Bu haqda Interpolning Oʻzbekistondagi Milliy markaziy byurosi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, turli ogʻirlikdagi jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanayotgan mazkur shaxslarning Oʻzbekistonga qaytarilishi Interpolning Oʻzbekistondagi Milliy markaziy byurosi va BAAdagi Milliy markaziy byurosi oʻrtasidagi koʻp yillik hamkorlik natijasida amalga oshirilgan.

Oʻzbekiston va BAA Interpol Milliy markaziy byurolarining muvofiqlashtirilgan harakatlari hamda ikki davlat vakolatli organlarining hamkorligi natijasida zarur tartib-taomillar amalga oshirilgan.

Joriy yil boshidan buyon BAAdan Oʻzbekistonga Interpol yoʻnalishi boʻyicha qidiruvda boʻlgan 16 nafar shaxs ekstraditsiya qilingan.

Qayd etilishicha, mazkur natija xalqaro qidiruv yoʻnalishidagi hamkorlikning amaliy samaradorligini koʻrsatadi. Shuningdek, transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish va jinoyat sodir etgan shaxslarning javobgarlikdan qochishiga yoʻl qoʻymaslikda ikki davlat huquqni muhofaza qiluvchi organlari oʻrtasidagi barqaror ishchi aloqalar muhim ahamiyatga ega.

Interpolning Oʻzbekistondagi Milliy markaziy byurosi xorijda yashirinib yurgan shaxslarning turgan joyini aniqlash hamda ularni qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekistonga qaytarish boʻyicha ishlarni davom ettirmoqda.