Tadbirda bolalar mehnatini tugatish, ularning huquqlarini taʼminlash, munosib mehnat tamoyillarini keng joriy etish hamda ushbu yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Xalqaro mehnat konferensiyasida ishtirok etgan 187 ta davlat orasida O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan mehnat, ijtimoiy himoya va taʼlim sohalarida amalga oshirilgan islohotlar natijalari taqdim etildi. Mamlakatimizda bolalar mehnatining deyarli to‘liq bartaraf etilgani, bu natija davlat siyosati, kuchli ijtimoiy himoya tizimi va xalqaro hamkorlik samarasi sifatida xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etildi.

Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva o‘z so‘zida bolalar mehnatiga barham berish faqat huquqiy taqiqlar bilan emas, balki uni keltirib chiqaruvchi asosiy sabablarni – qashshoqlik, ijtimoiy himoyaga muhtojlikni bartaraf etish, shuningdek, sifatli taʼlim va munosib mehnat imkoniyatlarini kengaytirish orqali erishish mumkinligini taʼkidladi.

Qayd etilganidek, mamlakat rahbariyatining qatʼiy siyosiy irodasi, izchil islohotlar va samarali xalqaro hamkorlik natijasida O‘zbekistonda bolalar mehnatiga amalda barham berilgani hamda uning qayta yuzaga kelishining oldini oluvchi barqaror mexanizmlar shakllantirilgan.

Shuningdek, mazkur natijalarga erishishda Xalqaro mehnat tashkiloti, ish beruvchilar va kasaba uyushmalari tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik muhim ahamiyat kasb etgani, XMTning tavsiyalari izchil amalga oshirilgani qayd etildi.

Tadbir ishtirokchilari bugungi kunda mojarolar, migratsiya jarayonlari, iqlim o‘zgarishi va norasmiy bandlik kabi omillar bolalar mehnati xavfini kuchaytirib borayotganiga eʼtibor qaratdi.

Shu munosabat bilan ular Marokash global harakatlar dasturining ahamiyatini alohida taʼkidlab, bolalar mehnatini tugatish yo‘lida amaliy qadamlarni kuchaytirish zarurligini qayd etdi.