Joriy yilning 3 aprel kuni Toshkent shahrida joylashgan Zakovat Arenada mahallalarda faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlar hamda oliy ta’lim muassasalarining “ijtimoiy ish” yo‘nalishi talabalari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi. Ushbu bellashuv nafaqat bilim sinovi, balki avlodlar o‘rtasidagi tajriba almashinuv maydoniga aylandi.

Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad — o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, ijtimoiy ta’limni rivojlantirish, ijtimoiy soha xodimlarining intellektual salohiyatini oshirishdan iborat. Intellektual o‘yinda ijtimoiy xodimlardan tashkil topgan 14 ta jamoa hamda oliy ta’lim muassasalarining “ijtimoiy ish” ta’lim yo‘nalishi talabalaridan iborat 15 ta jamoa ishtirok etdi. Jami 29 ta jamoa o‘rtasida qizg‘in va mazmunli bahslar bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, butun dunyoda 1983 yildan buyon mart oyining uchinchi seshanbasi Butunjahon ijtimoiy ish xodimlari kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu sana ijtimoiy himoya tizimida faoliyat yurituvchi xodimlarning mehnati, ularning jamiyat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasini e’tirof etish maqsadida o‘tkaziladi. Bugungi kunda mazkur sana 140 dan ortiq mamlakatda nishonlanib kelinmoqda.

O‘zbekistonda ham Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan joriy yilning 17 mart kunidan 17 aprelgacha “Ijtimoiy ish oyligi” o‘tkazilmoqda. Mazkur oylik doirasida “Zakovat” intellektual o‘yinini tashkil etish rejalashtirilgan.

“Bu tadbir ijtimoiy xodimlar va talabalarni birlashtirish, ular o‘rtasida tajriba va ma’lumot almashinuvini kuchaytirish maqsadida tashkil etildi”, — dedi agentlikning ijtimoiy ish bo‘limi bosh mutaxassisi Shahzod Ismoilov.

Tadbir davomida ishtirokchilar o‘rtasida qizg‘in va mazmunli intellektual bellashuv bo‘lib o‘tdi. Har bir tur murakkab va mantiqiy savollardan iborat bo‘lib, jamoalardan nafaqat chuqur bilim, balki tezkor fikrlash va jamoaviy hamjihatlikni talab qildi.

Ayniqsa, o‘yin jarayonida ishtirokchilarning hayajoni yaqqol sezildi. Bellashuv qatnashchilaridan biri — Surxondaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodim Shohista Husanova shunday dedi:

“Hozirda o‘tkazilayotgan Zakovat intellektual bellashuvi juda qiziqarli va mazmunli o‘tmoqda. Har bir jamoada o‘ziga xos hayajon bor. Savollar esa ishtirokchilarni mantiqiy fikrlashga undamoqda. Bunday tadbirlar ko‘proq tashkil etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Chunki ishtirokchilar o‘zaro fikr almashib, bilimlarini sinovdan o‘tkazmoqda”.

Zakovat intellektual klubi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu o‘yin 3 turdan iborat bo‘lib, ishtirokchilarga jami 36 ta savol taqdim etildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra quyidagi jamoalar g‘olib deb topildi:

  • 1-o‘rin: 25 ball bilan Farg‘ona viloyati ijtimoiy xizmatlar jamoasi;
  • 2-o‘rin: 23 ball bilan Samarqand viloyati ijtimoiy jamoasi;
  • 3-o‘rin: 22 ball bilan Namangan viloyati ijtimoiy jamoasi.

Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining “ijtimoiy ish” ta’lim yo‘nalishi talabalari jamoasi 15 ta oliy ta’lim muassasasi orasında eng yuqori natijani qayd etib, e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Tadbir so‘ngida g‘olib jamoalar hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Lobar Boboxonova