Tadbir doirasida delegatsiya rahbarlarini Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon qabul qildi. Uchrashuvda terrorizm, ekstremizm, narkotrafik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, kiberxavfsizlikni taʼminlash, noqonuniy migratsiyaning oldini olish hamda turistlar xavfsizligini taʼminlash sohalarida hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tojikiston rahbari huquqni muhofaza qilish sohasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish va muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni kuchaytirish muhimligini taʼkidladi.

Kengash yigʻilishida Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston ichki ishlar vazirliklari rahbarlari, shuningdek, MDHning tegishli tuzilmalari vakillari ham qatnashdi.

Ishtirokchilar koʻp tomonlama va ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari, shuningdek, 2029–2033-yillarda jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar davlatlararo dasturini amalga oshirish masalalarini koʻrib chiqdi.

Yigʻilishda axborot almashinuvi, genom maʼlumotlarini taqdim etish, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish, davlatlararo qidiruv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etiladigan transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha qator hujjatlar imzolandi.

Mazkur yigʻilishda Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boʻlinmalari rahbarlarining uchrashuvlarini tashkil etish tashabbusi ham qoʻllab-quvvatlandi. Tegishli qaror kengash aʼzolari tomonidan bir ovozdan maʼqullanib, imzolandi.

Ushbu tashabbus kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda masʼul boʻlinmalar rahbarlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni yoʻlga qoʻyish, axborot almashish va transchegaraviy jinoyatlarga qarshi tezkor hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan.

Tadbir yakunida tomonlar hamkorlikni institutsional darajada rivojlantirish va amaliy natijalarga yoʻnaltirilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishdi.