Rasmiy maʼlumotga ko‘ra, chet elga ishga joylashish uchun xususiy bandlik agentligi bilan shartnoma tuzgan fuqarolar to‘lovni faqat shu agentlikning rasmiy hisob raqamiga amalga oshirishi kerak.

Idora goehlantirishicha, mablag‘ni boshqa firma, vositachi yoki uchinchi shaxs hisob raqamiga o‘tkazish, shuningdek, naqd pul berish yoki jismoniy shaxs plastik kartasiga to‘lov qilish xavfli hisoblanadi.

Shuningdek, “konsalting xizmati” yoki boshqa nomlar ostida begona tashkilotlarga to‘lov qilish ham tavsiya etilmaydi.

Migratsiya agentligiga ko‘ra, xorijga ishga jo‘natish huquqini beruvchi litsenziya muayyan tashkilot nomiga rasmiylashtiriladi va u boshqa korxona yoki kompaniyalarga tatbiq etilmaydi.

Fuqarolarga shartnoma tuzishdan oldin agentlik litsenziyasini tekshirish, shartnoma va to‘lov hujjatlaridagi tashkilot nomi bir xil ekaniga eʼtibor qaratish tavsiya qilingan.

Bundan tashqari, ehtimoliy muammolarda huquqiy himoyani taʼminlash maqsadida to‘lov cheklari, shartnomalar, rasmiy hujjatlar, reklama materiallari va ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalarni saqlab qo‘yish so‘ralgan.