2026 yil 22 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida mazkur masala Oliy Majlis palatalari, Hukumat, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ombudsman va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirokida muhokama qilindi.
Konstitutsiyaviy sudga mazkur masala yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) murojaat qilgan. Murojaatda 2025–2026 yillar davomida fuqarolardan shaxslarni qonunga xilof ravishda 48 soatdan ortiq maʼmuriy tartibda ushlab turish holatlari bo‘yicha 6 ta murojaat kelib tushgani qayd etilgan.
Amaldagi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 288-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra, chegara tartibini yoki davlat chegarasi orqali o‘tish punktlaridagi tartibni buzgan shaxslar ayrim hollarda ushlangan paytdan boshlab uch sutkagacha, shaxsni tasdiqlovchi hujjati bo‘lmagan taqdirda esa prokuror sanksiyasi bilan o‘n sutkagacha ushlab turilishi mumkin edi.
Biroq Konstitutsiyaning 27-moddasiga ko‘ra, shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas.
Konstitutsiyaviy sud MJtK 288-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan uch sutkagacha va o‘n sutkagacha maʼmuriy ushlab turish muddatlari Konstitutsiyada belgilangan 48 soatlik muddatdan ortiq ekanini qayd etdi. Shuningdek, mazkur normalarda 48 soatdan ortiq ushlab turish zarurati tug‘ilganda, muddatni uzaytirish uchun sud qarorini olish mexanizmi nazarda tutilmagan.
Sud muhokamasi natijasida shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turish Konstitutsiyaning 27-moddasi uchinchi qismida belgilangan kafolatlarga zid, degan xulosaga kelindi.
Shu munosabat bilan MJtK 288-moddasi ikkinchi qismining chegara tartibini yoki davlat chegarasi orqali o‘tish punktlaridagi tartibni buzgan shaxslarni zarur hollarda uch sutkagacha, shaxsni tasdiqlovchi hujjati bo‘lmagan taqdirda esa prokuror sanksiyasi bilan o‘n sutkagacha ushlab turishni nazarda tutuvchi normasi Konstitutsiyaga muvofiq emas deb topildi.
Qarorda shaxsni 48 soatdan ortiq ushlab turish masalasida prokurorni xabardor qilish yoki uning sanksiyasini olish sud qarorining o‘rnini bosmasligi lozimligiga ham eʼtibor qaratildi.