Poytaxtimizdagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab oʻquvchilari — Elbek Zohidjonov va Asilbek Sunnatovning ota-onalari bugungi taʼlim islohotlari mevasini koʻrib turibdi. Zero, ikkala oʻquvchi ham AQSHning nufuzli oliygohlaridan biri — Massachusets texnologiyalar institutining (MTI) 100 foizli grantini qoʻlga kiritdi. Ushbu grantning umumiy qiymati 385 ming dollarni tashkil etadi.
Dunyoning
birinchi raqamli texnika universiteti boʻlgan MTI ilm-fan va innovatsiyalar
markazi sifatida tanilgan. Har yili universitetga hujjat topshiradigan minglab
yoshlarning qabul koʻrsatkichi atigi 4 foiz ekanidan raqobatni taxmin
qilaverasiz. 100 dan ortiq Nobel mukofoti sovrindori yetishib chiqqan oliygohga
hujjat topshirishning oʻzi ham shu maʼnoda bir yutuq, aslida. Asilbek va
Elbekning talabalikka qabul qilinishi esa mamlakatimiz miqyosidagi ulkan
natija. Zero, moliyaviy jamgʻarmasi qariyb 25 milliard dollar boʻlgan MTI
iqtidorli talabalarga yirik tadqiqotlar oʻtkazishi uchun cheksiz imkoniyatlar
beradi. Shu jihatdan yigitlar xalqaro oliygohlarda oʻqish orzusida yurgan
tengdoshlari qalbidagi uchqunni alangalatgan boʻlsa, ota-onalarning esa bu
yoʻldagi masʼuliyatini yanada oshirdi. Endi professional taʼlimga
yoʻnaltirilayotgan sarmoya salmogʻi ortsa ortadiki, sira kamaymaydi.
Kichikligidan
matematikaga, 7-sinfdan informatikaga qiziqishi ortgan Asilbek Sunnatov
9-10-sinflarda xalqaro nufuzli matematika olimpiadasida ikki marta kumush medal
sovrindori boʻldi. Ixtisoslashtirilgan maktabdagi ustozi Kamoliddin Yusupov
uning matematikaga qiziqishini yanada oshirdi. Buning uchun unga vaqt ajratib,
ilmi va mehrini ayamadi. Chanqoq shogird esa SAT, IELTS imtihonlaridan yuqori
natijalarni qoʻlga kiritdi. Oʻtgan yili xalqaro informatika olimpiadasida
Oʻzbekiston tarixidagi birinchi kumush medalga erishdi.
—
MTIga qabul natijasi chiqqan payt, toʻgʻrisini aytsam, oʻzimni salbiy xabarga
ham ruhan tayyorladim. Chunki dunyoda birinchi oʻrinda turadigan universitetga
kirish imkoniyati juda pastligini bilaman. Biroq natijalarni koʻrgan paytim
“Tabriklaymiz!” degan yozuvni oʻqidim-u, koʻzlarimga ishonmadim. Elbek va
ustozlarimiz bilan birga edik. Ular ham sevinchdan qiyqirib yubordi. Bir
maktabdan ikki oʻquvchining qabul qilinishini kutmaganimiz uchun soʻz bilan
taʼriflab boʻlmaydigan darajada hayajonda qoldik. Bir-birimizni tabrikladik, —
deydi Asilbek Sunnatov.
Oʻzining
MTIga qabul qilinishidan koʻp umidvor boʻlmagan, maktabdoshi uchun quvonib
turgan Elbek Zohidjonov ham omadi kelganiga dastlab ishonmadi. Zero, oʻsha
pallagacha baribir balim yetmasa kerak degan oʻyda edi. Shuning uchun ham oʻzi
erishgan natija uni ijobiy maʼnoda dovdiratib qoʻydi.
Yigitlar
oʻzi oʻqiyotgan maktabda zamonaviy shart-sharoitlar yetarliligi barobarida
oʻqituvchilarining barchasi tajribali ekanini muvaffaqiyatining muhim omili deb
biladi. Bunday imkoniyat xalqaro universitetlarga oʻqishga kirishda katta
yordam bergani, davlatimiz rahbari iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlashda
yangicha yondashuvlarni taklif qilayotgani bejiz emasligini alohida eʼtirof
etdi.
—
Bunday sharoitlarsiz dunyoga chiqishga umuman imkonimiz boʻlmas edi. Chunki
xalqaro oliygohlarga hujjat topshirish uchun koʻrsatkichlar ancha yuqori
boʻlishi kerak, — deydi Elbek Zohidjonov. — MTI dunyo boʻyicha eng kuchli
oʻquvchilarni tanlab oladi. Biz esa ana shundaylar bilan bellashish uchun faqat
va faqat professional bilim oldik. Maktabimizda darslar boshqacharoq formatda,
qiyinlashtirib oʻtiladi. Olimpiada paytida ana shu format juda asqatdi.
Muhammad
al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab taʼlimi xalqaro andozalar
darajasiga chiqyapti. Maktabda xalqaro bakalavriat (International
Baccalaureate)ning oʻrta yillik (Middle Years Programme) dasturi boʻyicha
akkreditatsiya jarayoni muvaffaqiyatli oʻtdi. Muassasa Oʻzbekistondagi ushbu
nufuzli xalqaro maqomga ega ilk davlat maktabi boʻldi.
—
Oʻquvchilarimiz nufuzli OTMga oʻqishga kirib, bobomiz Muhammad Xorazmiy
vorislari ekanini amalda koʻrsata oldi. Bu, avvalo, mamlakatimizda iqtidorli
yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida eʼtibor samarasi.
Qolaversa, agentlik tizimida yaratilgan shart-sharoitlar, maktabdagi pedagoglar
fidoyiligi va ota-onalar ishonchi oʻquvchilarimizni ulkan natijalarga
yetaklayapti, — deydi maktab direktori Fazliddin Ismoilov. — 2017-yilda
Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan maktabimizning har bir yutugʻi
nafaqat oʻquvchilarning, balki ota-onalar, ustozlar va butun xalqimizniki.
Dunyoning
yetakchi texnika universitetida tahsil oladigan yoshlarimiz yirik tadqiqotlar
bilan shugʻullanishi aniq. Ularning bu boradagi rejalari hozirdanoq aniq.
—
Xalqaro fan olimpiadasida qatnashishning oʻziga xos jihatlari bor. Juda koʻp
kitob oʻqish, kerakli maʼlumotlarni yigʻish kerak, — deydi Asilbek Sunnatov. —
Shuning uchun, birinchi navbatda, yurtimizda olimpiada sohasini rivojlantirish,
oʻzim kabi yoshlarga amaliy yordam berishga harakat qilaman. Sababi, bizda
olimpiadalarga tayyorgarlik koʻrish uchun kerakli materiallar yetarli emas.
Qolaversa, sunʼiy intellekt boʻyicha ham tadqiqotlar oʻtkazmoqchiman.
Bu
yil maktabni tamomlash arafasida turgan Elbek esa xalqaro matematika
olimpiadasida birinchi oltin medalni Vatanimizga olib kelish orzusida. “Chunki
yurtimizda hali hech kim bu olimpiadada oltin medal olmagan”, deydi u.
Asilbek
va Elbekka koʻp ota-onalar, tengdoshlari havas bilan qaraydi. Bu havas hali
koʻplab oʻgʻil-qizlarimizni yuksak marralarga yetaklashi shubhasiz.
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri