35-yil inson umri uchun katta davr. Davlat tarixi uchun esa juda qisqa masofa. Lekin bir xalqning taqdirida bu masofa butun bir burilish nuqtasiga aylanishi mumkin. Savol odatda shunday qoʻyiladi: mustaqillik bizga nima berdi? Bu toʻgʻri, lekin yarim savol. Unga parallel yana bir savol qoʻshilishi kerak: mustaqillik bizdan nimani talab qildi va bugun nimani talab qilmoqda? Prezidentimizning mamlakatimiz mustaqilligining 35-yilligini nishonlashga bagʻishlangan qarorida urgʻu endi aniq kelajakka koʻchirilgan. Unda bu masofa “yakunlangan yoʻl” emas, “davom etayotgan jarayonning bir nuqtasi” sifatida tilga olingan. Til oʻzgarishi tasodifiy emas. U shuni koʻrsatadiki, davlatning oʻzi ham mustaqillikni statik holat emas, har kuni qayta qoʻlga kiritiladigan jarayon sifatida qabul qilmoqda.
Imkoniyatdan natijagacha
Oʻttiz besh yillik yoʻlni uch mantiqiy bosqichga ajratish mumkin. Birinchi bosqichda, taxminan 1991-2016-yillarda asosiy vazifa davlatchilikning tayanch ustunlarini qurish edi: milliy pul-kredit tizimi, sud-huquq tuzilmasi, chegara va boj xizmati, diplomatik korpus. Bu poydevor davri.
Ikkinchi bosqich — 2017-2021-yillarda iqtisodiyotning, valyuta bozorining erkinlashuvi, tadbirkorlik uchun toʻsiqlarning qisqarishi va tashqi siyosatning ochilishi roʻy berdi. Bu ochilishning miqdoriy izini qoʻshnichilik savdosida koʻrish mumkin. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 2016-yilda Markaziy Osiyo davlatlari Oʻzbekistonning umumiy tashqi savdosida atigi oʻndan bir qismi — 10,2 foizni tashkil etgan boʻlsa, besh yil oʻtib bu koʻrsatkich 15,1 foizga koʻtarildi. Bir qarashda ikki foiz banddan besh foiz bandgacha boʻlgan farq arzimas tuyulishi mumkin. Lekin savdo hajmi oʻlchovida bu yarim barobarga yaqin oʻsishni anglatadi. Yaʼni qoʻshnichilik endi faqat diplomatik uchrashuvlar mavzusi emas, tadbirkorning hisob-kitobiga kiruvchi omilga aylangan.
Uchinchisi, bugungi bosqich 2022-2026-yillar va undan keyingi davr. Chunki natija endi bino qurish yoki qonun qabul qilish bilan emas, millionlab insonning bilimi va mehnati bilan oʻlchanadi. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 2025-yilda mamlakat iqtisodiyoti tarixda birinchi marta 145 milliard dollardan oshdi. Vaholanki, 2024-yilda 115 milliard dollar edi. YAIM oʻsishi 7,7 foizni tashkil etdi. 2026-yilning birinchi choragida esa oʻsish surʼati 8,5 foizgacha tezlashdi. Lekin raqamlar ortida nima turadi? Aynan shu savolga javob berish uchun “imkoniyat” va “salohiyat” tushunchalari orasidagi farqni ochish kerak.
Nazariy formula
Imkoniyat bu hali roʻyobga chiqmagan kuch, potensial. U oʻz-oʻzidan natijaga aylanmaydi: imkoniyat, institutlar, bilim, texnologiya va mehnat birikib salohiyatga aylanadi. Yosh aholi — imkoniyat. Sifatli taʼlim uni salohiyatga aylantiruvchi mexanizm. Texnologiya unumdorlikni oshiruvchi vosita. Institutlar esa natijani butun jamiyatga masshtablashtiruvchi muhit.
Buni bir misolda koʻrish mumkin. Ikki xoʻjalik bir xil yer maydoniga, bir xil suv resursiga ega boʻlishi mumkin bu — imkoniyat. Ammo ulardan biri zamonaviy agrotexnologiyani oʻzlashtirsa, ikkinchisi eski usulda qolsa, natija tubdan farqli boʻladi. Farq resursda emas, uni qanday ishlatishda.
Biroq bu formulaning qarshi tomoni ham bor. 2025-yilda mamlakat eksporti 23 foiz oshib, 33,4 milliard dollarga yetdi. Ajoyib natija. Lekin shu eksportning qariyb 30 foizi, taxminan 9,9 milliard dollari oltin hissasiga toʻgʻri keldi. Tabiiy boylik bu ham imkoniyat, lekin u hali toʻliq texnologik zanjir orqali qayta ishlangan, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotga aylanmagan. Demak, imkoniyat hamma joyda bir xil tezlikda salohiyatga aylanayotgani yoʻq. Bu borada mamlakat hali yoʻlning yarmida turibdi.
Mana shu umumiy formulani besh turdagi — inson, iqtisodiy, intellektual-texnologik, energiya-suv, ijtimoiy-milliy kapital orqali sinab koʻrish mumkin. Birinchisi, eng muhimi, chunki qolgan toʻrttasi unga bogʻliq.
Raqam ortidagi taqdirlar
Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2026-yil boshida Oʻzbekiston aholisi 39 million nafardan oshdi, oʻrtacha yosh esa 29,5 yoshni tashkil etdi. Bu jahon oʻrtacha koʻrsatkichi (30,9 yosh)dan past, yaʼni mamlakat demografik jihatdan jahon boʻyicha nisbatan yosh hisoblanadi. Shu manbaga koʻra, har toʻrtinchi fuqaro 14-30 yosh oraligʻida.
Bu yerda oddiy foiz koʻrsatkichi ortida koʻp qatlamli masala yashiringan. Demografiya oʻzi na yaxshi, na yomon. U neytral omil, uning ijobiy yoki salbiy natijaga aylanishi toʻliq ravishda qanday institutsional javob berilishiga bogʻliq. Xitoy, Janubiy Koreya kabi mamlakatlar XX asrning ikkinchi yarmida xuddi shunday “yoshlar toʻlqini”dan foydalanib, iqtisodiy sakrashga erishgan. Bu “demografik dividend” deyiladi. Ammo tarix boshqa misollarni ham biladi: agar yoshlarga ish oʻrni va istiqbol berilmasa, xuddi shu demografik kuch ijtimoiy beqarorlik omiliga aylanishi mumkin. Demak, toʻqqiz yarim million yosh natija emas, u faqat savolning qoʻyilishi: biz bu salohiyatni qaysi ssenariy boʻyicha ishlatamiz?
Aynan shu dilemmaga javob sifatida joriy yilda “Yangi Oʻzbekiston yoshlari — 2030” strategiyasi tasdiqlandi. Unda har yili 600 ming nafar yoshning bandligini taʼminlash, 2030-yilga qadar 900 ming yoshni volontyorlik harakatiga jalb etish, oʻquv markazlari sonini 90 mingtaga yetkazish, 450 ming nafar yoshning xorijiy tilni B2 darajasida egallashi kabi aniq oʻlchanadigan vazifalar belgilangan. Ushbu hujjatning oʻziga xos jihati, unda niyatlar emas, nazorat qilish mumkin boʻlgan mezonlar qayd etilgan. Besh yildan keyin bu raqamlar bajarilgan yoki bajarilmaganini aniq tekshirish mumkin boʻladi.
Tuman markazidagi oddiy maktabni tugatgan yigit yoki qiz onlayn kurslar orqali dasturlashni oʻrganib, xorijiy kompaniya uchun masofadan turib ish qilishi, oylik daromadi esa ota-onasi bir umr orttirgan daromaddan koʻp boʻlishi bir necha yil oldin istisno edi, bugun tendensiyaga aylanmoqda. Ammo bu imkoniyat hali hamma uchun barobar emas. Poytaxt bilan uzoq tuman oʻrtasidagi raqamli va taʼlim tengsizligi hamon sezilarli.
Taʼlim tizimining negizida sodir boʻlayotgan oʻzgarishni bir qiyosda koʻrish mumkin. Besh yil oldin — 2021/2022 oʻquv yilida mamlakat oliy taʼlim tizimida 808 mingga yaqin yosh tahsil olgan boʻlsa, bugungi kunda bu son 1,5 milliondan oshgan. Amalda deyarli ikki barobar koʻpaydi. Bunga oʻxshash dinamika maktabgacha taʼlimda ham kuzatiladi. Qamrov darajasi 27 foizdan 72 foizga koʻtarildi. Muassasalar soni esa besh mingdan 30 mingga yetdi. Bu ikkita raqamni birga oʻqish kerak: agar bugungi 3-4 yoshli bola ertaga maktabga, undan keyin oliy taʼlimga kirish ehtimoli ortgan boʻlsa, demak, “poydevor” bilan “natija” oʻrtasidagi zanjir asta-sekin toʻliq ishlay boshlagan. Boshqacha aytganda, bu “imkoniyat” deb ataladigan abstraksiya emas, aniq vaqt oraligʻida oʻlchab boʻladigan institutsional natija.
Resursdan qoʻshilgan qiymatga
XXI asrda iqtisodiy mustaqillik faqat tabiiy resursga egalik qilish emas, balki uni texnologiya, bilim va moliya orqali yuqori qoʻshilgan qiymatga aylantira olish qobiliyati ham. Xom paxta tonnasi bilan undan tikilgan tayyor kiyim-kechak partiyasining bozor qiymati orasidagi farq bu shunchaki raqam emas, balki bir xil xomashyodan necha barobar koʻp daromad va ish oʻrni yaratish imkoniyatining oʻlchovi.
2025-yilda mamlakatga jalb qilingan toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar 43,1 milliard dollarni tashkil etdi. Bu YAIMning 31,9 foiziga teng. Oltin-valyuta zaxiralari esa tarixda birinchi marta 60 milliard dollardan oshdi. Shu davr ichida kambagʻallik 8,9 foizdan 5,8 foizgacha qisqardi, ishsizlik esa 5,5 foizdan 4,8-4,9 foizgacha tushdi.
Bu toʻrt raqamni yonma-yon qoʻyib koʻraylik. Investitsiya hajmi oshgan, zaxira koʻpaygan, kambagʻallik kamaygan, ishsizlik pasaygan — toʻrttasi ham bir yoʻnalishga ishora qiladi. Lekin shu oʻrinda bir savol tugʻiladi: bu tasodifmi yoki zanjirmi? Iqtisodiy nazariya bunga aniq javob beradi: investitsiya yangi ish oʻrni yaratadi, ish oʻrni daromadni oshiradi, oshgan daromad esa kambagʻallik chegarasidan chiqaruvchi asosiy vosita hisoblanadi. Demak, bu toʻrt raqam toʻrt alohida yutuq emas, bitta iqtisodiy zanjirning toʻrt boʻgʻini. Rasmiy hisobotlarga koʻra, bir yil ichida 300 mingdan ortiq oila kambagʻallik chegarasidan chiqqani zanjirning oxirgi, eng muhim natijasi.
Ammo bir jihatni ham koʻrsatib oʻtish kerak. Yuqorida aytilganidek, eksportning qariyb 30 foizi oltin. Bu yerda ikki xil xulosa chiqarish mumkin va farq ularning qaysi birini tanlashda. Birinchisi, yuzaki xulosa: “oltin qimmat, demak, yaxshi”. Ikkinchisi, chuqurroq xulosa: agar daromadning uchdan bir qismi bitta metalning jahon birjasidagi narxiga bogʻliq boʻlsa, bu mamlakat oʻz qoʻlida boʻlmagan omilga qaramlik degani. Oltin narxi ertaga pasaysa, bu raqam ham boshqacha boʻladi. Vaholanki, texnologiya yoki taʼlim orqali yaratilgan qiymat bunchalik tebranishga uchramaydi. Aynan shu farq “imkoniyat” (yer ostidagi zaxira) bilan “salohiyat” (uni barqaror daromadga aylantiruvchi tizim) orasidagi masofaning amaliy koʻrinishi.
Agar oltin yerdan olinadigan, takrorlanmaydigan boylik boʻlsa, dasturiy mahsulot inson miyasida yaratiladigan, cheklanmagan boylik. Ikkisining narxi ham oʻzgarishi mumkin. Lekin farq shundaki, bittasi tugaydi, ikkinchisi esa koʻpayaveradi. Shu bilan birga, ijobiy tendensiya ham bor. 2026-yilning birinchi yarim yilligida oltinsiz eksport 32,2 foiz oshib, 14,4 milliard dollarga yetdi. Demak, diversifikatsiya jarayoni boshlangan, lekin u hali oltinning oʻzi kabi tezlikda oʻsmayapti. Diversifikatsiyaning yagona uzoq muddatli yoʻli — texnologiya.
Isteʼmolchidan yaratuvchiga
XIX-XX asrlarda sanoat quvvati va tabiiy resurslar iqtisodiy mustaqillikning asosiy omili boʻlgan, bugun esa bu roʻyxatga maʼlumot, algoritm va sunʼiy intellekt qoʻshildi. Yuqorida aytilgan “tugaydigan boylik va tugamaydigan boylik” farqini eslaylik. Oʻzbekiston 2030-yilga qadar AT xizmatlari va dasturiy mahsulotlar eksportini 5 milliard dollargacha yetkazishni maqsad qilgan. Bu soha atigi sakkiz-oʻn yil oldin yillik bir million dollarlik eksportni ham tashkil etmagandi. Boshqacha aytganda, davlat ikki turdagi eksportni yerdan olinadigan va miyadan yaratiladiganini parallel ravishda rivojlantirishga harakat qilmoqda, lekin ularning oʻsish surʼati hali teng emas.
Texnologik jihatdan mustaqil boʻlmagan davlat siyosiy mustaqilligini uzoq muddatda qay darajada taʼminlay oladi? Bu savolning javobi ikki xil ssenariyga bogʻliq. Agar mamlakat faqat tayyor dasturiy mahsulotni isteʼmol qilsa, bu yangi shakldagi qaramlik. Agar oʻz mutaxassisini tayyorlab, oʻz mahsulotini yaratsa bu — yangi shakldagi mustaqillik.
Bu borada xorijda tahsil olib, vatanga qaytgan mutaxassislarning roli alohida ahamiyatga ega. Yigirma yil oldin xorijiy universitetni tugatgan yosh mutaxassis uchun Oʻzbekistonga qaytish koʻpincha iqtisodiy jihatdan oqlanmas edi. Na laboratoriya, na zamonaviy ish muhiti bor. Bugun bu manzara asta-sekin oʻzgarmoqda. 2026-yilda mamlakatning toʻrt shahrida data-markazlar, ikkita superkompyuter va oʻn besh oliygohda sunʼiy intellekt laboratoriyasi ishga tushirildi yoki tushirilmoqda. Bu xorijda tajriba orttirgan mutaxassis uchun vatanida ishlashni istisno emas, oqilona tanlovga aylantiruvchi infratuzilma. BMTning elektron hukumat indeksida dunyoning yetakchi 30 davlati qatoriga kirishni maqsad qilish ham shu yoʻnalishning davomi. Bu raqamlargina emas, davlat xizmatlarining fuqaro uchun qulayligi va shaffofligining oʻlchovi.
Aniq strategik ustunlar
Mustaqillikning klassik tushunchasida energetika va suv masalasi fon vazifasini bajarib kelgan boʻlsa, bugun ular markaziy masalaga aylanmoqda. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, qayta tiklanuvchi manbalar orqali elektr ishlab chiqarish soʻnggi yillarda 25 barobar koʻpaygan. Bu tendensiya davom etsa, oʻn yil ichida mamlakat energiya balansining yarmidan koʻpi, taxminan 54-60 foizi aynan quyosh va shamoldan taʼminlanishi mumkin. Bu raqamni boshqa bir dalil bilan qiyoslash oʻrinli: soʻnggi besh yilda sohaga 19 milliard dollardan ortiq xususiy investitsiya kirgan. Demak, gap davlat subsidiyasida emas, tijorat kapitalining oʻzi bu yoʻnalishni rentabelli deb topgan. Bu esa energetik islohotning barqarorligidan darak beradi. Subsidiya tugashi bilan toʻxtaydigan loyiha emas, oʻz-oʻzini oqlaydigan tarmoq shakllanmoqda.
Joriy yil aprelida qabul qilingan tegishli farmonda, jumladan, ogʻir toifadagi mahallalarda kichik quvvatdagi quyosh stansiyalarini oʻrnatish alohida koʻzda tutilgan. Energetik siyosat eng boy hududdan emas, eng ehtiyojmand mahallalardan boshlanmoqda. Yaʼni “yashil” islohot bir vaqtning oʻzida ijtimoiy adolat vositasiga ham aylantirilmoqda.
Xuddi shunday mintaqaviy suv-energetika hamkorligi ham jadallashmoqda. Joriy yil iyunida Toshkent, Bishkek va Ostona vakillari yozgi mavsumda suv va energetika resurslaridan samarali foydalanish boʻyicha kelishib oldi. Shu yilning boshida esa Jahon banki Markaziy Osiyoda mintaqaviy elektr bozorini yaratishga qaratilgan yirik dasturni maʼqulladi. Suv xavfsizligiga milliy xavfsizlikning ajralmas qismi sifatida qarash endilikda ehtiyotkorlik emas, zarurat. Markaziy Osiyoda suv taqchilligi va iqlim oʻzgarishi kelgusida nafaqat ekologik, balki toʻgʻridan toʻgʻri oziq-ovqat va iqtisodiy xavfsizlik masalasiga aylanishi ehtimoli katta.
Tabiiy resurslarni boshqarish yolgʻiz amalga oshmaydi. U qoʻshnichilik sifatiga bogʻliq. Mintaqa birgalikda oʻylamasa, hech bir alohida davlat oʻz suv xavfsizligini uzoq muddatda taʼminlay olmaydi.
Oʻzlik va ochiq dunyo
Mustaqillik faqat iqtisod va texnologiya bilan cheklanmaydi. Yosh avlodning dunyoqarashi bugun ikki qutbda shakllanmoqda: milliy qadriyatlarga sadoqat va xorijiy tilga, zamonaviy bilimga ochiqlik. Global dunyoga ochiq boʻlgan holda milliy oʻzlikni qanday saqlash mumkin? Javob bu ikki jihatni zid qutblar deb emas, bir-birini toʻldiruvchi xususiyatlar sifatida qarash. Oʻzligini yoʻqotmagan, ammo dunyo bilan erkin muloqot qila oladigan avlodgina mamlakatni haqiqiy raqobatbardosh qila oladi.
Haqiqiy mustaqillik izolyatsiya emas, oʻz milliy manfaatlarini himoya qilgan holda ochiq va faol hamkorlik qilish qobiliyati. Soʻnggi ikki yildagi Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo — Rossiya va shunga oʻxshash sammitlar, mintaqa davlatlari rahbarlarining muntazam maslahat uchrashuvlari, shuningdek, qoʻshni davlatlar bilan uch tomonlama muzokaralar — bular barchasi koʻp yoʻnalishli, balanslashtirilgan tashqi siyosatning amaliy koʻrinishi. Shu qatorda Oʻzbekiston 2026-yilda Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonini yakunlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi. Bu izolyatsiya emas, qoidaga asoslangan xalqaro tizimga integratsiya yoʻli.
“Oʻzbekiston — 2030”: zanjirning yakuni
2023-yilda imzolangan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi mana shu zaminga qurilgan: u besh ustuvor yoʻnalish boʻyicha yuzga yaqin maqsadni qamrab oladi. Qizigʻi shundaki, agar bu besh yoʻnalishni sinchiklab koʻrsak, ular yuqorida tahlil qilingan besh kapital turiga deyarli toʻgʻri keladi: iqtisodiy oʻsish maqsadi iqtisodiy kapitalga, taʼlim-tibbiyot maqsadi inson kapitaliga, ekologiya energiya-suv xavfsizligiga, adolatli davlat ijtimoiy kapitalga, xavfsizlik kafolati esa milliy-madaniy va geosiyosiy barqarorlikka mos keladi. Bu tasodif emas: rasmiy strategiya ham, ushbu maqolada qoʻllanilgan tahliliy model ham bir xil amaliy haqiqatdan — mamlakat taraqqiyoti besh yoʻnalishda bir vaqtda harakatlanishi kerakligidan kelib chiqadi. Va aynan shu bogʻliqlik zanjirni hosil qiladi: sifatli taʼlimsiz raqobatbardosh iqtisodiyot, barqaror iqtisodiyotsiz ijtimoiy sohaga sarf-xarajat, ishonchli institutlarsiz esa investitsiya ham, tinchlik ham mustahkam boʻlmaydi.
2040-yilda Oʻzbekiston qanday boʻlishi kerak?
Bu savolga bir jumla bilan javob berish qiyin, lekin yoʻnalishni belgilash mumkin. Demografiya, texnologiya, iqtisodiyot va energetikadagi hozirgi tendensiyalarga asoslanib aytish lozimki, 2040-yilga kelib Oʻzbekiston xomashyo emas, bilim va texnologiya eksport qiladigan, yoshlari chetga ketish emas, chetdan qaytish yoʻlini tanlaydigan, suv va energiyani tejab ishlatadigan, davlat xizmatlari toʻliq raqamlashgan mamlakatga aylanishi kerak. Rasmiy fiskal prognozlarga koʻra, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot keyingi uch-toʻrt yil ichida sezilarli oʻsishi, energetikada qayta tiklanuvchi manbalar ulushi 2035-yilga borib 60 foizdan oshishi kutilmoqda. Ayrim demografik prognozlarda esa aholi soni 2050-yilga borib ancha ortishi taxmin qilinmoqda. Bu hali rasmiy maqsad emas, ekspertlar bahosi, lekin u ham masʼuliyatni oshiruvchi omil. Koʻproq aholi, koʻproq ish oʻrni, koʻproq taʼlim sigʻimi, koʻproq infratuzilma talab etadi.
2040-yilgi Oʻzbekiston bugun belgilanadigan tizimlar, bugun tarbiyalanadigan kadrlar va bugun qabul qilinadigan qarorlar natijasida shakllanadi. Shu maʼnoda, 2040-yil uzoqdagi orzu emas, bugungi ishning davomi.
Xulosa
Mustaqillikning 35-yilligi oʻtgan yoʻlga qoʻyilgan nuqta emas, kelajak oldidagi masʼuliyatni anglash nuqtasidir. Yuqorida eslatilgan qarorda bu masʼuliyat aniq ifodalangan: 35-yillik mustaqillik “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan gʻoya ostida nishonlanmoqda. Bu shior shunchaki bayram nomi emas, kelgusi yillar uchun yoʻnalish koʻrsatuvchi gʻoya.
Buni bir oila misolida ham koʻrish mumkin. Minglab oilalarga xos umumlashtirilgan bir syujet orqali. Bobo 1991-yilda, eski tizim qulab, yangisi hali shakllanmagan paytda oila boshligʻi edi. Uning uchun mustaqillik, avvalo, nomaʼlumlik va qayta qurish sinovi edi. Ota 2000-yillarda voyaga yetdi. U uchun mustaqillik allaqachon tabiiy muhit, lekin imkoniyat doirasi hali tor edi. Nabira esa bugun maktab partasida oʻtiribdi. Uning uchun mustaqillik muhokama qilinmaydigan haqiqat. Uning qoʻlida na sovet davrining ogʻirligi, na 1990-yillar tangligining xotirasi yoʻq. Uch avlod uch xil savol: bobo uchun “qanday omon qolish?”, ota uchun “qanday oʻrnashish?”, nabira uchun esa “qanday raqobatbardosh boʻlish?”.
Mana shu uchinchi avlod — nabiralar avlodi ertaga mamlakatning taqdirini belgilaydi. Ularning qoʻlida imkoniyat koʻp: demografiya ham, tabiiy boylik ham, geografik oʻrin ham, tarixiy meros ham — barchasi hamon qoʻlimizda. Ammo imkoniyat oʻz-oʻzidan natija emasligini biz allaqachon koʻrdik. U bilim va mehnat orqali salohiyatga aylanadi yoki eʼtiborsiz qoldirilib, asta-sekin soʻnadi. Oraliq holat yoʻq.
Shu bois, yakuniy xulosa sodda: mustaqillik bir marta qoʻlga kiritiladigan huquq emas. U har bir avlod oʻz bilimi, mehnati va masʼuliyati bilan qayta-qayta mustahkamlab boradigan jarayon. Va bugun yosh mutaxassis, tadbirkor, oʻqituvchi, dehqon, olim, kim boʻlishidan qatʼi nazar, har bir fuqaro shu jarayonning shunchaki tomoshabini emas, ishtirokchisi. Kelgusi 35-yil uzoqdagi kelajakda emas, bugun, hozir boshlanadi.
Oybek OSTONOV,
tarix fanlari doktori,
dotsent