Prezident Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirishga oid farmoyish imzoladi.
Hujjatga koʻra, mamlakatda maʼmuriy javobgarlik sohasidagi qonunchilikni zamonaviy xalqaro standartlar va ilgʻor xorijiy tajriba asosida qayta koʻrib chiqish rejalashtirilgan.
Farmoyish bilan maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha idoralararo komissiya hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning yangi tahririni ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruh tashkil etildi.
Hujjatda qonunchilikni isloh qilishning bir qator ustuvor yoʻnalishlari belgilangan. Jumladan:
- maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilik normalarini tizimlashtirish va unifikatsiya qilish, ularning barqarorligini taʼminlash;
- maʼmuriy huquqbuzarliklarni zamonaviy shart-sharoitlardan kelib chiqib qayta koʻrib chiqish, shu jumladan, ahamiyatini yoʻqotgan huquqbuzarliklarni bekor qilish hamda yuridik va jismoniy shaxslar, davlat va jamiyat manfaatlariga, qonuniylik va huquq-tartibotga tahdid solayotgan huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini takomillashtirish va yangilarini kiritish;
- huquqbuzarliklarning ijtimoiy xavflilik darajasi hamda jazoning profilaktik taʼsirini inobatga olgan holda maʼmuriy javobgarlik choralarining mutanosibligini taʼminlash, muqobil jazo choralarini nazarda tutgan holda maʼmuriy jazo tizimini takomillashtirish;
- huquqbuzarliklarni aniqlash, koʻrib chiqish va maʼmuriy jazo choralarini qoʻllashda davlat organlari va mansabdor shaxslarning rolini aniqlashtirish, ularning roʻyxatini maqbullashtirish va nisbiy barqarorligini taʼminlash;
- protsessual normalarni tubdan takomillashtirish, bunda inson huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini, huquqiy aniqlik va ilmiy asoslanganlikni taʼminlash;
- jabrlanuvchiga yetkazilgan maʼnaviy zararni qoplash mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, jabr koʻrgan shaxs manfaatlarini taʼminlashda kompensatsiya (tovon puli) toʻlash va boshqa muqobil institutlarni joriy etish;
- maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishda sud nazoratini kengaytirish va takomillashtirish.
Farmoyishga muvofiq, Adliya vazirligi 2027 yil 1 aprelga qadar Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning yangi tahririni ishlab chiqib, manfaatdor idoralar bilan kelishishi va jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazishi kerak.
Hujjatda maʼmuriy javobgarlik sohasida ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish, xalqaro ekspertlar va mahalliy olimlarni jarayonga jalb qilish vazifalari ham belgilangan.
Farmoyish ijrosi uchun shaxsan adliya aziri Akbar Toshqulov masʼul etib belgilangan.