Ushbu ta’rif uch tushuncha — fuqaro xulqi, davlat vazifasi va rivojlanish natijasiga yaxlit mohiyat sifatida qarash zarurligini ko‘rsatadi.

To‘rtinchi yo‘nalishning asosiy mazmuni insonning qanday muhitda yashashi, tabiiy boylikdan qanday foydalanishi va bu boylikni kelgusi avlodga qay holda qoldirishi bilan uzviy bog‘liq. Suvning o‘z vaqtida yetib kelishi dehqon mehnatining natijasiga ta’sir qiladi. Uyga yaqin soyali maskan yoshi ulug‘ insonning sayrga chiqishini osonlashtiradi. Ana shunday oddiy ehtiyojlar orqali ekologik vazifaning ijtimoiy mohiyati ochiladi.

Bunday yondashuvning yangiligi shundaki, u ekologiyani alohida, tor sohaviy masala sifatida emas, balki barcha milliy dasturlarni birlashtiruvchi umumiy mezon sifatida ko‘radi. Ta’lim tizimidagi islohot, sog‘liqni saqlash sohasidagi yutuq, shaharsozlikdagi yangilanish — bularning barchasi inson yashaydigan muhitning sifatiga bog‘liq. Toza suv, toza havo va sog‘lom tuproq bo‘lmasa, boshqa sohalardagi har qanday yutuq ham o‘z qadrini yo‘qotadi. Shu bois, to‘rtinchi yo‘nalishni moddiy ko‘rsatkichlardan tashqari jamiyatning umumiy tafakkur tarzidagi o‘zgarish sifatida ham baholash to‘g‘ri bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari ilgari surgan milliy yuksalish g‘oyasi markazida inson qadri turadi. Shu nuqtayi nazardan, mamlakatning iqtisodiy imkoniyatlari, jamiyatning bilimi va madaniyati hamda insonning yashash sharoiti o‘zaro bog‘liq hodisa sifatida baholanmoqda. Odamlarga munosib turmush sharoiti yaratilganda hamda jamiyat manfaati kundalik qarorlarda hisobga olinganda yuksalishning haqiqiy mazmuni namoyon bo‘ladi. Bunday talqin o‘sishning ko‘lamini emas, odamlar hayotidagi amaliy samarasini birinchi o‘ringa olib chiqadi.

Shu bois, tabiiy muhitning holati ham taraqqiyot sifatini baholash mezonlaridan biriga aylanadi. Yangi turar joyning qadri uning yonidagi qulay yo‘lak, barqaror suv ta’minoti va dam olish joyi bilan ham belgilanadi. Korxonaning samaradorligini baholashda esa mahsulot hajmi bilan birga resurs sarfi va atrofga ko‘rsatayotgan ta’siri ham hisobga olinishi lozim. Bugungi iqtisodiy foyda ertaga aholi yoki tabiat zimmasiga og‘ir yuk bo‘lib tushmasligi uchun rivojlanishning uzoq muddatli oqibatlarini oldindan o‘ylash zamonaviy boshqaruvning zaruriy shartiga aylanmoqda.

Milliy yuksalishning ma’naviy jihati ham aynan shu nuqtada namoyon bo‘ladi. O‘z hovlisini obod qilgan inson ko‘chasidagi daraxtga ham e’tibor bersa, shaxsiy manfaat jamoatchilik manfaati bilan uyg‘unlashadi. Suvdan foydalanayotgan xo‘jalik yonidagi qo‘shnisining ehtiyojini hisobga olsa, tejamkorlikka adolat mezoni qo‘shiladi. Umumiy maqsad odamlarning kundalik odatlariga va amaliy hamkorligiga singigani sari milliy yuksalishning ijtimoiy asosi ham shunchalik mustahkamlanib boradi.

Bunday ko‘lamdagi rivojlanish tabiiy resurslardan foydalanishni ham puxta rejalashtirishni talab qiladi. Yangi korxonaning suv ta’minoti, energiya sarfi va atrof-muhitga ta’siri uni loyihalash jarayonidayoq hisobga olinishi zarur.

Shaharlarni kengaytirishda ham xuddi shunday yondashuv kerak. Yangi turar joylar bilan birga suv tarmog‘i, soyali yo‘laklar va dam olish maskanlariga ehtiyoj ortadi. Bularga o‘z vaqtida e’tibor berilmasa, keyinchalik kamchilikni bartaraf etish ancha ko‘p mablag‘ va mehnat talab qiladi. Demak, ekologik talablarni rivojlanish rejalariga dastlabki bosqichdayoq kiritish iqtisodiy qarorlarning uzoq muddatli samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Bu bog‘liqlik sanoat tarmoqlarida ham yaqqol ko‘rinadi. To‘qimachilik, oziq-ovqat yoki qurilish materiallari ishlab chiqarish muayyan miqdorda suv va xomashyo sarfini talab qiladi. Xomashyodan oqilona foydalanish, chiqindini qayta ishlash va suv aylanishi tizimlarini joriy etish korxona uchun qo‘shimcha xarajat emas, aksincha, uzoq muddatli raqobatbardoshlikning shartiga aylanmoqda.

Mas’uliyat tushunchasining mohiyati

Tabiat oldidagi mas’uliyatni inson o‘z xatti-harakati atrof-muhitga va boshqa odamlarning hayotiga qanday ta’sir qilishini anglashi hamda shu anglash asosida yo‘l tutishi deb ta’riflash mumkin. Bu tushuncha ekologik axloq va ekologik madaniyat kategoriyalari bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, ekologik axloq tabiatga munosabatdagi axloqiy mezonlarni, ekologik madaniyat esa bilim va qadriyatlarning kundalik odatlarda namoyon bo‘lishini ifodalaydi. Mas’uliyat hissi ana shu ikkisini amaliy qarorga aylantirishga xizmat qiladi.

Bu mas’uliyatni uch darajada ko‘rib chiqish mumkin.

Birinchi daraja shaxsiy bo‘lib, hech kim kuzatmayotgan paytda ham suvni isrof qilmaslik, daraxtga zarar yetkazmaslik, ariqni ifloslantirmaslik kabi odatlar aslida ichki intizom masalasidir.

Ikkinchi daraja ijtimoiylik bo‘lib, umumiy boylikdan foydalanishda o‘z ehtiyoji bilan birga boshqalarning ehtiyojini ham hisobga olishdir. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, maktab, bog‘cha, shifoxona atrofidagi yashil hududlar — jamiyatning daxlsiz boyligi. Shu bois, ularni asrash shaxsiy emas, umumiy vazifamizdir.

Uchinchi daraja esa kelajak oldidagi mas’uliyat, ya’ni hali dunyoga kelmagan avlodlar haqida qayg‘urish mas’uliyatidir. Bu uch darajaning barchasi uzviy bog‘liq. Shuning uchun mas’uliyatni faqat qonunchilik yoki faqat targ‘ibot vositasida shakllantirish mumkin emas. Har ikkisi birga, uzoq vaqt kundalik amaliyotda sinalishi kerak. Aynan shu jihat to‘rtinchi milliy dasturni boshqa islohotlardan ajratib turadi. Uning natijasi bir yilda emas, bir necha o‘n yilliklar davomida ko‘rinadi.

Suv — hayot va taraqqiyot asosi

Prezidentimiz nutqida kelgusi besh yilda ekin maydonlarini suv tejaydigan texnologiyalar bilan to‘liq qamrab olish vazifasi alohida ta’kidlandi. Shu o‘rinda aytish kerakki, Jahon bankining 2025-yil 21-maydagi axborotiga ko‘ra, O‘zbekistonda suv iste’molining qariyb 90 foizi qishloq xo‘jaligi hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bois, sug‘orishdagi samaradorlikning ahamiyati alohida xo‘jalik doirasidan chiqib, mamlakatning umumiy suv xavfsizligi masalasiga aylanmoqda.

Texnologiya bu vazifani amalga oshirish vositasi xolos. Sug‘orish usuli ekin turi, tuproq xususiyati va suv manbaiga mos tanlanganda samaradorlik ortadi. Ayrim sharoitda tomchilatib, boshqasida esa yerni tekislash va suv berish me’yorini to‘g‘ri belgilash ko‘proq natija beradi. Uskunani sozlash, unga xizmat ko‘rsatish va nosozlikni o‘z vaqtida bartaraf eta bilish, dehqonning malakasi, ishonchli maslahati va texnik xizmatning o‘zi kabi muhim omilga aylanadi.

Suvni tejash bilan birga adolatli taqsimlash ham e’tibordan chetda qolmasligi lozim. Suv olish navbati aniq bo‘lmasa, tarmoq holati kuzatilmasa, eng zamonaviy uskuna ham kutilgan samarani bermaydi. Qayerda qancha suv sarflanayotgani ma’lum bo‘lganda isrof sababini aniqlash va bartaraf etish ancha osonlashadi. Xonadondagi oddiy tejamkorlik ham umumiy natijaga o‘z hissasini qo‘shadi. Agar yuzta oila har kuni o‘n litrdan suv isrof bo‘lishining oldini olsa, o‘ttiz kunda o‘ttiz ming litr, ya’ni o‘ttiz kub metr suv tejaladi. Bu kichik odatlar yig‘indisi katta natijaga olib kelishiga yorqin misoldir.

Jahon tajribasiga nazar tashlasak, suv tejovchi texnologiyalar qamrovini kengaytirgan mamlakatlar, odatda, buni yagona chora sifatida emas, kompleks yondashuv tarkibida amalga oshirganini ko‘ramiz. Tomchilatib sug‘orish bilan birga tuproq namligini raqamli sensorlar orqali kuzatish, meteorologik ma’lumotlar asosida sug‘orish jadvalini tuzish, hosildorlik va suv sarfi o‘rtasidagi nisbatni doimiy tahlil qilish usullari keng tarqalgan. Bunday tizimli yondashuv O‘zbekiston uchun ham muhim yo‘nalish. Chunki faqat texnologiyani o‘zgartirish emas, balki suv xo‘jaligining butun zanjirini, manbadan to dalagacha qayta ko‘rib chiqish talab etilmoqda. Ilmiy muassasalar va xo‘jaliklar o‘rtasidagi hamkorlik, amaliyotda sinalgan tajribani keng tarqatish bu borada hal qiluvchi omilga aylanmoqda.

Shuningdek, O‘zbekistonda ichimlik suv tarmoqlaridagi eskirgan quvurlarni almashtirish, oqova suvni qayta tozalab, texnik ehtiyojlar, masalan, bog‘-xiyobonlar va yo‘l yoqalarini sug‘orish uchun qayta ishlatish kabilarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ko‘chatdan barqaror yashil muhitga

Yashillikning inson hayotiga ta’siri ilmiy jihatdan ham asoslangan. AQSh Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, daraxt va o‘simliklar soya hosil qilishi hamda namlikni bug‘latishi orqali atrofni sezilarli darajada salqinlashtiradi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining shahar yashil hududlari bo‘yicha sharhida esa yashil maskanlarning ruhiy dam olish, jismoniy faollik va ijtimoiy muloqotga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi qayd etilgan. Shu bois, maktab, bog‘cha, shifoxona va ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil hududlarni asrash bugun jamiyatning daxlsiz boyligini himoya qilish demakdir.

Tuman va shahar markazlarida yashillik ko‘lamini 30 foizga yetkazish maqsadi esa shaharsozlik falsafasi o‘zgarishini taqozo etadi. Yashil hudud loyihaning dastlabki bosqichidan boshlab hisobga olinadigan tarkibiy qismga aylanishi, ko‘chat turi mahalliy iqlim va tuproq xususiyatlariga mos tanlanishi lozimligiga e’tibor qaratiladi.

Ekilgan ko‘chatni kuzatish borasida raqamli yondashuvlar ham alohida o‘rin tutadi. Xususan, “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida yuz mingdan ortiq daraxtga elektron raqam berilib, ularning o‘sishi va holati maxsus tizim orqali kuzatilmoqda. Bunday nazorat “qancha ko‘chat ekildi?” degan savoldan “qanchasi haqiqatan voyaga yetdi?” degan savolga o‘tishni amalda ta’minlaydigan vositadir. Raqamli kuzatuv, shuningdek, qaysi hududda qanday ko‘chat turi yaxshi tutib qolayotganini aniqlash, kelgusi rejalarni shu tajriba asosida takomillashtirishga yordam beradi.

Orolbo‘yi va cho‘llanishga qarshi kurash

To‘rtinchi milliy dasturning alohida va tarixiy ahamiyatga molik yo‘nalishi, albatta, Orolbo‘yi hududidagi ekologik tiklash ishlaridir. Dengiz qurishi natijasida hosil bo‘lgan Orolqum cho‘li mintaqa uchun chang va tuz bo‘ronlarining asosiy manbaiga aylangani, bu esa aholi salomatligi va qishloq xo‘jaligiga uzoq yillar davomida salbiy ta’sir ko‘rsatib kelayotgani sir emas. So‘nggi yillarda bu muammoni bartaraf etish yo‘lida izchil ishlanmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Orolbo‘yida barpo etilgan himoya o‘rmonlari maydoni 2 million gektardan oshgani fikrimiz dalilidir.

“Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida 2021-yildan boshlab besh yil ichida 1 milliard tup daraxt va buta ekish vazifasi belgilangan edi. Ushbu dastur asosida saksovul, qandim, cherkez kabi qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar qurigan dengiz tubiga ekildi. Natijada nafaqat tuproqni shamol eroziyasidan asramoqda, balki mintaqaning mikroiqlimini ham asta-sekin yaxshilamoqda. Bu borada Germaniya kabi davlatlar bilan ham ilmiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, iqlim o‘zgarishiga chidamli saksovul navlarini birgalikda o‘rganish loyihalari amalga oshirilmoqda. Orolbo‘yidagi tajriba shuni ko‘rsatadiki, eng og‘ir ekologik oqibatlarni ham izchil, ilmiy asoslangan va uzoq muddatli sa’y-harakat bilan yumshatish mumkin. Bu esa to‘rtinchi milliy dasturning mohiyatini, ya’ni bugungi qarorlar kelajak uchun qanday natija berishini namoyon etadi.

Orolbo‘yidan tashqari, mamlakatning boshqa hududlarida ham tuproq sho‘rlanishi va degradatsiyasi jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda. Noto‘g‘ri sug‘orish tartibi, drenaj tizimlarining yetarli darajada ishlamasligi oqibatida ayrim ekin maydonlarining unumdorligi pasayib bormoqda. Shu bois, suv tejash bilan bir qatorda tuproq salomatligini tiklash, drenaj infratuzilmasini zamonaviylashtirish va ilmiy asoslangan almashlab ekish tizimlarini joriy etishni ham to‘rtinchi milliy dasturning uzviy qismi sifatida ko‘rishimiz mumkin.

Mintaqaviy hamkorlik va iqlim omili

Suv masalasini faqat bir mamlakat chegarasi doirasida ko‘rish mantiqqa zid. Markaziy Osiyoning katta qismi Amudaryo va Sirdaryo havzalari orqali bog‘langan. Jahon bankining Markaziy Osiyoda suv hamkorligiga oid axborotida ta’kidlanishicha, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi cheklangan hamkorlik har yili 4,5 milliard dollardan ortiq iqtisodiy zarar keltirmoqda. So‘nggi oltmish yilda esa mintaqadagi muzliklar yuzasi 30 foiz qisqargan. Bu raqamlar umumiy suv resurslarini boshqarish va davlatlar o‘rtasida ma’lumot almashishni yaxshilash zaruratini yaqqol ko‘rsatadi.

Iqlim o‘zgarishi sharoitida bunday hamkorlikning ahamiyati yanada ortadi. Suv kam keladigan mavsumlarga tayyorgarlik ko‘rish, qurg‘oqchilik xavfini baholash va tejamkorlik tajribasini almashish mintaqaviy barqarorlikka xizmat qiladi. Mamlakatda amalga oshirilayotgan suv tejash choralari esa aynan shu hamkorlikning amaliy tayanchidir. Ichki islohot bilan mintaqaviy muloqot bir-birini to‘ldiruvchi jarayonlardir. Shuningdek, Orol muammosini hal etishda qo‘shni Qozog‘iston bilan hamkorlik davom etmoqda. Ikki mamlakat ham qurigan dengiz tubining o‘z hududiga tegishli qismida saksovulzorlar barpo etish borasida parallel ishlamoqda. Bu esa mintaqaviy ekologik muammoni hal etishda birgalikdagi harakatning qanchalik muhimligini ko‘rsatmoqda.

Tabiatga mas’uliyatli munosabatni faqat xarajat sifatida ko‘rish bir tomonlama yondashuvdir. Suv tejaydigan texnologiyalarni ishlab chiqish, o‘rnatish va xizmat ko‘rsatish, ko‘chatzorlar barpo etish, landshaft dizayni kabi yo‘nalishlar kichik va o‘rta biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Tabiiy manzaralarni saqlash esa ekoturizm rivoji uchun imkoniyat ochadi. Biroq bunda suv sarfi va chiqindilarni boshqarish masalasi ham inobatga olinishi lozim. Demak, tabiatni asrash bilan uni oqilona iqtisodiy muomalaga kiritish o‘rtasida ziddiyat yo‘q. To‘g‘ri rejalashtirilgan yondashuvda bular bir-biriga xizmat qiladi.

Yoshlar tadbirkorligi uchun ham bu yo‘nalish keng imkoniyat yaratmoqda. Suv sarfini nazorat qiluvchi mobil ilovalar, tomchilatib sug‘orish uskunalarini ishlab chiqaruvchi kichik korxonalar, mahalliy ko‘chatzorlar — bularning barchasi nisbatan kam sarmoya bilan boshlanib, amaliy foyda keltiruvchi sohalardir. Davlat tomonidan bunday tashabbuslarni imtiyozli kreditlash yoki grantlar orqali qo‘llab-quvvatlash ekologik mas’uliyatni yoshlarning kasbiy faoliyatiga aylantirishga xizmat qiladi. Natijada tabiatni asrash vazifasi majburiy choralar majmuidan ko‘ra, amaliy foyda keltiruvchi, jozibador faoliyatga aylanadi.

Jamoatchilik ishtiroki va ekologik tarbiya

Qaysi ko‘chada soya yetishmayotgani, qaysi ko‘chatga parvarish kerakligi, suv qayerda behuda oqayotganini mahalla ahli yaxshi biladi. Aholining taklifini tinglash va bajarilgan ish haqida ochiq ma’lumot berish ishonchni mustahkamlashning yagona yo‘li. Tabiatga munosabat esa, avvalo, oilada shakllanadi. Bola kattalarning suvdan qanday foydalanishi, daraxtga qanday qarashini kuzatib o‘rganadi. O‘zi parvarishlagan niholning voyaga yetishini ko‘rish mehnat bilan natija o‘rtasidagi bog‘liqlikni his qilishga yordam beradi.

Maktabda o‘quvchilarning daraxt holatini kuzatishi, soya va ochiq joylar farqini taqqoslashi ekologik bilimni shaxsiy tajriba bilan boyitadi. Ilmiy muassasalar hududga mos ko‘chat tanlash bo‘yicha tavsiyalarni, ommaviy axborot vositalari sodda va ishonchli ma’lumotlarni keng tarqatishi lozim. Davlat, ilm-fan, ommaviy axborot vositalari va fuqaro ana shu zanjirning halqalari bo‘lib, birortasining sustligi umumiy natijaga putur yetkazadi.

Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarining roli ham bu borada alohida ahamiyatga ega. Ko‘cha yoki mahalla miqyosida qanday ehtiyoj borligini aniqlash, shu ehtiyojni qondirish uchun zarur resurslarni safarbar etish va natijani aholiga ochiq yetkazish fuqarolik jamiyati va davlat idoralari o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashning amaliy yo‘lidir. Ko‘ngillilar, mas’ul tashkilotlar, yoshlar birlashmalari va xayriya jamg‘armalarining ekologik tadbirlardagi ishtiroki ham bu jarayonni boyitib, davlat bajarayotgan ishlarni jamoatchilik tashabbusi bilan to‘ldiradi.

Ekologik tarbiyaning uzluksizligi muhim shartlardan. Maktabgacha ta’limdan boshlab oliy ta’limgacha bo‘lgan barcha bosqichda tabiatga oid bilim asta-sekin chuqurlashib, nazariyadan amaliyotga o‘tishi kerak. Kichik yoshda oddiy kuzatuv va o‘yin orqali berilgan tushuncha o‘rta maktabda laboratoriya mashg‘ulotlari va amaliy loyihalar, oliy ta’limda esa ilmiy tadqiqot va ixtisoslashgan bilim bilan boyitiladi. Bunday uzluksizlik ta’minlansa, kelajakda mamlakat nafaqat ekologik savodli fuqarolarga, balki sohaning o‘zida ishlaydigan malakali mutaxassislarga ham ega bo‘ladi.

Prezidentimizning “Tabiatga munosabat xalqning madaniyati, davlatning mas’uliyati va taraqqiyotning sifat ko‘rsatkichidir” degan fikri to‘rtinchi yo‘nalishning falsafiy mazmunini yaxlit ifodalaydi. Xalq madaniyati — tejamkorlik, ozodalik va umumiy boylikka ehtiyotkor munosabat, davlat mas’uliyati — foydalanish qoidalari, zarur infratuzilma va ularning barqaror ishlashini ta’minlash. Bu uch tushuncha bir-birini to‘ldiradi: xalq madaniyati bo‘lmasa, davlat sa’y-harakatining yakka o‘zi natija bermaydi, davlat mas’uliyati bo‘lmasa, xalq madaniyati tizimli qo‘llab-quvvatlovsiz qoladi.

Taraqqiyot sifati esa aniq savollarga berilgan javoblar bilan baholanadi. Suv ta’minoti yaxshilandimi, ko‘chatlar sog‘lom o‘syaptimi, aholiga qulay yashil joylar ko‘paydimi? Natija odamlar hayotida ko‘ringanda jamoatchilik ishonchi ham ortadi. Shu ma’noda, ekologik natija boshqaruv madaniyati va qabul qilingan qarorlar sifatining ham ko‘zgusidir.

Bunday yondashuv hisobdorlik tizimining yangicha shakllanishini ham taqozo etadi. Xususan, har bir tuman yoki soha kesimida suv tejash, yashillik ko‘lami va ekologik ko‘rsatkichlar bo‘yicha ochiq hisobot tizimini yo‘lga qo‘yish, erishilgan natijalarni ham, aniqlangan kamchiliklarni ham jamoatchilikka oshkora taqdim etish zarur. Faqat shunday shaffoflik orqali fuqarolar davlat siyosatining amaliy samarasini o‘z ko‘zi bilan ko‘ra oladi. O‘z navbatida, bu jarayonda faol ishtirok etishga intiladi. Ishonch esa har qanday uzoq muddatli islohotning eng mustahkam tayanchidir.

Kelajak avlodga qoladigan meros

To‘rtinchi milliy dasturning yakuniy natijasi odamlar hayotidagi o‘zgarishlarda namoyon bo‘ladi. Bugun ekilgan ko‘chat soyasida ertaga biz tanimaydigan bir inson dam olishi mumkin. Unga bu daraxtni kim ekkanini bilish shart emas, qilingan mehnatning foydasi baribir yetib boradi.

Tabiat oldidagi mas’uliyatning eng chuqur ma’nosi ham shundaki, bugungi qaror keyingi avlodning yashash sharoitini belgilaydi. Farzandlarga qoladigan meros tarkibida faqat yangi korxonalar va raqamlargina emas, balki sog‘lom tuproq, ishonchli suv manbai va soyali ko‘chalar ham bo‘lishi kerak.

Milliy yuksalish g‘oyasining to‘rtinchi yo‘nalishdagi ifodasi ana shu davomiylikni ta’minlash, bugungi farovonlikni yaratish jarayonida kelajakning yashash imkoniyatlarini ham asrashdir. Shu nuqtayi nazardan, qabul qilingan yangi milliy dastur iqtisodiy o‘sishning uzoq muddatli barqarorligini, inson qadrini yuksaltirish g‘oyasining amaliy ifodasini va kelajak avlodlar oldidagi axloqiy burchni bir-biriga bog‘lab turuvchi umumiy zamin. Shu bilan birga, fuqarolar qalbida tabiatga mas’uliyatli munosabat qanchalik rivojlansa, milliy yuksalishning barcha yo‘nalishi shunchalik mustahkam asosga ega bo‘ladi. Chunki har qanday taraqqiyot inson yashaydigan muhitning sifati bilan baholanadi.

Ilhom SUVONOV,

Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti ilmiy kotibi, falsafa fanlari doktori, dotsent