Majmuaning umumiy maydoni 7 gektardan ziyodni tashkil etadi, unda 5 mingdan ortiq kishi namoz oʻqishi mumkin. Muhtasham ansambl toʻrtta 70 metrlik minora hamda asosiy zal va anʼanaviy ayvonlarni oʻz ichiga olgan uch qavatli bosh binodan iborat.
Islom va Sharq meʼmorchiligining eng yaxshi anʼanalariga muvofiq barpo etilgan jome masjidida milliy naqshlar, sharqona gumbazlar, baland minoralar hamda zamonaviy qurilish texnologiyalari uygʻun qiyofa kasb etgan. Masjidning ichki bezagida islom xattotlik va naqqoshlik sanʼati namunalaridan keng foydalanilgan.
Atrofdagi 4,2 gektar maydonni obodonlashtirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu yerda yashil maydonlar, yoʻlaklar, dam olish joylari, yoritish tizimlari, manzarali qurilmalar va favvoralar barpo etilmoqda.
Oʻzbekiston tomonidan qardosh Qozogʻiston xalqi hamda Turkiston aholisiga tuhfa sifatida qurib bitkazilgan ushbu muhtasham majmua ikki davlat oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va madaniy yaqinlik, yaxshi qoʻshnichilik hamda ittifoqchilik munosabatlarining yorqin ifodasi boʻlgani ta’kidlandi.
Qurʼoni oyatlari tilovat etilib, qardosh xalqlarimizga tinchlik va farovonlik tilab, duo oʻqildi.