Ummon ortidagi olis mamlakatdan taniqli oʻzbek publitsisti, siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning yaqinda nashr etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining soʻngi yillardagi faoliyatiga bagʻishlangan “MILLAT SHAVKATI” kitobining AQSHdagi yurtdoshlarimiz uchun taqdimotiga taklif kelganida nihoyatda xursand boʻlib ketdik. Bu quvonchning asosiy sababi buyuk shoirimiz Abdulla Oripov taʼrif etgan “sehrli diyor”ga oshiqish emas, balki yangi Oʻzbekistondagi ulkan evrilishlar, millatimiz liderining oqilona siyosatiga okeanortidagi vatandoshlarimizning qiziqishi va xayrixohligi edi. Zotan, “MILLAT SHAVKATI” ayni shu haqdagi teran fikrlar bayon etilgan tahliliy asardir.

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, ustoz jurnalist Abdusaid Koʻchimov hamrohligida ijodiy guruhimiz bilan Amerikaga yoʻl olar ekanmiz, oʻtgan yili bu oʻlkaga qilgan safarimiz taassurotlari xayoldan oʻta boshladi.

2025-yili ayni avgust oyida Qud­ratilla Rafiqovning ingliz tilida chop etilgan “Yangi Oʻzbekiston: Shavkat ­Mirziyoyev yoʻli” kitobining taqdimoti Vashington shahrida, AQSH kongressi binosida, soʻngra BMT bosh qarorgohida 50 dan ziyod mamlakatning mazkur tashkilotdagi vakillari ishtirokida boʻlib oʻtgandi.

AQSH kongressi va BMT tarixida oʻziga xos yangilik boʻlgan, qolaversa, dunyo hamjamiyatining yangi Oʻzbekiston islohotlariga choʻng qiziqishi ramzi sifatida bu ikki taqdimotda ishtirok etgan, fikr bildirgan jamiki xorijlik ekspertlarning Shavkat Mirziyoyev siyosatiga xayrixohligi, Oʻzbekistonning porloq istiqboliga ishonchidan shu yurtning bir farzandi oʻlaroq boshimiz koʻkka yetgan, qalbimiz gʻururga toʻlgandi.

Ana shu taassurotlar hali xayolni tark etmay turib, bunday taklif kelib tushgani qalbimizdagi hayajonni yanada qoʻr oldirdi. Eng muhimi, bu gal yangi kitob taqdimotining vatandoshlar, oʻz taqdirini okean­orti oʻlkasi bilan bogʻlagan, bugun turli xizmat vazifalarida mehnat qilayotgan oddiy yurtdoshlarimiz, “Oʻzbekiston” soʻzini yuragida mehr-la olib yurgan vatandoshlar ishtirokida boʻlayotgani edi.

Taqdimot tashabbuskori ham shu odamlar bilan bevosita ishlayotgan AQSHdagi “Vatan Global Alliance” jamoat tashkiloti. Avvalo,“Vatan Global Alliance” jamoat tashkiloti haqida ikki ogʻiz toʻxtalamiz.

“Vatan Global Alliance” jamoat tashkiloti idorasi AQSHning Filadelfiya shahrida joylashgan. U AQSH va Kanadada istiqomat qilayotgan oʻzbekistonliklarni birlashtirish, yoshlar oʻrtasida milliy anʼana va qadriyatlarni targʻib qilishni koʻzlab faoliyat yuritadi. Shu maqsadda turli tadbirlar tashkil etadi, milliy bayramlarimizni nishonlaydi.

Tashkilotning ayni shu shaharda fao­liyat yuritishida ham oʻziga xos asos bor, nazarimda. “Birodarlik shahri” maʼnosini beradigan Filadelfiyada AQSH demokratiyasi tamoyillariga asos solingan. AQSH Mustaqilligi deklara­siyasi, konstitutsiya shu kentda imzolangan. Oʻsha tarixiy hujjatga imzo chekilgan “Ozodlik qoʻngʻirogʻi” deb nom olgan binodan sayyohlarning qadami, mana ikki yarim asrki, uzilmaydi.

Pensilvaniyadagi eng yirik shahar hisoblangan Filadelfiya aholisi 1,5 milliondan oshiq boʻlsa, bu nufusning 40 mingdan koʻprogʻini oʻzbekistonliklar tashkil etadi.

Muhitni anglash

Bugun AQSHda istiqomat qilayotgan yarim milliondan ziyod vatandoshimizning taqdiri turlicha. Ular bu oʻlkaga dam olish uchun yoki puli koʻpligidan sayohatga borgan emas. Biz buni toʻgʻri anglaymiz. Qolaversa, aslida ham “muhojirlar vatani” desak, mubolagʻa boʻlmaydigan bu diyorda har bir millatdan vakil bor.

Shaharning oʻtmishida italiyaliklardan tortib, angliyaliklaru ­yaponiya­liklarning ham oʻrni bor. Bir soʻz bilan aytganda, bugungi AQSHni ham dunyo xalqlari qurgan, bunyod etgan, shu darajaga olib chiqqan. “Ozodlik monumenti” va unga yondosh muzeyda boʻlgach, bu fikrlarimiz yana ham oydinlashdi.

Bugun oʻzbek vatandoshlari AQSHda oʻz oʻrnini topib ulgurgan diasporalar qatoridan muqim joy ola boshlagan. Eʼtiborli jihati, Filadelfiyaga yaqin ikki-uch yilda qator viloyatlarimiz hokimlari oʻz delegatsiyalari bilan kelishga ulgurdi. Bu safarlarning maqsadi faqat investitsiya topish emas, toʻlaqonli ishonch bilan aytish mumkinki, garchi minglab chaqirim masofa ajratib turgan boʻlsa-da, bizning ham Amerika bozoriga yuboradigan, taqdim qiladigan, boshqalarga nisbatan sifatliroq, arzonroq, maʼqulroq mahsulotlarimiz borligida. Masalan, Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev rahbarligidagi delegatsiyaning Pensilvaniyadagi tadbirkorlar bilan samarali muloqoti va uchrashuvlari tahsinga loyiq.

“Vatan Global Alliance” tashkiloti rahbari Ozod Soliyevning taʼkidlashicha, muzokaralar, tahlillar natijasida dastlabki hisob-kitob va takliflar viloyatga 1 milliard dollardan koʻproq sarmoya kiritishni nazarda tutayotgan boʻlsa, jami ishlanayotgan, puxta koʻrib chiqish va hisob­lash jarayoni borayotgan sarmoyalar miqdori 4 milliard dollardan ortishi mumkin. Bu birgina viloyat haqida borayotgan gap. Qolaversa, hali jarayonlar endigina boshlandi. Mazkur takliflar paketida Filadelfiyadagi oʻzbekistonlik tadbirkorlar ulushi ham ortmoqda.

Birodarlik shahri koʻchalarida oʻzbekis­tonlik ishbilarmonlarning savdo nuqtalari, restoran va marketlari soni ham kun sayin koʻpaymoqda. Jumladan, “Asr” supermarketini oling. U shahardagi gavjum va tovar aylanmasi eng yuqori savdo markazlaridan. U yerda oʻzingizni AQSHda emas, balki Oʻzbekistonning biror shahrida yurgandek his qilasiz. Chunki mahsulotlarning 90 foizdan koʻprogʻi mamlakatimizniki, yozuvi oʻzbekcha, sifati tabiiy. Soʻzlashuvdan tortib, ichki muhit ham ona yurtimizni eslatib turadi. Munosabatlar oʻzbekona. Sotuvchilarning muomalasidan koʻngil yayraydi.

Filadelfiyaning Benjamin Frank­lin nomidagi markaziy koʻchasida koʻplab mamlakatlar bayrogʻi hilpirab turibdi. Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan boʻlib oʻtadigan bayram tadbirlari dasturidan mazkur xiyobonga Oʻzbekiston bayrogʻi ham oʻrnatilishi kutilmoqda ekan.

“Samarqand”da uchrashuv

Taqdimot oldidan olingan bu taassurotlar bizni yanada ilhomlantirdi. Safarimiz kitob taqdimoti bilan bogʻliq edi. Mavzudan bir oz uzoqlashib, AQSH va u yurtda yashayotgan vatandoshlar haqidagi maʼlumotlarga oʻtib ketganimiz oʻquvchiga ogʻir botmasin. Zotan, bu ham mavzuga bogʻliq. Chunki bu tashabbus Oʻzbekistonni sogʻingan, ona Vatanidagi taraqqiyotdan, oʻzgarishlardan koʻnglida cheksiz faxr tuygan odamlardan chiqqan edi.

“MILLAT SHAVKATI” kitobining ilk taqdimoti “Samarqand koshonasi” deb nomlangan maskanda boʻlib oʻtdi. Oʻzbek milliy taomlari tayyorlanadigan restoran, toʻy va marosimlar, qolaversa, tadbirlar oʻtkazishga moʻljallangan zallardan iborat ushbu maskan 15-avgust kuni vatandoshlarimiz bilan gavjum boʻldi.

Tadbirga AQSHning Vashington, Nyu-York va boshqa shaharlaridan ham oʻzbekis­tonliklar keldi.

Oʻzbekistonning AQSHdagi favqulodda va muxtor elchisi Furqat Siddiqov ikki mamlakat Prezidentlarining muntazamlik kasb etayotgan muloqotlari, uchrashuvlari, yuritayotgan koʻp vektorli siyosati haqida atroflicha soʻzlab berdi. Xususan, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev va AQSH Prezidenti Donald Tramp oʻrtasida yaqinda boʻlib oʻtgan telefon muloqotiga toʻxtalib, mazkur suhbatlarning ikki mamlakat munosabatlarida tutgan amaliy oʻrniga alohida urgʻu berdi. Elchi janoblari AQSHning yana bir qator shaharlarida konsulliklar ochilishi rejalashtirilayotgani, oʻzaro investitsiyalar hajmi jadal oshayotganini taʼkidladi.

Mazkur kitob xorijda yashayotgan vatandoshlarimizga ona yurtimizdagi jarayonlar, Prezidentimiz rahbarligidagi xalqparvar siyosatning mazmun-mohiyatini yetkazishda oʻta muhim ahamiyatga egaligini qayd etdi.

Elchining nutqidan maʼlum boʻldiki, soʻnggi yillarda AQSHdagi vatandoshlarning Oʻzbekiston hayotiga qiziqishi mazmunan oʻzgargan. Eng muhimi, bu qiziqish ularning Vatandagi ezgu evrilishlar jarayonida ishtirokchi oʻlaroq qatnashish istagi, daxldorlik tuygʻusi joʻsh ura ­boshlagani bilan qimmatli.

Furqat Siddiqov soʻnggi oʻn yilda Oʻzbekiston dunyo hamjamiyati koʻz oʻngida butunlay yangi qiyofada namoyon boʻla olganini taʼkidladi. BMT kun tartibiga oʻta dolzarb masalalarni qoʻya oladigan, dunyo iqlimini belgilash salo­hiyatiga ega aktor davlatlar bilan oʻzaro manfaat­li muloqotlarga kirishayotgan, tashqi olam uchun Markaziy Osiyoni yaxlit siyo­siy subyekt sifatida shakllantira olgan Prezidentimizga nisbatan hurmat va ehtirom barchamizni xushnud etayotgani ham bor gap.

Ikkinchi missiya

Bu sarlavhani qoʻyishda bir nechta maʼnoni nazarda tutdik. “MILLAT ­SHAVKATI” taniqli siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning AQSHdagi oʻqirmanga taqdim etilayotgan ikkinchi kitobi.

Amerikalik oʻquvchilar “Yangi Oʻzbekiston: Shavkat Mirziyoyev yoʻli” deb nomlangan birinchi kitobda millatimiz Lideri rahbarligida bunyod etilayotgan yangi Oʻzbekiston mohiyati bilan tanishgan boʻlsa, “MILLAT SHAVKATI” undan-da muhim boshqa jihatni — millat qaygʻusi, soʻnggi ikki-uch yildagi tarixiy inshootlar — Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmualari orqali yangi Oʻzbekis­ton aslida qanday poydevor ustida bunyod etilayotgani haqida mufassal maʼlumot olishmoqda.

— Men kitobni ikki marta oʻqib chiqdim, — deydi “Vatan Global Alliance” tashkiloti boʻlim boshligʻi Saʼdullo Ahmedov. — Shunday xulosaga keldimki, bu asar har bir oʻzbekistonlikning uyida boʻlishi kerak.

— Agar chuqurroq razm solinsa, bu kitob aynan AQSHdagi oʻzbek vatandoshining oʻz yurti haqidagi tasavvurlari, shu paytgacha boʻlgan gohida qoʻrquv va alam, gohida oʻkinch va iztiroblar oʻrniga butunlay boshqa bir tuygʻuni olib kirishi bilan qimmatli, — dedi Nyu-York shahridagi “Royal-xoll” majmuasida tashkil etilgan ikkinchi taqdimotda Ozod Soliyev. — Biz kechagi, Amerikaga kirib kelgandagi orzu va niyatlarimizni tarixda qoldirib, ertangi butunlay boshqa bir hayot, yangi orzu va niyatlarni koʻnglimizga jo qilyapmiz. Axir qayerda boʻlmaylik, bizni bir ulugʻ nuqta — Oʻzbekiston, Vatanimiz birlashtirib turadi.

U oʻz chiqishida “Biz endi ikkinchi missiyamizni amalga oshirish yoʻlidamiz”, — deya alohida qayd etdi. — “Ushbu missiya choʻntak, qishloqda oʻtkaziladigan toʻy-tomosha qaygʻusidan butunlay farqli. Yaqin besh-olti yilda AQSH kongressi, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarda, AQSH aql markazlarida bizning farzandlarimiz, albatta, boʻladi”.

Shu oʻrinda Ozod Soliyev haqida ham ozgina maʼlumot berib oʻtishimiz joiz. U jurnalistikada kreativ tafakkur, menejmentni chuqur anglagan ijodkor va muharrir sifatida hurmat qozongan. Inson qalbiga yoʻl topish, uni yorugʻ niyatlarga yetaklash, ogʻir va tashvishli holatlarni yengib chiqish borasidagi falsafiy fikr­lash salohiyati uning rahbarligidagi “Vatan Global Alliance” tashkiloti faoliyatida ham yaqqol koʻrinmoqda. Darvoqe, gap isboti bilan degandek, Ozodjonning toʻngʻich farzandi tibbiyot sohasida doktorlik rutbasiga yetishdi. Gap shundaki, bu oilaning ertangi orzu-istagi endi yangi pogʻonaga chiqqan. Bu nafaqat Ozod Soliyevga, balki bugun oʻz oʻrnini tobora egallayotgan minglab oʻzbek vatandoshlariga xos evrilish.

AQSHdagi vatandoshlarimiz bilan xayrlashar ekanmiz, “Bu missiya sizga muborak boʻlsin!” dedik...

* * *

...Uchogʻimiz cheksizdek tuyulgan ummon uzra suzib boradi. Osmon koʻm-koʻk, yer koʻm-koʻk... Bugungi kunlar, kecha va ertani oʻylab ketasiz. Bunga taassurotlar ham qoʻshiladi. “MILLAT SHAVKATI” kitobini oʻqish asnosida bildirilgan yangi Oʻzbekistondagi hayotbaxsh islohotlar, Prezidentimizning siyosati haqidagi fikrlar xayolda jonlanaveradi. Shunda tafakkurda bunday xulosa paydo boʻladi: Shavkat Mirziyoyev — millatni uygʻotgan Lider! Uygʻoq millatlar esa mudom shavkatli boʻlib kelgan.

Ha, Prezidentimiz boshlab borayotgan yangi Oʻzbekistonimiz yoʻlida zabt etilayotgan dovonlar, xalqimiz koʻzidagi ishonch va yana xorijdagi vatandoshlar, siyosatchilar, ekspertlar bildirayotgan fikrlar shunday deyishimizga toʻla asos boʻladi.

 Amerikaliklar eʼtirofi

 Maylz XANSEN, “Sterling Foundation” fondi bosh ­direktori:

 — “MILLAT SHAVKATI” kitobida taraqqiyotni faqat yangi infratuzilma, mus­tahkam institutlar yoki iqtisodiy koʻrsatkichlar bilan oʻlchab boʻlmasligi taʼkid­lanadi. Taraqqiyotning eng muhim mezoni — islohotlar inson qadr-qimmatini yuksaltirishi, imkoniyatlarni kengaytirishi hamda odamlarda oʻz mamlakati va kelajagiga ishonchni mustahkamlashidir.

Mazkur gʻoya Oʻzbekiston uchun, ayniqsa, katta ahamiyatga ega. Bugungi Oʻzbekiston hududi bir vaqtlar Buyuk ipak yoʻlining markazida joylashgan boʻlib, savdo, taʼlim, ilm-fan va madaniy almashinuvning yirik markazlaridan biri edi. Ushbu sivilizatsiya dunyoga buyuk olim va tabib Abu Ali ibn Sino, atoqli shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur, shuningdek, Samarqandni jahon astronomiya markazlaridan biriga aylantirgan Mirzo Ulugʻbek kabi buyuk siymolarni yetishtirib berdi.

Asarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligi Oʻzbekistonni boy tarixiy merosi bilan qayta bogʻlash, ayni paytda mamlakatni dunyoga keng ochish va yanada porloq kelajak sari yetaklash jarayoni sifatida aks ettirilgan.

Ichki islohotlar, butun Markaziy Osiyo boʻylab hamkorlikning yangilanishi va mustahkamlanishi, shuningdek, xalqaro aloqalarning kengayishi natijasida Oʻzbekiston yana sivilizatsiyalar chorrahasiga aylanmoqda.

Bu qarash men shaxsan kuzatayotgan jarayonlarga ham toʻla mos keladi. Bugun Oʻzbekistonning AQSHdagi kompaniyalar, universitetlar va turli tashkilotlar bilan hamkorligi tobora kengayib bormoqda. Bu jarayon mening ona shtatim — Yutada ham yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Aynan shu jihat kitobning asosiy gʻoyasini nihoyatda taʼsirchan qiladi. Unda shunchaki modernizatsiya haqida emas, balki milliy tiklanish — tarixiy xotirani qayta tiklash, mustaqil tafakkurni rivojlantirish va Oʻzbekiston kelajagiga ishonchni mustahkamlash haqida soʻz yuritilgan.

Ishonchim komilki, agar sizda ushbu kitobni oʻqish imkoniyati boʻlsa, undan katta taassurot olasiz, Oʻzbekiston tarixi hamda bugungi taraqqiyoti haqida yanada koʻp maʼlumotga ega boʻlasiz. Eng muhimi, bu kitob Oʻzbekiston kelgusida uddalashi mumkin boʻlgan ulkan va hayratlanarli ishlar koʻlamini yanada chuqur anglash imkonini beradi.

Yelena SON, Oʻzbekiston — Amerika savdo-­sanoat palatasi ijrochi direktori:

 — Oʻzbekiston xalqini ushbu kitob bilan tabriklayman. Undan oʻrin olgan maqolalarning soʻnggi yillarda Oʻzbekis­ton ommaviy axborot vositalari diqqati markazida boʻlib kelayotganini ­eʼtiborga molik deb bilaman. Bu koʻp jihatdan ­Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan va uning rahnamoligidagi islohotlar hamda tashabbuslar bilan bogʻliq.

Jahon miqyosida yetakchilik qilish oson emas. Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatni safarbar eta oladigan, mintaqani birlashtiradigan va AQSH ishbilarmon doiralarining Oʻzbekiston bozoriga qiziqishini oshiradigan ana shunday yetakchidir.

Shuningdek, soʻnggi oʻn yilda Amerika — Oʻzbekiston ishbilarmonlik munosabatlarini qoʻllab-quvvatlash va rivoj­lantirish yoʻlidagi barcha ishlar uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik bildiramiz.

Shu bilan birga, AQSHda Oʻzbekistonning tanilishiga koʻmaklashishda muhim rol oʻynaydigan, eʼtirof etilgan nufuzli kuch boʻlgan oʻzbek diasporasiga kitobni taqdim etgani uchun muallifdan alohida minnatdor boʻlishimiz kerak.

Jeyms DURSO, amerikalik yetakchi ekspert, “The Hill” gazetasi muxbiri:

 — 2016-yildan buyon oʻtgan oʻn yillik Oʻzbekistonning zamonaviy tarixidagi eng muhim davrlardan. Bu vaqtda Oʻzbekis­ton oʻz barqarorligini saqlab qolishga muvaffaq boʻlgan va hali toʻliq roʻyobga chiqmagan salmoqli salohiyatga ega davlat sifatida maydonga chiqdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotlar va oʻzgarishlar dasturi iqtisodiyot salohiyati hamda oʻzbek xalqining bunyodkorlik gʻayratini yuzaga chiqardi, qoʻshni respublikalar bilan munosabatlarning sezilarli yaxshilanishiga koʻmak­lashdi va boy tarixiy merosga hurmatni saqlagan holda mamlakatni kelajak sari yoʻnaltirdi. Bugun bu meros ehtiyotkorlik bilan asrab-avaylanmoqda va ­jumladan, Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida namoyish etilmoqda.

“MILLAT SHAVKATI” kitobi bu borada oʻz oʻquvchisiga koʻp narsani soʻzlaydi, saboqlar beradi.

Husan ERMATOV,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, senator

Toshkent — Nyu-York — Pensilvaniya — Nyu-York — Toshkent