Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning Qirg‘iz Respublikasining Issiqko‘l viloyatida o‘tkazilgan xalqaro kinofestivali ana shunday unutilmas anjumanlardan biri bo‘ldi.
Issiqko‘l… Chingiz Aytmatov uni “Qirg‘iz dunyosining mangu qo‘shig‘i” deb atagan. Afsonaviy ko‘l asrlar davomida savdogarlar, sayyohlar, olimlar va adiblarni o‘ziga maftun etib kelgan. Bu maskanga qadam qo‘ygan har bir inson, avvalo, tabiatning buyukligi oldida hayratga tushadi. Bir tomonda osmon bilan tutashib ketgandek tuyuladigan moviy suvlar, ikkinchi tomonda esa qorli Tyanshan tog‘lari yastanib yotibdi...
Bu safar Issiqko‘l butunlay boshqa bir ma’noda jahon nigohini o‘ziga qaratdi. Cho‘lponota shahri bir necha kun davomida kino san’atining xalqaro markaziga aylandi. ShHTning 25 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan mazkur xalqaro kinofestival turli mamlakat vakillarini bir sahna atrofida jamladi. Mezbonlar mehmonlarni “Issiqko‘lga xush kelibsiz!”, deya kutib oldi.
O‘zbekiston, Qozog‘iston, Xitoy, Rossiya, Eron, Tojikiston, Belarus va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan rejissyor, ssenarist, operator, bastakor, aktyor va kinoshunoslar uchun bu festival shunchaki ijodiy tanlov emas, tajriba almashish, do‘stlik rishtalarini bog‘lash va kino orqali xalqlarni yanada yaqinlashtirish tadbiri bo‘ldi.
Festival arafasidayoq Cho‘lponota ko‘chalarida bayramona muhit hukm sura boshlagan edi. Turli davlatlarning hilpirab turgan bayroqlari, mehmonlarning samimiy tabassumlari va turli tillardagi suhbatlari shaharga o‘ziga xos joziba bag‘ishlardi. Kino haqidagi bahslar, yangi loyihalar xususidagi fikrlar, ijodkorlarning ilk uchrashuvlari festivalning nufuzli anjuman ekanini ko‘rsatib turardi.
“Ruh Ordo”da boshlangan bayram
Festivalning ochilish marosimi buyuk qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov nomidagi “Ruh Ordo” madaniy markazida bo‘lib o‘tdi. Ushbu maskanning tanlanishida ham chuqur ramziy ma’no bor. Ulug‘ adib asarlari inson qalbi, tarix va ma’naviyat haqida so‘zlaydi. Kino ¬san’ati ham xuddi shunday ezgu maqsadga — insonni o‘ylashga, anglashga va his qilishga undaydi.
Anjuman milliy kuylar va raqslar bilan boshlandi. Turli mamlakatlar delegatsiya¬lari birin-ketin taklif etilar ekan, zalda o‘tirgan har bir ishtirokchi festivalning asosiy g‘oyasi — madaniyatlar muloqoti va xalqlar do‘stligini yanada teranroq his qildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi ham katta qiziqish bilan kutib olindi. Festival dasturi bilan tanishar ekanmiz, uning mazmunan naqadar boy ekaniga yana bir bor ishonch hosil qildik. Bir necha kun davomida filmlar namoyishi, ijodiy uchrashuvlar, mahorat darslari, davra suhbatlari, ishbilarmonlik muloqotlari hamda madaniy sayohatlar rejalashtirilgan edi.
Ochilish marosimidan keyin delegatsiyalar o‘rtasidagi dastlabki suhbatlar boshlandi. Kinoshunoslar filmlar haqida fikr almashar, rejissyorlar yangi loyihalar yuzasidan muloqot qilar, yosh ijodkorlar esa o‘zlari uchun katta tajriba maktabiga aylangan muhitdan bahramand bo‘lardi.
Suhbatlar chog‘ida O‘zbekistonda milliy kinematografiyani rivojlantirish, tarixiy filmlar yaratish va kino infratuzilmasini mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlar katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, “Tirik tarix” turkumi doirasida ekran yuzini ko‘rayotgan asarlar haqidagi ma’lumotlar ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.
Kechga yaqin Issiqko‘l sohili yana o‘zining sokin qiyofasiga qaytdi. Ammo festival ishtirokchilari qalbida ertangi namoyishlarga bo‘lgan intiqlik tobora ortib borardi. Chunki navbatda turli mamlakatlarning filmlari qatorida O‘zbekistonning “Tirik tarix” dasturi asosida yaratilgan va katta qiziqish bilan kutilayotgan “Ulug‘ Amir va Donna Mariya” filmi namoyishi ham kutib turardi.
Ekranga ko‘chgan tarix
Festivalning uchinchi kuni o‘tkazilgan va hamma alohida qiziqish bilan kutgan namo¬yishlardan biri O‘zbekiston milliy kinematografiyasi taqdimoti bo‘ldi. Bu taqdimot fes¬tivalda ishtirok etayotgan ko‘plab xorijlik kinoijodkorlar uchun yangilik edi. Sababi keyingi yillarda O‘zbekiston kinematogra¬fiyasida tarixiy mavzuda yaratilayotgan filmlar xalqaro kino maydonida tobora ko‘proq e’tirof etila boshlandi.
Ayniqsa, Prezidentimizning madaniyat va san’at sohasiga qaratayotgan yuksak e’tibori, milliy kinematografiyani yangi bosqichga olib chiqishga oid farmon hamda qarorlari, tarixiy merosimizni kino orqali targ‘ib qilish borasidagi tashabbuslari xalqaro kino jamoatchiligi tomonidan katta qiziqish bilan kuzatilayotgani suhbatlar davomida ko‘p bor tilga olindi.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 5-iyundagi “Kinematografiya sohasini yanada -rivojlantirish hamda mamlakatimiz tarixiga bag‘ishlangan filmlar turkumini yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Tirik tarix” dasturi doirasida 21 ta badiiy va 33 ta badiiy-publitsis¬tik film, jami 54 ta kinoasar yaratilmoqda. Ular orasida “Bahodir Yalangto‘sh”, “Ajiniyoz”, “Maxtumquli Firog‘iy”, “Ulug‘ Amir va Donna Mariya”, “O‘zbek arsloni” (“Kazbek”) kabi filmlar allaqachon tomoshabinlar va kino mutaxassislari e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Xususan, “Maxtumquli Firog‘iy” filmi dunyoning yigirmadan ortiq mamlakatida namoyish etilib, qator xalqaro mukofotlarni qo‘lga kiritdi. Jumladan, Turkmanistonning Ashxobod shahrida o‘tkazilgan Qo‘rqut ota IV xalqaro kinofestivalida “Eng yaxshi film” nominatsiyasi bo‘yicha oliy sovringa munosib deb topildi. Shuningdek, Turkiyada o‘tkazilgan II Turon xalqaro kinofestivalida “Eng yaxshi o‘zbek filmi” sifatida taqdirlandi. Qozon xalqaro kinofestivali, Londonda o‘tkazilgan Yevroosiyo ijodiy gildiyasi kinofestivali hamda Barselona shahridagi Osiyo filmlari xalqaro kinofestivalida ham yuqori baholandi.
“Bahodir Yalangto‘sh” filmi esa “Oltin Humo — 2024” milliy kinomukofotining “Eng yaxshi film” nominatsiyasini oldi. Bu film orqali tomoshabin birinchi marta XVII asr Movarounnahrining siyosiy va madaniy muhitini, Samarqandning qayta yuksalish jarayonlarini badiiy talqinda anglash imkoniga ega bo‘ldi. Film faqat tarixiy shaxs haqida hikoya qilish bilan cheklanmaydi. U milliy tarixiy kinematografiyaning yangi bosqichga ko‘tarilishini anglatadi. “Bahodir Yalangto‘sh” yosh avlodda milliy merosga hurmat va tarixiy shaxslarga qiziqishni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Bu asar o‘zbek tarixiy kinosida texnik va badiiy yangilanish namunasi hisoblanadi. Zamonaviy vizual effektlar, virtual pavilon texnologiyalari va katta ko‘lamli sahnalar filmning tomoshabopligini oshirib, milliy kinoni xalqaro standartlarga yaqinlashtirishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.
O‘zbekistonda kino san’ati yuqori darajaga ko‘tarilishi kino orqali xalqimizning tarixiy xotirasi qayta uyg‘onishiga sabab bo‘lmoqda. Shu kunlarda “Tirik tarix” dasturidan o‘rin olgan “Yulduzlar shu’lasi: Jomiy va Navoiy”, “Buxoro marvaridi” va “Fayzulla Xo‘jayev” filmlarining yakuniga yetkazilgani quvonarlidir.
Issiqko‘l festivali dasturidan o‘rin olgan “Ulug‘ Amir va Donna Mariya” filmi ana shu loyihaning munosib namunasi sifatida namoyish etildi. Filmning asosida taniqli adib Xayriddin Sultonning chuqur tarixiy izlanishlariga tayangan ssenariysi mujassam bo‘lsa, uni ekranga olib chiqqan rejissyor Yolqin To‘ychiyev har bir kadr orqali tarixiy haqiqat va badiiy yechim uyg‘unligini yorqin namoyon etishga muvaffaq bo‘lgan.
Film boshlanishi oldidan kinoteatr foyesida turli davlatlardan kelgan mehmonlar o‘rtasida aynan shu asar haqida qiziqarli suhbatlar kechdi. Ayrimlari Amir Temur shaxsiyati haqida savol bersa, boshqalar film qanday tarixiy manbalar asosida suratga olingani bilan qiziqdi.
Nihoyat, zal chiroqlari o‘chdi. Ekranda tarix nafas ola boshladi. Filmning dastlabki daqiqalaridanoq zalni chuqur sukunat qamrab oldi. Bu oddiy sukunat emas, ekranda kechayotgan voqealar tomoshabinlarni butunlay chulg‘ab olganining ifodasi edi. Kadrlar birin-ketin almashar, har bir sahna tomoshabinni XV asr muhitiga yetaklardi. Rassom, liboslar bo‘yicha mutaxassis, operator, umuman, butun ijodiy jamoaning ulkan mehnati kartinaning har bir lavhasida yaqqol sezilib turardi.
Ayniqsa, film musiqasi ekrandagi voqealar bilan bir butun uyg‘unlik kasb etgan. U qahramonlarning ichki kechinmalarini yanada ta’sirchan ochib berishga xizmat qildi... Film yakuniga yetgach, zalda bir necha lahza sukunat saqlandi. So‘ng esa butun zalni uzoq davom etgan qarsaklar to‘ldirdi. Bu qarsaklar faqat bir film uchun emas, O‘zbekiston tarixi, milliy kino maktabi va tarixiy haqiqatni ekran tilida jonlantira olgan ijodkorlar mehnati uchun yangrar edi.
Namoyishdan keyin xorijlik rejissyorlar, prodyuserlar va kinoshunoslar filmda rol o‘ynagan aktyorlar bilan samimiy muloqot qildi. Ular asarning dramaturgiyasi, tarixiy muhitning ishonchli yaratilgani, operatorlik yechimlari va aktyorlar ijrosini yuqori baholadi.
Ayniqsa, filmdagi obrazlarni yuksak mahorat bilan gavdalantirgan aktyorlar — Ko‘pjursin Allanazarov va Jo‘rabek Arziyev uchun bu kun ularning hayotidagi eng unutilmas sahifalardan biri bo‘lib qoldi.
Film namoyishidan keyingi muhokamalar yana bir haqiqatni tasdiqladi: bugun o‘zbek kinosi xalqaro kino makonidagi munosib o‘rnini tobora mustahkamlab bormoqda.
Film yaratish uchun faqat kamera va ssenariy kifoya emas
Kinofestival faqat kino namoyishlari bilan emas, balki ishtirokchilar uchun tayyorlangan boy madaniy dasturi bilan ham alohida ahamiyat kasb etdi. Chunki kino yaratayotgan inson, avvalo, xalqning tarixi, madaniyati va ma’naviyatini teran his qilishi kerak. Shu ma’noda, tadbir tashkilotchilari tomonidan mehmonlarni qirg‘izlarning boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirishga alohida e’tibor qaratilgan edi.
Festival kunlari Issiqko‘l nafaqat betak¬ror tabiatini, balki qadim sivilizatsiyalarni o‘zida mujassam etgan tarixiy o‘lka ekanini yana bir bor namoyon qildi. Ishtirokchilar buyuk qirg‘iz davlat arbobi va ozodlik kurashchisi, jasur ayol Qurbonjon dodxoh muzeyiga tashrif buyurdi. Muzey ekspozitsiyalari bilan tanishar ekanmiz, qirg‘iz xalqining ozodlik uchun kurashi, milliy g‘ururi va jasorati haqida hikoya qiluvchi har bir eksponat bizni chuqur o‘yga toldirardi.
Tarix shunchaki kitoblarda bitilgan sahifalardangina iborat emasligini, u inson taqdiri, jasorati va matonati orqali yashashini yana bir bor his etdik.
Shundan so‘ng ishtirokchilar Issiqko‘lning eng noyob tarixiy yodgorliklaridan biri — Saymalitosh petrogliflari bilan tanishdi. Ochiq osmon ostidagi bu betakror muzeyda minglab yillar muqaddam toshlarga muhrlangan hayvonlar, insonlar va turmush manzaralari tasviri go‘yo hanuz hayot kechirayotgandek tuyuladi. Qadimgi ajdodlarimiz toshga chizib qoldirgan tasvirlar ham, bugungi kinematografistlar ekranga muhrlayotgan obrazlar ham yagona bir maqsad — insoniyat xotirasini asrashga xizmat qiladi.
Kechqurun Issiqko‘l yana mutlaqo boshqacha qiyofaga kirardi. Quyosh tog‘lar ortiga yashiringach, ko‘l yuzidagi sokinlik yanada chuqurlashar, qirg‘oq bo‘ylab yoqilgan chiroqlar suvda aks etib, butun atrofga o‘ziga xos romantik kayfiyat bag‘ishlardi.
Festival ishtirokchilari ana shunday oqshomlarda bir dasturxon atrofida jam bo‘lib, kino, hayot va inson taqdiri haqida uzoq suhbatlashar edilar. Bu suhbatlarda turli millat vakillari bir fikrda birlashardi: kino xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradi.
Shu bois, Issiqko‘l sohilida o‘tkazilgan ushbu festival faqat filmlar tanlovi emas, madaniyatlar, qalblar va do‘stlikni yaqinlashtirgan ma’naviy muloqot maydoniga aylandi.
Festivalning madaniy dasturi ishtirokchilarga yana bir haqiqatni anglatdi: kino yaratish uchun faqat kamera va ssenariy kifoya emas, xalq tarixi, madaniyati, qadriyatlari va ruhiyatini his qilish ham zarur.
E’tirof lahzalari...
Har qanday festivalning eng hayajonli pallasi — taqdirlash marosimi. Chunki bir necha kun davomida ekranlarda namoyish etilgan asarlar, ijodkorlarning izlanishlari va ularning tomoshabinlar qalbida qoldirgan taassurotlari aynan shu kechada munosib bahosini oladi.
Tadbirning yopilish marosimi ham yana o‘sha Chingiz Aytmatov nomidagi “Ruh Ordo” madaniy-ma’rifiy markazida bo‘lib o‘tdi. Bir necha kun davomida bir-biriga begona bo‘lgan insonlar endi qadrdon hamkasblarga aylangandi. Birgalikda film tomosha qilgan, bahslashgan, fikr almashgan, tarix va san’at haqida suhbat qurgan insonlar bugun yana bir sahna atrofida jam bo‘ldi.
Taqdirlash marosimi boshlanar ekan, zalda o‘ziga xos hayajon hukm surardi. Har bir nominatsiya e’lon qilinishi bilan qarsaklar yangrar, sahnaga ko‘tarilgan ijodkorlar yuzida quvonch, hayajon va minnatdorlik tuyg‘ulari mujassam edi.
Bu oqshomda quvonarli xabarlardan biri O‘zbekiston delegatsiyasi uchun yangradi. Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, “Ulug‘ Amir va Donna Mariya” filmi uchun musiqa yaratgan taniqli bastakor Abulqosim Muinzoda “Eng yaxshi bastakor” nominatsiyasi g‘olibi deb e’lon qilindi.
“Qulupnay malikasi”, “Sasiq” (Qozog‘iston), “Maxtumquli Firog‘iy”, “Navoiy va Jomiy”, “Avloniy”, “Abdulla Oripov”, “101 reys”, “Puankare” kabi qator badiiy filmlarga musiqa bastalagan Abulqosim Muinzoda betakror ijodi bilan keng e’tirof etilgan iste’dodli bastakordir. U sermahsul ijodiy faoliyati davomida milliy va xalqaro miqyosdagi qator nufuzli mukofotlarga sazovor bo‘lgan.
“Ulug‘ Amir va Donna Mariya” filmida musiqa shunchaki fon vazifasini bajarmaydi. U ekrandagi voqealar bilan birga nafas oladi. Qahramonlarning ichki kechinmalarini ochadi. Ayrim sahnalarda esa musiqaning o‘zi alohida qahramonga aylanadi. Shu bois, hakamlar hay’atining mazkur qarorini ishtirokchilar samimiy olqishlar bilan qarshi oldi.
Festival doirasida namoyish etilgan filmlar turli nominatsiyalar bo‘yicha munosib taqdirlandi. Belarus kinematograflari yaratgan “Odin na dvoix” filmi “Eng yaxshi montaj” nominatsiyasiga munosib ko‘rildi. Eron va Tojikiston ijodkorlari ham aktyorlik mahorati uchun yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi.
Festivalning bosh mukofoti — Gran-pri esa qirg‘iz kinochilari tomonidan yaratilgan “Qora, qizil, sariq” filmiga nasib etdi. Bu qaror ham tomoshabinlar va mutaxassislar tomonidan iliq kutib olindi. Chunki mazkur asar inson ruhiyati, hayot sinovlari va ma’naviy tanlovlarni chuqur kinematografik tilda ifoda etib bera olgani bilan festival davomida eng ko‘p muhokama qilingan filmlardan biri bo‘ldi.
Biroq bu kechaning eng katta g‘olibi, nazarimda, muayyan film yoki ijodkor emas edi. Eng katta g‘olib kinoning o‘zi edi. Chunki bir necha kun davomida turli mamlakatlardan kelgan ijodkorlar bir-biridan o‘rgandi. Yangi g‘oya¬lar paydo bo‘ldi. Kelajakda amalga oshirish mumkin bo‘lgan loyihalar haqida dastlabki kelishuvlar shakllandi.
Eng muhimi, bir haqiqat yana bir bor o‘z isbotini topdi: kino — xalqlarni birlashtiradi. Kino — tarixni tiriltiradi. Kino — inson qalbida ezgulikka ishonch uyg‘otadi. Shu ma’noda, Issiqko‘l sohilidagi bu festival shunchaki xalqaro kino tanlovi emas, madaniyatlar muloqoti, ma’naviy yaqinlik va ijodiy hamjihatlikning yorqin namunasi sifatida tarix sahifalaridan munosib o‘rin oldi.
Maqsad — xotirani asrash, insonni o‘z o‘tmishi bilan bog‘lash
Har qanday safarning nihoyasi bo‘ladi. Ammo shunday manzillar ham borki, u yerdan ketsangiz-da, uning ruhi uzoq vaqt siz bilan birga yashaydi. Issiqko‘l ana shunday maskan ekan.
Festival tugagan kun ertalab ko‘l sohili yana odatdagidek sokin edi. Moviy suvlar uzra mayin shabada esar, Tyanshan cho‘qqilari yana salobat bilan osmonga boqardi. Bir necha kun avval kino bayramiga guvoh bo‘lgan sahnalar endi yana sokinlik bag‘riga qaytgandek.
Delegatsiyalar mehmonxonalarda yo‘lga hozirlik ko‘rar, bir-biri bilan xayrlashib, kelgusida yana uchrashish umidida telefon raqamlari, elektron manzillar va ezgu tilaklar almashardi.
Issiqko‘l sohilida bo‘lib o‘tgan xalqaro kinofestival O‘zbekiston milliy kinematografiyasi uchun ham muhim ijodiy sinov, ham katta e’tirof maydoni bo‘ldi. Ayniqsa, “Tirik tarix” dasturi doirasida yaratilayotgan filmlarning xalqaro kino maydonida katta qiziqish bilan qarshi olinayotgani mamlakatimizda kinematografiya sohasidagi islohotlar o‘z samarasini berayotganidan dalolatdir.
Bu festival yana bir haqiqatni tasdiqladi. Tarixni saqlashning eng ishonchli yo‘llaridan biri uni san’at orqali kelajak avlodga yetkazishdir. Kecha ajdodlarimiz toshlarga petrogliflar bitib ketgan bo‘lsa, bugun kinoijodkorlar tarixni kinotasmalarga muhrlamoqda. Maqsad bitta — xotirani asrash, millat ruhini yashatish, insonni o‘z o‘tmishi bilan bog‘lash. Issiqko‘l sohilida o‘tgan shu bir necha kunlik kino bayrami ortida aynan ana shu ulug‘ g‘oya mujassam edi.
Festival nihoyasiga yetdi. Chiroqlar o‘chdi. Sahna bo‘shadi. Mehmonlar ortga qaytdi. Ammo haqiqiy kino hech qachon festival bilan tugamaydi. U tomoshabin qalbida yashashda davom etadi. Ishonamizki, Issiqko‘l sohilida boshlangan ijodiy muloqotlar, do‘stlik va hamkorlik rishtalari yana ko‘plab qo‘shma lo¬yihalarga, yangi film va g‘alabalarga zamin yaratadi.
Shuhrat HAYITOV,
Kinematografiya agentligi boshqarma boshlig‘i, filologiya fanlari doktori