‘ra kattaroq mazmunga ega. Chunki O‘zbekistonda ilk bor eng yuqori toifadagi, harakat oqimi to‘liq boshqariladigan, olti tasmali avtomagistral barpo etilmoqda.

Lekin voqeani “davlatimiz rahbari xalqqa yangi yo‘l sovg‘a qilmoqda” degan tarzda talqin qilish o‘ta jo‘nlik bo‘lar edi. Bu o‘rinda mamlakatimiz yetakchisining xizmati yillar davomida paydo bo‘lgan ehtiyojni teran anglay olishida, uni texnik-iqtisodiy jihatdan asoslashida, moliyalashtirish manbasini, pudratchini aniqlab, muddat va javobgarlikka ega amaliy qarorga aylantirishda namoyon bo‘ladi.

Aynan shu ma’noda davlatimiz rahbari bu jarayonda saxovatpesha homiy emas, tezkor, xavfsiz va mustaqil transport yo‘lagi mamlakat kelajagi uchun naqadar zarurligini o‘z vaqtida anglab yetgan buyuk yetakchi sifatida o‘rtaga chiqmoqda.

Ushbu yo‘l uzunligi qog‘ozda 282 kilometr deb belgilangan. Amalda esa qariyb 2,2 milliard dollarlik butun boshli muhandislik tizimidir. Bu yo‘l Toshkentdan chiqib, Sirdaryo va Jizzax orqali Samarqandga yetib borguncha 13 tuman hududini kesib o‘tadi. Shu masofaning o‘zida daryo va jarlarga solinadigan 92 ko‘prik, harakat oqimlarini bir-biriga aralashtirmay o‘tkazadigan 28 inshoot, yer bag‘ridan o‘tadigan 60 tunnelli yo‘lak, alohida yer osti o‘tish joylari hamda suv inshootlari quriladi.

Yo‘lning “badani” odatdagi asfaltdan emas, og‘ir yuk va yuqori tezlikka chidamli monolit betondan. Unda soatiga 150 kilometrgacha tezlikda harakatlanish mumkin. 2030 yilgacha bo‘lgan muddat ham belgilangan.

Muhandislarning hisobiga ko‘ra, bu yo‘lak bir kecha-kunduzda 60 mingdan 80 mingtagacha avtomobil oqimini o‘tkaza oladi. Toshkentdan Samarqandga besh soatda emas, ikki yarim soatda yetib borishga imkon beradi. Bu ikki yarim soat yo‘lovchi uchun oilasiga va ishiga qaytarilgan vaqt, tadbirkor uchun aylanma mablag‘ning tezroq qaytishi, tashuvchi uchun qo‘shimcha reys, dehqon uchun mahsulotning bozorga sifatini yo‘qotmay yetib borishidir.

Ushbu avtomagistral yo‘q joydan paydo bo‘lgan shov-shuvli megaloyiha emas. U mahalla ko‘chasidan xalqaro yo‘lakkacha ko‘tarilgan siyosatning eng baland bosqichidir. Raqamlarni bir qatorga tersak, bu yo‘lning poydevori ancha oldin qo‘yila boshlagani ko‘rinadi. Respublikada 2017-2023-yillar oralig‘ida 65 ming kilometr yo‘l qurilib, ta’mirlandi. Qariyb uch ming mahallada ilk bor asfalt qoplamali yo‘l qilindi, yana ikki ming mahallaning tuproq ko‘chalariga shag‘al yotqizildi. 2026-yilda o‘n yillik ishlar sarhisob qilinganda esa

78 trillion so‘m hisobiga turli darajada qurilgan yoki ta’mirlangan yo‘llar qamrovi 128 ming kilometrga yetgani oydinlashdi.

Bu raqamlarni “128 ming kilometr mutlaqo yangi yo‘l qurildi”, deb o‘qish noto‘g‘ri. Gap yangi qurilish, rekonstruksiya va turli darajadagi ta’mir ishlarining jami qamrovi haqida ketmoqda. Ammo bir narsa kunday ravshan: yo‘l siyosati faqat respublika trassalarida emas, mahalla va ichki ko‘chalarda ham davlat mablag‘iga va boshqaruvdagi jiddiy e’tiborga ega bo‘ldi.

“Sifatli yo‘l odamlarning kayfiyati va iqtisodiyotimiz “arteriyasi” hisoblanadi”, degan edi Prezidentimiz 2023-yili.

Demak, endigi bosqich “ko‘p kilometr”dan “uzoq xizmat qiladigan, xavfsiz va to‘liq jihozlangan yo‘l”ga o‘tish bosqichidir.

Tushuncha o‘zgardi

Tarixda yo‘l xavfsizligi yo‘lovchi va karvonni qaroqchi, talonchi hamda o‘g‘ridan himoyalash bilan o‘lchangan. Qadimiy rabot va karvonsaroylar shu ma’noda faqat savdo yoki tunash joyi emas, o‘z davrining xavfsizlik infratuzilmasi ham edi.

Bugungi xavfning qiyofasi boshqacha. Yo‘lovchiga qarama-qarshi oqim bilan to‘qnashuv, tartibsiz kesishma, tirbandlik, toliqqan haydovchi, nosoz qoplama va kechikkan tibbiy yordam ko‘proq tahdid soladi.

Tirbandlikning o‘zi ham xavfsizlik masalasi. Tiqinda asabi charchagan haydovchi yo‘qotgan vaqtini qoplashga urinib, tavakkaldan quvib o‘tadi, tezlikni oshiradi. Tiqin esa tez yordam va o‘t o‘chirish mashinasi yo‘lini to‘sadi.

Shu bois, xavfsizlik muhandislikdan boshlanishi lozim. Negaki qarama-qarshi oqimlarni ajratish, nazorat qilinadigan kirish-chiqish, piyodalar va chorva mollari uchun alohida o‘tish joylari, tungi yoritish, hodisani darhol aniqlaydigan raqamli markaz, tez yordam va qutqaruv nuqtalari — bularning har biri inson umriga daxldor.

Yo‘lbo‘yi infratuzilmasi ham bezak emas. Yoritilgan to‘xtash joyi, toza hojatxona, suv, ovqatlanish maskani, yoqilg‘i va elektr quvvatlash shoxobchasi, shinomontaj, dorixona va birinchi yordam nuqtasi xavfsizlikning bir qismi. Qadimgi karvonsaroylar yo‘lovchilarni qaroqchilardan, issiq-sovuqdan, ochlikdan asragan bo‘lsa, zamonaviy servislar majmuasi ularni charchoq va sarsongarchilikdan himoyalab, ko‘maksiz qoldirmaydi.

2,2 milliard dollar qachon qoplanadi?

Bu savolga javob berish hozircha imkonsiz. Chunki yakuniy yo‘l haqi, kredit foizlari, qarzni qaytarish jadvali, ekspluatatsiya va ta’mir xarajatlari, imtiyozlar hamda pulli yo‘l operatorining shartlari to‘liq e’lon qilinmagan. Hozir ochiq turgan moliyaviy manzaraning ma’lum qismi bunday: sarfning 85 foizi Xitoy banklari berishi kutilayotgan kreditlar, qolgan 15 foizi O‘zbekiston budjeti zimmasida. Yo‘l bitgach, uni boshqarish uchun yana alohida operator tanlanadi.

Shu sabab 2,2 milliardni taxminiy yo‘l haqiga bo‘lib, “falon yilda qoplanadi” deyish hisob emas, taxmin bo‘ladi. Qolaversa, kassaga tushgan yalpi mablag‘ning barchasi sarmoya qaytimi emas: yo‘lni saqlash, boshqarish, xavfsizlik, qutqaruv xizmati va qarz foizlari ham shu tushumdan qoplanadi.

Avtomagistralning moliyaviy qaytimi pulli yo‘l tushumida ko‘rinadi. Uning keng iqtisodiy qaytimi esa yanada ulkan: tejalgan vaqt va yoqilg‘i, kamaygan amortizatsiya, mahsulot yo‘qotishi qisqarishi, yangi logistika markazlari, servis korxonalari, ish o‘rinlari, soliq tushumi, turizm va samarali xavfsizlik.

Dastlabki hisobni oddiy tilga o‘girsak, tashuvchining bugun har 100 so‘mga tushayotgan xarajatidan 19-24 so‘mini tejash imkoni paydo bo‘lishi mumkin. Magistral o‘tadigan iqtisodiy hududlar — Toshkent shahri, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida yalpi mahsulotga 3 foizli qo‘shimcha kutilmoqda. Jahon bankining infratuzilma samarasiga oid tahlillari esa sarflangan bir dollar iqtisodiyot bo‘ylab aylanib, besh dollargacha natija tug‘dirishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Bu samara o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Yo‘l o‘tadigan 13 tumanda logistika markazi, ombor, qayta ishlash sexi, mehmonxona, ustaxona, ovqatlanish va dam olish maskanlari tashkil etilsa, bu magistral o‘zi o‘tgan barcha hududlarning iqtisodiyotini yuksaltirishi mumkin. Aks holda, mahalliy aholi mashinalar shovqini va yer ajratish oqibatini ko‘radiyu daromad uning yonidan o‘tib ketaveradi.

U shunchaki tugamaydi…

Toshkent — mamlakatning siyosiy, moliyaviy, ilmiy va boshqaruv markazi. Samarqand esa tarixiy xotira, madaniy meros va xalqaro turizmning eng yorqin timsollaridan biri. Bu ikki shahar o‘rtasidagi yo‘l oddiy geografik masofani emas, bugungi davlat bilan uning tarixiy ildizini bog‘laydi.

Qadimda Samarqandni dunyoga tanitgan Buyuk ipak yo‘li faqat savdo karvonlari yuradigan iz bo‘lmagan. U orqali ilm, din, san’at, hunar, til va dunyoqarashlar harakatlangan. Yangi avtomagistral, tezyurar temir yo‘l va aviatsiya qatnovi ana shu tarixiy chorrahani zamonaviy iqtisodiy harakatga qayta ulaydi.

Safar vaqtining besh soatdan ikki yarim soatga tushishi odamning safar haqidagi qaroriga ham ta’sir qiladi. Besh soatlik yo‘l alohida tayyorgarlik talab qilsa, ikki yarim soatlik masofa dam olish kungi safarga aylanadi. Bu muzey va ziyoratgohga yangi mehmon, hunarmandga xaridor, mehmon uyi va milliy taomlar maskaniga mijoz olib keladi.

Eng muhimi, yo‘l Samarqandda tugamaydi. U Jizzax, Zomin, Shahrisabz, Buxoro va janubiy viloyatlar tomon davom etadigan turistik hamda madaniy yo‘nalishlarning ham harakatini tezlashtiradi.

Yaxlit harakat tizimi

Endi maqolamizning asosiy gapini aytaylik: Prezidentimiz O‘zbekiston transport tafakkuriga olib kirgan yangilik faqat avtomobil yo‘li, yana bir poyezd yoki yangi havo qo‘nalg‘asi qurishdan iborat emas.

Yangilik avtomobil yo‘li, temir yo‘l, metro, aviatsiya, shahar transporti va logistikani bir-birini davom ettiradigan yagona harakat tizimi sifatida ko‘rayotganidadir.

Davlatimiz rahbari 2025-yildagi Toshkent xalqaro investitsiya forumida bu qarashni bir jumla bilan ifodalagan edi: “Biz transport va logistika sohasini iqtisodiyotimizning qon tomiri sifatida ko‘ramiz”.

Maqolamizning aytmoqchi bo‘lgan asosiy gapi — kalit jumlasi ham shu aslida. Odam bolasi manzilga yetish uchun yo‘l qidirsa, davlat taraqqiyotga yetish uchun harakat tizimini quradi. Temir yo‘l ham yo‘l. Samolyotning osmonda ko‘zga ko‘rinmaydigan havo yo‘lagi ham yo‘l. Vokzaldan havo qo‘nalg‘asiga, havo qo‘nalg‘asidan shaharga, qishloqdan magistralga olib chiqadigan kichik ko‘cha ham shu tizimning bir tomiri. Bir tomir tiqilsa, butun tana bezovta bo‘ladi.

Temir izda qisqarayotgan masofalar

1964-yilning 1-oktabri. Tokio Olimpia¬dasining ochilishiga to‘qqiz kun qolganda Yaponiya dunyoda birinchi bo‘lib yuqori tezlikdagi “Sinkansen”ni ishga tushirdi. Poyezdning soatiga 210 kilometr yurishi o‘sha kezda temir iz ustidagi mo‘jiza edi. Bugun esa Xitoyda yo‘lovchi tashiydigan tezyurar poyezdlar soatiga 350 kilometr tezlikda harakatlanmoqda.

Jahon xaritasini temir izlar bo‘yicha kuzatsak, ko‘z oldimizda yana bir manzara jonlanadi. 2025-yilgi xalqaro atlas ishlayotgan, qurilayotgan va rejaga kirgan yuqori tezlikdagi tarmoqlarni qo‘shib hisoblaganda 67 ming 700 kilometrdan ziyod masofani ko‘rsatadi. Uning 47 ming 800 kilometridan ortig‘i birgina Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Har kuni qariyb besh ming tezyurar tarkib yo‘lga chiqadi.

Ular bir yilda tashiydigan yo‘lovchilar soni uch milliarddan oshadi.

Biroq bundagi asosiy yutuq tezlikning o‘zi emas. Yutuq — aniq jadval, xavfsizlik, uzluksiz xizmat va poyezddan tushgan yo‘lovchini keyingi manzilga yetkazadigan transportning shay turishida.

O‘zbekiston bu poygaga 2011-yili “Afrosiyob” bilan qo‘shilgan edi. Yangi O‘zbekiston davriga kelib tezyurar poyezdlarning qatnov geografiyasini kengaytirish, yangi tarkiblar olib kelish va temir yo‘lni elektrlashtirish bir-biriga bog‘langan dasturga aylandi. Davlatimiz rahbarining 2022-yili Xorazmda ilgari surgan tashabbusidan so‘ng Janubiy Koreya¬ning “Hyundai Rotem” kompaniyasidan oltita zamonaviy elektropoyezd xarid qilinishi bo‘yicha shartnoma imzolandi.

2026-yil 5-may kuni “Jaloliddin Manguberdi” poyezdi Toshkentdan Xivaga muntazam qatnay boshladi. Buning uchun Buxorodan Urganch va Xivagacha bo‘lgan qariyb 450 kilometr temir yo‘l elektrlashtirildi. Yetti vagonga joylashadigan 389 yo‘lovchi endi 1022 kilometr masofani taxminan 7,5 soatda bosib o‘tmoqda. Endi kechagina shu yo‘lga 14 soatgacha vaqt sarflanganini jilmayib eslaymiz.

Yaqinlashayotgan manzillar

Keyingi yillarda Toshkentning metro xaritasiga 33 kilometr yangi iz va 21 bekat qo‘shildi. Buni quruq masofa deb bo‘lmaydi: Yashnobod, Mirobod, Sergeli, Yangihayot va Yunusobodda yashaydigan qariyb bir million kishiga shaharning eng tez transporti bir necha qadam yaqinlashdi.

Mamlakatimiz yetakchisi “Agar metro yo‘llari qurmaganimizda, yangi avtobuslar olib kelmaganimizda, bugun Toshkentda transport qatnovi qiyin bo‘lardi”, deganda mutlaq haq edi.

2030-yilgacha metro izlari 103 kilometrga, bekatlar 79 taga yetishi, bir kunda 1 million 800 ming yo‘lovchini tashishi ko‘zda tutilgan. Rejalashtirilgan metro xaritasining hozir qurilayotgan muhim bo‘lagi Yangi Toshkentni amaldagi tarmoqqa ulaydigan 21 kilometrli yo‘ldir. Undagi to‘qqiz bekat kuniga 230 ming kishiga xizmat ko‘rsatadi.

E’tibor bering: gap faqat metro yo‘lining uzunligi haqida emas. Yangi bekat yonida mashina qoldirish joyi, avtobus va shahar atrofi poyezdi bir-birini kutib turishi lozim bo‘lgan tartib ham shakllantirilmoqda. Elektropoyezddan metroga yoki avtobusga yagona tarif orqali o‘tish, mashinani qoldirib, metroga o‘tish uchun “Park&Ride”dan foydalanish, jadvallarni bir-biriga moslashtirish masalalari kun tartibiga chiqdi. Demak, metro manzilning oxiri emas, katta harakat halqasining bir bo‘g‘iniga aylanmoqda.

Havo darvozasidan qatnov tuguniga

Dubay havo qo‘nalg‘asining muvaffaqiyatini faqat uchish-qo‘nish yo‘laklari bilan tushuntirib bo‘lmaydi. Singapurning “Changi” havo qo‘nalg‘asi ham shunchaki havo darvozasi emas — u mamlakat haqidagi ilk taassurotni shakllantiradigan, yo‘lovchi vaqtni qadrlaydigan, o‘zining sifatli xizmat ko‘rsatish tizimi orqali davlat madaniyatini ko‘rsatadigan makon.

“Changi” da bo‘lganimda, bu makonni hayrat bilan tomosha qilgandim, so‘ng bu hayrat ortidan ko‘nglimni og‘ritgan bunday savol paydo bo‘lgan edi:

— Bor-yo‘g‘i 744 kvadrat kilometrli Singapur shunday ajoyib havo qo‘nalg‘asi quribdi. Hududi undan 600 baravardan ziyod O‘zbekiston buni eplolmaydimi?

Albatta, eplaydi. Bunga ishonaman. Bu ishonch quruq tasalli emas. Mamlakatning havo darvozalari birin-ketin o‘zgaryapti. Samarqand yangi terminal bilan mehmon kutib olyapti, viloyat havo qo‘nalg‘alari qayta qurilyapti, osmonda yangi milliy tashuvchilarning qanotlari ko‘zga tashlanyapti.

Miqyos va maqsad jihatidan eng katta qadam esa Toshkent viloyatidagi yangi xalqaro havo qo‘nalg‘asi loyihasidir. “O‘zbekistonni Sharq va G‘arb, Janub va Shimolni bog‘lovchi yirik aviatsiya xabiga aylantirishni maqsad qilganmiz”, degandi Prezidentimiz mega qurilish haqida gapirganda.

Bu havo qo‘nalg‘asi birinchi bosqichining o‘zi 1300 gektar maydon va 2,5 milliard dollarlik sarmoya degani. O‘rta Chirchiq bilan Quyi Chirchiq tumanlari oralig‘ida bunyod bo‘ladigan bu majmua bir yilda 20 million yo‘lovchi va 129 ming tonna yuk oqimini qabul qilishi, bir soatning o‘zida 30 ta samolyotni uchirishi yoki qo‘ndirishi ko‘zda tutilgan.

Eng muhim jihat raqamlarda emas. Loyiha chizmasida havo qo‘nalg‘asi yolg‘iz qoldirilmagan: undan Toshkent — Samarqand, Toshkent — Andijon va Toshkent — Bo‘stonliq avtomagistrallariga yo‘l tortiladi. Terminal yonida temir yo‘l bekati bunyod etilib, tezyurar poyezdlar qatnovi ham yo‘lga qo‘yiladi. Poytaxt va Yangi Toshkentga qatnaydigan shattllar esa havodagi safarni yerda davom ettiradi.

Ya’ni yo‘lovchining havo qo‘nalg‘asiga yetib borishi va undan chiqib ketishi ham parvozning davomi deb qaralishi lozim. Samolyotdan tushgan odam yana soatlab taksi kutsa yoki tirbandlikda qolsa, havodagi tezlikning yerda qadri qolmaydi.

Aeroportning haqiqiy bahosi peshtoq balandligi yoki yaltiroq shishalar bilan emas, yo‘lovchi yukini qancha vaqtda qo‘liga olgani, chegara nazoratidan qanday o‘tgani, poyezd yoki avtobusga qanchalik oson o‘tirishi bilan o‘lchanadi.

Shu ma’noda, havodagi parvoz yerdagi yo‘ldan boshlanadi.

Transport suvereniteti

Geografiya bizga bitta qattiq shart qo‘ygan. O‘zbekistondan dengiz portiga yetib borish uchun bir emas, kamida ikki davlat chegarasidan o‘tishimiz zarur. Dunyoda bunday ikki karra quruqlik halqasida qolgan mamlakat atigi ikkita. Biri Markaziy Ovropadagi Lixtenshteyn knyazligi bo‘lsa, ikkinchisi O‘zbekiston.

Bunday sharoitda transport vaqti oddiy qulaylik emas. U — raqobatbardoshlik, xavfsizlik va suveren qaror qabul qilish imkoniyati ham. Bu haqiqatni anglash uchun yaqin tarixning o‘zi yetarli. Bizga sobiq ittifoqdan meros bo‘lgan M-39 yo‘lining Qozog‘istondagi Maqtaaral hududini kesib o‘tadigan qariyb 24 kilometri 2006-yili berkildi.

O‘ziga xos sabablar bilan berkilgan bu yo‘l faqat 2017-yili qayta ochildi. Oradagi o‘n yil haydovchilarga xaritada qisqadek ko‘ringan yo‘lning aylanmasi qanchalik uzun bo‘lishini ko‘rsatib berdi. Masofa davlat chegarasiga borib taqalganda, bir necha o‘n kilometr ham strategik masalaga aylanar ekan.

Yangi avtomagistral bu qaramlikni yo‘qotadi, mamlakat ichidagi harakatni o‘z qo‘limizga olish imkonini kengaytiradi. Farg‘ona vodiysi va markaziy hududlarni janub hamda g‘arbga tezroq ulaydi, “Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston” yoki Transafg‘on yo‘laklaridan kirgan yukni ichki manzillarga tarqatadi. Temir yo‘l va yangi havo qo‘nalg‘asi bilan tutashganida esa u shunchaki katta yo‘l bo‘lib qolmay, milliy transport belbog‘iga aylanadi.

Kelajakka qo‘yilgan tamal toshi

Toshkent — Samarqand avtomagistrali bir vaqtning o‘zida iqtisodiy loyiha, ijtimoiy qulaylik, turistik yo‘lak, madaniy ko‘prik, muhandislik maktabi va transport suvereniteti vositasi.

Prezidentimizning bu jarayondagi tarixiy roli yo‘lni xalqqa qilingan himmat sifatida emas, davlat kelajagiga kiritiladigan strategik sarmoya sifatida ko‘rganidadir. Uning O‘zbekiston transport tafakkuriga olib kirgan asosiy yangiligi ham beton yoki asfalt miqdorida emas, balki harakat uzluksizligi, transport turlarining o‘zaro bog‘liqligi va yo‘lning inson hayoti hamda iqtisodiyotdagi natijasiga qarab baholanishida.

Albatta, yo‘l hali tayyor emas. Loyihaning haqiqiy bahosi 2030-yilda ochilish tasmasi kesilgan paytda ham emas, undan keyingi yillarda: beton qancha xizmat qildi, xavfsizlik qanchalik ta’minlandi, qarz qanday qaytarildi, yo‘l haqi aholi imkoniyatiga mos keldimi-yo‘qmi, yo‘l bo‘yi hududlar daromad olyaptimi degan savollarga ijobiy javob berilganda aniq bo‘ladi. Ammo hozir aytilayotgan bu savollar e’tirofni kamaytirmaydi. Aksincha, boshlangan ishning qadrini saqlaydi.

* * *

Qishlog‘im Bolg‘aliga endi tez-tez borishdan og‘rinmayman. Negaki yo‘l mashaqqati qolmadi. Qishloqqa borish endi alohida tayyorgarlik, mashinani bir sira ko‘zdan kechirish, ehtiyot qismlar yoki qo‘shimcha shinalar xarid qilish yoxud yo‘ldan yo‘l qidirish degani emas.

Bu yo‘llarda ketayotgan bolalar ham endi ota-onasiga:

— Dada-a, yo‘ldan yuraylik, iltimo-os… — deb zorlanayotgani yo‘q.

Ular bahorda ravon yo‘lda yelib borayotgan avtomobil oynasidan ufqqa tutashgan yashil adirlarga, lolaqizg‘aldoqlarga, kuzda sarg‘aygan qirlarga termilib zavq olmoqda. Balki ularga bu ravon yo‘llar azaldan bordek tuyular. Biz esa uning ortida qancha yillik intizorlik, qanchadan qancha yorilgan shinalar, yo‘qotilgan vaqt va alamlar borligini yaxshi bilamiz.

Shu bois, Prezidentimiz boshlagan yo‘l islohotlarining qimmatini men hisobotda aytilayotgan kilometrlardan ko‘ra, Bolg‘aliga borganimda yaqqolroq his qilaman. Chunki islohotning haqiqiy bahosi minbarda aytilgan gap yoki hisobotdagi raqam bilan emas, odamning kundalik hayotidan olib tashlangan mashaqqat bilan o‘lchanadi.

Abdulhamid MUXTOROV,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi