Sohibqiron bobomiz Amir Temur saltanatida ham temirdek mustahkam tartib va aniq ijro ustuvor edi. “Tuzuklar” asarida bobomiz bunday qatʼiy talabni qoʻyadi: “... Sakkizinchi, qarorimga amal qildim va har ishga qaror qilsam, ul ishni himmatim oldiga tutdim va to ul ishni bitirguncha undin ilik koʻtarmadim”. Bu oltin qoida oʻlmas bir haqiqatni anglatadi: hatto eng ezgu, eng kuchli gʻoya ham ijrosi boʻlmasa, xalq orasida qadrini yoʻqotadi. Balandparvoz soʻzlar va qogʻozdagi quruq hisobotlarning davri oʻtdi.

Mutaxassislarning minbarlardagi jarangdor nutqlaridan koʻra, ularning oʻz ishiga masʼuliyati, madaniyati va har qanday sharoitda oʻzgarmaydigan intizomi jamiyat taraqqiyotida hal qiluvchi kuchga aylanadi. Demak, intizom faqat maʼmuriy talab emas, balki maʼnaviy pozitsiya hamdir.

Ilgʻor mamlakatlar tajribasiga nazar

Taraqqiy etgan davlatlar amaliyotida samaradorlik asosi intizom ekaniga koʻp misol keltirish mumkin. Masalan, Yaponiyaning kaizen (doimiy takomillashuv) falsafasi yoki Malayziyada davlat xizmatchilari uchun joriy etilgan qatʼiy axloq va ijro standartlarida tizimlilik, vaqt qadriga yetishni koʻramiz. Yaponiyada kaizen faqatgina korxonalarda emas, davlat xizmatlarida ham qoʻllanadi. U yerda davlat idoralarida qogʻozbozlik va ortiqcha harakatni qisqartirish uchun qatʼiy 5S (saralash, tartibga solish, tozalash, standartlashtirish, intizom) tizimi amal qiladi. Aytaylik, xodim biror hujjatni izlashga 30 soniyadan ortiq vaqt sarflamasligi zarur. Chunki “muda” (isrof) tushunchasi moddiy resurslar bilan birga vaqtga nisbatan ham qoʻllanadi. Davlat xizmatchisining fuqaroni kuttirishi eng ogʻir “muda” (vaqt isrofi)dir. Shu sababli Yaponiyada koʻp xizmatlar inson omilisiz, zamonaviy texnologiyalar orqali soniyalarda amalga oshiriladi.

Yaponiyada intizom — jamoaviy madaniyat, Malayziyada — jadal oʻsish strategiyasi boʻlsa, Germaniyada qonun va jarayonning mutlaq ustuvorligidir. Germaniyada davlat xizmatchilari “beamte” deb ataluvchi huquqiy maqomga ega. Bu maqomning umrbodligi va davlatga sadoqati konstitutsiyaning 33-moddasi 4- va 5-bandlarida mustahkamlab qoʻyilgan. Davlat xizmatchilari davlatga va konstitutsiyaga sadoqati haqida qasamyod qiladi. Evaziga davlat ularni umrbod ish bilan taʼminlaydi. Faqat qoidabuzarlik yoki korrupsiya ularni pensiya va ijtimoiy himoyadan mahrum qiladi. Nemislar tezlikka emas, aniqlikka eʼtibor qaratadi. Davlat idorasida uchrashuv soat 09:00 da belgilangan boʻlsa, hech kimning bir daqiqa kechikishga yoki barvaqt kelishga haqqi yoʻq. Hech bir davlat xizmatchisi qoidalarni oʻzicha talqin qilolmaydi.

Tilga olingan mazkur uch davlat tajribasida bitta oʻxshashlikni ilgʻash mumkin: u yerda tizim insonning kayfiyati yoki shaxsiy xohishiga qarab ishlamaydi. Qatʼiy axloqiy qoidalar va vaqt menejmenti davlat apparatini his-tuygʻulardan xoli, faqat fuqaro va jamiyat farovonligiga xizmat qiladigan mexanizmga aylantirgan.

Raqamli intizom arxitekturasi

Jahon tajribasi yana shuni koʻrsatadiki, davlat boshqaruvida qatʼiy intizom va taym-menejment oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolmaydi, albatta. Buning uchun kuchli huquqiy baza, aniq reglament va ijroni nazorat qiluvchi zamonaviy mexanizm zarur. Har qanday islohotning hayotiyligini taʼminlash uning qogʻozdan amaliyotga qanchalik tez va sifatli koʻchishi bilan oʻlchanadi. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda ham davlat idoralari faoliyatini soat mexanizmi kabi ishlashga yoʻnaltirish, qogʻozbozlikni qisqartirish, xizmatchilarning ijro madaniyatini yangi bosqichga olib chiqish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Bu borada ­Prezidentimizning 2021-yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi ­organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hamda 2025-yil 25-iyuldagi “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlari huquqiy zamin yaratmoqda. Qolaversa, davlatimiz rahbarining 2021-yil 31-maydagi “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini mustahkamlash, idora va tashkilotlar rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirishda dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari ijrosini nazorat qilishning yangi mexanizmlarini joriy etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan hukumat qarorlari ijrosini nazorat qilishning yangi tartibi joriy etildi. Mazkur hujjat normativ-huquqiy hujjatlarni puxta ishlab chiqish va qabul qilishning taʼsirchan amaliyotini shakllantirish, ularni keng jamoatchilik hamda aholiga tezkor yetkazishda yagona tizim joriy etilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yuqorida sanab oʻtilgan huquqiy meʼyorlar va “Ijro.gov.uz” tizimining samaradorligini Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi faoliyatida koʻrishimiz mumkin. Idorada xorij tajribasi asosida tizimlilik, taym-menejment va inson omilidan xoli qatʼiy nazorat mexanizmi ishlayotganiga guvoh boʻlamiz. Tizimning naqadar tigʻiz va aniq algoritm asosida ishlaganini 2025-yilgi sarhisoblar ham koʻrsatib turibdi.

Xususan, yil davomida davlatimiz rahbarining 79 ta hujjati (farmon, qaror va bayonlar) asosida 223 ta topshiriq ustida ishlandi. Shundan 146 tasining ijrosi toʻliq taʼminlanib, nazoratdan yechildi va 65 ta topshiriq doimiy tusga ega boʻlgani bois, keyingi muddatga oʻtkazildi, shuningdek, 12 ta topshiriqning bajarish muddati 2026-yil etib belgilangan.

Prezident Administratsiyasi rahbarining 17 ta hujjatidagi 31 ta topshiriq ijrosi boʻyicha tegishli ishlar qilindi. Xususan, topshiriqlarning 20 tasi toʻliq bajarildi, 4 ta topshiriq keyingi muddatga oʻtkazildi va 7 ta topshiriqni bajarish muddati 2026-yil etib belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining 37 ta hujjatidagi 154 ta topshiriq boʻyicha tizimli ishlar yoʻlga qoʻyildi. Xususan, topshiriqlarning 125 tasi toʻliq uddalandi, 20 ta topshiriq ijrosi 2025-yil uchun bajarilib, keyingi muddatga oʻtkazilgan, 9 ta topshiriqni bajarish muddati 2026-yil etib belgilangan.

Raqamlar tahlili shuni koʻrsatadiki, davlat rahbarining hujjatlarida belgilangan topshiriqlar soni 2023-yildagi 104 tadan 2024-yilda 145 taga, 2025-yil yakuniga koʻra esa 223 taga yetgan. Topshiriqlar koʻlamining qisqa davrda ikki barobardan ziyodga ortishi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining mamlakatdagi islohotlar jarayonida asosiy gʻoyaviy-maʼrifiy markaz sifatidagi oʻrni keskin ortganini ifodalaydi.

Ayniqsa, 2026-yil birinchi choragining oʻzidayoq 204 ta topshiriq belgilangani markazning qarorlar qabul qilish va mafkuraviy siyosatni muvofiqlashtirish boʻyicha markaziy boʻgʻin sifatidagi faoliyati yangi bosqichga chiqqanini anglatadi. Ushbu tendensiya nafaqat ish hajmining ortishini, balki maʼnaviy-tarbiyaviy ishlar samaradorligini baholashda zamonaviy monitoring ­mexanizmlarini qoʻllash hamda natijadorlikka yoʻnaltirilgan tizimli boshqaruvga oʻtish zaruratini taqozo etmoqda.

Koʻrinib turibdiki, raqamlashtirilgan “Ijro.gov.uz” tizimi davlat ­organlarida soat mexanizmi kabi aniqlikni oʻrnatmoqda. Yuqoridagi raqamlar shunchaki navbatdagi hisobot emas, bevosita jamiyat maʼnaviyati va maʼrifatiga masʼul boʻlgan markaziy idora xodimlarining xalq oldidagi hisobdorligini koʻrsatuvchi amaliy barometrdir.

Xalq bilan muloqot — samaradorlik garovi

2026-yil 13-martda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida xalq murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi darajaga koʻtarish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilishga bagʻishlab oʻtkazilgan maxsus yigʻilishda aholi dardini eshitish, har bir murojaatga adolatli va qonuniy yechim topish davlat organlarining ustuvor vazifasi ekani alohida taʼkidlandi. Shu nuqtayi nazardan, masʼul tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish, murojaatlarni oʻz vaqtida va sifatli koʻrib chiqish orqali aholi ishonchini mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur yondashuvlar asosida markaz tomonidan ham fuqarolar murojaatlarini tizimli ravishda koʻrib chiqishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, Prezidentimiz doim taʼkidlab kelayotgan “xalq davlat idoralari uchun emas, davlat idoralari xalq uchun xizmat qilishi kerak” degan tamoyil asosida markazda fuqarolar bilan ochiq va samarali muloqot izchil yoʻlga qoʻyilmoqda. Kelib tushgan murojaatlar amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq atroflicha koʻrib chiqilib, har bir masalaga huquqiy jihatdan asosli yechim topishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu esa aholi dardiga quloq tutish, murojaatlar bilan ishlashda masʼuliyat va adolat tamoyillari ustuvor ekanini yaqqol koʻrsatadi.

Shu bilan birga, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining tatbiq etilishi monitoring va tahlil tizimini yangi bosqichga olib chiqdi. Raqamli platformalar imkoniyatidan foydalanish nafaqat murojaatlarni tezkor koʻrib chiqish, balki takrorlanuvchi muammolarni ildizi bilan aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha tizimli yechimlar ishlab chiqishga xizmat qilmoqda.

Bu esa, oʻz navbatida, hududlardagi dolzarb masalalarni barvaqt hal etish hamda davlat boshqaruvida yuqori samaradorlikka erishish garovidir.

Taraqqiyot texnikasi

Davlat xizmatchisiga xalq va davlat taqdiri ishonib topshiriladi. “Ijro.gov.uz” tizimiga kelib tushgan har bir topshiriq yoki murojaat zamirida inson taqdiri yotadi. Uni paysalga solish, oʻz vaqtida bajarmaslik yoki yuzaki yondashish qonunan intizomiy jazo boʻlsa, sharqona maʼnaviyat mezonlarida omonatga xiyonat, yaʼni ogʻir maʼnaviy javobgarlik sifatida baholanadi. Ijro intizomi bu oʻrinda xodimning vijdon koʻzgusiga aylanadi.

Ijro intizomi va taym-menejment tushunchalarini milliy qarashlarimizda ifoda etadigan boʻlsak, maʼrifatparvar jadid bobolarimizning merosiga eʼtibor qaratishimiz kerak. Abdurauf Fitrat isrofgarchilik deganda faqat toʻy-hashamlar yoki mol-dunyo isrofini emas, birinchi navbatda, vaqt va umr isrofini nazarda tutgan edi. Davlat idorasidagi byurokratiya, fuqaroning sarson qilinishi yoki bitta hujjatning haftalab tasdiq kutishi millat vaqtini oʻgʻirlash, taraqqiyot kushandasi va mudhish isrofgarchilikdir.

Mahmudxoʻja Behbudiy ham maqolalarida taraqqiy etgan millatlarning asosiy siri ularning qatʼiy intizomi va tartibida ekanini kuyinib yozgan. Jamiyatni oʻzgartirish uchun quruq his-tuygʻular yetarli emasligi, qilingan har bir niyat (topshiriq) aniq va muddatli harakatga aylanishi kerakligini uqtirgan.

Jadidlarimizdan keyingi ziyolilar avlodi faoliyatiga nazar tashlasak ham intizom va tartib ular uchun eng muhim tayanch boʻlganiga ishonch hosil qilamiz. Masalan, atoqli navoiyshunos olima, Oʻzbekiston Qahramoni Suyima Gʻaniyeva bir suhbatida “Mening hayotda va ilmda erishgan barcha yutuqlarimga faqat muntazamlik, qatʼiy intizom sabab boʻlgan”, degan edi.

Yangi Oʻzbekistonda joriy qilingan raqamli nazorat tizimi aslida ana shu ichki madaniyatni shakllantirishga qaratilgan turtkidir.

Inson tabiatan qulaylikka va xotirjamlikka moyil. Qatʼiy intizom xodimda, avvalo, oʻzini oʻzi nazorat qilish, vaqtni qadrlash va oʻz kasbiga sadoqat hissini tarbiyalaydi. Ayniqsa, jamiyatning maʼnaviy qiyofasi uchun bevosita masʼul boʻlgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tizimida ijro intizomi alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki maʼnaviyatni targʻib qiluvchi ziyo maskani oʻz faoliyatida ochiqlik va xalq bilan muloqot (murojaatlar bilan ishlash madaniyati)da boshqa barcha idoraga oʻrnak boʻlishi eng muhim maʼnaviy masʼuliyatdir.

Soʻz, amal va masʼuliyat tutashgan yerda yuksalish boshlanadi. Bugun maʼnaviyat minbarlarda emas, elektron tizimlardagi shaffoflikda, fuqaroga oʻz vaqtida berilgan javobda namoyon boʻladi. Chunki zamonaviy davlatda maʼnaviyat hissiyot emas, balki ishlaydigan tizimdir.

Shunday ekan, haqiqiy ziyolilik balandparvoz gapirishda emas, muntazamlikda, topshiriqni oʻz vaqtida ado etishda bilinadi.

Intizom — taraqqiyotning texnikasi, masʼuliyat esa uning maʼnaviy drayveridir.

Otabek HASANOV,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari