Yo‘l harakatini tashkil etish markazi mutaxassislari tomonidan sozlangan yangi tizim Qo‘ylik ko‘prigidan keyingi qismdan boshlanib, “Qo‘ylik ota” maqbarasidan UzBUMgacha bo‘lgan yo‘nalishni qamrab oladi. Tizim sutka davomida ishlaydi.
O‘tkazilgan o‘lchovlar “Yashil to‘lqin”ning natijasini ham ko‘rsatgan. Agar avval tirband bo‘lmagan vaqtda mazkur yo‘lni bosib o‘tish uchun taxminan 12–13 daqiqa kerak bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu masofani qariyb 9 daqiqada bosib o‘tish mumkin.
Ya’ni yo‘lga sarflanadigan vaqt taxminan 25 foizga qisqargan.
Eslatib o‘tamiz, bu tizim barcha chorrahalarda svetofor doim yashil yonib turishini anglatmaydi.
Svetoforlar shunday muvofiqlashtiriladiki, haydovchi belgilangan tezlikda harakatlanganida imkoni boricha ko‘proq chorrahada yashil chiroqqa duch keladi. Natijada qizil chiroqda to‘xtashlar soni kamayadi, harakat bir maromda tashkil etiladi va yo‘lga sarflanadigan vaqt qisqaradi.
Farg‘ona yo‘li ko‘chasi Toshkentning asosiy kirish transport yo‘laklaridan biri hisoblanadi. Qo‘ylik yo‘nalishi orqali Toshkentning o‘zi hamda Toshkent viloyatidan poytaxtga katta avtomobil oqimi kirib keladi va keyinchalik shaharni markaziy qismi tomon taqsimlanadi.
Shu bois 6 kilometrlik ushbu yo‘nalishda hatto bir necha daqiqani tejash ham alohida haydovchi uchun, ham umumiy transport oqimi uchun ahamiyatli.
Mutaxassislar yo‘ldagi harakatni kun davomida kuzatib boradi. Zarur hollarda svetoforlarning ishlash rejimi qo‘shimcha ravishda moslashtiriladi.