Bugun Kompaniya faoliyatining 2026-yil birinchi yarim yilligiga oid natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida kompaniya kundalik faoliyati haqida qisqacha tanishtiruv berildi. Shundan so‘ng Boshqaruvi raisi X. Boboyev Kompaniya faoliyatining 2026-yil 1-yarmi yakunlariga oid yo‘nalishlar kesimida hisobot taqdimoti qildi. Shundan so‘ng savol-javob qismiga o‘tildi. Unda OAV va jamoatchilik vakillari bilan erkin suhbat bo‘lib o‘tdi, AJ rahbariyati va soha ekspertlari savollarga atroflicha javob berishdi.
Shuningdek, Kompaniyaning 2026-yil birinchi yarmi davomidagi faoliyati natijalari, milliy mahsulotlar eksportini rag‘batlantirish va tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilgan moliyaviy va tashkiliy yordam instrumentlari hamda istiqboldagi rejalar tahlil qilindi.
O‘tgan olti oy davomida Kompaniya tomonidan jami 309,3 milliard so‘m miqdorida mablag‘ sarflandi. Ularning asosiy qismi – 140,1 milliard so‘mi 1139 nafar tadbirkorga bevosita moliyaviy yordam sifatida ajratildi. Ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlash natijasida tadbirkorlar 1,7 milliard dollar miqdorida eksport qilishdi. Bu degani – korxonalarga ajratilgan har bir dollar evaziga 148 dollarlik mahsulot eksport qilingan.
Kompaniya tomonidan mahalliy korxonalarning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish va eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, joriy yilning dastlabki 6 oyi davomida 25 ta korxona ilk bor eksport faoliyatini yo‘lga qo‘yib, 15,3 million dollarlik mahsulot eksport qildi. Shu bilan birga, 10 ta yirik eksportchi korxonaning eksport hajmi 133,7 milliondan 292,6 million dollargacha, ya’ni qariyb 2,2 baravar oshdi.
Umumlashtirib aytganda, Kompaniya tomonidan:
- moliyaviy ko‘mak va subsidiyalar yo‘nalishida – yuzlab mahalliy eksportchi korxonalarga xalqaro standartlarni joriy etish, mahsulotlarni sertifikatlashtirish va transport xarajatlarini qoplash uchun belgilangan tartibda subsidiyalar ajratildi;
- xalqaro ko‘rgazmalar va biznes-missiyalar sohasida – mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xorijdagi nufuzli xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda yagona milliy stend ostida ishtirok etishi ta’minlandi. Buning natijasida yirik hajmdagi eksport shartnomalari va istiqbolli kelishuvlar imzolandi;
- yangi bozorlarga chiqish bo‘yicha – an’anaviy bozorlardan tashqari Yevropa Ittifoqi, Yaqin Sharq va Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari bozorlariga mahalliy mahsulotlar eksportini yo‘naltirish bo‘yicha yangi instrumentlar ishga solindi;
- institutsional ko‘mak borasida – tadbirkorlar uchun eksport faoliyati, bojxona imtiyozlari va tashqi savdo qonunchiligi bo‘yicha doimiy ravishda o‘quv-amaliy kurslar va ekspertlar ishtirokida maslahat uchrashuvlari tashkil etildi.
Shuningdek, ikkinchi yarim yillikda jahon bozoridagi zamonaviy trendlarni hisobga olgan holda raqamli tizimlarni rivojlantirish va eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini yanada kengaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Tadbir so‘ngida Kompaniya rahbariyati tomonidan jamoatchilik oldida ochiqlikni yanada ta’minlash maqsadida axborot hamkorligini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan memorandumlar taklif etilib, bu tashabbus OAV va axborot agentliklari vakillari tomonidan ma’qullandi.
Jasur LAPASOV,
“Yuz.uz” muxbiri