Bu haqida Raqobat qo‘mitasi xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimiga kiruvchi To‘raqo‘rg‘on, Uychi, Uchqo‘rg‘on, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmalarida tibbiy o‘lchash va sinash vositalarining metrologik ko‘rikdan o‘tkazilishi hamda ulardan bemorlarni tekshirish jarayonida foydalanish holatlari tahlil qilingan.

O‘rganishlar davomida qator qonunbuzilishlar aniqlangan. Xususan, ayrim tibbiy asbob-uskunalar belgilangan muddatlarda metrologik ko‘rikdan o‘tkazilmagan holda xizmat ko‘rsatilgan. Shuningdek, narxnomaga kiritilgan, ammo amalda foydalanilmagan materiallar uchun iste’molchilardan qariyb 300 million so‘m miqdorida asossiz mablag‘ undirilgani ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari talablari buzilgani bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.

Ko‘rib chiqish yakuniga ko‘ra, tibbiyot muassasalariga iste’molchilardan asossiz undirilgan mablag‘larni belgilangan tartibda qaytarish bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi.